Neptun
Neptun - Quyoshdan uzoqligi bo‘yicha sakkizinchi, massasi bo‘yicha uchinchi (17.2 Yer massasi), diametri bo‘yicha esato‘rtinchi (3.9 Yer diametri)o‘rinda turuvchi sayyora. 2006- yildan e'tiboran, Quyosh tizimining eng olis sayyorasi hisoblanmoqda. U noodatiy tarzda kashf etilgan. Galileyning qo‘lyozmalaridagi tasvirlarga qaraganda, Neptunni birinchi bo‘lib aynan Galileo Galiley kuzatgan bo‘lishi ehtimoli katta. Lekin u neptunni sayyora ekanligini xayoliga ham keltirmagan, aksincha uni, Yupiter ortidagi qo‘zg‘almas yulduzlardan biri deb o‘ylagan. Galiley kuzatishlar olib borgan 1612 yilning dekabrida, Neptun orqaga tisarilgandek harakat boshlagan, bunday harakat, Yerning o‘z orbital harakati natijasida tashqi sayyoralarni quvib o‘tganida kuzatiladi. Lekin, uning harakati Galileyning kuchsiz teleskopi seza olishi uchun yetarli darajada bo‘lmagan. Shu tufayli Galiley Neptunni ochgan ilk olim deb hisoblanmaydi.
Oradan 169 yil vaqt o‘tib Uilyam Gershel Uran sayyorasini kashf qildi. 1821-yilda esa Aleksis Buvar Uranning orbital harakati jadvallarini ishlab chiqdi va chop ettirdi. Buvar jadvallari Yevropa astronomlari orasida keng tarqaldi. Astronomik kuzatuvlarda ulardan foydalanish ko‘lami ortdi. Biroq, ko‘p o‘tmay Buvar jadvallariga nisbatan shubha paydo bo‘la boshladi. Uran Buvar hisoblagan trayektoriyadan og‘ib, anomal harakat qilayotganligi aniqlandi. Xususan ingliz astronomi T.Xassi o‘zining kuzatishlarida Uranning belgilangan orbitadan og‘ayotganini aniq hisoblab chiqardi. Xassi 1834-yilda Parijda, Buvar rasadxonasida mehmon bo‘ldi va Uran orbitasidagi anomaliyalarni muhokama qildi. Buvar Xassining mazkur anomaliyalarni Urandan ham keyinroqda joylashgan sakkizinchi sayyoraning gravitatsion ta'siri natijasi bo‘lsa kerak degan farazini qabul qildi va jadvallarni, anomal o‘zgarishlar asosida muvofiqlashtirib chiqdi. Bu vaqtlarda Neptunni ko‘ra oladigan kuchli teleskoplar mavjud bo‘lmagan. Shuning uchun Neptun harakati qonuniyatlarini va uning fizik parametrlarini Uranga qilayotgan gravitatsion ta'siri qiymatlaridan kelib chiqib, toza matematik yo‘l bilan hisob-kitob qilish zarur edi. Bunday favqulodda mushkul matematik masalani Buvar va Xassi ilgari surgan sakkizinchi sayyora haqidagi g‘oya paydo bo‘lgach, oradan 9 yil o‘tib, 1843 yilda ingliz astronomi Jon Kuch Adams, va farang astronomi U. Leverye bir-biridan mustaqil ravishda hal qilishdi. Ular Uran orbitasi anomaliyalari asosida sakkizinchi sayyoraning fazodagi taxminiy joylashuv nuqtasini sof matematik usulda hisoblab chiqarishdi.
Yangilаndi: 27.12.2018 13:55
|
Xalqaro Astronomiya Ittifoqi
Xalqaro Astronomiya Ittifoqi (XAI) - butun jahon bo‘yicha astronomik jamiyatlarni birlashtiruvchi xalqaro ilmiy tashkilot. XAI, osmon jismlarining rasmiy va xalqaronomlanishi, tasniflanishi va shu kabi o‘zaro muvofiqlik va standartlashtirishni talab etuvchi astronomik masalalar yuzasidan qaror va yechimlar chiqaruvchi eng oliy xalqaro tashkilot sifatida tan olingan.
