Orbita . U Z

Ilm-fan fazosi uzra

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa Maqolalar Qiziqarli kimyo Kislorod - nafas elementi

Kislorod - nafas elementi

E-mail Chop etish
Maqola Reytingi: / 2
Juda yomon!A'lo! 

Kislorod - nafas elementi

Davriy jadvalda kislorod 8-raqam ostida joylashgan. U Yer sayyorasida eng ko‘p tarqalgan elementdir. Sayyoramizning deyarli yarmisini aynan kislorod atomlari tashkil qiladi. Birgina Yer qobig‘ining 16-km qalinlikdagi eng yuqori yuza tashqi qismining o‘zida umumiy massaning 1/3 qismi kislorod atomlaridan iborat.

Kislorod quruqlikdagi ko‘plab birikmalarning tarkibida mavjud bo‘ladi. Ya'ni, u boshqa ko‘plab turdagi atomlar bilan birikib, xilma-xil molekulalar hosil qila oladi. Bizni o‘rab turgan havoda esa kislorod alohida element sifatida mavjud. Havoning 1/5 qismi ikki atomli kisloroddan iborat bo‘ladi. Shu kabi, ikkita kislorod atomlaridan iborat molekulani kislorod molekulasi deyiladi.

Kislorod nafaqat eng keng tarqalgan element, balki, Yerdagi hayot mavjudligi uchun eng muhim va zaruriy element hamdir. Biz nafas olganimizda o‘pkamizga havo to‘playmiz. O‘pkada esa, havodagi kislorod organizm ehtiyojlari uchun singdirib olinadi. Tanamizga tushgach, kislorod atomlari oziq-ovqatlar orqali kirib kelgan boshqa moddalar bilan birikadi. Shu tariqa, organizmning hayoti va faoliyati uchun zaruriy energiya ishlab chiqariladi.

 

Tanamizni kislorod bilan muttasil ta'minlab turish uchun biz to‘xtovsiz nafas olishimiz kerak. Uyquda ham, uyg‘oqlikda ham, harakatlanayotib ham, ovqat iste'mol qilayotganda ham... xullas, uzluksiz nafas olib-chiqarib turishimiz shart. Odam tanasi ovqat iste'mol qilmasa bir necha haftagacha ochlikka chidashi mumkin. Suv iste'mol qilinmasa esa chanqoqqa chidash atiga bir necha kun davom etadi. Lekin kislorodsiz esa hech qancha muddat yashab bo‘lmaydi. Kislorodsiz muhitda eng chidamli odam ham ko‘pi bilan 5 daqiqaga bora oladi xolos.

Kislorod haqida ko‘pchilik yaxshi biladigan narsa shuki, u birinchi navbatda biz nafas oladigan gaz. Shuning uchun, avvaliga gaz o‘zi nima ekanini tushuntirib o‘tsam.

Biz kundalik turmushda o‘z yon-verimizda ko‘radigan narsalarning asosiy qismi qattiq moddalardir. Ya'ni, bunday moddalar qandaydir yaxlit, butun shakldagi narsalar bo‘lib, o‘z shaklini o‘zi barqaror saqlab tura oladi. Ba'zi qattiq narsalar xuddi g‘isht yoki tosh singari juda qattiq bo‘lishi mumkin; boshqalari esa, mum singari sal yumshoqroq qattiq bo‘ladi. Qattiq moddalar xuddi temiryo‘l relsi singari o‘ta qattiq va bukilmas bo‘lishi, yoki, po‘lat prujina singari egiluvchan bo‘lishi mumkin. Ular shuningdek, rezina koptok singari elastik, qog‘oz singari yirtiluvchan bo‘la oladi. Lekin, har qanday holatda ham, qattiq modda butun bo‘lak tarzida qoladi.

Qattiq moddalarning molekulalari o‘zaro anchayin mustahkam bog‘langan bo‘ladi. Muayyan molekula faqat o‘ziga tegishli aniq bir joyda barqaror turadi. Qattiq moddalarda molekulalar o‘z joyidan siljimay turadi desak xato mubolag‘a bo‘lmaydi.

