Katta Adron Kollayderi ikki yil muddatga to'xtatildi
Zamonamizning eng yirik va eng muhim ilmiy uskunasi aylana uzunligi 26,5 kilometrga teng bo'lgan Katta adron kollayderidagi ilmiy eksperimentlar ikki yil muddatga vaqtincha to'xtatildi. Bu mazkur ilmiy uskunaning ikkinchi bosqich faoliyati (Run2) uchun rasmiy yakun bo'lib, bu haqida, uning tarmoqdagi onlayn monitori orqali boxabar qilingan. Endilikda muhandislar va olimlar, kollayderni uchinchi bosqich faoliyati, ya'ni Run3 uchun tayyorlashadi. Rejaga ko'ra, mazkur ulkan ilmiy uskuna yorqinlik kuchini ikki barobar orttirishga mo'ljallangan muhandislik-ta'mir ishlari orqali, uni mukammal modernizatsiya ko'zda tutilgan.
Ikkinchi bosqi faoliyatining so'nggi qismida kollayderda qo'rg'oshin yadrolarini to'qnashtirishga oid tajribalar o'tkazilgan edi. O'sha tajribalar noyabr boshidan boshlanib, oy oxirigacha davom etdi. Shu bilan, kollayderning 2015-2018 yillar uchun mo'ljallangan Run2 ish seansi nihoyasiga yetdi. Muhandislar, dekabrning birinchi ish haftasi mobaynida kollayderning elektr sxemalarini va magnit sistemalarini reviziyadan o'tkazishdi. Hammasi soz ekaniga ishonch hosil qilingach, uskunani 2021-yilgacha o'chirildi. Bu vaqt ichida esa, uni modernizatsiya qilish uchun belgilangan barcha ishlarni to'liq bajarib, yana bir marta sozlab olishga ulgurish reja qilingan. Mazkur o'zgarishlar muvaffaqiyatli amalga oshsa, endilikda, Katta Adron Kollayderini shunchalik bu nom bilan atamasdan, Yuqori Yorqinlik kuchidagi Katta Adron Kollayderi (High Luminosity LHC, HL-LHC) deyish kerak bo'ladi. Chunki, uskuna yoritish kuchi taxminan 5-7 barobar ortishi kutilmoqda. Eslatib o'tamiz, adron kollayderiga haqida gap ketganda, yoritish kuchi tushnichasi undan chiqadigan yorug'likka nisbatan qo'llanmaydi. Aksincha, kollayder ichida bir-biriga qarama qarshi kelayotgan ikkita dasta zarrachalar to'plamining o'zaro to'qnashish intensivligi nazarda tutiladi. Kollayder ishga tushgan ilk paytlarda, ya'ni 2008-yilda undagi yorqinlik kuchi 1 sm2 yuza uchun bir soniyada 1029 dona zarracha to'qnashishidan iborat bo'lgan. Endigi reja esa, ushbu ko'rsatkichni soniyasiga har bir kvadrat santimentga 1,7·1034 zarracha to'qnashtirishdan iborat.
Umuman olganda katta adron kollayderining ishi elementar zarralarni o'ta katta tezliklarda to'qnashtirish va olingan natijalarni statistik tahlillashdan iborat. Bunda zarrachalar 7 terraelektronvolt energiyagacha tezlanish oladi va o'zaro to'qnashtiriladi. To'qnashuv natijalari esa, Standart model tamoyillaridan qanchalik og'ishi ko'rsatkichiga nisbatan tekshiriladi. Biroq, elementar zarralar fizikasi ehtimollikka asoslangan fan bo'lgani sababli, biror aniq gap aytishdan oldin shunaqa to'qnashuv tajribalaridan yuzlab, kerak bo'lsa minglab marta o'tkazish kerak bo'ladi.
Yorqinlik kuchi ortish bilan esa, kollayderda elementar zarrachalarning to'qnashish ehtimolligi ham ortadi va statistik to'plamni yig'ish birmuncha tezlashadi. Buning uchun esa, kollayderda aylanayotgan protonlar bulutining zichligini orttirish lozim. Mazkur rejaga erishish uchun hozirgisidan ko'ra yanada kuchliroq magnitlar kerak bo'ladi. Hozirda mazkur maqsad uchun ishlatiladigan magnitlar 8,3 tesla induksiyaga ega. 2021-yilgi modernizatsiya yakuniga ko'ra, ushbu ko'rsatkich 11,5 teslagacha ko'tarilishi reja qilingan bo'lib, buning uchun, kollayder yana 130 ta o'ta o'tkazgich magnitlar bilan jihozlanadi. Shuningdek, kollayderda elektr ta'minotidagi yangi quvvatlarni ham ishga tushirish kerak bo'ladi.
Modernizatsiya jarayonida kollayderning texnologik tunnellari va yordamchi yo'laklariga qo'shimchalar qurish va kengaytirish ham rejaga kiritilgan. Bu xizmat ko'rsatish ishlarini tezlatish va xodimlarga qo'shimcha qulayliklar yaratishni ko'zda tutadigan ishlardir. Eng asosiy ta'mir ishlari esa, kollayderning kriogenikasi va ventilyatsiyasiga taalluqli bo'ladi.
Hamma ta'mirlash va montaj ishlari yakunlangach, 2021-yilda, endilikda shunchaki KAK emas, balki YuYoKAK (yuqori yorqinlikdagi...) dastlab hozirgisidan ikki barobar yoritish kuchi bilan ishga tushiriladi. Hammasi ko'ngildagidek ketsa, 3 yil faoliyatdan keyin uskuna yana to'xtatiladi va yorqinlik kuchi 2,5 barobarga orttiriladi. Shunday qilib, asta-astalik bilan, 2026-2036 yillardagi faoliyat uchun, loyihaviy ko'rsatkichdan 10 barobar kuchli yorqinlikka olib chiqish maqsad qilingan.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda:https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda:@OrbitaUz
Google+ :https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/
Telegramdagi kanalimiz:https://telegram.me/OrbitaUz
< avvаlgi | kеyingi > |
---|