Ionosfera
Balandlik ortgan sari atmosferada gazlarning zichligi tez kamaya boradi. Ayni vaqtda quyosh spektrining ultrabinafsha qismi intensivlashadi. Bu qisqa to‘lqinli nurlanish atom va molekulalarni ionlashga qodir. Bundan hosil bo‘lgan elektron va ionlar mustaqil ravishda harakatlana boshlaydi. Albatta, o‘rtacha olganda har xil ishorali zaryadlar bir-biriga tortishadi va rekombinatsiyalashadi, ya'ni qayta birikadi. Biroq, ionlar konsentratsiyasi kichik bo‘lganda ularning qarama-qarshi ishorali ion yoki elektron bilan uchrashishi uchun ko‘p vaqt talab qilinadi. Bu vaqt (soatlar va hatto kunlar) mobaynida quyosh nurlanishi ko‘p yangi ionlar hosil qilishga ulguradi. Natijada har qaysi balandlikda elektronlar va ionlarning ma'lum konsentratsiyasi vujudga keladi. Turgan gapki, bu kunning qaysi vaqti ekanligiga ham bog‘liq bo‘ladi. Chunki ionlar tunda faqat rekombinatsiyalashadi.