Orbita . U Z

Ilm-fan fazosi uzra

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish

Farrux Fattoyev

E-mail Chop etish PDF
Maqola Reytingi: / 3
Juda yomon!A'lo! 

Farrux Fattoyev

Assalomu alaykum Orbita.Uz saytining muhtaram mushtariylari. Bugun anchadan buyon murojaat qilinmagan, lekin, biz uchun muhim bo‘lgan ruknimiz - «Minbar» ruknidan yana bir o‘zbek olimi bilan suhbatimizni e’tiboringizga havola qilamiz.

Xabaringiz bo‘lsa, yaqinda kun.uz saytida O‘zbekistonlik olim Farrux Fattoyev tomonidan muhim ilmiy kashfiyot qilingani haqida xabar bosilgan edi. Albatta, ushbu sayt asosan yangiliklar tarqatishga ixtisoslashgani sababli, o‘sha maqolada kashfiyotning mohiyati va uni amalga oshirgan yurtdoshimiz haqida batafsil ma’lumot berilmagan. Qolaversa, kashfiyotni o‘zi haqida ham biroz chalkash (tushunarsiz) va biroz hissiyotga berilgan tarzda ma’lumot keltirilgan edi. Ochig‘ini aytaman, avval Farrux aka bilan tanish bo‘lmaganman. Ushbu olim haqida eshitmagan ham edim. Shunga qaramay, gravitatsion to‘lqinlar masalasi bugungi kun fizikasida kun tartibidagi mavzu ekanligini e’tiborga olib, ayniqsa bu boradagi tadqiqotlarda bizning yurtdoshimiz ham bosh qo‘shganini bilgach, ushbu inson bilan tanishish va orbita.uz uchun qisqa bo‘lsa-da intervyu olish niyati paydo bo‘ldi.

 

Farrux akani topish qiyin bo‘lmadi. U kishi ishlaydigan Indiana universiteti rasmiy sayti orqali, ushbu olimimiz bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldik. Suhbat va fikr almashinish o‘ta samimiy ruhda, qandaydir yengil kechdi. Eng asosiysi esa, Farrux Fattoyev ajoyib ochiqko‘ngil va juda kamtar shaxs sifatida taassurot qoldirdilar. Quyida Farrux aka bilan bo‘lgan suhbatimizni havola etamiz. Unda ayniqsa ilm-fanga endi kirib kelayotgan bo‘lajak olimlarimiz uchun o‘rnak o‘lsa bo‘ladigan gaplariga e’tibor qaratishingizni so‘raymiz. Farrux akaning maslahatlari yosh ilm izlovchilarga asqotsa ajab emas.

Demak, tanishing: Jahon miqyosida tan olingan fizik olimlardan biri, hamyurtimiz – Farrux Fattoyev. Farrux Fattoyev 1982-yilning 11-fevralida Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumani, Yangihayot qishlog‘ida tug‘ilgan. Boshlang‘ich va o‘rta ta’limni ushbu tumandagi 9-o‘rta maktabda olgan. 1998-2002 yillarda Samarqand Davlat Universiteti, fizika fakultetida o‘qigan va bakalavr bitiruv ishini Professor Abduvohid Jumaboyev rahbarligida olib borgan. 2002-2004 yillarda, O‘zbekiston Milliy Universiteti, fizika fakulteti magistraturasini tahsil olib, Professor Bobomurod Ahmedov rahbarligida magistrlik dissertatsiyasini yoqlagan. 2002-2005 yillarda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Yadro Fizikasi Instituti hamda Ulug‘bek nomidagi Astronomiya Institutida kompakt obyektlarning elektrodinamikasi va umumiy nisbiylik nazariyasi bo‘yicha izlanishlar olib borgan. 2005-2007 yillarda Italiyaning Triyeste shahrida joylashgan Xalqaro Nazariy Fizika Markazi hamda Triyeste Universitetida tahsil olib, ilg‘or magistr darajasiga erishgan. Bu paytda u Inflyatsion Kosmologiya sohasida ish yuritgan edi. 2007-2011 yillarda Farrux Fattoyev AQSHning Florida Davlat Universitetida Nazariy Yadro Fizikasi va Yadro Astrofizikasi sohasida doktorlik ishini muvaffaqiyatli tugalladi. Hozirda Indiana universitetining fizika fakulteti, «Energiya va materiya ustida tadqiqotlar markazi»da ilmiy faoliyat yuritadi.

