Ko‘rinmas yov - IS GAZI
Is gazi, yoki, uglerod monooksidi – CO bu – hidsiz, ta’msiz va rangsiz gaz bo‘lib, yoqilg‘ining to‘liq yonmasligi natijasida hosil bo‘ladi. Is gazi odamlar uchun ham va jonivorlar uchun ham zaharli hisoblanadi.
Is gazi organizmga nafas yo‘llari orqali kirib keladi va kislorodning kirishini to‘sib, organizm faoliyatini izdan chiqaradi. Organizmda kislorod yetishmovchiligi boshlangach, hammadan ham ko‘ra ko‘proq bosh miya, asab tizimi hamda, hamda yurak mushaklari bunga sezgirlik namoyon qiladi. Shu sababli ham, is gazidan zaharlangan odam vaziyatning nechog‘lik xavfli ekanini o‘zi yaxshi anglolmay qoladi. U o‘ziga nimadir bo‘layotganini bilib tursa ham, fikrini jamlay olmaydi, hushini yig‘a olmasdan, dezorientatsiyaga yo‘liqadi, hamda, o‘zini-o‘zi qutqarishga ojizlik qilib qoladi. Odam hatto uyg‘oq paytda, es-hushi o‘zida bo‘lgan, bardam, tetik holatida ham is gazining zimdan ko‘rsatayotgan ta’sirini payqashi qiyin bo‘ladi. Uyqu paytida esa odam o‘z organizmi is gazidan zaharlana boshlaganini umuman sezmay qolishi ham hech gap emas.
Is gazi paydo bo‘ladigan joylar
Is gazi odatda yonishni ta’minlash uchun yetarli kislorod bo‘lmagan holatlarda, ya'ni, yonilg‘i chala yonganda ajralib chiqa boshlaydi. Bunday holat esa pechka o‘rnatilgan xonalardagi mo‘rilarning tiqilib to‘lib qolishidan va ventilyatsiyaning nosozligidan yuzaga keladi. Ya'ni, mo‘ri tiqilib qolgan bo‘lsa va ventilyatsiya nosoz bo‘lsa, ichkariga toza havo kirmaydigan xonada yoqilgan yoqilg‘idan oddiy tutunga qo‘shilib is gazi ham ko‘p miqdorda ajralib chiqa boshlaydi. Mo‘ri berkligi sababli, ushbu tutun va is gazi hech qayoqqa chiqib ketolmasdan, xona ichida to‘plana boshlaydi va buning natijasida, o‘z navbatida xonadagi kislorod miqdori yanada kamayib boradi. Oqibatda yonishni ta’minlab turgan kislorod miqdori yanada va yanada kamayib, chala yonish esa yana kuchayib boradi. Gaz qurilmalarida hosil bo‘ladigan tutun gazlarining rangi va hidi bo‘lmaydi. Shu sababli ham tutun gazlari va is gazi xonaga sizib chiqa boshlaganini sezmay qolishi mumkin. Qozonda ovqatning kuyib ketishidan ham is gazi yuzaga kelishi va zaharlanish sodir bo‘lishi mumkin. Lekin, baribir odatda kishilarning is gazidan zaharlanishi kuzatilgan aksar holatlarda buning sababi nosoz pechka va mo‘rilar, hamda, nosoz ventilyatsiya bo‘lib chiqadi.