Ummonli dunyolar
Ona sayyoramiz - Yerda okeanlarning o‘rni beqiyos. Okeanlar hayotning shakllanishida muhim o‘rin tutgan. Yerdan boshqa samoviy jismlarda ham okeanlar bormikan? Agar bo‘lsa, o‘sha okeanlarda ham hayot mavjud bo‘lishi mumkinmi? Hozirda olimlar shu savollar yuzasidan izlanishlar olib borishmoqda. Hozirda Quyosh tizimidagi ayrim mitti sayyoralarda va tabiiy yo‘ldoshlarda ummonlar borligini aniq bilamiz. Shuningdek, ayrim osmon jismlarida ham okean mavjudligi haqida taxminlarga egamiz. Ular haqida yaqinroq va to‘liqroq bilish uchun esa, mazkur osmon jismlari tomon kosmik apparatlar uchirilgan.
Keling, Quyosh tizimidagi yirik osmon jismlarida mavjud okeanlar haqida infografika usulida tanishib chiqamiz. Osmon jismida okean mavjudligi, unda hayot nishonasini izlashga eng asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi. Shu sababli ham, okeanga ega osmon jismlari, hayot uchun sharoitga ega deb taxmin qilish uchun eng asosiy da'vogar bo‘lishadi.
O‘lchamlari: Yer ekvator aylanasi ≈40000 km. Albatta, Yer Quyosh tizimidagi eng katta sayyora emas. Lekin, Quyosh tizimidagi eng katta okeanlarga ega jism aynan Yerdir.
Quyoshgacha masofasi: Yerning Quyosh bilan oraliq masofasi 150000000 (bir yuz ellik million!) kilometrni tashkil qiladi. Aynan shu masofa astronomiyada 1 astronomik birlik deb qabul qilingan va u 1 a.b. tarzida qisqartirib yoziladi. Yer Quyoshga nisbatan shunday maqbul masofada joylashganki, u o‘ta qizib ketadigan darajada yaqin ham emas va o‘ta sovib ketadigan darajada uzoq ham emas. Ya'ni, hayot va suyuq okean mavjud bo‘lishi uchun eng qulay masofa deb qaraladi.
Dunyo okeani turi: Yerdagi okeanlar faol okeanlar deyiladi. Ya'ni, bu degani, mazkur okeanlarda hayot mavjud bo‘lishi uchun barcha sharoitlar mavjud va okeanlarda tiriklik allaqachon shakllangan. Qolaversa, Yerdagi okeanlarning faolligi, ularning turli iliq va sovuq oqimlar vositasida butun sayyora iqlimiga katta ta'sir ko‘rsatishi bilan ham izohlanadi.
O‘lchamlari: o‘rtacha 80 km/soat tezlik bilan avtomobilda beto‘xtov yursangiz, Yevropa ekvatorini 5 kunda aylanib chiqish mumkin. Ushbu osmon jismi ekvator aylanasi uzunligi 9807 km.
Quyoshgacha masofasi: Yevropa - Quyosh tizimidagi eng katta sayyora - Yupiter atrofida aylanadi. Bu degani, Quyoshdan 5,2 a.b. masofada joylashgan demakdir. Yevropa o‘z sayyorasi atrofida 3,5 Yer kunida bir marta aylanib chiqadi.
Dunyo okeani turi: Yevropa faol okeanga ega ekaniga ishora beruvchi bir necha dalillar mavjud. Agar taxminlar tasdiqlansa, Yevropadagi okeanlarda hech bo‘lmasa mirkoorganizmlar uchun hayotiy muhim biokimyoviy jarayonlarni ta'minlashga yetarli sharoit mavjud bo‘lishi ehtimoldan holi emas. Agar Yevropa okeani faol ekani tasdiqlansa, shubhasizki, bu kashfiyot olamshumul asr kashfiyotlaridan biri bo‘ladi. Yevropa okeani hajmi Yer okeanlari umumiy hajmidan 2 barobar katta degan taxminlar mavjud. Hozirda NASA tomonidan Yevropa sirti va uning geologik tarkibini o‘rganish maqsadida maxsus missiya - kosmik apparat tayyorlanmoqda. Rejaga ko‘ra, kosmik apparat Yevropa tomon parvozni 2020-yilda boshlaydi.
O‘lchamlari: Ganimed - Quyosh tizimidagi eng katta tabiiy yo‘ldosh. Ushbu yo‘ldosh hatto Merkuriy sayyorasidan ham kattaroq bo‘lib, shuningdek, u o‘z magnit maydoniga ega bo‘lgan yagona tabiiy yo‘ldosh hamdir. Ganimed ekvator aylanasi uzunligi 16500 km.
Quyoshgacha masofasi: Ganimed ham Yupiter atrofida aylanadi. Ya'ni, u ham Quyoshdan 5,2 a.b. masofada joylashgan. o‘z sayyorasi atrofida Ganimed 7,1 Yer kunida bir marta to‘liq aylanib chiqadi.
