Harorat shkalalari orasidagi nisbatlar
Avvaliga harorat o‘zi nima? - degan savolga javob izlab ko‘rsak. Harorat bu - jismning energetik holatini ifodalovchi miqdoriy kattalikdir. Tabiatda hamma-hamma narsa atom va molekulalardan tashkil topgan bo‘lib, jismlarni tashkil qiluvchi atomlar muntazam harakatda bo‘ladi. Jismni tashkil qilgan atom va molekulalarning harakati qanchalik jadal bo‘lsa, jismning harorati shunga muvofiq baland bo‘ladi. Shunga ko‘ra, jismning harorati deganda, uni tashkil qiluvchi atom va molekulalarning o‘rtacha kinetik energiyasi nazarda tutilishini tushunib olish zarur. Xalqaro Birliklar Tizimiga ko‘ra, harorat birligi sifatida Kelvin qabul qilingan. Kelvin haqida gap ketganda, uni termodinamik harorat birligi, yoki, mutlaq harorat birligi ham deyiladi. Kelvin, fundamental fizik birlik bo‘lib, u suvning uchlanma nuqtasi termodinamik haroratining 1/273,16 qismi sifatida aniqlanadi.