Orbita . U Z

...Ilm-fan fazosi uzra!

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa Maqolalar Qiziqarli kimyo Osmiy sotiladi, arzonga!

Osmiy sotiladi, arzonga!

E-mail Chop etish
Maqola Reytingi: / 12
Juda yomon!A'lo! 

Osmiy sotiladi, arzonga!

Metallarning narx-navosi va kimyo fanidan xabardor bo‘lgan kishilar mazkur sarlavhani o‘qib hayron bo‘lishlari turgan gap. Chunki, osmiy metalli qimmatligi bo‘yicha eng oldingi o‘rinlarda turadi. Osmiyning nisbatan keng tarqalgan oddiy izotopining bir grammi taxminan oltin bahosi bilan teng yuradi. Lekin, osmiy-187 izotopi esa qimmatligi bo‘yicha hamma metallarni ortda qoldiradi va atiga bir grammi uchun 200 000 AQSH dollari talab qilinadi. Bundan ham qimmat turadigan yagona metall – kaliforniydir. Unda nega sarlavhada osmiy arzonga sotilishi gapirilyapti deysizmi? Qiziqib qolgan bo‘lsangiz, maqolani oxirigacha o‘qing.

 

Biz yuqorida eng qimmat metallar haqida gap boshladik. Osmiy eng qimmat metallar ichida yetakchilardan biri bo‘lish bilan birga, eng katta zichlikka ega element ham hisoblanadi. Ha, ishonavering, zichligi yuqori bo‘lgan simob va yoki uran emas, aynan osmiy eng katta zichlikka ega metalldir! Oddiy modda shaklidagi osmiyning zichligi, simob zichligidan qariyb, 1,5 baravar katta bo‘ladi.

Sun’iy o‘stirilgan sof osmiy kristallari

 

Olimlar osmiyning tabiatda eng katta zichlikka ega modda ekanini aniqlashgach, uning zichligini yanada orttirish imkoniyati ustida izlanib ko‘rishgan. Bu shunchaki qiziqish yuzasidan olib borilgan tajriba bo‘lmay, balki, muayyan aniq ilmiy maqsadni ko‘zlab qilingan ish edi. Chunki, ayrim moddalar katta bosim ostida qolganida, o‘zining xossalarini keskin o‘zgartirishi kuzatiladi. Xususan, yarqiroq metall natriy moddasi katta bosim ostida qolganida, shaffof tusdagi dielektrikka aylanadi. Odatda gaz holatida bo‘ladigan kislorod esa, yuqori bosim ostida qotib, o‘ta o‘tkazgichga aylanishi mumkin. Bunday tajribalar orqali, olimlar, masalan, sayyoralar yadrosida mavjud bo‘lgan o‘ta yuqori katta bosim ostidagi sharoitlarda kechadigan fizik jarayonlar haqida tasavvurga ega bo‘ladilar. Bunday sharoitni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish uchun Yer qa’riga, sayyoramiz yadrosiga tushib o‘tirmaslik uchun, olimlar ajoyib laboratoriya uskunasini – olmos sandonni ixtiro qilishgan. Olmosning favqulodda qattiqligi tufayli, ikkita olmos orasida hatto Yer yadrosidagi bosimdan ham ikki barobar yuqori bo‘lgan bosim hosil qilish mumkin. Olmosning shaffof modda ekanligi esa, bu bosim ostida qolgan moddani ham bemalol kuzatish imkonini beradi. Xuddi shunday uskuna bilan, olimlar biz aytayotgan eng zich modda – osmiyni ham katta bosim ostida qoldirib, uning zichligi yanada ortadimi, yo‘qmi – tekshirmoqchi bo‘lishgan. Bosim million atmosferagacha ko‘tarilgan. Bu degani, har bir sm2 ga 1033271 kg kuch bilan eziladi demakdir. Tasavvur qilyapsizmi, atiga bir kvadrat santimetr yuzaga 1 million kilogrammdan ortiq kuch bosmoqda!