Dunyo okeani turi: Garchi, Ganimedda okean mavjudligi haqiqatga yaqin bo‘lsa-da, biroq, undagi okeanda hayot mavjud bo‘lishi haqiqatda yiroq masala. Chunki u qalin tuproq ostidagi muz qatlamlari orasida ekanligi taxmin qilinadi va shu sababdan, u hayot uchun zaruriy jarayonlarni taqdim qila olmasligi katta ehtimol.
O‘lchamlari: Kallisto Ganimeddan biroz kichik xolos. Uning ekvatorial aylanasi uzunligi 15150 km ni tashkil qiladi. .
Quyoshgacha masofasi: Kallisto ham Yupiterning tabiiy yo‘ldoshi bo‘lib, u ham Quyoshdan 5,2 a.b masofada joylashgan. Yupiter atrofini bir marta to‘liq aylanib chiqishi uchun ushbu yo‘ldoshga 16,6 Yer kuni kerak bo‘ladi.
Dunyo okeani turi: Kallistoning okeani qalin muz qatlamlari oralig‘ida qolib ketganligi bois, hayot uchun sharoitga ega emasligi aniqroq. Ya'ni, undagi okean ham nofaol, yopiq okean deyish mumkin. Yer okeanlarining eng chuqur joyi - Tinch okeanidagi Mariana botig‘i bo‘lib, uning chuqurligi ≈11 km atrofida. Kallisto okeani ham taxminan shunday chuqurlikka ega.
O‘lchamlari: Enselad - Saturnning tabiiy yo‘ldoshi bo‘lib, o‘lchamlariga ko‘ra, ancha kichik yo‘ldoshdir. Uning ekvator aylanasi uzunligi 1584 km chiqadi xolos. o‘rtacha 66 km/soat tezlik bilan mashina haydasangiz, Enselad ekvatorini 1 sutkada (Yer sutkasida albatta) aylanib chiqasiz.
Quyoshgacha masofasi: Saturn tabiiy yo‘ldoshi sifatida Enselad Quyoshdan 9,5 a.b. masofada joylashgan. U o‘z sayyorasini 1,3 Yer kunida bir marta aylanib chiqadi.
Dunyo okeani turi: Enseladning sirti butunlay muz bilan qoplangan deyish mumkin. Lekin ushbu osmon jismi kam o‘rganilgan bo‘lib, hatto taxminiy fikrlar ham ko‘pincha o‘rinsizdek tuyuladi. Shunga qaramay, Enselad okeani haqida fikr bildirishda olimlar ancha katta jur'at namoyish etishmoqda. Bunga asosiy sabablardan biri, 2005-yilda mazkur yo‘ldoshga yaqinlashgan "Kassini" kosmik apparati tomonidan o‘tkazilgan tekshirishlardir. o‘shanda, apparat Enseladning qalin muz qoplamidagi tirqishlar orasidan shiddat bilan otilib chiqayotgan suyuqlikdan namunalar olishga muvaffaq bo‘ldi. Tahlillar esa shuni ko‘rsatib berdiki, Enselad okeanidagi suv yetarli darajada iliq va kimyoviy faol moddalarga boy ekan. Boz ustiga, mazkur namunalardan qator foydali elementlar, xususan, Yerdagi singari mirkoorganizmlar yashashi uchun kifoya qiladigan sharoitlar borligi ma'lum bo‘ldi. Shunga ko‘ra, Enseladning okeani faol okean ekanini olimlar taxmin qilishmoqda.
O‘lchamlari: Titan ham Quyosh tizimidagi eng yirik tabiiy yo‘ldoshlardan biridir. Uning ekvator aylanasi 16200 km chiqadi, ya'ni, u ham Merkuriy sayyorasidan kattaroq!
Quyoshgacha masofasi: Titan ham Quyoshdan 9,5 a.b. masofada joylashgan. o‘z sayyorasi - Saturn atrofini Titan 16 yer kunida aylanib chiqadi.
Dunyo okeani turi: Titan okeani ham tashqi sirt bilan aloqaga ega bo‘lmagan, yopiq okean deb baholangan. Shu sababli, unda biokimyoviy faol moddalar mavjud bo‘lish ehtimoli yo‘q darajada deyish mumkin. Lekin, Titan sirtida suyuq metan va etandan iborat dengizlar mavjud bo‘lib, ularga daryolar kelib quyilib turishi taxmin qilingan. Agar bu rost bo‘lsa, demak, o‘sha metan dengizlari Saturn ta'sirida ko‘tarilib-qaytib turishi, ya'ni, fizik faol bo‘lishi kerak. Bunday muhitda esa, aynan shunday sharoitga moslashgan tirik organizmlar, hech bo‘lmasa, mikroblar mavjud bo‘lishi mumkin. Shu sababli, Titandagi okean va dengizlarning faol yoki o‘lik ekani haqida gap ketganda, olimlar bir nima deyishga ikkilanib qolishadi. Umuman olganda, ko‘pchilik Astrofiziklarning fikricha, Titandagi okean va dengizlarda hayot mavjud bo‘lishi ehtimoli nihoyatda past (deyarli imkonsiz).
O‘lchamlari: Mimas juda mitti tabiiy yo‘ldosh sanaladi. Uning ekvator aylanasi atiga 1250 km atrofida chiqadi xolos. Uni 52 km/soat tezlikda harakatlanish orqali avtomobilda 1 sutkada aylanib chiqish mumkin.
