Butun olam tortishish qonuni
Jismlarning yerga tushishiga sabab yer sharining tortish kuchi ekanligi haqidagi fikr yangilik bo‘lmagan: buni qadimgilar ham, masalan Platon bilgan. Lekin bu tortishishning kuchini qanday o‘lchash kerak? Yer sharining hamma joyida u kuch bir xilmi? - ushbu savollar, Butun olam tortishish qonuni muallifi Nyutongacha bo‘lgan olim va faylasuflarni birdek ajablantirib, o‘ylantirib va shubhaga solib kelgan.
Kepler o‘zining uchinchi qonunini ochganida shunday ahvolga tushdiki, u o‘zining to‘g‘ri fikrlayotganidan shubhalanib qoldi. 1619-yilda Kepler e'lon qilgan o‘zining mashhur "Olam tuzilishi garmoniyasi" asarida mazkur savollarga javobni qisman bergan va muhim qonunni ochishga juda yaqin kelgan edi. Lekin u o‘zi qilgan mulohazalardan to‘liq ratsional xulosa chiqara olmadi. Bundan tashqari Kepler sayyoralar harakatini qandaydir o‘zaro tortishish kuchlariga bog‘ladi, va "kvadrat proporsiyalar" (ya'ni, ta'sir, masofalar kvadratiga teskari proporsionalligi) qonunini qabul qilishga ham tayyor edi. Lekin u ko‘p o‘tmay, bu qonundan voz kechdi va uning o‘rniga tortishish kuchi sayyoralar orasidagi masofa kvadratiga emas, balki masofaning o‘ziga teskari proporsional degan xulosaga keldi. Keplerga sayyorlar harakatining mexanik asoslariga taalluqli, o‘zi ochgan qonuniyatlarni ilmiy asoslash nasib etmadi.