Merkuriy
Merkuriy - Quyoshga eng yaqin joylashgan sayyora. Uni qadimgi rimliklar savdo ma'budi - Merkuriy nomi bilan atashgan. Bu sayyora insoniyatga qadimdan ma'lum. O‘lchamlari bo‘yicha katta sayyoralari ichidagi eng kichik sayyora hisoblanadi.
Merkuriy va Quyosh orasidagi masofa - 58 million kilometrni tashkil qiladi. Quyosh atrofida bu sayyora 88 kunda to‘liq aylanib chiqadi. Merkuriyni fazoda 28° gacha yetuvchi nisbatan katta elongatsiyalar vaqtida kuzatish mumkin. Quyoshga o‘ta yaqinligi, hamda, juda kichik o‘lchamlari tufayli, Merkuriy uzoq vaqtgacha kam o‘rganilgan sayyora bo‘lib qolavergan. Faqat 1965 yilga kelib, radiolokatsiya usullarini qo‘llash natijasida Merkuriyning o‘z o‘qi atrofida aylanish davri hisoblab topildi. U 58.65 kun, ya'ni sayyoraning Quyosh atrofida aylanish davrining 2/3 qismiga teng ekan. Bu degani, Merkuriydagi kunduz davomiyligi - Quyosh sutkasi 176 kun davom etishini anglatadi. Merkuriyning aylanish burchagi uning orbita tekisligiga nisbatan deyarli perpendikulyar. Merkuriyning akslantirish xususiyati - albedo[1] juda kichik bo‘lib, taxminan 0.07 ni tashkil qiladi. Quyoshning zenitdagi vaqtida sayyora sirtining harorati 620 K gacha, tungi qutblarining harorati esa 110 K atrofida bo‘ladi. Merkuriy sayyorasining ko‘rinadigan yulduz kattaligi 1,9 dan 5,5 gacha qiymatlarda o‘zgarib turadi