Immun tizimi
Immun tizimi bizning organizmimizga kirib olgan «yovlarni» payqab, bu haqidagi ma’lumotni maxsus hujayralarga uzatish va yov hujumini daf qilish vazifasini bajaradi.
Odamzotning va boshqa tirik organizmlarning yashash muhiti anchayin agressivdir. Turli viruslar va bakteriyalar qo‘shini bizni har tarafdan qurshab olgan bo‘lib, ular bizga hujum qilish uchun doimo qulay fursatni poylab yotadi. Shu sababli, bunday dushmanga qarshi kurashda bizning mudofaa tizimimiz – immun sistemasi ishga tushadi. Bu dushmanga qarshi kurashdagi mudofaa chizig‘ining ayrim sarhadlari – sof anatomik mudofaa bo‘lib, ular virus va bakteriyalarga qarshi jismoniy (fizik) to‘siq qo‘yadi va zararli mikroblar undan nariga o‘tolmaydi. Masalan, teri va shilliq pardalar shunday vazifani bajaradi. Agar virus yoki bakteriya ushbu fizik to‘siqdan ham oshib o‘tib, organizmga kirishni uddalasa, unda, organizm unga qarshi yallig‘lanish jarayoniga asoslangan qarshi hujumni ishga soladi va natijada, tananing zararlangan qismiga qon kelishi kuchayadi. Qon o‘zi bilan leykotsitlarni olib keladi. Ular kapillyar tomirlar devorlari orqali o‘tib, tanaga kirib olgan dushmanni mahv qiladi. Kesib olgan joyingiz atrofining qizarib qolishi organizmning aynan shu reaksiyasi tufayli yuzaga keladi.