Dengiz mili
Dengiz mili - asosan dengizchilikda va qisman aviatsiyada qo‘llaniladigan, shuningdek dengizbo‘yi mamlakatlarida hududiy qirg‘oq masofasi va hududiy suvlar chegarasini belgilash uchun ishlatiladigan masofa o‘lchov birligi bo‘lib, SI Xalqaro Birliklar Tizimiga kirmaydigan birlikdir. Belgilanishi OTXQ va Xalqaro gidrografiya jamiyati qoidalariga ko‘ra M tarzida qabul qilingan (inglizcha mile so‘zidan). Lekin, fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkiloti NM tarzida (Nautical Mile so‘zlarining bosh harflaridan), hamda ayrim boshqa tashkilotlarda nm tarzida belgilanishi ham uchrab turadi. Lekin, ushbu nm tarzida belgilanishi O‘TXQ tomonidan ma'qullanmagan va qo‘llashga tavsiya etilmaydi. Chunki, u nanometr birligining belgisi bilan aynan bir xil bo‘lib qoladi. O‘zbekchada qisqartma tarzida DM deb yozilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
O‘TXQ tomonidan dengiz mili birligi ham xalqaro birliklar tizimi bilan birgalikda qo‘llashga ruxsat berilgan.
Metrga o‘girganda 1 dengiz mili masofasi 1852 metr bo‘ladi. Yer meridiani uzunligining 1 daqiqasiga, yoki, boshqacha aytganda, 1 daqiqa (’) geografik uzunlikka teng. Shunga ko‘ra, meridian bo‘ylab 1852 metr yurgan, ya'ni 1 dengiz mili masofasini bosib o‘tgan kema 1’ geografik kenglikni bosib o‘tgan hisoblanadi.
Aslida Yer meridianining yoy uzunligi kengliklar bo‘yicha teng emas. Chunki, Yer ideal shar shaklida bo‘lmay, balki, qutblarda biroz qavariqlashgan ko‘rinishda bo‘lib, Yerning shaklini fanda geoid deyiladi (ko‘proq mandarin shakliga o‘xshab ketadi). Shu sababli, Yer meridianining 1’ daqiqasi uzunligi qutblar yaqinida 1862 metr, ekvatorda esa 1843 metr bo‘ladi. Shu sababli, ushbu qiymatlarning o‘rtachasi olingan bo‘lib, 1 dengiz mili masofasini 1852 metrga teng deb qabul qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiya Xalqaro gidrografiya tashkilotining 1929-yilda Monakoda bo‘lib o‘tgan konferensiyasida qabul qilingan.
Dengiz mili birligining yagona ulushli birligi kabelt bo‘lib, 1 dengiz mili 10 kabeltga teng (boshqacha aytganda, 1 kabelt 1/10 DM). Shundan kelib chiqadiki, 1 kabelt 185,2 metrga teng bo‘ladi. Shuningdek, 1 kabelt meridianning 6 soniyasiga teng bo‘ladi. Kabelt birligi dengizda bir yo‘nalishda suzayotgan flotdagi kemalar orasidagi masofani saqlashda va bandargohlarga kirib kelishda qirg‘oqqacha bo‘lgan masofani belgilashda ishlatiladi.
Shuningdek, dengizchilikda kema tezligini belgilashning uzel birligini mavjud bo‘lib, bu aynan dengiz mili birligidan keltirib chiqarilgan hosilaviy birlik sanaladi. Unga ko‘ra, 1 uzel tezlik soatiga 1 DM masofani bosib o‘tishga teng bo‘ladi.
P.S. «Dengiz mili» birligini oddiy mil bilan adashtirmaslik lozim. Aynan shu sababga ko‘ra ham, unga «dengiz» so‘zi qo‘shib aytiladi. Asosan Britaniya va AQSHda qo‘llaniladigan oddiy mil birligi dengiz miliga nisbatan biroz qisqa bo‘lib, u 1609,344 metrga teng. Oddiy mil qadimgi Rim askarlarning har ikkala oyog‘i bilan qadam tashlaganda (1-2) shunday qadamlarda ming qadam masofani bosib o‘tganiga teng deb olingan.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/
Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz
< avvаlgi | kеyingi > |
---|