Aerostat
Juda qadim zamonlardanoq odamlar xuddi qushlar kabi parvoz qilishni, osmonu falakka ko‘tarilishni, oddiyroq aytganda esa uchishni orzu qilishgan. Ammo, lekin, biroq... Qushlarnikiga o‘xshatib sun'iy yasalgan qanotlardan foydalanib bajarilgan ko‘p sonli urinishlar doimo bir xil natijani beravergan - har qancha urinmasin, odamzot yerdan oyoq uzib uchib keta olmagan, qaytanga yiqilib mayib majruh bo‘lganlari ham bisyor bo'lgan.
o‘rta asrlarga kelib, iliq havoning yengil jismlarni yuqoriga ko‘tara olishi xususiyati ochilganida, undan odamni yuqoriga ko‘tarish uchun foydalanish haqidagi g‘oyalar paydo bo‘la boshladi. XVI-XVII asrlar davomida, turli olimlar tomonidan aerostatning bir necha xildagi konstruksiyalari taklif etildi. Lekin amalda bu g‘oyalar faqat XVIII asr oxiriga kelib ro‘yobga chiqa boshladi.
1766-yilda Kavendish vodorodni kashf etdi. Vodorod havodan 14 marta yengil edi. 1781-yili italyan fizigi Kavello vodorod bilan to‘ldirilgan sovun pufakchalari ustida tajribalar o'tkazdi. Shunday qilib aerostatning ishlash mohiyati ishlab chiqildi. Endilikda uning qobig‘i uchun munosib material topish zarur edi. Bu oson bo‘lmadi. An'anaviy matolarning ko‘pi aerostat uchun og‘irlik qilardi, yoki o‘zidan vodorodni o‘tkazib yuborar edi. Muammoni Parijlik professor Sharl yechishga muvaffaq bo‘ldi. u aerostat uchun qobiqni kauchuk bilan to‘yintirilgan (ya'ni kauchukka botirib olingan) shoyi matodan tayyorlash loyihasini amalga tadbiq qildi. Lekin, Sharl o‘zining aerostatini havoga ko‘tarishidan avvalroq, Anone shahrilik qog‘oz ishlab chiqaruvchi fabrika xo‘jayining o‘g‘lilari, aka-uka Jozef va Etyen Mongolfyelar o‘z aerostatlarini osmonga chiqarishga muvaffaq bo‘lishdi.
Yangilаndi: 13.12.2018 18:03
Bug‘ mashinasi
XVIII-asrning ikkinchi yarmiga qadar odamlar ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun asosan suv dvigatellaridan foydalanishar edi. Lekin, suv g‘ildiragidan mexanik harakatni uzoq masofalarga uzatish imkoni bo‘lmaganligidan, barcha fabrikalarni daryo qirg‘oqlariga qurishga majbur bo‘linar edi. Bu har doim ham qulay bo‘lmagan. Bundan tashqari, suv dvigatelining samarali ishlashi uchun, to‘g‘onlar yoki sun'iy havzalar qurish, katta hajmdagi qo‘l mehnati va anchayin qimmatga tushadigan tayyorgarlik ishlari talab qilinar edi. Suv g‘ildiraklarida boshqa kamchiliklar ham yetarlicha bo‘lib, masalan ular kam quvvatli, sozlash murakkab va yil fasllariga bog‘liq holda ishlardi. Asta sekinlik bilan, ko‘p quvvatli, arzon, oson boshqariladigan va inson aralashuvisiz o‘zi ishlay oladigan dvigatelga bo'lgan ehtiyoj ortib bordi. Aynan shunday dvigatel sifatida esa, sanoat uyg‘onishi davri ibtidosida bug‘ dvigateli katta sahnaga chiqdi.
Yangilаndi: 21.11.2018 11:37
Teleskop
Ko‘zoynaklar singari, ko‘rish trubasi ham, ilm-fandan yiroq odam tomonidan ixtiro qilingan. Dekartning "Dioptrika" asarida ushbu muhim ixtiro haqida shunday hikoya bor: "Fanimizning uyatga qoldirgan holatda, shunday ajoyib va muhim ixtiro, dastavval, mutloq amaliy tajriba asosida va unda ham, tasodif tufayli amalga oshirilgan. Taxminan, 30 yilcha avval, Yakov Metsius, "hech qachon fanlarni o‘qimagan odam", qo‘l ostida har xil shakldagi linzalarga va oynalarga ega bo‘lgan holatda, ularning ketma-ketligidagi kombinatsiyasidan, o‘t oldirish, olov hosil qilish uchun foydalanish maqsadida, ularni tasodifan, omadli ravishda shunday joylashtirishga muvaffaq bo‘ldiki, u orqali qarab, umuman kutilmagan tarzda, dastlabki ko‘rish trubasini yasab oldi". Aytishlaricha, bunga sabab bo‘lgan narsa, Metsiusning ishlari ustida kuzatuvchanlik bilan o‘ynab yurgan bolalarining, o‘yin asnosida truba orqali unga qaraganlari bo'lgan ekan...
Yangilаndi: 08.12.2018 20:01
Hisoblash texnikasi
Mening bolaligim 90-yillarning boshiga to'g'ri kelgan. Boshlang‘ich sinfga borganimda o‘qituvchimiz avval sanoq cho‘plarda, keyinchalik kichik cho‘t yordamida sanashni o‘rgatganlar. Eng sodda arifmetik amallar - qo‘shish, ayrish, ko‘paytirish, bo‘lishni o‘qituvchilarim doim yozma ravishda bajarishni o‘rgatishar edi.
