Orbita . U Z

...Ilm-fan fazosi uzra!

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa Maqolalar Qiziqarli kimyo Kalsiy - suyak elementi

Kalsiy - suyak elementi

E-mail Chop etish
Maqola Reytingi: / 6
Juda yomon!A'lo! 

Kalsiy - suyak elementi

Yer qobig‘ida silikatlar turkumiga mansub bo‘lmagan minerallar mavjud. Bundaylardan biri - ohaktoshdir. Ushbu mineral qanday ko‘rinishda ekanligiga qarab, turli nomlar bilan ataladi. Agar ohaktoshni shaffof bo‘lmagan kristallar ko‘rinishida uchratilsa uni kaltsit deyiladi. Agar kristallar shaffof bo‘lsa, uni island shpati deyiladi. Ohaktosh turkumidagi minerallarning eng mashhuri va chiroylisi bu - marmar bo‘lib, unga sayqal berish orqali juda ajoyib me'moriy bezaklar tayyorlash mumkin. Marmarning arxitektura bezagi sifatida qo‘llanilishi qadimgi yunon va Rim davridayoq keng ommalashgan edi. Vanihoyat, ohakning nisbatan mo‘rt va oson uqalanadigan shakli - bo‘r bo‘lib, uni biz maktab doskasi oldidagi doimiy manzili orqali yaxshi taniymiz. Angliyaning Duvr hududida bus-butun bo‘rdan iborat butun boshli qoyalar tizimi mavjud.

 

Ohaktoshning kimyoviy nomi - kalsiy karbonati deyiladi. Ushbu nomdan ham ko‘rinib turibdiki, ohak tarkibida kalsiy elementi mavjud ekan. Kalsiy - kimyoviy elementlar davriy jadvalida 20-raqamli element bo‘lib, sof holida kumush rangli faol metall bo‘ladi. Uning faolligi ishqoriy metallar darajasida bo‘lmasa-da, lekin, harholda kalsiy ham yetarlicha faol element hisoblanadi. Kalsiy suv bilan ta'sirlashganda suv tarkibidagi vodorod shiddat bilan ajralib chiqa boshlaydi. Lekin, bunda vodorod ajralib chiqishi, suvga natriy yoki kaliy ta'sir qilganchalik bo‘lmaydi. Kalsiy havoda juda tez xiralashib qoladi. Chunki u havodagi azot va kislorod bilan tez birikadi. Kalsiyni ilk bora 1808-yilda ingliz kimyogari Gemfri Devi tomonidan elektrolitik usul bilan ajratib olingan bo‘lib, Devi ayni shu usul bilan kaliy va natriyni ham ajratib olgan edi.

Kalsiy karbonati tarkibida bir atom kalsiy, bir atom uglerod va uch atom kislorod mavjud bo‘ladi. Ushbu moddani ko‘plab tirik organizmlar o‘zini himoyalash vositasi sifatida ishlab chiqaradi va qo‘llaydi. Masalan, tuxum po‘chog‘i, ustritsa va mollyuskalarning chig‘anoqlari kalsiy karbonatidan tashkil topgan bo‘ladi. Ustritsa ichiga yot jism tushib qolsa, masalan, qum zarrasi kirib qolsa, ustritsa unda himoyalanish uchun kalsiy karbonati ishlab chiqaradi va zarrani o‘rab oladi. Ustritsa ushbu ishni shunday ajoyib tarzda va chiroyli yum-yumaloq shaklda bajaradiki, natijada oppoq, yumaloq obyekt hosil bo‘ladi. Uni esa keyin g‘avvoslar dengiz tubidan olib chiqib, ayollar uchun ziynat buyumlar tayyorlashda ishlatishadi. Sezgan bo‘lsangiz, bir marvarid haqida gapirmoqdamiz. Shakli va rangi chiroyli marvaridlar juda qimmat baholanishi mumkin, lekin unutmaslik kerakki, bu ham aslida oddiy tuxum po‘chog‘i singari - kalsiy karbonati xolos ??????.

Kalsiy karbonati kislotalar bilan reaksiyaga kirishib, jarayonda uglekislota ajralib chiqishi sodir bo‘ladi. Lekin bu jarayon ancha sust va sekin boradi. Chunki, natriy karbonatidan farqli o‘laroq, kalsiy karbonati suvda erimaydi. (Suvda erimaydigan moddalarga qaraganda, suvda eriydigan moddalar odatda har qanday turdagi reaksiyalarda faolroq va to‘liqroq ishtirok etadi).