XAI dastavval, 1887-yilda "Osmon Xaritasi" loyihasi yuzasidan, koinotning fototasvirlarini qayta ishlash a yulduzlar xaritasini tayyorlash ishlari jarayonida faoliyat olib borgan fotografik astronomiya hay'ati asosida shakllangan. Rasman esa, 1919 yilda Belgiyaning Bryussel shahrida ta'sis etilgan. XAI - a'zo davlatlar (turli xil astronomik akademiyalar hamda, tegishli muassasalar timsolida) hamda, mustaqil professional astronom olimlar ishtirokida faoliyat yuritadi. Ittifoqqa 73 ta a'zo davlat va 10886 nafar mustaqil astronomlar a'zo. Ittifoq idorasi tarkibiga "Astronomik telegrammalar markaziy idorasi" va "Kichik sayyoralar markazi" faoliyat yuritadi. Bu tashkilotlar Smitson astrofizika rasadxonasida joylashgan. Ittifoq tarkibida shuningdek 50 dan ortiq muvofiqlashtiruvchi kengashlar va Ijroiya Qo‘mitasi mavjud. Ittifoqning joriy va tashkiliy ishlari, ishchi guruhlar va ishchi hay'at tomonidan yuritib boriladi. XAI har 3-4 yilda (faqat, 1939-1945 yillardagi, II-jahon urushi davrida assambleya chaqirilmagan), a'zo davlatlardan birining hududida Bosh Assambleyaga yig‘iladi va astronomiyaning dolzarb masalalari yuzasidan olib borilayotgan ishlar bo‘yicha hisobotlar, xulosa, qaror va yechimlar berib boradi. Shuningdek XAI, rivojlanayotgan va qoloq mamlakatlar uchun astronomiya sohasida ilmiy va amaliy ko‘mak berib kelmoqda.
Yangilаndi: 18.02.2019 09:24
Haumea
Haumea (136108 Haumea) - kattaligi jihatdan to‘rtinchi o‘rinda turuvchi karlik sayyora. Transneptun obyekt va Plutoid hisoblanadi. Uni ilk marta, bir biridan mustaqil ravishda Andalusiya Astrofizika instituti olimi Xose Luis Ortis hamda talaba Pablo Santos-Sanzlardan iborat Ispaniyalik ilmiy guruh, hamda, Kaliforniya Texnologiya universiteti olimlari Maykl Braun, Chedvik Truxilo va Devid Rabinovitslardan iborat ilmiy guruhlar kashf qilishgan. AQSHlik guruh Haumeani 6-may, 2004-yildagi fotosuratlar asosida, 2004 yilning 28-dekabrida kashf qilgan edi. Biroq, ilmiy guruh rahbari Maykl Braun, avvaliga to‘la ishonch hosil qilish uchun, qo‘shimcha dalillarni o‘rganishga kirishdi. U 2005 yilning 7-iyuliga yangi osmon jismining kashf qilingani haqida ma'ruza-e'lon tayyorlagan edi. Lekin oilaviy sabablarga (shu kuni Braun qiz farzand ko‘rgan edi) ko‘ra bu chiqishni keyinga surishga majbur bo‘lgan. Bu orada, Ispaniyalik astronom olim va talaba, Kaliforniyadagi tadqiqotlardan mutloq bexabar holda, Serra-Nevada rasadxonasidagi 36-santimetrli teleskop yordamida Haumeani kashf etishdi. Ular olgan ma'lumotlar Malyorka universitetida qayta tekshirib, tasdiqlangach, ispanlar o‘z kashfiyotlari haqida 2005-yilning 29 - iyul kuni e'lon qilishdi.
