Orbita . U Z

...Ilm-fan fazosi uzra!

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa Maqolalar Qiziqarli fizika Toza suv: osmos haqida 5 ta fakt

Toza suv: osmos haqida 5 ta fakt

E-mail Chop etish
Maqola Reytingi: / 6
Juda yomon!A'lo! 

Toza suv: osmos haqida 5 ta fakt

Yoz kunlarida tarvuzni suvga solib qo‘yib sovitishni deyarli hammamiz qilib ko‘rganmiz. Avvallari muzlatgichlar bo‘lmagan zamonlarda, ichimliklarni sovitish uchun ham shunday usul keng qo‘llanilgan: meshga to‘ldirilgan sut, sharbat yoki sharobni muzdek suv oqayotgan ariqqa solib qo‘yishardi va natijada, o‘sha ichimlik ham muzdek bo‘lib, ichganda odamga yanada lazzat baxsh etardi.

Farang fizik olimi, abbat Antuan Nolle (1700-1770) ham buzoq terisidan qilingan meshlarda sharob (vino) saqlardi. 1748-yilning issiq yoz kunlarining birida, Nolle shunday meshda saqlanayotgan sharobni sovitib ichish uchun, uni muzdek suvli hovuzga solib qo‘yadi. Biroq, tamaddi qilishga chog‘lanarkan, u xayolida allaqachon muzdek bo‘lib turgan sharobni olish uchun hovuzdan meshni chiqarib oldi va ne ko‘z bilan ko‘rsinki, buzoq terisidan tayyorlangan mesh yorilib, ichiga suv kirib ketgan edi...

Antuan Nolle (1700-1770)

Antuan Nolle o‘sha kuni tamaddi vaqtida muzdek sharob icha olmadi. Lekin, mesh bilan ro‘y bergan fizik hodisani o‘rganish asnosida, fan va texnika uchun muhim bo‘lgan ajoyib bir texnologik jarayonni kashf qildi.

Ma'lum bo‘lishicha, qanchalik pishiq ishlangan bo‘lmasin, buzoq terisidan tayyorlangan meshdan qandaydir bir yo‘l bilan suv ichkariga sizib kirgan va natijada, mesh ichidagi suyuqlik hajmi kattalashib, oqibatda mesh yorilib ketgan. Nolle sinchiklab tekshirib shuni aniqladiki, mesh ichidagi va tashqaridagi suyuqliklarning konsentratsiyasi farqi natijasida mesh devorlarida katta bosim yuzaga kelar ekan va buning oqibatida, suv teri mesh devorlarida sizib ichkariga kirib ketarkan. Shu tariqa, Nolle biz hozirda osmos deb ataydigan muhim bir tabiiy jarayonni kashf qildi. Osmos - erituvchi, yoki, suvning yarimsingdiruvchan membrana orqali, to‘yinganligi kamroq bo‘lgan eritmadan kuchliroq to‘yingan eritmaga sizib o‘tishi jarayonidir.

Garchi, osmos hodisasi 1748-yilda kashf etilgan bo‘lsa-da, biroq, undan sanoat miqyosida foydalanishga o‘tilganiga hali uncha ko‘p bo‘lgani yo‘q. Osmos vositasida suvni tozalash texnologiyasining muvaffaqiyatli sanoat namunalari faqat 1970-yillardan buyon odamzotga xizmat qilmoqda. Ta'kidlash joizki, bunday texnologiyalarda biz osmosning to‘g‘ri turidan emas, balki, «teskari osmos» deb nomlanuvchi usulidan foydalanamiz. Teskari osmos texnologiyasida sun'iy hosil qilingan bosim ta'siri ostida, konsentratsiyalangan eritma tarkibidan suv chiqib, konsentratsiyalanmagan eritma tarkibida o‘tadi. Hozirgi kunda, teskari osmos texnologiyasi dengiz suvini chuchuk suvga aylantirish hamda, umuman, suvni turli aralashmalardan, erigan tuzlardan tozalash uchun eng maqbul va samarali texnologiya hisoblanadi.