Xo‘sh, bunday favqulodda ulkan bosim ostida osmiy nima bo‘ldi deysizmi? Deyarli hech narsa. Osmiy bunday bosim ostida ham o‘z kristall strukturasini saqlab qoldi va yo‘l-yo‘lakay, «yuqori bosimga eng chidamli modda» nominatsiyasini ham qo‘lga kiritdi.

O‘ta yuqori bosimga ham bemalol chiday oladigan osmiyning yana bir muhim xossasi bor. U o‘ta yuqori haroratlarga chidamliligi bo‘yicha ham avvalgi o‘rinlardan birini egallaydi. Osmiyning erish harorati 3000 ℃ dan ham baland (anig‘i 3033 ℃). Uning ushbu xossasi cho‘g‘lanma lampa ishlab chiqaruvchilarning e’tiborini tortgan edi. Ushbu turdagi lampalar endi-endi paydo bo‘lgan zamonlarda, muhandislar, lampa ichidagi ingichka sim tolani aynan osmiydan tayyorlashgan. Biroq, keyinchalik, bu maqsadda, osmiydan arzonroq va chidamliligi ham yanada yaxshiroq bo‘lgan volfram qo‘llanila boshladi.

Osmiy amaliy qo‘llash sohasida cho‘g‘lanma lampalardagi o‘z o‘rnini volframga boy bergach, u keng qo‘llaniladigan yana bir soha qolgan edi. Biroq, ko‘p o‘tmay osmiying bu boradagi ahamiyati ham yo‘qoldi. Gap avvallari keng qo‘llanilgan avtoruchka perosi haqida bormoqda. Tushunganingizdek, oddiy sharikli o‘ta arzon ruchkalar ommalashgach, odamlar birmuncha daxmazali avtoruchkani ishlatmay qo‘yishdi. O‘sha avtoruchkalarning uchidagi perosi uchidagi kichkinagina to‘mtoq sharsimon joyi aynan osmiydan tayyorlanar edi. albatta, peroning uchidagi bu sharcha faqat osmiyning o‘zidan tayyorlangan deyish ham noto‘g‘ri. Lekin, u nafaqat osmiy, balki, platina guruhi metallarining, xususan palladiy va iridiyning  osmiy qotishmasidan yasalgan. Hozirda bunday peroli ruchkalar faqat shinavandalar uchun maxsus ishlab chiqariladi va asosan xattotlar, yoki, chiroyli yozish ishqibozlari tomonidan qadrlanadi. Bozor narxi juda qimmatbaho bo‘lgan bunday ruchkalarni kundalik yozuv-chizuvlar uchun qo‘llashga hech kimning jur’ati yetmasa kerak Смешно. Odatda, osmiy va palladiy qotishmasidan tayyorlangan peroli qimmatbaho avtoruchkalarni hozirda faqat puldor biznesmenlar va yoki ruchka to‘plash vasvasasiga uchragan ishqiboz kolleksionerlar xarid qilishadi xolos.

 