Quyoshgacha masofasi: Mimas ham Quyoshdan 9,5 a.b. masofada joylashgan. Lekin Mimas o‘z sayyorasi atrofida juda tez aylanadi. Uning Saturnni bir marta to‘liq aylanib chiqishiga 22 soat vaqt ketadi xolos.
Dunyo okeani turi: Aslida Mimasda okean bor yoki yo‘qligi o‘zi noma'lum. Olimlar bu borada aniq fikr bildirishda xushyorroq bo‘lishga urinadilar. Mimasda okean borligiga bilvosita dalolat qiluvchi kam sonli ma'lumotlar mavjud xolos. Shu sababli ham, ushbu tabiiy yo‘ldosh, okeanga ega bo‘lish ehtimoli mavjud bo‘lgan osmon jismlari safiga kirishga "da'vogar" deyish mumkin xolos. Okean borligiga ishora qiluvchi dalil shuki, Mimasning Saturn atrofida aylanishida g‘alati beqaror ekssentrik chayqalishlar kuzatiladi. Bunga sabab esa, Mimasning qalin sirt qatlami ostida, lekin uning faqat bir yarimshar tarafida markazlashib yig‘ilgan katta suyuqlik havzasi bo‘lishi mumkin. Mimas Saturnga o‘sha tarafi bilan o‘girilganda, suyuqlik massasi Saturnning tortish kuchi ta'sirida ko‘tariladi va keyin yana qaytadi. Shunga ko‘ra, tabiiy yo‘ldosh harakati ham muvozanatdan chayqalib ketadi deb taxmin qilishmoqda olimlar. Mimasning ehtimoliy okeanining biokimyoviy faolligi haqida esa hozircha taxminlarning o‘zi ham yo‘q. Xullas, bu tabiiy yo‘ldosh va uning okeani borasidagi tadqiqotlar hali oldinda...
O‘lchamlari: Triton o‘lchamlariga ko‘ra Yupiterning Yevropa yo‘ldoshiga teng keladi. Uning ekvatori aylanasiga 8500 km chiqadi. .
Quyoshgacha masofasi: Triton - Quyosh tizimining eng olis sayyorasi - Neptun atrofida aylanadi. Shu sababli, ungacha bo‘lgan masofa 30,1 a.b. ni tashkil qiladi. Bu taxminan 4,5 milliard kilometr demakdir. U Neptunni taxminan 5,8 Yer kunida aylanib chiqadi. Shunisi qiziqki, Triton yo‘ldoshi o‘z sayyorasini boshqa yo‘ldoshlarga qaraganda teskari yo‘nalishda harakatlanib aylanadi.
Dunyo okeani turi: Tritonda okean mavjudligi haqida aniq dalillar yo‘q. Shu sababli ham, bu yo‘ldosh okeanga ega bo‘lishi ehtimoli mavjud bo‘lgan "da'vogar"lar turkumiga kiradi. Biroq, faol geyzerlar va boshqa yana bilvosita ta'sirlar, Tritonda faol sirt osti okeani mavjudligiga ishora bermoqda. Triton ham hali juda kam o‘rganilgan osmon jismi bo‘lib, bu boradagi tadqiqotlar hali oldinda.
O‘lchamlari: Pluton avvallari Quyosh tizimining katta sayyoralari safida e'tirof etilardi. Biroq, kuzatishlar shuni ko‘rsatdiki, Quyosh tizimining Pluton joylashgan hududida u kabi osmon jismlari talaygina ekan. Shu sababli, astronomlar kelishib, Pluton va uning turidagi kichik sayyoralarni yangicha tasnif - "mitti sayyora" tushunchasini kiritishdi va Pluton shu turkumga kirdi. Pluton Tritondan ham kichikroq bo‘lib, u ekvator uzunligi 7200 km atrofida bo‘lgan olis va sovuq osmon jismidir.
Quyoshgacha masofasi: Pluton - nihoyatda olis jism. U Quyoshdan deyarli 40 a.b. masofada, ya'ni, 5,9 milliard km uzoqlikda joylashgan. 2006-yilda uchirilgan "Yangi Gorizontlar" Plutonga yetib borishi uchun koinotda naq 9 yil uzluksiz parvoz qilgan edi.
Dunyo okeani turi: Plutonda okean mavjudligiga ishora qiluvchi bilvosita belgilar mavjud va hozirda olimlar ushbu alomatlarni sinchiklab o‘rganishmoqda. Shu sababli, u okeanga ega ekani ehtimoliy bo‘lgan "da'vogar"lar ichida qayd etiladi. 2015-yilda Plutonga yetib borgan "Yangi Gorizontlar" kosmik apparati hozirda ushbu mitti sayyora haqida ma'lumot yig‘ishda davom etmoqda. Yaqin orada Pluton tabiati va xossatan, uning okean va dengizlari haqida yangiliklar ma'lum bo‘lib qolsa ajab emas...
To‘liq infografika
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/
Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz
< avvаlgi | kеyingi > |
---|