Quyma ichiga nazar...
Solishtirma og’irlik ajoyib narsa. U haqida bilish ko’p hollarda insonga naf keltirishi tayin. Masalan men, yaqindagina xorij safaridan yaqinlarim uchun sovg’a salomlar oldim. Qo’l mehnati bilan tayyorlanadigan suvenirlar do’konida savdo qilayotgan habash yigit menga, vazni taxminan 1.5 kg keladigan globuschani tavsiya qildi. Narxi esa bir oz qimmat. Sababini so’raganimda, u globuschaning maqtash asnosida, uning to’liq mis metallidan ekanligini va qolipga quyilishda u g’ovaklarsiz, yaxlit holatda quyilishini, shu tufayli narxi bir oz qimmatligini tushuntirdi. Qolaversa, namunaga badiiy bezak berish, materiklar va okeanlar, orollar, davlatlar chegaralarini o’yib tushirish ancha mashaqqatli mehnat ekan. Buni tushunaman, albatta, qo’l mehnati oson yumush emas. Qolaversa, suvenir menga juda yoqib qolgandi. Uni sotib oldim...
Lekin, habash yigitning (o’zini aytishicha u usta ekan) suvenir misdan yaxlit quyilganligi haqidagi gapi menda shubha uyg’otdi. Men, o’zimni xayolan, zargarga buyurtma asosida tayyorlatilgan tojning tarkibini aniqlagan Arximed kabi tasavvur qildim. Mehmonxonaga kelgach suvenirning haqiqatan to’liq misdan yasalganligi yoki, habash «usta» menga lag’mon ilganmi-yo’qmi tekshirib ko’rishga qiziqdim. Albatta, shunday chiroyli suvenirni o’rtasi bo’shliqmi, yoki yaxlitmi, shuni bilish uchun qiziqish yuzasidan ichini teshib ko’rish yaramaydi. Bu jarayonda menga – fizika yordam beradi.