Agar qattiq moddalarni qizdirilsa, undagi molekulalar harakatlana boshlaydi va o‘z joyini o‘zgartirishga o‘tadi. Haroratni orttirib borilsa, modda molekulalari bir-birga ishqalanib, o‘zaro bir-birining ustida harakatlana oladigan darajaga yetish mumkin. Ya'ni, moddani tashkil qiluvchi molekulalar erkin harakatlana oladigan vaziyat hosil bo‘ladi. Shunday holat yuzaga kelganida, qattiq modda eriyotgan bo‘ladi. Qattiq modda eriganda, u suyuqlikka aylanadi.

Albatta, bizga eng yaxshi tanish suyuqlik bu - suvdir. Lekin, biz boshqa suyuqliklarni ham yaxshi bilamiz. Masalan, benzin, o‘simlik moyi, spirt va ho kazolar. Qattiq moddalardan farqli o‘laroq, suyuqliklar o‘z yaxlitligini saqlab tura olmaydi. Masalan, siz suvning bir bo‘lagini ajratib ololmaysiz. Uni albatta biror barqaror shaklga ega idishga quyish kerak bo‘ladi.

Lekin, qattiq jismlar qizdirilganda, haroratning ortishi har doim ham erishga olib kelmaydi. Agar, moddani tashkil qiluvchi molekulalarning tuzilishi yetarlicha murakkab bo‘lsa, bunday moddalarga harorat ortishi erishga emas, balki parchalanishga olib kelishi mumkin. Masalan, oddiy shakarni qizdirilsa, u ko‘mirga aylanib, uchuvchan fraksiyalarni ajratib chiqaradi. Ya'ni, u parchalanadi. Ayrim holatlarda esa shunday parchalanish jarayoni juda tez va shiddat bilan kechadiki, natijada modda shunchaki oddiy parchalanmasdan, balki katta kuch bilan portlaydi. Xususan, dinamit bilan shunday bo‘ladi.

Suyuqliklarning molekulalari bir-biri bilan u qadar chambarchas bog‘liq bo‘lmasa-da, lekin baribir, ular o‘zaro ancha yaqin joylashgan bo‘ladi. Suyuqlik qizdirilganida, uning molekulalari o‘zaro bog‘liqlikni uzib, turli tarafga alohida-alohida uchib keta boshlaydigan harorat darajasiga yetib boradi. Ya'ni, suyuqlik qaynaydi. Qaynaganda esa, suyuq modda gaz holatiga o‘ta boshlaydi.

Moddaning ushbu sanab o‘tilgan qattiq, suyuq va gaz holatlari moddaning uch xil agregat holati deyiladi. Ko‘plab oddiy birikmalar va davriy jadvaldagi barcha elementlar ushbu uch xil holatlarning barchasida bo‘la oladi. Barcha moddalar haroratga bog‘liq ravishda ham qattiq, suyuq va gaz holatida bo‘lishi mumkin; moddani biz uchun odatiy agregat holati odatda uning biz uchun qulay bo‘lgan yashash sharoitlaridagi haroratdagi shakli bilan bog‘liq bo‘ladi. Masalan, biz uchun qulay sharoit, ya'ni, biz «xona harorati»deb ataydigan sharoit aytaylik 20-30 ℃ bo‘lsa, biz moddalarning shu darajadagi agregat holatlarini ko‘proq kuzatamiz. Bu sharoitda esa suv suyuq bo‘ladi. Shu sababli biz suvni odatda faqat suyuqlik ko‘rinishida tasavvur qilamiz.

Agar o‘sha suvni sovitilsa, ma'lum haroratga yetgach u qattiq ko‘rinishga keladi. Biz suvning qattiq holatini muz deb ataymiz. Agar suvni qizdirib borilsa, muayyan haroratda u qaynab chiqadi va bug‘ga aylana boshlaydi. Ko‘rib turganingizdek, muz, suv va bug‘ - aynan bir moddaning turli holatlari bo‘lar ekan. Ular qizdirish yoki sovitish jarayoni orqali bir-biriga aylanishi mumkin.

