Mis, oltin va kumush - "soqqali" elementlar
Minglab yillar mobaynida ibtidoiy odamlar ish qurollari sifatida oddiy tosh, suyak va yog‘ochdan foydalanishgan. Chunki, bu materiallar oson topiladigan, har yerda mavjud narsalar bo‘lgan. Albatta, ish quroli sifatida turli metallardan foydalanish nisbatan qulayroq bo‘lgan bo‘lur edi. Lekin, metallarni ajratib olish va ishlov berish, tosh va yog‘ochga qaraganda nisbatan qiyin. Metallar odatda boshqa elementlar bilan mustahkam birikmalar hosil qilgan holda bo‘ladi. Metallarning atomlarini, boshqa elementlarning atomlaridan ajratib olish va ishlov berish - murakkab texnologik jarayon bo‘lib, uncha-muncha uquv talab qiladi. Toshni yo‘nish va uni boltaga o‘xshatib taroshlash esa - juda oson bo‘lmasa-da, harqalay, jo‘n ishdir.
Metallarni odamlar atiga 6000 yil muqaddam kashf qilishgan. Katta ehtimol bilan, qadimgi odamlar metallarni tasodifan kashf qilishgan bo‘lsa kerak.