Qop-qora qoralik
Qop-qorong‘u xonada qora mushukni topish mushkul, ayniqsa, aslida qora mushuk qorong‘u xonada yo‘q bo‘lsa!
Falsafiy bahslarda ishlatiladigan ushbu so‘z o‘yini odatda ba'zi fiziklarning g‘ashini keltiradi. Aslida "qop-qorong‘u xona" yoki "qora mushuk" - ko‘rib bo‘lmaydigan narsalarni ramziy ifodalash uchun unchalik ham omadli o‘xshatish emas. Sababi, tabiatdagi barcha narsalar, hatto eng qora ko‘mir ham qandaydir miqdordagi yorug‘lik nurini akslantiradi. Faqat bizning ko‘zimizning bunday akslangan nurlarni ilg‘ash xususiyati juda past bo‘lgani uchun, ularni ko‘ra olmaymiz.
Lekin biz keltirgan ushbu xulosa, fantast yozuvchilarga va orzumand fizik mutaxassislarga xalaqit qila olmaydi. o‘zida har qanday yorug‘lik nurini yutib qoladigan va o‘zidan hech qanday yorug‘lik akslantirmaydigan mutlaq qora jism haqida orzu fiziklarning azaliy orzulari sirasiga kiradi. Mutlaq qora jism haqidagi farazlar avvalo mumtoz va zamonaviy fizika chegarasida - Maks Plank izlanishlarida jiddiy ko‘rib chiqilgan edi. Uzoq yillar mobaynida mutlaq qora jism aslida tabiatda uchramaydigan, faqat olimlar tasavvuridagi faraziy narsa sifatida qaralgan. Lekin, mutlaq qora jism haqidagi fikrlar, 2008-yilga kelib ancha o‘zgara boshladi. Aynan o‘sha yili "qop-qora qoralik", "eng qora jism", yoki, "superqora jism" olishga muvaffaq bo‘lgan amerikalik olimlar haqida xabarlar tarqalgan edi. Mazkur g‘ayrioddiy material uglerod nanotrubkalaridan tayyorlangan bo‘lib, uning mohiyati, uglerodning bitta atom qalinligida silliqlangan plastinasidan iboratdir. Nazariy jihatdan ta'riflanishicha, mutlaq qora jism o‘ziga kelib tushayotgan har qanday to‘lqin uzunligidagi nurlarni, ularning tushish burchagidan qat'iy nazar, to‘liq o‘ziga yutib yuborishi kerak.