-O‘zingiz tanlagan fan sohasi o‘rganadigan masalalar haqida qisqacha?

-Men hozirda asosan yadroviy moddalarning holat tenglamasi, atom yadrosining tuzilishi, simmetriya energiyasi, neytron terisi, neytron yulduzlari holat tenglamasi, uning tuzilishi, neytron yulduzi qobig‘i va yadroviy pastalar, neytron yulduzlari va o‘ta yangida (supernova) bo‘ladigan fizik jarayonlar, hamda, joziba to‘lqinlarining manbalarini o‘rganish bilan shug‘ullanib kelaman.

-Nima sababdan ilm-fan bilan shug‘ullanishga qaror qilgansiz?

-Menda yoshligimdan hamma fanlarga qiziqishim bir xil bo‘lgan. Matematikadan har xil jumboqlarni yechish, tabiatshunoslik (keyinchalik Astronomiya)dagi qiziq tabiat hodisalarni o‘rganish, handasa (geometriya) dan abstrakt tushunchalarni o‘rganish va ularni qamrab olish, nazm va nasrning sir-sanoatlarini o‘rganish, tarixdagi voqealar xronologiyasi bilan tanishish, murakkab biologik jarayonlarni o‘rganish – barchasiga bir xil muomalada bo‘lganman. Lekin afsuski bakalavriatga topshirishda barcha fakultetlarga birdaniga topshirishning iloji yo‘q edi. Shuning uchun bularning orasidan keyinchalik eng kam afsus chekishim mumkin bo‘ladigan sohaga – fizikaga topshirganman va shu yo‘lda davom etganman.

- Sizning fan sohangizdagi ustoz(lar)ingiz haqida.

- Mening ustozlarimning soni juda ko‘p. Shuning uchun bu savolga javob berish ham bir oz qiyin. Norasmiy ravishda asosiy ustozlarim onam Ochagul Shukurova va otam Jabbor Fattoyev. Onam sababli geometriyaga qiziqishim ortgan. Otam esa O‘zbekistonning eng ilg‘or fizik-pedagoglaridan hisoblanadilar va u kishi menda har qanday jumboqlarni yechishda katta qiziqishni uyg‘otganlar. Va albatta opam, singlim va aka-ukalarimning roli ham katta.

Rasmiy ravishda esa fizika sohasidagi birinchi ustozim Hasan Boboyev (8-11 sinf fizika darslari), Prof. Abduvohid Jumaboyev (1-4 kurs bakalavr) va yana bir qancha fanlardan dars bergan professorlar, Prof. Bobomurod Ahmedov (1-2 kurs magistratura) va yana bir qancha professorlar, Prof. Paolo Kreminelli (Italiya) va Prof. Xorxe Piyekarevis (AQSH).

- O‘zingiz tadqiq qilayotgan fanning o‘tmishdagi eng buyuk olimi kim deb hisoblaysiz? hozirdagi eng yetuk mutaxassisi (shu jumladan O‘zbekistonda)?

- Shuni aytish joizki fanni odatda bir-ikki kishi rivojlantirmaydi. Shuning uchun eng buyuk olim haqida gapirish bu nisbiy tushuncha. Agar fizika fanini hisobga oladigan bo‘lsak va shunday tanlash talab qilinsa unda men o‘tmishdagi eng buyuk olimi deb Albert Eynshteynni va hozirgi zamonda Eduard Uittenni tanlagan bo‘lar edim. Nazariy yadro fizikasini oladigan bo‘lsak, bunday tanlov chigallashadi. Xuddi shunday nazariy yadro astrofizikasida ham. Neytron yulduzlari astrofizikasidan bir kishini tanlasak unda men Jeyms Lattimerni tanlagan bo‘lar edim (hozirgi zamonda). Xuddi shunday qilib fizika sohasida O‘zbekistonda buyuk olimlar juda ko‘p.

- Sizning faningizdagi zamonaviy eng dolzarb ilmiy masala nimada?

- Nazariy yadro fizikasidagi eng dolzarb masalalaridan biri bu izovektor sektoridagi yadroviy kuchlarning mohiyatini o‘rganish hisoblanadi. Butun fizikani oladigan bo‘lsak, unda eng dolzarb masalalardan biri bu qora materiya va qora energiyalarining mohiyatini tushunish hisoblanadi.