Turli xil moddalarning erishi va qaynashi uchun turli xil harorat darajalari kerak bo‘ladi. U yoki bu moddaning erish va qaynash haroratlari, uning molekulalarining qanchalik o‘zaro mustahkam birikkanligiga bog‘liq bo‘ladi. Masalan, toshning molekulalari bir-biri bilan shu darajada mustahkam bog‘langanki, ularni o‘zaro ajratib yuborish, ya'ni, toshni eritish uchun, o‘sha toshni shu darajada katta haroratga qizdirish kerakki, u qizarib ketishi kerak. Vulqon otilganda chiqadigan qip-qizil cho‘g‘dek lava mohiyatan erigan toshdir. Boshqa misol olib qaraydigan bo‘lsak, masalan, muzning molekulalari o‘zaro nisbatan bo‘sh birikkan bo‘ladi. Ularni bir-biridan ajratib yuborish, ya'ni, muzni eritish uchun esa unchalik har baland harorat zarur emas. Erta bahorgi iliq kun harorati ham muzlarni bemalol eritib yuboradi.

Lekin, molekulalari bir-biri bilan bundan ham bo‘sh bog‘langan moddalar ham bor. Bunday molekulaga misol - kislorod molekulalaridir. Agar harorat yetarlicha past bo‘lsa, kislorod suyuqlikka aylanadi. Agar yanada pasaytirilsa, kislorod ham qattiq holatga o‘tishi mumkin. Lekin, Yer sayyorasi sharoitida kislorodni suyuqlanishi uchun kerakli darajada past harorat hech qayerda bo‘lmaydi. Suyuqlanish uchun kerakli harorat yo‘q bo‘lgach, qattiq kislorod hosil bo‘ladigan darajadagi past harorat ham umuman bo‘lmasligini allaqachon fahmladingiz chamamda. Shu sababli, biz ko‘nikkan tabiatda kislorod doimo gaz holatida bo‘ladi.

Kimyogarlar kislorodni suyuqlantirish uchun yetarli darajadagi past haroratlarni hosil qilishga ko‘p bora urinishgan. Birinchi muvaffaqiyat esa 1877-yilda ro‘y bergan. Buning uchun ‒185 ℃ dan ham pastroq harorat hosil qilish kerak bo‘lgan. Shu sababli ham, kislorodning gaz ekanligi ta'kidlanayotgan paytda, bilib qo‘yinki, biz uchun odatiy holatda kislorod gaz ekani nazarda tutilayotgan bo‘ladi. Zarur sharoitlar hozirlansa, kislorod ham suyuq yoki qattiq bo‘lishi mumkin.

Gazlarni tadqiq qilish esa oson emas. Masalan, eng keng tarqalgan gaz - havoni olaylik. Siz havo haqida nimalarni bilasiz? Havo rangsiz va hidsiz. Uni ko‘rib bo‘lmaydi, u orqali esa boshqa narsalarni ham ko‘rish mumkin. Havoning hidi ham ta'mi ham yo‘q. Shunday ekan, uning borligini qayerdan bilasiz?

Uning borligini biz eng avvalo uning harakatidan bilamiz. Yer atmosferasidagi havoning turli qismlari Quyosh tomonidan turlicha qizdiriladi. Ya'ni, havo dengiz sathidami, yoki, tog‘lar ustida ekanligidan, uning shimolda, yoki, ekvatorga yaqinligidan kelib chiqib, uning Quyosh nurlari vositasida qizishi har xil bo‘ladi. Iliq yoki, issiq havo yengilroq bo‘ladi va u doimo yuqoriga harakatlanadi. Sovuq va muzdek havo esa og‘ir bo‘ladi va u pastga harakatlanadi. Shu tariqa, ulkan havo massalari bir-biriga nisbatan harakatlanishidan shamollar hosil bo‘ladi. Ba'zan shamol shu darajada kuchli bo‘lishi mumkinki, u bo‘ron va po‘rtanalar hosil qilishi ham mumkin. Shu tariqa biz, ko‘rmasak va ushlay olmasak ham, yon atrofimizda liq to‘la havoning mavjudligini bilamiz.

Shunday bo‘lsa-da, biz havo ichida erkin harakatlanganimiz, ayniqsa uni ushlab ko‘ra olmaganimiz sababli, uning ham vaznga ega ekanligini xayolimizga ham keltirmaymiz. Shunga qaramay, boshqa suyuq va qattiq moddalarga o‘xshab, havo ham, umuman, har qanday gazlar ham - materiyaning bir turidir va ularning ham o‘ziga yarasha og‘irligi bo‘ladi.

