Olovbardoshlar

01.02.2015 18:44 Muzaffar Qosimov Ma'lumotnomalar - Kimyo
Chop etish
Maqola Reytingi: / 4
Juda yomon!A'lo! 

Olovbardoshlar

Olovbardoshlar asosiy vazifasi tashqi muhitni hamda konstruksiyalardagi o‘tga chidamsiz elementlarni yuqori harorat, erigan metallar va qizigan gazlar ta'siridan muhofaza qilishdan iborat bo‘lgan kimyoviy materiallardir.

Domna pechining pastki qismida harorat 1500 °C atrofida bo‘ladi. Ikki kapital ta'mirlash orasidagi vaqt (domna pechi kampaniyasi) 5-6 yil, ba'zan esa 10 yil va undan ortiq bo‘ladi. Mana shu vaqt ichida pech muntazam ishlab turadi. Futerovka - pechning ichki qoplamasi - yuqori haroratga bardoshli bo‘lishi va harorat o‘zgarishlariga chidamli bo‘lishi bilan bir qatorda, erigan metall va shlakning kimyoviy ta'siriga ham chidamli bo‘ladi.

Oddiy g‘ishtning bunday sharoitlarga bardosh berishi qiyin albatta. Domna pechlarida va boshqa metallurgiya agregatlarining ichki qismlari olovbardosh materallar, jumladan tarkibiga shamot - maxsus kuydirilgan loy qo‘shilgan g‘ishtlar bilan qoplanadi. Shamot g‘ishtining kimyoviy tarkibi oddiy bo‘lib u kremniy oksid SiO2 bilan aluminiy oksid Al2O3 ning aralashmasidan iborat. Uning olovbardoshligi 1600-1700 °C gacha bo‘ladi.

 

Suyuqlanish harorati yuqori bo‘lgan istalgan bir moddani olib, uni olovbardosh material sifatida ishlatish mumkin deb o‘ylash noto‘g‘ri. Buning uchunqiyin suyuqlanadigan moddadan yana qator sifatlar talab etiladi. Modda issiqqa chidamli bo‘lishi, yuqori haroratda mexanik kuchlar ta'sirida deformatsiyalanmasligi kerak, chunki, pechning futerovkasiga yuqori harorat bilan birga katta mexanik kuch ham ta'sir ko‘rsatadi. U termik barqaror bo‘lishi hamda, haroratning keskin o‘zgarishlari natijasida yorilib ketmasligi kerak. Mana shuning uchun ham, masalan, molibdenning suyuqlanish harorati 2620 °C ga teng bo‘lishiga qaramay, u yaxshi olovbardosh hisoblanmaydi. (Molibden yuqori haroratda juda mo‘rt bo‘lib qoladi va oson burdalanadi). U shlakka bardosh berishi, yuqori haroratda boshqa agressiv muhitlarga chidamli bo‘lishi lozim. Nihoyat, moddaning termik kengayish koyeffitsientikichik bo‘lishi shart. Chunki yuqori haroratda hajm doimiy saqlanishi muhimdir.

Materialning hamma xossalari talab qilingan me'yorda saqlangan maksimal harorat olovbardoshlik deyiladi. Amalda olovbardoshlikning qabul qilingan quyi chegarasi 1580 °C bo‘ladi. Agar materialning olovbardoshligi bundan kichik bo‘lsa, u olovbardosh hisoblanmaydi. Olovbardoshligi 1580 dan 1770 °C gacha bo‘lsa material yoki, buyum olovbardosh; 1770-2000 °C atrofida bo‘lsa - yuqori olovbardosh; 2000 °C dan yuqori bo‘lsa - oliy olovbardosh deb yuritiladi. Tantal va gafniy karbidlari (TaC, HfC) ning olovbardoshligi 3880 va 3900 °C ga teng bo‘lib, bu rekord olovbardoshlikdir; ular mos ravishda 4150 va 4160 °C da eriy boshlaydi.

Yangilаndi: 27.02.2019 15:40