- O‘zingiz shug‘ullanayotgan sohaning insoniyat turmush tarziga ko‘rsatgan ijobiy va salbiy jihatlari (agar bo‘lsa) haqida nima deya olasiz?

- Mening soham fundamental fan sohasiga kiradi. Bizning o‘rganishlarimiz odatda insoniyatning butun borliq haqidagi bilimlar xazinasini to‘ldirish bilan qanoatlanadi. Buning albatta ma’naviy jihatdan faqat ijobiy ta’siri bor. Hozirgi zamonda turmush tarziga ko‘rsatadigan bevosita ta’siri balkim yo‘qdir. Lekin yadroviy kuchlarning mohiyatini tushunish albatta kelajakda yangicha energiya turlaridan foydalanishga katta xizmat qilishi mumkin. Aytish joizki, bir vaqtlar Jeyms Klark Maksvell o‘zining elektromagnetizm nazariyasini tushuntirib berayotganda, o‘sha paytdagi mashhur olimlar uni kalaka qilishgan va jumladan bu shunchaki bir fizik nazariya, buning amaldagi tadbiqi deyarli yo‘q deyishgan. Holbuki, hozirda biz keng qo‘llayotgan texnologiyaning har bir bo‘lagi bu nazariyaga asoslanib qurilgan: radio, televizor, telefon, lampalar, muzlatgich, kompyuter, mashina, samolyot va hokazolar...

-  O‘z faningizning kelajak taqdirini qanday tasavvur qilasiz?

- Mening fikrimcha, keyingi 50 yilda hisoblash mashinalarining yordami bilan biz yadro fizikasida kechayotgan barcha muammolarning tagiga yetib boramiz va yangicha muammolarni yechimini topish bilan shug‘ullanamiz. Ayniqsa, ekzotik zarrachalar laboratoriyasining ishga tushishi, joziba to‘lqinlarini qayd qilish hisobiga keladigan astrofizik jarayonlar haqidagi ma’lumot, supernova neytrinolari keltiradigan ma’lumotlar, hozirda mavjud bo‘lgan bir necha jumboqning yechimida katta rol o‘ynaydi.

- Bu fan bo‘yicha hozirdagi eng kuchli ilmiy maktab(lar) qayerda joylashgan (oliygohlar, ilmiy tadqiqot institutlari, laboratoriya, markaz va ho kazo)?

- Nazariy Yadro fizikasi bo‘yicha eng kuchli ilmiy maktablar AQSH, Xitoy, Yaponiya, Germaniya, Fransiya va Rossiyada joylashgan bo‘lib, odatda bu mamlakatlarning o‘nlab oliygohlari va ilmiy tadqiqot institutlari mavjud. Birgina AQSHning o‘zini hisobga oladigan bo‘lsak, Sietlda joylashgan Nazariy Yadro Fizikasi Instituti, Los Alamos Laboratoriyasi, Tomas Jefferson Laboratoriyasi, Argon Milliy Laboratoriyasi, Lourens Livermor Laboratoriyalarini tilga olish mumkin.

- Bu fan bo‘yicha tahsil olmoqchi bo‘lgan va kelajakda uning mutaxassisi bo‘lishga qaror qilgan yoshlarga maslahatlaringiz?

- Mening asosiy maslahatim hech qachon o‘rganish va undan zavq olishni kanda qilmaslik bo‘lar edi. Albatta har qanday mehnatning ortidan yutuq va muvaffaqiyatlar o‘zi kelaveradi.

- O‘z faningiz bo‘yicha bizga quyidagilarni tavsiya qilsangiz:

a) fanga boshlang‘ich kirish uchun eng maqbul, tushunarli adabiyot(lar) qaysi?;

b) fanning fundamental masalalari eng keng qamrovda yorituvchi mukammal adabiyot(lar) qaysi?

v) bu fan mutaxassisi bo‘lmagan, lekin unga qiziquvchilarga qaysi ilmiy-ommabop adabiyot, yoki nazariy minimum(lar)ni tavsiya etasiz?

A) Odatda fizikani o‘rganishda maktab darsliklarini yaxshilab o‘rganish lozim. Keyin universitet darsliklaridan foydalanish kerak. Albatta klassik fizikani o‘rganish uchun adabiyotlar juda yetarli.