Siz, Koinotda, masalan, kosmik stansiyada ish olib borgan fazogirlar kundalik yozuv-chizuvi uchun qanday ruchkadan foydalanishini hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Kosmosda yozish masalasini NASA astronavtlari va SSSR kosmonavtlari qanday hal qilgani haqida keng tarqalgan bir mif mavjud. Balki uni siz ham eshitgan bo‘lsangiz kerak. Unga ko‘ra, Koinotda yozish uchun, vaznsizlik sharoitida ishlaydigan, ya’ni, siyohi pastga oqib keladigan maxsus ruchka yaratish uchun NASA millionlab dollar sarflagani, bu vazifani esa, sovet kosmonavtlari bir tiyin ham sarflamasdan, juda oddiy hal qilgani ta’kidlanadi. Ya’ni, emishki, sovet kosmonavtlari oddiy qalam vositasida yozib-chizib yuraverishgan. Zadornovcha aytganda «tupoy» amerikaliklar esa, millionlab dollar sarflab, maxsus ruchka yaratishgan emish. Aytish joizki, bu gap – uydirmadan boshqa narsa emas. 1960-yillar o‘rtalariga qadar, astronavtlar ham, kosmonavtlar ham kosmosda yozish uchun faqat qalamdan foydalanishgan. Biroq, keyinchalik, AQSHlik xususiy tadbirkor va ixtirochi Pol Fisher vaznsizlik holatida va umuman boshqa ko‘plab ekstremal sharoitlarda ham yozadigan maxsus ruchka ixtiro qilgan. U o‘z mahsulotini NASA tavsiya qilgan va uni astronavtlar sinab ko‘rishgan. Fisher ruchkasining vaznsizlik holatida ham siyohi pastga oqaverishining siri shunda ediki, uning uchidagi yozadigan ishchi organi – sharik volfram karbididan tayyorlangan bo‘lib, siyoh esa, qattiq holatda bo‘lgan. lekin, ruchka qo‘lga olib, yozish boshlansa, ushbu qattiq siyoh suyuqlanib, oqib kela boshlaydi. Uni ruchkaning ketidagi maxsus kartridjda, suyuq azot bosimi ostida tutib turiladi. Albatta, oddiy ruchkaning bu qadar murakkab konstruksiya bilan yasalishi uning narxini ham ancha qimmat qilib yuboradi. Lekin, bu ruchka, o‘sha gap-so‘zlarda aytilganidek millionlab dollar emas, atiga bir necha yuz dollar turgan. Fisher ruchkasi sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgach, astronavtlar ham va hatto kosmonavtlar ham undan foydalanishga o‘tishgan. Sizda haqli va oddiy savol tug‘ilishi mumkin. Nega arzon va oddiy qalam turib, kosmosda yozish uchun baribir shu qimmat ruchkaga o‘tildi? Gap shundaki, kosmosda qalam oson sinib qoladi. Uning singan bo‘laklari esa kosmik kema ichida erkin suzib yuradi. Bu esa kosmonavtlar uchun va umuman kema uchun xavf tug‘diradi. Arzimagan qalam sinig‘i tufayli fazogir jarohatlanishi yoki, kema borti shikastlanishi hech gap emas. Xavf-xatar maksimal istisno qilinishi lozim bo‘lgan bunday sharoitda, qancha qimmat bo‘lmasin, maxsus ruchka benazir yordamchi bo‘ladi.

Fisher kosmik ruchkasi. © James Fee/Flickr.com CC BY-NC-ND 2.0

 

Biz kosmik ruchka haqida gapirishga o‘tib ketib, asosiy mavzuimiz – osmiydan chetlashib ketdik.

Aytgancha, osmiy o‘z nomini biroz yoqimsiz narsaning, aniqrog‘i hidning nomidan kelib chiqib olgan. Osmiyning havodagi kislorod ta’sirida oksidlanishi tufayli, uning uchuvchan birikmasi – osmiy tetraoksidi hosil bo‘ladi. Bu modda esa, aynigan sarimsoqpiyoz singari qo‘lansa sassiq hid taratadi. Boz ustiga, bu modda favqulodda zaharli ham bo‘lib, agar, uning bu xossasi ham hisobga olinsa, balki, element nomi yanada vahimaliroq nom berilishi mumkin edi. Yaxshiki, mazkur elementni 1803-yilda kashf qilgan ingliz kimyogari Smitson Tennat unga «qo‘lansa», yoki, «sassiq» deb nom berishdan tiyilib, shunchaki, «hid» ma’nosini beruvchi yunoncha osme nomini bergan. Tajribalar jarayonida Tennat juda qiynalgan bo‘lsa kerak...

Qanchalik qimmatbaho va zaharli, hamda, qo‘lansa bo‘lmasin, osmiy baribir kimyo laboratoriyalarida ko‘p uchraydigan moddadir. Masalan, uni ayrim gormonal dori vositalarini sintez qilishda (masalan, kortizon olishda) ishlatiladi. Shuningdek, o‘ta mayda zarralarni elektron mikroskop ostida tekshirish uchun ham, unga avvaldan osmiy bilan ishlov beriladi.