Albatta, gazlarning vazni suyuqlik va qattiq moddalarnikiga nisbatan juda yengil bo‘ladi. Masalan, suvning bir litri taxminan 900 gramm atrofidagi og‘irlikka ega bo‘ladi. Havoning bir litri esa sovuq kunda ham atiga 1,4 grammdan ko‘p bo‘lmaydi. Hajm kattalashgan sari havoning vazni ham ortib boradi albatta. Masalan, 3×5×2 o‘lchamdagi chog‘roq xonadagi havo vazni taxminan 65 kg keladi.

Biz Yer sayyorasi sirtida yashar ekanmiz, uni tashqi tomondan o‘rab turuvchi havo qatlami - Yer atmosferasining eng tubida yurgan bo‘lamiz. Yer atmosferasi esa dengiz sathidan bir necha km yuqori balandlikka cho‘ziladi. Bizning ustimizdan bosib turgan havoning og‘irligi shu darajadaki, u tanamizning har bir sm2 ga taxminan 1 kg yuk bilan bosib turadi. Lekin, bizning tanamiz ichkarisidagi havo ham shunga yaqin kuch bilan hamma yo‘nalishda bosim o‘tkazadi va shu sababli, tanamiz uchun ichki va tashqi bosim muvozanatlashadi. Shu sababli biz o‘zimizga bosib turgan havo og‘irligini sezmaymiz.

Ikki xil gazni qanday qilib bir-biridan farqlash mumkin? Tasavvur qiling, kimyogar sizning qarshingizga ikkita bir xil butilka qo‘ydi va ulardan birida kislorod, ikkinchisida esa havo ekanini aytdi. Siz ulardan aynan qaysi birida kislorod va qaysinisida havo ekanini topishingiz kerak. Sizga ushbu ikki butilka bir xilda bo‘m-bo‘sh ko‘rinadi. Ularning ichidagi gazlar ham na rang, na ta'm va hidga ega emas. Albatta, xayolingizga ushbu butilkalarni tarozida tortib ko‘rib aniqlash fikri kelgan bo‘lsa kerak. Lekin, sizni shashtingizdan qaytarishga majburman. Albatta, kislorod havodan og‘irroq bo‘ladi. Lekin, bu og‘irlik siz seza oladigan darajada katta emas.

Havo bilan sof kislorodni farqlash uchun kichik bir fizik tajriba o‘tkazish kerak. Buning uchun siz ingichka uzun cho‘p oling. Masalan, somon cho‘pi bo‘lsa ham bo‘laveradi. Endi, cho‘pni bir uchidan ushlab turib, ikkinchi uchini yoqib yuboring. Cho‘p biroz yonishiga imkon bering va keyin olovni o‘chirib, lekin, uning yonayotgan uchi biroz cho‘g‘lanib turadigan qiling. Shu holatda uning cho‘g‘li uchini havoli butilkaga tiqing. U bunday muhitda yana biroz cho‘g‘lanib turadi va bir necha muddat o‘tib butunlay o‘chadi. Endi esa, xuddi shu tajribani kislorodli butilka bilan takrorlab ko‘ring. Cho‘pning cho‘g‘li tarafini kislorodli butilkaga solishingiz bilan, u yana «lop»etib alangalanib ketadi va yorqin shu'la bilan yona boshlaydi.

Nimaga shunday bo‘ladi?

Sababi shuki, kislorod - o‘ta faol moddadir. Uning molekulalari boshqa moddalarning molekulalari bilan osonlikcha birika oladi. Bu jarayonda esa yaxshigina energiya ajralib chiqadi. Ushbu ajralib chiqayotgan energiyani esa biz alanga va yorug‘lik tarzida ko‘ramiz.

Havoda esa kislorod yetarlicha emas (u 1/5 miqdorda ekanini yuqorida ham aytdik). Shu sababli ham, cho‘g‘lanib turgan cho‘p havoda uzoqqa bormay o‘chadi.

Kislorod yonishni rag‘batlantirar ekan, shu sababli ham, kislorod yonishga yordam beradi deyiladi. Aynan havoda mavjud kislorod o‘tinning, ko‘mirning, benzinning, qog‘ozning va boshqa barcha yonadigan narsalarning yonishini ta'minlaydi. Agar havoda kislorod mavjud bo‘lmaganida edi, Yerda hech qachon olov hosil bo‘lmasdi. Chunki, boshqa gazlar yonishga yordam bera olmaydi. Kislorodsiz muhitda alanga darhol o‘chadi.