Teskari osmos texnologiyasi qanday ishlaydi? Suv to‘ldirilgan idishga membrana, ya'ni, to‘siq hosil qiladigan plastina solamiz. Membrana suvni o‘ziga singdiradigan (shimadigan), lekin, suvda eriydigan moddalarni esa singdirmaydigan materialdan tayyorlanadi. Idish ichiga membrana joylagan paytingizda, uning har ikki tarafidagi suv sathi avvaliga bir xil bo‘ladi, chunki, bunda idish ichida fizikadagi tutash idishlar qonuni amal qiladi. Endi, membrananing bir tarafidagi suvga tuz solamiz. Natijada, membrananing tuz solingan tarafida konsentratsiya ortadi va osmotik bosim hosil bo‘ladi. Ushbu osmotik bosim ta'sirida, suv tuz konsentratsiyasi past tarafdan konsentratsiya baland tarafda oqib o'ta boshlaydi. Bunda tuz konsentratsiyasi past tarafdagi suv, to‘yingan eritmaga aralashib ketishga intiladi. Osmos hodisasining asosida aynan ushbu fizik-kimyoviy qonuniyat yotadi.

Endi esa, tajribamizni davom ettirib, idishda membrana bilan ajralib turgan ikki xil konsentratsiyali suvning tuz ko‘proq erigan tarafiga (ya'ni, konsentratsiya yuqoriroq tarafiga) bosim beramiz. Bosim suv molekulalarini membrana orqali o‘tib konsentratsiyasi pastroq tarafga sizib chiqishga majbur qiladi. Tuz esa joyida qolaveradi. Xuddi shu jarayonni teskari osmos deyiladi.

Teskari osmosning eng muhim qismi bu - membranadir. Zamonaviy osmos texnologiyalarida membranani maxsus polimer plyonkadan tayyorlanadi. Suv bilan ta'sirlashganda bunday membrana ishadi. Bosim o‘tkazilganda esa, u siqiladi va o‘zida faqat suv molekulalarini o‘tkaza boshlaydi. Membrananing fizik xossasi shundayki, unga faqat suv singadi, boshqa istalgan modda, shu jumladan turli tuzlar, suvda erigan har qanday kimyoviy moddalar undan sizib o‘ta olmaydi.

Teskari osmos: suv to'yinganligi kamroq bo'lgan suyuqlik tomon intiladi.

Faktlar:

Fakt №1: Osmos - tabiiy jarayondir. Tirik organizmlar hujayralarida osmos jarayoni transport va taqsimlash funksiyasini bajaradi. ya'ni, osmos - fundamental tabiiy jarayonlar sirasiga kiradi. Istalgan hujayra atrofini albatta membrana qurshab turgan bo‘ladi va ushbu membrana hujayra ichkarisiga faqat suv va kislorod molekulalarini, hamda, ozuqa moddalarni o‘tkazadi xolos. Parrandalar tuxumi, shu jumladan, tovuq tuxumining po‘chog‘ining ichki tarafi ham membrana bo‘lib, undan tuxum ichkarisiga faqat kislorod o‘tadi, boshqa moddalarni ushbu membrana ichkari kiritmaydi. o‘simliklar ildizi ham suvni o‘ziga shimib oladi va o‘simlik tanasidagi hujayralar devorlari tabiiy osmotik membrana hosil qiladi. Natijada, o‘simlik organizmi faqatgina suv ichadi, lekin suv tarkibidagi boshqa moddalarni o‘ziga singdirib olmaydi. Osmos jarayonisiz hujayrali ko‘rinishdagi hayot shakli mavjud bo‘la olmas edi.

Fakt №2. Teskari osmos va filtrlash - boshqa-boshqa narsa. Teskari osmos va filtrlash orasida qanday farq bor? Filtrlashda bir jinsli bo‘lmagan aralashmalar tozalanadi. Bunda g‘ovak jismlar (smola, dag‘al mato, po‘kak va ho kazo) orqali suyuqlik bir tarafdan boshqa tarafga haydaladi va natijada, suvda erimagan, hamda, o‘lchami 1000 mm gacha bo‘lgan mayda zarralar tutib qolinadi. Teskari osmos bilan esa, suv (suyuqlik) tarkibiga singib ketgan har qanday aralashmalarni, ular hatto suyuqlik bilan bir jinsli bo‘lib ketgan bo‘lsa ham, tozalab yuboradi. Bunda aralashma molekula yoki ion tarzida bo‘lsa ham farqi yo‘q - teskari osmosdan u o‘ta olmaydi.

Fakt №3. Teskari osmos mutlaqo zararsiz. Teskari osmosdan foydalanganda suvdagi erigan tuzlar miqdori minimumgacha pasayadi. Chunki, teskari osmotik tozalashda membrana faqatgina suv molekulalarini o‘tkazadi, suvda erigan ionlar esa yo‘q qilinadi. Lekin, teskari osmosli tozalash ham ish bermaydigan ayrim holatlar mavjud. Masalan, bir asosli kuchli azot kislotasining anioni atiga 75-90% ga kamayadi xolos.