Biror biologik obyektning elektron mikroskop orqali tasvirini olishda, unga osmiy tetraoksidi bilan ishlov beriladi. Rasmda ichak tayoqchasining osmiy bilan ishlov berish orqali olingan mikroskopik tasviri ko‘rsatilgan. © Anupama Lakshmanan/Caltech/Flickr.com CC BY-NC 2.0

 

Endi, maqolaga qiziqish uyg‘otish maqsadida yozilgan sarlavhadagi intriganing ma’nosini ochish vaqti keldi. Agar yo‘lingiz Yevropa mamlakatlari yoki AQSHdagi yirik bog‘dorchilik fermalariga yo‘lingiz tushib qolsa, ular yaqinida aynan shunday, ya’ni, «Arzonga osmiy sotaman» degan e’lonlarni uchratishingiz mumkin. Bog‘dorchilikka esa biz so‘z yuritayotgan metall osmiyning hech qanday aloqasi yo‘q. Bu bog‘bonlarga daraxtlarni changlatish uchun taklif qilinayotgan asalarining bir turining nomi xolos. Haqiqatan ham, biologlar yaxshi biladigan osmiy nomli asalari turi mavjud. Bu turdagi asalarilar boshqa oddiy asalarilardan farq qiluvchi hayot tarzi bilan yashaydi. Ya’ni, osmiy asalarilari oilalarga birlashmaydi va aksincha, yolg‘iz umr kechiradi. Shuningdek, osmiy asalarisi bol to‘plamaydi va umuman, asal ishlab chiqarmaydi. Shunga qaramay, bu turdagi asalari gullarni changlatishda boshqa turdoshlaridan ko‘ra yaxshiroq natija beradi. Osmiy asalarisi bilan changlatilgan bog‘lardagi hosildorlik sezilarli darajada yaxshi bo‘ladi. Shu sababli ham, bog‘bonlarda bunday asalariga doim ehtiyoj mavjud bo‘ladi. Arzonga osmiy sotiladi degan e’lonlar ham, shular uchun o‘ylab topilgan. Uning qimmatbaho metall – osmiyga mutlaqo aloqasi yo‘q Смешно.

Osmiy asalarilarining Osmia cornuta turi


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 01.05.2019 11:34  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Sizda mulohaza qoldirish imkoniyati mavjud emas. Mulohaza qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'tish kerak.

Banner

Orbita.Uz infotekasi

Milliy bayramlarimiz

Yaqin kunlardagi rasmiy bayramlar, kasb bayramlari, muhim tarixiy va xalqaro sanalar.

26 - may - Kimyogarlar kuni


1 - iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni


5 - iyun - Iyd al-Fitr - Ramazon hayiti (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


13 - Iyd al-Adho - Qurbon hayoti kuni (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


 

1 - Sentyabr - Mustaqillik kuni. (Dam olish kuni)


2 - Sentyabr - Bilimlar kuni.


 

1 - Oktyabr - Ustoz va murabbiylar kuni. (Dam olish kuni)

O'zbekiston shaharlari ob-havo ma'lumotlari

Orbita.Uz do'stlari:

Ziyo istagan qalblar uchun:

O'zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona!

​Ўзбекча va o'zbekcha o'zaro transkripsiya!
O'zbekcha va ўзбекча ўзаро транскрипция!

Bizning statistika


Orbital latifalar :) :)

????????????????????????

Horijlik sayyoh samarqandlik matematik olimdan so'rayapti (ko'chada):

-kechirasiz, Registon maydonini qanday topsam bo'ladi?

-eni va bo'yini ko'paytirasiz, ya'ni, S=ab...


Mavzuga oid boshqa materiallar

Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 880
O'qilgan sahifalar soni : 11852694

Tafakkur durdonalari

Ilm-Fan Taraqqiyotni yetaklovchi kuchdir!