Oddiy sharoitlarda moddalar o‘zining alangalanish haroratiga yetib bermagunicha yonmaydi. Agar harorat ushbu darajadan past bo‘lsa, moddaning kislorod bilan birikishi juda sekin kechadi. Bunday birikish jarayonida juda ham sezilarsiz, oz miqdordagi issiqlik ajralib chiqadi. Agar modda kislorod bilan birikish jarayonida hosil bo‘layotgan issiqlikni atrof-muhitga tarqatmasa, bu issiqlik moddaning o‘zida yig‘ilib boradi. Masalan, moyga botirilgan latta-puttalar bilan shu hol sodir bo‘ladi. Unda kunlar va haftalar mobaynida shu issiqlik to‘planib borib, oxir-oqibat alangalanish haroratiga yetib boradi va o‘z-o‘zidan yonib ketadi (chunki, olov o‘zidan-o‘zi hosil bo‘ladi). Bu juda xavfli va qaltis holatdir. Shu sababli, bunday moddalarga xushyor bo‘lish zarur.

Bizning hayotimiz ham, iste'mol qilingan ovqatning organizm ichida yonishi bilan bog‘liqdir. Bunday yonish bizga issiqlik va energiya beradi. U orqali biz xatti-harakatlarimizni bajarishga yetarli quvvat olamiz. Organizm ichida ozuqa moddalarning yonishiga yordam beruvchi kislorodsiz odam 5 daqiqa ham yashay olmaydi. Tiriklik uchun albatta havo kerak deganda, havo tarkibidagi aynan kislorodni nazarda tutiladi. Shu sababli ham kislorodsiz muhitda yashashning imkoni yo‘q. Agar kislorodi chiqarib tashlangan havo muhitdan nafas olsangiz, bir lahzadayoq dimiqib qolasiz. Tinch holatda turganda o‘rtacha odam bir soatda taxminan 20 litr atrofida kislorod yutadi. Agar odam faol harakatda bo‘lsa, ya'ni, masalan, sport bilan shug‘ullanayotganda bundan ham ko‘proq kislorod yutadi.

Hatto butun hayoti havosiz muhitda, ya'ni, suvda o‘tadigan jonivorlar, xususan, baliqlar ham kislorod bilan nafas oladi. Baliqlar «suv bilan»nafas oladi. Suvda doimo ma'lum miqdorda erigan kislorod mavjud bo‘ladi. Baliqlar jabrasi yordamida suvdagi o‘sha kislorodni ajratib oladi va qon-tomirlari orqali butun tanasiga yuboradi. Agar suvda erigan kislorod mavjud bo‘lmasa, baliqlar ham cho‘kib ketgan bo‘lardi Смешно.

Odamlarda o‘pkalar orqali havodan kislorod qabul qilish jarayonini qiyinlashtiruvchi ayrim kasalliklar uchrab turadi. Bunday odamlarga ba'zan vrachlar sof kislorod berish bilan yordam ko‘rsatishadi. Yurak-qon-tomir kasalliklarida ham bemorlarga kislorod niqoblari bilan yordam beriladi. Bunday holatda qonga odatdagidan ko‘proq kislorod yetib boradi va butun tana bo‘ylab qonni haydab berayotgan yurakka kuchlanish kamroq keladi.

Sof kislorodni maxsus metall ballonlarda bosim ostida saqlanadi. Bunday ballonlarga oddiy atmosfera bosimi ostida to‘ldirilgan kisloroddan ko‘ra 135 barobargacha ko‘proq kislorod sig‘dirish mumkin. Bunday ballonning og‘zini birdaniga katta ochib yuborilsa, ichkaridagi ulkan bosim ostidagi gaz shiddatli kuch bilan tashqariga chiqa boshlaydi. Bu xuddi raketaning ortidan gazlarning otilib chiqishi va raketani osmonga itarishiga o‘xshaydi. Bunday holat gaz ballonlardan foydalanayotgan odamlar uchun juda xavflidir. Chunki, ballon tartibsiz uchib ketib, odamga shikast yetkazishi mumkin. Shu sababli, ichida katta bosim ostida gaz saqlanadigan ballonlarning hammasi chiqish og‘zida gazni sekinlashtirib chiqaruvchi maxsus uskuna - reduktor bilan jihozlanadi.