B) Nazariy fizikani o‘rganishda va uning fundamental masalalari eng keng qamrovda yoritilgan mukammal adabiyotlar sirasiga Landau va Lifshits darsliklari kirsa ajab emas. Har holda har bir adabiyotning o‘ziga xos ijobiy va salbiy tomonlari mavjud. Shuning uchun bir adabiyotni alohida sifatida ko‘rsatish noto‘g‘ri bo‘lar edi.

V) Odatda ilmiy-ommabop jurnallarning barchasi fanni osonroq tilda tushuntirishda katta xizmat qiladi. Masalan, hozirgi paytda ingliz tilini biladigan kishilar uchun bu oson ish bo‘lib qoldi. Har qanday hodisani tushunmoqchi bo‘lsangiz, internetdan izlaysiz va bu hodisani albatta eng oson yo‘lda tushuntirilgan nusxasini topasiz. O‘zim vaqtida qiziqarli adabiyotlari “Ilm va Fan” jurnalidan o‘qib olar edim. Oldin, o‘zimizda “Sirli Olam” davriy nashri bo‘lar edi, agar hozir ham faol bo‘lsa, ushbu davriy nashrlarni, qolaversa sizning internet sahifangizni ham tavsiya qilgan bo‘lar edim. Kelajakda bunday sahifalar yanada ko‘proq ma’lumotlarni o‘zlarida joylashtirib, umid qilaman, yoshlarimiz buni kundalik kuzatib boradigan bo‘lishadi.

- Bu fan bo‘yicha zamonaviy tendensiyalarni o‘zida ifodalovchi qanday ilmiy jurnallar, axborotnoma va saytlarni tavsiya etasiz?

- Ingliz tilida juda ko‘p jurnallarni tilga olish mumkin. Masalan, www.physics.aps.orgwww.insidescience.orgwww.sciencenews.orgwww.skyandtelescope.com va shunga o‘xshagan saytlarni taklif qilish mumkin.

- Bu fan bo‘yicha adabiyot, qo‘llanma va hokazo manbalar o‘zbek tilida yetarlimi yoki aksincha? O‘zbekistonda bu fanni yanada taraqqiy qilishi uchun bajarilish lozim bo‘lgan ishlar hali ko‘pmi?

- Klassik fizikani (2000-yildan oldingi) o‘rganishda o‘zbek tilidagi adabiyotlar yetarlicha mavjud. Lekin fizika jadallik bilan rivojlanayotgan fan hisoblanadi. Shuning uchun mening fikrimcha, har qanday o‘zbek olimi birinchi navbatda ingliz tilini o‘rganib ingliz tilidagi adabiyotlarni o‘rganish kerak. Ko‘p ilmiy qo‘llanmalarni bepul www.arxiv.org saytidan olib o‘rganish mumkin. O‘zbekistonda bu fanni rivojlantirish uchun qilinishi kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p, albatta. Akademik nuqtai nazardan, barcha magistr va aspirantura darslari ingliz tilida olib borilishi lozim va bunda eng oxirgi adabiyotlardan foydalanish lozim. Ilmiy ish qilish nuqtai nazaridan esa, yoshlarda ilm qilish madaniyatini shakllantirish lozim. Va milliy jurnallar bilan qanoatlanmasdan xalqaro ko‘lamidagi jurnallarda o‘z ilmiy ishlarini nashr etishga ishqibozliklarini oshirish lozim. Fanning ilgarilashida bir ikki olim emas, balkim minglab olimlar birvarakayiga hissa qo‘shishadi. Shuning uchun yangi adabiyotlarni tinmay o‘qib borish madaniyati shakllanishi lozim. Hozirda O‘zbekistonda ba’zi bir ilmiy guruhlar albatta ushbu yo‘ldan foydalanib dunyoning eng peshqadam jurnallarida maqola chiqarib kelishmoqda. Lekin bunday holatlar faqat ba’zi bir institutlardagina kuzatiladi va butunlay ilmiy madaniyatga aylanishga ulgurmagan.

- Bu fan bo‘yicha o‘zbek tiliga birinchi navbatda o‘girilishi zarur deb hisoblagan, ya’ni o‘zbek mutaxassislariga amaliy/nazariy yordam berishi mumkin bo‘lgan biror xorijiy nashrni (kitob, lug‘at va ho kazolar) ayta olasizmi?

