Ta'sir birligi
(Ayzek Azimovdan tarjima)
Mening "Men-Robot" nomli kitobim "Dabldey & Co" nashriyoti tomonidan qayta nashr etilganidan so'ng, ayrim sharhlovchilar (shubhasizki, yuksak zakovat va nozik did egalari bo'lgan insonlar) u haqida "mumtoz asar" deb maqtay boshladilar va bun menga mamnuniyat bahsh etmasdan qo'ymasdi.
"Mumtoz" so'zi, kundalik nutqda tez-tez quloqqa chalinadigan "a'lo darajali", "namunaviy" so'zlari bilan o'xshash ma'noni anglatadi. Ularning har biri, mening "Men-Robot" asarim haqidagi shaxsiy fikrim bilan mos tushadi. Lekin men o'z kamtarinligim va noziktabiatligim evaziga, ushbu faktni tan olishga uyalaman. Hozirda ushbu gaplarni sizga aytayotganimning sababi esa, muhtaram mutolaachi, siz va mening ushbu suhbatimiz o'ta maxfiy tarzda, yuzma-yuz bo'layotganidir.
Albatta, "mumtoz" so'zining yana bir boshqa ma'nosi ham bo'lib, u menga nisbatan kamroq yoqadi. Uyg'onish davri adiblari, qadimgi Yunoniston va Rim madaniyatiga oid asarlarni muhokama qilishda ham aynan ushbu so'zdan foydalanganlar. Ya'nikim, "mumtoz" so'zi nafaqat namunaviy, balki, "eski", "qadimiy" degan ma'nolarni ham anglatadi.
Nima ham derdim..."Men-Robot" kitobi ancha yillar avval dunyo yuzini ko'rgan. Uning alohida boblari esa... mayli, bunis muhimmas. Gap shundaki, men sal-pal hafa bo'lmoqchi bo'ldim, chunki meni "mumtoz" asar yoza oladigan darajadagi qariya deb hisoblashgan edi. Shu sababli ham men navbatdagi hikoyani, "mumtoz" so'zini qo'llanishi maqtovdan ko'ra ko'proq haqorat ma'nosini bag'ishlaydigan soha haqida yozishga qaror qildim.
Tushunarliki, bu shunday soha bo'lishi kerakki, eskicha, oxori to'kilgan nomiga ega bo'lish, o'z-o'zidan, noto'g'ri, bugungi kunga nafasiga muvofiq kelmaydigan ma'nosini berishi kerak. Aqlli bashara hosil qilib olib, zaharhanda tirjayish orqali, zamonaviy san'at, adabiyot yoki mebel haqida mulohaza qilish mumkin. Axir zamonaviy san'at ham, adabiyot ham o'tmishdagi buyuk ijodkorlarning buyuk asalari bilan hech bir jabhada qiyoslana olmaydi. Biroq, suhbat zamonaviy ilm-fan mavzusiga burilgan chog'i, notiqqa shlyapasini yechib, bosh egib ta'zim qilishdan o'zga iloj qolmaydi.
Birinchi navbatda bu fizikaga taaluqlidir. Zamonaviy fizika va mumtoz fizika mavjud. Ular orasidagi chegara ham juda aniqlik bilan belgilangan: 1900-yil. Mazkur fanda 1900-yilgacha bo'lgan barcha narsalar mumtoz fizikaga, 1900-yildan keyingilari esa zamonaviy fizikaga ajratiladi.
Bir qarashda bunday ajratish anchayin bahsli ko'rinadi. XX-asr kishilarining noxolisligi haqidagi xulosa ham bu orada miyaga kelishi mumkin. Lekin, agar haqiqiy xolis nigoh bilan yaxshilab e'tibor qaratilsa, bunday chegara qo'yish nihoyatda to'g'ri va aniq ekaniga qayta ishonch hosil qilish mumkin. Aynan 1900-yilda nazariy fizika bo'yicha asosiy ilmiy ishlar paydo bo'lgan edi. Bundan so'ng esa, uning darajasidagi biror narsa uchramadi.