Kislorod bilan ishlashda juda xushyor bo‘lish kerak. Yaqin atrofda ochiq olov bo‘lmasligi, uchqun chiqaradigan narsalar va harakatlar bo‘lmasligi, hamda, oson alangalanadigan moddalar bo‘lmasligi shart! Albatta, kislorod o‘zi o‘z-o‘zidan yonib ketmaydi. Lekin, u boshqa moddalarning shiddat bilan yonib ketishiga kuchli yordam beradi.

Ballonlarni to‘ldiriladigan sof kislorod qayerdan olinadi? Kislorod olish usullaridan biri - uni nisbatan erkin holda bo‘ladigan turli birikmalar tarkibidan ajratib olishdir. Bunday moddalarni qizdirilganda, kislorod atomlari ajralib chiqadi va gazsimon kislorod ko‘rinishida to‘plab olinadi. Yig‘ib olingan kislorodni quvurlar orqali yo‘naltirib, biror ichida suv saqlanayotgan germetik idishga to‘plash mumkin. Bunday idishga kislorod to‘planib borishi bilan undagi suvni siqib chiqara boshlaydi. Suv butunlay qolmagach, demak, ichkarida faqat toza kislorod qolgan bo‘ladi.

1772-yilda avvaliga shved kimyogari Karl Sheele va keyinroq, 1774-yilda ingliz kimyogari Jozef Pristli bir-biridan mustaqil holda, xuddi shu usul bilan tarixda birinchi marta toza kislorod olishga muvaffaq bo‘lgan edilar. Ularning ikkalasi ham, yig‘ib olingan bu gaz oddiy havodan farqli ekanini darhol anglashgan. Sheele bu gazni «olovli gaz»deb nomlagan edi.

Oradan bir yildan ziyod vaqt o‘tib farang kimyogari Antuan Lavuaze ushbu gazga «kislorod»nomini biriktirdi. U yunonchadagi «kislota tug‘diruvchi»degan so‘zdan ushbu atamani yasagan edi. Lavuaze kislorod barcha kislotalar tarkibida albatta mavjud bo‘ladi va kislotalarni aynan kislorod hosil qiladi deb o‘ylagan. Shuningdek u, ta'mi nordon bo‘lgan narsalarni ham hammasi kislorod bilan bog‘liq deb hisoblagan. Lavuaze qattiq yanglishgandi. Kislotalarning tarkibida umuman kislorod bo‘lmasligi ham mumkin. Nordon ta'm esa umuman kislorod bilan bog‘liq emas. Shunga qaramay, mazkur elementga Lavuaze bergan nom yashovchan bo‘lib chiqdi va saqlanib qoldi.

Turli moddalarni qizdirish orqali ular tarkibidan kislorod ajratib olish usuli - to‘g‘ri usul. Lekin, bu usul unchalik ham samarali emas. Chunki, bunda olinadigan kislorod miqdori oz ancha bo‘ladi. Kislorodni ko‘p miqdorlarda olish uchun havoni suyultirish usulidan foydalaniladi.

Havoni kerakli darajaga sovitilsa, u suyuqlikka aylanadi. Xuddi suv bug‘ga aylangandek, suyuq havoni qaynatilsa, u ham yana bizga tanish oddiy gaz holatidagi havoga aylanadi.

Havoda turli xil molekulalar mavjud. Lekin, umumiy havo hajmining 1/5 qismidan sal ziyodrog‘ini (aniqrog‘i, 21% qismini) kislorod tashkil qiladi. Qolgan 4/5 qism esa asosan azotdan tashkil topgan bo‘ladi. Suyuq kislorod juda past haroratlar qaynaydi va gazga aylana boshlaydi. Lekin, suyuq azotning qaynashi va gazga aylanishi uchun undan ham past harorat kerak bo‘ladi. Agar, ushbu ikki element aralashmasidan iborat bo‘lgan suyuq havoni sekin-astalik bilan qizdirilsa, azot birinchi bo‘lib isib, bug‘lanib chiqib ketadi. Natijada, idishda faqat suyuq kislorod qoladi.

Azot va kislorodning qaynash haroratlari har xil ekanligi tufayli biz suyuq havoni fraksiyalarga taqsimlash, ya'ni, havoni ajratish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Ya'ni, biz havoni kislorod va azot fraksiyalariga ajratamiz. Ushbu fraksiyaning har ikkalasi ham ishlab chiqarish, va tibbiyot uchun muhim ashyolar sanaladi. Ularni ballonlarga qamab, iste'molchiga yetkazib berish, yoki, quvurlar orqali uzatish mumkin.