Yangilаndi: 09.10.2019 08:00
Makemake
Makemake (136472 Makemake) - kattaligi jihatdan uchinchi o‘rinda turuvchi karlik sayyora. Transneptun obyekt va Plutoid hisoblanadi. Uni ilk marta Kaliforniya Texnologiya universiteti olimlari Maykl Braun, Chedvik Truxilo va Devid Rabinovitslardan iborat ilmiy guruh tomonidan, 2005 yilning 31-mart kuni, aniqlangan. 2005 yilning 29-iyul kuni, uning kashf etilganligi haqidagi xabar rasman e'lon qilindi. Unga dastlabki shartli nom 2005 FY9 Tarzida biriktirilgan edi. Uni ochgan ilmiy guruh rahbarining taklifiga ko‘ra, yangi obyekt Pasxa oroli mahalliy aholisi afsonalariga asoslanib Makemake deb nomlandi. XAI uni 136472 raqam bilan, 7-sentyabr 2006 yilda karlik sayyoralar turkumiga kiritdi. Makemake nomi esa rasman 18-iyul, 2008 yilda tasdiqlangan.
Makemake orbitasi arxiv fotosuratlari orqali 1955-yilgacha qayta tekshirilgan. Makemake orbitasi ekstsentrisiteti 0,162, katta yarim o‘qi esa 45,44 a.b. (6,8 milliard km). Makemake orbitasi ekliptika tekisligiga nisbatan 29º burchak ostida og‘gan. Quyoshga eng yaqinlashganda 38,05 (5.69 milliard km) va eng uzoqlashganda 52,82 a.b. (7.9 milliard km) masofada bo‘ladi. Ya'ni Makemake Quyoshga Plutondan ham yaqinroq masofaga kelishi mumkin, biroq u hech qachon Neptun orbitasi ichiga kirmaydi.
Yangilаndi: 09.10.2019 07:58
Erida
Erida (136199 Eris) - karlik sayyoralar ichida eng yirigi. U kashf etilgan 2005-yilda, Quyosh tizimining 10-sayyorasi sifatida ham baholangan. Biroq 2006-yildan boshlab u karlik sayyoralar turkumiga kiritildi. Erida Transneptun obyekt va Plutoid hisoblanadi. Uni ilk marta Kaliforniya Texnologiya universiteti olimlari Maykl Braun, Chedvik Truxilo va Devid Rabinovitslardan iborat ilmiy guruh tomonidan, 2005 yilning 5-yanvar kuni, Samuel Oushin teleskopidan olingan 21-oktyabr 2003 yilga tegishli fotosuratlarni tahlil qilish jarayonida aniqlangan. Bir necha oylik kuzatuv va tahlillardan so‘ng, kashfiyot haqida 2005 yilning 29-iyul kuni e'lon qilindi.
Unga dastlab 2003 UB313 shartli nomi berilgan edi. Erida dastavval 10-sayyora deb hisoblangani uchun, unga astronomiya an'analariga muvofiq, qadimgi Rim va Yunon mifologiyasiga oid nom berishga qaror qilishdi. Ilmiy guruh rahbari Maykl Braunning o‘zi unga "Prozerpina" - ya'ni, Plutonning xotinining ismini berishni taklif qilgan. Undan tashqari "Zena", "Persefona" va "Lailo" variantlari ham ko‘rib chiqilgan. Oxir oqibatda, Braunning o‘zi, qadimgi yunon janjal va adovat ma'budasining nomi - Eridani tanlashni ma'qul ko‘rdi. XAI bu nomni 2006-yilning 6-sentyabr kuni rasman e'tirof etdi va ertasi kuni 7-sentyabrda Eridani karlik sayyoralar safiga kiritdi.
Yangilаndi: 09.10.2019 08:22
|
|
Mavzuga oid boshqa mаqоlаlаr...
|
|
Maqolaning 4 sahifasi, jami 9 sаhifа |