- Yuqorida ta’kidlaganimdek, mening fikrimcha mutaxassislarga ko‘proq ingliz tilini o‘rganish tavsiya etilishi lozim, chunki bunday manbalar talaygina, va ularni o‘zbek tiliga tarjima qilish unchalik foyda keltirmaydi. Masalan, deylik, butun O‘zbekistonda balkim 10-15 kishi Inflyatsion Kosmologiya haqida ilmiy ish qilar, lekin bu sohada yuzlab ilmiy materiallar mavjud. Afsuski, bularning barchasi ingliz tilida. Lekin bir narsani aytib o‘tish kerak, mutaxassislar uchun emas albatta, ommabop ilmiy kitoblarni tarjima qilsa juda yaxshi bo‘lar edi. Jumladan, Stiven Xoking kitoblarini misol keltirsak, bo‘ladi.

Navbatdagi savollarimiz biroz g‘ayritabiiy tuyulishi mumkin.

- Agar o‘tmishga qaytib, o‘zingiz istagan faqat bitta buyuk olim bilan gaplashish imkoni berilsa siz qaysi olim bilan suhbatlashishni istardingiz va undan nimani so‘ragan bo‘lardingiz?

- To‘g‘risini aytsam, menimcha o‘tmishdagi olimlar allaqachon bizlarda yashaydi. Ular qoldirgan ilmiy meroslar evaziga biz ilmiy ish qilish jarayonida qandaydir ma’noda ruhiy ozuqa olamiz. Ya’ni aytmoqchimanki, go‘yo har bir soniyada men o‘zimni ular bilan birga o‘tirgandek his qilaman. Savolingizga qaytsak, agar mabodo shunday imkoniyat berilsa, unda men Beruniy va Ibn Sinoning zamoniga qaytib ularga “Rahmat” aytgan bo‘lardim va bir qancha fizik masalalarni muhokama qilgan bo‘lar edim. Aytish joizki bu ikki buyuk olimning fizika faniga qo‘shgan hissalari beqiyos. Jumladan inersiya qonunini birinchi bo‘lib Ibn Sino bobomiz kashf etganlar. Yoinki, Yer sayyorasining radius o‘lchamini birinchi marta Beruniy bobomiz juda katta daqiqlikda o‘lchagan edilar.

- Ilmni puxta egallash uchun kishida eng avvalo qaysi jihatlar bo‘lishi kerak deb o‘ylaysiz. ilm egallash uchun biror narsadan voz kechish shartmi?

- Kishida ilmga qiziqish va ilmiy qiziquvchanlik bo‘lsa, hamda ma’lum bir tartibga rioya qilinsa, unda u har qanday ilmni juda puxta o‘rganadi. Ilm o‘rganish uchun hech narsadan voz kechmaslik kerak, aksincha ko‘proq narsalarni qamrab olishga harakat qilish kerak.

- O‘zbekistonliklarning ilk Nobel mukofoti qaysi sohada bo‘ladi deb o‘ylaysiz?

- Albatta bashoratchi emasman. Buni har qanday sohadan kutish mumkin. Muhimi ilmiy yoki adabiy maktablarning faoliyatini yaxshilash kerak. Masalan, fizika sohasida Nobel mukofoti olamshumul bir kashfiyotga beriladi.

- Gravitatsion to‘lqinlar haqida yaqinda phys.asp.org da e’lon qilingan maqolangiz va unda nazarda tutilgan kashfiyotning mohiyati nimada? Kilonovani Gravitatsion to‘lqinlar vositasida aniqlash mumkinligimi?