Kislorodning tibbiyotda qo‘llanishi faqat bemorlarga sun'iy nafas berish amaliyoti bilan cheklanmaydi. U shuningdek, anesteziya preparatlari bilan kombinatsion qo‘llash orqali bemorni xushsizlantirish uchun ham ishlatiladi. O‘pka orqali anesteziya olayotgan bemor kislorod bilan aralashma holatidagi efir yoki boshqa preparatdan nafas oladi.

Sanoatda esa, kislorodni yoqilg‘i gazlarga maxsus qo‘shib alanga hosil qilish orqali, olov kuchini orttiriladi. Shundagina gazosvarka vositasida po‘latni kesish va payvandlash mumkin bo‘ladi.

Suyultirib siqilgan kislorod esa zamonaviy reaktiv snaryadlarda va raketalarda yoqilg‘i yonish texnologiyasi tarkibida qo‘llanadi.

Yuqorida aytilganidek, kislorod molekulasi ikkita atomdan iborat bo‘ladi. Lekin bu kislorodning yagona shakli emas. Tabiatda shuningdek, kislorodning uchta atomdan iborat molekulasi ham uchraydi. Uch atomli kislorod ham ikki atomli singari, o‘sha-o‘sha kislorodning o‘zi. Faqat uning reaksiyalarda o‘zini tutishi va kimyoviy faolligi biroz boshqacha. Uning boshqacha ekanligidan, kimyogarlar uch atomli kislorod uchun butunlay boshqa nom ham o‘ylab topishgan. Uning nomi ozon deyiladi.

Yon atrofimizdagi oddiy havo tarkibida ozon deyarli yo‘q. U atmosferaning faqat eng yuqori qatlamlaridagina uchraydi. Biroq, siz uni na tog‘lar tepasida va baland parvoz qilgan havo sharida uchratmaysiz. Agar uchratganingiz taqdirda ham ozon sizga umuman yoqmagan bo‘lardi. Chunki, uning oddiy kisloroddan farq qiluvchi juda o‘tkir yoqimsiz hidi bor. Shuningdek, ozon birmuncha zararli (zaharli) gaz hamdir. Ozon nomining o‘zi ham uning o‘sha o‘tkir hidi evaziga kelib chiqqan. Yunonchada «ozone» so‘zi «hidlanaman» degan ma'noni beradi.

Ikki atomli kislorodga uchinchi atomi biriktirish unchalik ham oson ish emas. Uchinchi atomi qo‘shib qo‘yish uchun uni majburlash kerak. Buning uchun esa muayyan miqdorda energiya kerak bo‘ladi. Bunday energiyani yuqori kuchlanishli elektr orqali olish mumkin. Bunda, muayyan elektr asboblar yaqinidagi havodagi kislorodning ayrim qismi ozonga aylanadi. Uning hosil bo‘lganligi havoda keskin o‘tkir hid paydo bo‘lganidan seziladi. Ozon hosil qilish uchun kerakli energiyani shuningdek, ultrabinafsha nurlanish orqali ham berish mumkin. Quyosh nurlari tarkibida ultrabinafsha nurlar yetarlicha bo‘ladi. Quyosh nurlari Koinotdan Yer atmosferasiga kirib kelar ekan, uning eng yuqori qatlamlaridagi havodagi kislorodni ozonga aylantira oladigan energiyaga ega ultrabinafsha nurlar olib keladi. Shu sababli ham, ozon atmosferaning eng yuqori qatlamlarida hosil bo‘ladi. Odatda, dengiz sathidan taxminan 24 km balandlikdagi atmosfera qatlamlarida shunday ozon miqdori ko‘p bo‘ladi. Shu sababli ham, asosan ozondan tashkil topgan ushbu qatlam ozon qatlami deyiladi. Ozon qatlami butun atmosfera qalinligiga nisbatan olganda juda yupqa bo‘lib, u Quyoshdan kelayotgan ultrabinafsha nurlarini tutib qolishdek muhim vazifani bajaradi va shu orqali, Yer sirtini ushbu zararli nurlanishlardan himoya qiladi. Agar ozon qatlami bo‘lmasa, Quyoshdan Yer yuzasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirib kelgan ultrabinafsha nurlari hayot uchun xatarli bo‘lgan bo‘lardi.