U vaqtlarda do‘konlarda sotuvchilar hisob kitoblar uchun cho‘tlardan foydalanishardi. Men ularning cho‘t donachalarini «shaq-shuq» etib u yoqdan buyoqqa urib, hisoblashlarini hayrat bilan kuzatgan paytlarim esimda. Biroq, XXI asr - axborot texnologiyalari eshik qoqayotgan bir jarayonda, o‘sha cho‘tlarning amaliy o‘rni va ahamiyati yo‘qolib, o‘zi esa muzey va kolleksiyalarning eksponatiga aylanib borayotganini tasavvur qilmagan ekanman...
Bugungi kunda har qanday matematik hisob kitoblarni bir zumda bajara oladigan elektron vositalar - kompyuterlar va kalkulyatorlar doimo qo‘l ostimizda. Hozirgi zamon do‘kondorlariga o‘sha cho‘tlar endi beso‘naqay matohdek tuyuladi. Uyali aloqa apparatimizning ilovasidagi kalkulyatorda nafaqat oddiy arifmetik amallar, balki, murakkab algebraik hisoblashlar, trigonometrik yechimlar, logarifmlar, hosilalar, va hattoki mantiqiy operatsiyalarni, muhandislik yechimlarini ham bajarish imkoniyati bor. Bozor va do‘konlarda esa savdogarlar qo‘lida kalkulyator doimiy hoziru-nozir. Jamoatchilikda bu jarayon borasida albatta ijobiy fikr hukmron. Biroq, yakdillikka raxna solayotgan ba'zi mulohazalar ham borki, ular ham o‘z o‘rnida to'g'ri albatta. Xususan, maktab o‘quvchilarining ham, misol va masala yechishda faqat kalkulyatorga suyanib qolayotgani, bu esa, ularning mantiqiy fikrlashi qobiliyatiga salbiy ta'sir qilishi haqida fikrlar mavjud. Mayli, bu boshqa masala. Bu maqolamda men Sizlarga, bugungi kundagi benazir dastyorimiz - kalkulyatorlargacha bo‘lgan vaqtda insoniyatga xizmat qilib kelgan hisoblash vositalari haqida so‘z yuritmoqchiman.
Yangilаndi: 18.03.2018 12:01
Kitob bosishning ixtiro qilinishi
Ehtimolki, kitob bosish g‘oyasi muhrlar orqali vujudga kelgandir. VII-VIII asrlardayoq, yaqin sharqda va yevropada bosma naqsh tushirilgan matolar tayyorlangan. Ko‘p marta takrorlanadigan shakllarni bosish uchun, maxsus muhrlardan foydalanishgan. O‘rta asrlarda xattotlar, nusxa ko‘chiruvchi va kotiblar o‘z ism shariflari yoki, muallif ism sharifini yozish uchun ham muhrdan foydalanishgan. Shuningdek, o‘rta asrlarga doir qo‘lyozmalarning ko‘pchiligida matn satri boshidagi birinchi asosiy harf jimjimador ko‘rinishda, maxsus muhrlangan tarzda namoyon bo‘ladi. Buning sababi oddiy - agar matnni nisbatan tez yozish imkonli bo‘lgan bo‘lsa ham, ramzlar va turli shakldagi ifodalardan iborat bo‘lgan ism shariflar bosh harflarini yozish va bezashga ko‘p vaqt ketgan. Shuning uchun, bunday ishlarni avvaldan maxsus tayyorlangan muhrlar yordamida osongina bajarishgan. Bu ayniqsa xattot va nusxa ko‘chiruvchilarga qulay bo‘lgan. Katta hajmli qo‘lyozmalarni ko‘chirishda eng ko‘p uchraydigan so‘zlar, va tasvirlarni qayta qayta yozish o‘rniga, muhr yordamida osongina bosib ketish, ham vaqtni tejardi, ham, sifatni oshirardi. Bosma nusxalar esa, o‘yin qartalari va arzon-garov tasviriy ishlanmalar (masalan, ommabop va savdosi chaqqon bo‘lgan, ikonalar), shuningdek, xaritalarni tayyorlashda ko‘proq qo‘llanilgan. Bunday gravyurlar avvaliga faqat tasvirdan iborat bo‘lgan. Keyinroq esa, bir necha satr matn ham qo‘shib bosila boshlangan. Gravyura bosishdan kitob bosishga o‘tish uchun faqat bittagina qadam tashlash qolgan edi. Mantiqan qaralganda bu jarayon evolyutsiyasi quyidagicha bo‘lgan: avvaliga taxta yoki metall doskalarga tasvirni o‘yib tushirib, u orqali qog‘oz yoki matoga tasvirni bosib chiqarishni yo‘lga qo‘yishgan. Bunday tasvir ostidagi bir-ikki satr matn qo‘lda yozib chiqlgan. Keyinroq, doskaning o‘zida matnni teskari tartibda o‘yib yozib, uni ham tasvir bilan birvarakayiga bosishga o‘tishgan. Shu tahlit ish, doskada matnning o‘zini, bezak va tasvirlarsiz teskari tartibda o‘yib ishlash va uni qog‘ozga yoki, matoga bosishga yetib kelgan.
Yangilаndi: 17.04.2018 08:21
|
|