Metamateriallar
Hoshimjonning sehrli qalpoqchasi uchun, roman sahifalaridan real hayotga ko‘chib o‘tish imkoni paydo bo‘ldi. Bu haqida Science va Nature ilmiy jurnallaridagi duet-maqolalar xabar bermoqda.
Ko‘rinmas odam filmini ko‘pchiligimiz ko‘rganmiz. Ko‘rinmas uchar texnika va yoki dengizda kemalarni ko‘rinmas qilib qo‘yadigan vositalar borligi haqida ham hayrat aralash eshitganimiz bor. Lekin narsalarni haqiqatan ham ko‘rinmas qilib qo‘yish mumkinmi? Hozirgi zamon fizikasi uchun bu vazifa g‘oyat murakkab ishdir. Lekin qanchalik ajabtovur bo‘lmasin, buyumlarni ko‘rinmas qilib qo‘ya oladigan texnik vositalarni ishlab chiqish borasida olimlarda allaqachon muayyan yutuqlar mavjud. Xususan, hozirda jahonning yetakchi ilmiy dargohlarida, jism sirtiga kelib tushayotgan elektromagnit to‘lqinlarni, shu jumladan odam ko‘zi ko‘radigan yorug‘lik nurlarining akslanish, sinish va qaytish jarayonlarini boshqarishni ko‘zda tutuvchi usullar ustida ish olib borilmoqda. Ushbu muddao yo‘lida olimlarga eng yaqin dastyor vosita bo‘ladigan material sifatida esa fanda metamateriallar deb nomlanadigan, qator g‘ayrioddiy xossalarga ega bo‘lgan sun'iy moddalardan foydalanish ko‘zda tutilgan. Metamateriallarning eng mayda miqyosda strukturasi elektromagnit to‘lqinlarni anchayin g‘ayrioddiy usul bilan boshqarish imkonini beradi.