- Bu bizning neytron yulduzlari xossalari va nazariy yadro fizikasi hamda astrofizikasi haqidagi navbatdagi ilmiy ishimiz edi. Bundan bir yil muqaddam ikki neytron yulduzi juftligi o‘zaro to‘qnashishi oqibatida vujudga kelgan kuchli gravitatsion to‘lqinlar sayyoramizda o‘rnatilgan LIGO va Virgo detektorlarida qayd etildi. Gravitatsion to‘lqinlar o‘zlari bilan birga bir qancha ma’lumot ham olib keldi. Jumladan, to‘qnashuvdan bir oz oldin gravitatsion kuchlarining juda kattaligi bois neytron yulduzlari bir-birini massaviy qutblanishlariga olib keladi. Bu massaviy qutblanish o‘z natijasida orbita tezligini oshiradi va gravitatsion to‘lqinlari ham o‘zgaradi. O‘tgan yilgi kashfiyot aynan ushbu massaviy qutblanish haqida ham ma’lumotlarni olgan edi. Biz ushbu ma’lumotdan foydalanib, neytron yulduzlari moddasining holat tenglamasini aniqlagan edik. Va jumladan, neytron yulduzining radius o‘lchami 13.76 km dan yuqori bo‘la olmasligi va yoki yadroviy atama bo‘lmish neytron terisining o‘lchami 0.25 fermidan yuqori bo‘la olmasligini aniqlagan edik. 

Kilonovaga qaytsak. Bunday hodisalar oldin ham kuzatilgan edi. Lekin bu hodisalar aynan neytron yulduzlari to‘qnashuvi orqali hosil bo‘lishi faqat nazariy taxminlarga asoslangan edi xolos. Gravitatsion to‘lqinlarning kelishi bizga bu juftlikning massasini aytib beradi. Natijada biz bular aynan neytron yulduzligiga amin bo‘lamiz. Oldingi gravitatsion to‘lqinlar haqidagi kashfiyotlar faqat massiv qora tuynuklarning to‘qnashuvidan hosil bo‘lgan edi. Shuning uchun elektromagnit kuzatuvlar ham unchalik qiziq emas edi. Bu GW170817 hodisasi neytron yulduzlari juftligi to‘qnashuvidan hosil bo‘lgani aniqlanganidan so‘ng, LIGO va Virgo kollaboratsiyasi barcha astronomlarga bu xabarni darhol xabar tarqatdi va ular elektromagnit to‘lqinlar diapazonida ham kuzatuvlar olib borishdi. Ne ko‘z bilan qarashsa, kilonova ham kuzatilayapti. Shunda bu hodisa 40 yillik nazariy taxminlarning to‘g‘ri ekanligi haqidagi xulosaga oxirgi nuqtani qo‘ydi. Ushbu jarayonda, bizning ilmiy guruhimiz ham faol ishtirok etgan va asosiy kuzatuvlardan birini olib borgan.

- Ixtiyoriy savol, istasangiz javob bermasligingiz ham mumkin. Tasavvur qiling, siz yashash uchun yaroqli kimsasiz sayyoraga tushib qoldingiz. Sizni u joydan qutqaruvchi ekspeditsiya yetib borgunga qadar, avval Sizga oziq-ovqat, shaxsiy gigiyena vositalari va kiyim-kechakdan tashqari, yana zerikmaslik uchun to‘rtta badiiy kitob, to‘rtta musiqiy albom va to‘rtta kinofilm disklarini yuborishadi. Qaysi asarlarni tanlardingiz?

- Bu savolingiz Hojiakbar Shayxov romanlarini esimga soldi. To‘rttaligi sal yomon bo‘libdi Смешно

Badiiy kitoblardan: Ayzek Azimov kitoblari va Jyul Vern asarlaridan to‘rt dona (albatta hammasi bo‘lsa, yo‘q demas edim);

Musiqiy albomlardan: Daler Nazarov, Muboraksho Mirzoshoyev, The Beatles va Freddy Mercury albomlaridan

Kinofilmlardan: “Terminator” kinolaridan uchtasi: 1, 2, 3 yoki yangi kelayotganlari agar iloji bo‘lsa, “Minarxarlik Jo‘ra Ovchi” filmlarini olgan bo‘lardim.

 

Farrux aka, mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.

http://orbita.uz/images/neyman/fftoyev3.jpg

 


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 24.05.2018 08:58  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Mulohaza bildiring:


Mahfiy kod
Yangilash

Banner

Minbardagi olim:

Orbital latifalar :) :)

Tezkor tayyorlanadian lapsha taomlar ishlab chiqaruvchisi kimyo bo'yicha Nobel mukofotiga tavsiya etildi. Uning masalliqlarida, ilgari fanga noma'lum bo'lgan kimyoviy elementlar aniqlandi..


Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 785
O'qilgan sahifalar soni : 3116841

Tafakkur durdonalari

Ilm-Fan Taraqqiyotni yetaklovchi kuchdir!