Odam bir kecha-kunduzda taxminan 2 litrga yaqin suv ichadi. Mineral tuzlarni esa biz asosan ovqat tarkibidan olamiz. Agar, masalan biz kalsiyni faqat suvdan olganimizda edi, basharti, qabul qilingan kalsiy 100% o‘zlashtiriladi deb olganimizda ham, kalsiyning bir sutkalik me'yoriy dozasini olish uchun 40 litr suv ichishga to‘g‘ri kelgan bo‘lardi. Shunda ham, tozalangan yumshoq suv emas, balki, qattiq suv ichish kerak bo‘lardi. Vaholanki, amalda organizmga tushgan kalsiy miqdorining atiga 5-10% qismi o‘zlashtiriladi xolos. Biz suvdan magniy elementini yaxshiroq o‘zlashtiramiz. Lekin, tabiiy suvlar tarkibida baribir magniy ancha kam.

Fakt №4. Membrana sorbentlardan ko‘ra yaxshiroq. Maishiy suv tozalash uskunalari ikki xil bo‘ladi: sorbentli va membranali. Membranali tozalash uskunalarining asosiy qismi biz aytgan teskari osmos jarayoni asosida ishlaydi. Sorbentli tozalagichlar suvdan zararli moddalarni tutib qoladi. Teskari osmosli tozalagichlar esa, aralashma tarkibidan suvni ajratib oladi. Har ikkala tozalagichlarda ham albatta suv mexanik aralashmalardan, og‘ir metallarning ionlaridan, organik birikmalardan, faol xlordan, bakteriyalardan va viruslardan tozalanadi. Lekin, sorbentli tozalagichlardan farqli o‘laroq, teskari osmosli tozalagichlar ushbu vazifani to‘liq 100% bajaradi.

Fakt №5. Teskari osmos uskunasining maishiy turlari ham bor. Hozirgi kunda maishiy iste'mol uchun ichimlik suvini tozalash borasida teskari osmos texnologiyasidan o‘tadigani yo‘q. Ushbu texnologiya salqin ichimliklar ishlab chiqarish sanoatidan boshlab, tibbiyot va elektronika sohalarida ham keng qo‘llanilmoqda. Biz do‘kon peshtaxtalaridan sotib olib iste'mol qiladigan qadoqlangan suvlarning deyarli barchasini aynan teskari osmos usulida tozalangan bo‘ladi. Shunday teskari osmos uskunalarining maishiy texnika tarzida ishlab chiqarilgan turlari ham mavjud bo‘lib, ularni aholi xonadonlarida ham o‘rnatish mumkin.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda:https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda:@OrbitaUz

Google+ :https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz:https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 30.11.2018 18:33  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Bildirilgan fikrlar   

 
+1 #1 Shu va boshqa maqolalaringiz uchunAkmal 2019-06-06 22:08
Olloh umringizni ziyoda qilsin ilohim! Sizga o'xshagan jonkuyar mehnatkash insonlar ko'paysin bundan faqatgina xalq manfaat ko'radi
 

Sizda mulohaza qoldirish imkoniyati mavjud emas. Mulohaza qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'tish kerak.

Banner

Orbita.Uz infotekasi

Milliy bayramlarimiz

Yaqin kunlardagi rasmiy bayramlar, kasb bayramlari, muhim tarixiy va xalqaro sanalar.

26 - may - Kimyogarlar kuni


1 - iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni


5 - iyun - Iyd al-Fitr - Ramazon hayiti (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


13 - Iyd al-Adho - Qurbon hayoti kuni (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


 

1 - Sentyabr - Mustaqillik kuni. (Dam olish kuni)


2 - Sentyabr - Bilimlar kuni.


 

1 - Oktyabr - Ustoz va murabbiylar kuni. (Dam olish kuni)

O'zbekiston shaharlari ob-havo ma'lumotlari

Orbita.Uz do'stlari:

Ziyo istagan qalblar uchun:

O'zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona!

​Ўзбекча va o'zbekcha o'zaro transkripsiya!
O'zbekcha va ўзбекча ўзаро транскрипция!

Bizning statistika


Orbital latifalar :) :)

Agar yakuniy natija masalani yechish usuliga bog'liq bo'lmasa, u matematika, agar bog'liq bo'lsa u - buxgalteriya...


Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 880
O'qilgan sahifalar soni : 11840891

Tafakkur durdonalari

Farzandlarimiz bizdan ko'ra kuchli, aqlli va baxtli bo'lishlari shart...

I. Karimov