Buyuk Attraktor
Yer Quyosh atrofida aylanmoqda. Quyosh esa Galaktika markazi atrofida aylanadi. o‘z navbatida Galaktika ham harakatda bo‘lib, Mahalliy Guruhning boshqa a'zolari bilan borgan sari yaqinlashib boradi. Ushbu to‘da esa, taxminlarga qaraganda, favqulodda ulkan massaga ega bo‘lgan, ulkan obyekt tarafiga tortilmoqda.
Koinotning kengayayotganligini bayon qiluvchi Xabbl qonuniga ko‘ra, bizdan olisdagi obyektlar qizilga siljish effektini namoyish qilmoqda va bu degani ular bizdan to‘xtovsiz uzoqlashmoqda deb qaraladi. Bunda nisbatan uzoqda joylashgan obyekt nisbatan tezroq olislashadi. Bu esa ular orasidagi fazoning ham cho‘zilishiga sabab bo‘ladi. Buning natijasida o‘sha obyektlardan yetib kelayotgan elektromagnit nurlanishlar ham, fazoda cho‘zilishga duchor bo‘ladi. Buning natijasida aynan o‘sha effekt - qizilga siljish yuzaga keladi. Olis masofalarda joylashgan obyektlar o‘zaro bir-biriga nisbatan ham qizilga siljishni namoyish qiladi. Ular ham bir-biridan olislashmoqda. Lo‘nda qilib aytganda, koinot to‘xtovsiz kengaymoqda. Kengayish har soniyada yanada va yanada tezlashadi.