Shu sababli, ozon qatlami sayyoramizdagi hayot uchun juda katta ahamiyatga egadir. Yuqorida aytilganidek, ikki atomli kislorod molekulasiga uchinchi atomni qo‘shib qo‘yish ancha qiyin. Lekin, o‘sha uchinchi atomni qayta chiqib ketishi juda osondir. Shu sababli, ozon juda osonlik bilan oddiy kislorodga aylanadi. Ya'ni, u juda beqaror gazdir. Bunda, ozondan xalos bo‘lgan bir dona kislorod atomi yana boshqa biror narsa bilan darhol birikish yo‘lini izlay boshlaydi. Shu tariqa, ozon oddiy kisloroddan ko‘ra osonroq kimyoviy reaksiyalarga kirishadi. Ozon oddiy kisloroddan ko‘ra faolroqdir. O‘z vaqtida, reaktiv dvigatellarda suyuq kisloroddan ko‘ra suyuq ozonni qo‘llash borasida ham g‘oyalar bo‘lgan edi. Biroq, ozonning beqarorligi tufayli ushbu g‘oya amalda o‘z yechimini topa olmadi.

Ozondan texnikada oqartiruvchi reagent sifatida ham qo‘llaniladi. Muayyan moddalarning rangi ozon ta'sirida o‘chib ketishi mumkin. Shunday moddalarga ozon bilan ta'sir qilinsa, ular oqarib, tozalanadi. Shuningdek, ozon yaxshigina dezodorant, ya'ni, hidsizlantiruvchi vosita ham bo‘la oladi.

Ozondan yana ichimlik suvi tarmog‘ini va suvining o‘zini tozalashda ham keng foydalaniladi. Bunda, muayyan miqdordagi ozon havo bilan aralashtirilgan holda quvurga yuboriladi. Uning ta'sirida bakteriyalar o‘ladi va kimyoviy chiqindilar parchalanadi. Barcha ish bitgach, ozonning o‘zi yana xavfsiz kislorodga aylanib ketadi va izsiz yo‘qoladi.

Aynan bir xil elementning ikki yoki undan ortiq turli shakllarda mavjud bo‘lishini ilm-fanda allotropiya deyiladi. Ozon bu kislorodning allotropik shaklidir. Ozon kisloroddan shuningdek rangi bilan ham farq qiladi. U xiyol moviy rangga ega. Suyuq ozon esa qora rangga yaqin bo‘lgan o‘ta to‘q ko‘k rangda bo‘ladi.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda:https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda:@OrbitaUz

Google+ :https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz:https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 12.09.2018 10:20  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Mulohaza bildiring:


Mahfiy kod
Yangilash

Banner

Orbita.Uz infotekasi

Milliy bayramlarimiz

Yaqin kunlardagi rasmiy bayramlar, kasb bayramlari, muhim tarixiy va xalqaro sanalar.

26 - Iyun - Iyd al-Fitr - Ramazon hayiti Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


1 - Sentyabr - Mustaqillik kuni. (Dam olish kuni)


2 - Sentyabr - Iyd al-Adho - Qurbon Hayiti . (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)

O'zbekiston shaharlari ob-havo ma'lumotlari

Orbita.Uz do'stlari:

Ziyo istagan qalblar uchun:

O'zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona!

​Ўзбекча va o'zbekcha o'zaro transkripsiya!
O'zbekcha va ўзбекча ўзаро транскрипция!

Bizning statistika


Orbital latifalar :) :)

Kimyo darsida oqituvchi bolalarda sorayapti:

-Nodira senda eritma qanday rangda chiqdi?

-Qizil.

-A'lo, bahoing 5.

Doston senda-chi?

-Pushti rangda.

-Yaxshi, bahoing 4.

-Boltavoy sendachi, eritma rangi qanaqa?

-Qora...

-Boltavoy bahoing ikki! Sinf!!! Partalar tagiga yotinglaaaaaar....


Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 778
O'qilgan sahifalar soni : 3382977

Tafakkur durdonalari

Farzandlarimiz bizdan ko'ra kuchli, aqlli va baxtli bo'lishlari shart...

I. Karimov