Voyajer-2 ham Quyosh sistemasini tark etdi
NASA tomonidan olis 1977-yilda Koinotga uchirilgan Voyajer-2 avtomat kosmik stansiyasi ham Quyosh sistemasini tark etdi. Bu haqida Amerika geofizika ittifoqining Vashingtonda bo'lib o'tgan yig'ilishida rasman e'lon qilingani haqida BBC-Science xabar tarqatgan. Shuningdek, mazkur ma'lumotni, NASA tomonidan Voyajer-2 missisyasining mas'ul ilmiy xodimi, professor Edvard Stoun ham tasdiqlagan.
Shunday qilib, Voyajer-2 geliosferani tark etgan ikkinchi sun'iy obyektga aylandi. Bundan avval, 2013-yilda uning egizagi - Voyajer-1 ham Quyosh tizimini tark etib, yulduzlararo fazoga chiqib ketgan edi.
Edvard Stounning so'zlarigan ko'ra, Voyajer-2 ning yulduzlararo fazoga chiqib ketganiga aslida bir oydan oshdi. Faqat, NASA tegishli texnik dalillar bilan buni tasdiqlashiga biroz vaqt ketgan. Voyajer-2 ning Quyosh sistemasini tark etgan rasmiy sanasi - 2018 yilining 5-noyabri deb e'tirof etilmoqda. Endilikda u Yerdan 18 milliard kilometr masofada, taxminan, soatiga 54000 km tezlik bilan uchmoqda. Eslatib o'tamiz, uning egizagi - Voyajer-1 esa undanda katta tezlikka erigan bo'lib, u soatiga 61000 kilometr tezlik bilan, Yerdan allaqachon 22 milliard kilometr masofaga olislashib ketgan.
Voyajer-2 ning Quyosh sistemasini tark etgan sanasi sifatida, uning geliopauzani kesib o'tgan vaqti inobatga olinadi. Geliopauza - Quyosh tizimining eng chetki chegarasini anglatadigan termin bo'lib, aynan shu hududda, Quyoshdan kelayotgan zarrachalar oqimi to'xtaydi va apparat bortiga o'rnatilgan, zarrachalarni sezuvchi uskunalar buni qayd qiladi.
Aslida, egizak Voyajerlarni uchirishdan birlamchi maqsad - Quyosh sistemasidagi yirik gaz gigantlari bo'lmish - Yupiter, Saturn, Uran va Neptun sayyoralarini, hamda, ularning tabiiy yo'ldoshlarini tadqiq qilishdan iborat edi. 1989-yildayoq ushbu ko'zlangan marralarga yetishib bo'lgach, NASA ularni yanada olisroqqa, texnik imoniyatlar yetgunicha bo'lgan masofaga jo'natishga qaror qildi. Shu jumladan, Quyosh sistemasining eng chetiga yetib borish maqsad qilindi. Avvaliga, mutaxassislardan hech kim, buning uchun qancha muddat talab etilishini aniq ayta olmagan. Bungacha, kosmik apparatlarning texnik imkoniyatlari yetish-yetmasligi ham katta gumon ostida edi. Hozir shunisi aniqki, bir necha gravitatsion manyovrlar evaziga shunday mislsiz tezlanish olgan Voyajerlar uchun, ushbu chegaraga yetib borishga 41 yil vaqt ketgan. Eslatib o'tamiz, har ikkala Voyajerlar, hozirda inson qo'li bilan yasalgan narsalar ichida eng katta tezlikka erishgan apparatlar sanaladi. Xususan, Voyajer-1 soniyasiga 17 km masofani bosib o'tmoqda!
Endilikda har ikkala Voyajer yana qancha vaqt ishlab berishi va yana qancha olis masofagacha yeta olishi biroz gumon ostida. Shunisi aniqki, apparatlarning plutoniy asosida ishlovchi termoelektr elektrogeneratorlari, ushbu radioaktiv manba tugab bitishiga monand ravishda, sistemani elektr energiyasi bilan ta'minlash vazifasini bajara olmay qoladi. Voyajerlarning har biri o'rtacha 20 Vt energiya iste'mol qiladi. Hozirgi bilvosita aniqlangan yoqilg'i zahirasi miqdori, apparatlarni yana shunday rejimda to 2027-yilgacha ishlab berishiga yetadi deb ishonch bildirishmoqda NASA muhandislari. Har ikkala Voyajerga, Yer va uning tabiati, odam, hayvonlar va o'simliklar haqida ma'lumot bitilgan oltin disklar o'rnatilgan. Diskda Bax va Betxoven musiqalaridan tashqari, shuningdek AQSHning o'sha paytdagi prezidenti Jimmi Karterning o'zga sayyoralik ongli mavjudotlarga yo'llagan audio murojaati ham yozilgan. Agar, Voyajerlar ushbu tezlik bilan uchishda davom etsa, eng yaqin yulduzga yana 40000 yildan keyin yetib boradi. Keyinchalik esa, ular milliardlab yillar mobaynida, Galaktika bo'ylab daydib, yulduzlararo fazoda uchib yuradi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda:https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda:@OrbitaUz
Google+ :https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/
Telegramdagi kanalimiz:https://telegram.me/OrbitaUz
< avvаlgi | kеyingi > |
---|
Bildirilgan fikrlar
Mulohazalar uchun RSS tasmasi