Bronza
Milodgacha bo‘lgan uchinchi ming yillikdayoq insonlar o‘z xo‘jalik faoliyatlarida metalllardan keng miqyosda foydalana boshladilar. Toshdan yasalgan mehnat qurollaridan metall asboblarga o‘tish jarayoni insoniyat tarixida juda ulkan va mislsiz ahamiyatga ega bo‘lgan. Aytish mumkinki, insoniyatning ijtimoiy taraqqiyotiga boshqa hech bir ixtiro bu darajadagi ta'sir ko‘rsatmagan.
Keng miqyosda qo‘llanila boshlagan birinchi metall - mis bo‘lgan. Mis ajratib olish uchun zarur tosh ma'danlarni doimiy izlash jarayonida qadimgi odamlar misning qizg‘ish-yashil yoki, yashil-kulrang ranglardagi tabiiy yaxlit namunasiga e'tibor qaratishgan. Qoyatoshli sohillar bo‘ylab ular mis kolchedan va qizil misli ruda (kuprit)lar duch kelishgan. Avvaliga odamlar ularni oddiy toshlarga ishlov bergandek qayta ishlab foydalanishgan. Tez orada ular mis bo‘lagining toshbolg‘a zarbalari bilan urib ishlov berilganidan so‘ng, uning qattiqlik xususiyati sezilarli darajada ortgani va yanada qulayroq asboblar yasash uchun yaroqli holatga kelganini payqashdi.