Masalan, marvarid donasini kislotaviy eritmaga (masalan uksusga) tashlab qo‘yilsa, u asta-sekinlik bilan kislota bilan birika boshlaydi va parchalanishga kirishadi. Zargarlar va qimmatbaho toshlarni ekspertiza qiladigan mutaxassislar asl marvaridni qalbakisidan farqlab olish uchun aynan shu usulni qo‘llaydilar.

Biologiyada korallar deb ataluvchi dengiz jonivorlarining butun boshli turkumi o‘rganiladi. Ularning skleti kalsiy karbonatidan iborat bo‘lib, juda xilma-xil va g‘alati ajoyib shakllarga kirishi bilan odamlarni hayratga soladi. Bunday korallar iliq suvli kichik dengizlarda yashaydi. Ekvator yaqinidagi okean suvlarida hosil bo‘lgan korall riflarining asosiy qismi aynan shunday korallarning nobud bo‘lgandan keyingi ustma-ust to‘planib ketgan skletidan hosil bo‘lgan.

Foraminifer deb nomlanuvchi mikroskopik jonzotlarning ham skleti kalsiy karbonatidan tashkil topgan bo‘ladi. Shunday jonivorlardan trillion-trillionlarining skletlari millionlab yillar mobaynida dengiz va ummonlar tubida to‘planib borib, qatlam-qatlam bo‘lib ketadi va ulkan tepaliklar, qoyalar hosil qilishi mumkin. Tilga olib o‘tilgan Duvr bo‘r qoyalari aynan shunday tarzda shakllangan. Olimlarning fikricha, Yerda mavjud kalsiy karbonatining deyarli barcha zahirasi qachonlardir, millionlab yillar muqaddam yashab o‘tgan shunday jonzotlarning sklet qoldiqlaridan bizga yetib kelgan bo‘lishi ehtimoli katta ekan. Agar bu taxmin o‘rinli bo‘lsa, demak, bunday jonzotlar aqlga sig‘mas darajada ko‘p miqdorda yashab o‘tgan bo‘lib chiqishi kerak. Chunki, yer qobig‘idagi kalsiy karbonatining hammasi hisoblansa, qobiqning umumiy massasining 3,5% qismini tashkil qiladi.

Yer ostida to‘planib yotgan kalsiy karbonat zaxiralari juda sekinlik bilan bo‘lsa-da, boshqa cho‘kindilar, xususan, yer ustidan sizib keladigan yomg‘ir va qor suvlari ta'siriga tushib boradi. Yomg‘ir suvlari odatda yerga shimilar ekan, o‘zi bilan birgalikda, atmosferadan ilashtirib olgan uglekislotani olib kiradi. Uglekislotali yomg‘ir suvlari yer qa'rida qalashib yotgan ohaktoshli jinslarni, xususan, kalsiy karbonatini o‘zgarishga majbur qiladi. Kalsiy karbonati shu tarzda yerga shimilgan yomg‘ir suvlari va uglekislota bilan ta'sirlashib, kalsiy bikarbonatga aylanadi. Kalsiy bikarbonati suvda nisbatan yaxshi eriydi. Uning shu jihati yer ostida yirik bo‘shliqlar, yerosti g‘orlari hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Meksikaning Yukatan yarimoroli hamda, AQSHning Kentukki shtatidagi Mamont g‘orlari aynan shu tarzda, ya'ni, yer ostida to‘plangan kalsiy bikarbonatning erib ketishi natijasida, uning o‘rnida qolgan bo‘shliqlar tufayli hosil bo‘lgan. Shuning uchun bunday g‘orlar ohaktoshli g‘orlar deyiladi. Bunday g‘orlarda juda chiroyli va hayratomuz tabiiy shakllarni uchratish mumkin. g‘or ichida tarkibida kalsiy bikarbonati bo‘lgan suv oqib-tomib turadigan joylarda, unda erigan kalsiy bikarbonat yillar davomida ustma-ust to‘planib borib, haykallarga o‘xshash ajoyib manzarali shakllar hosil qiladi. Bunda suv bug‘lanib ketishi natijasida, uning tarkibida erigan kalsiy bikarbonati qattiq holga keladi. Agar, televizor orqali namoyish etilgan ilmiy-ommabop dasturlarda shunday g‘orlar haqida ko‘rsatuvlarni ko‘rgan bo‘lsangiz, albatta g‘or shiftidan osilib turgan shunday ohaktoshli sumalaklarni ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. o‘sha sumalaklar aynan kalsiy bikarbonatidan tashkil topgan bo‘ladi. g‘or shiftidan osilib turgan kalsiy bikarbonatili sumalaklarni fanda stalaktitlar deyiladi. Shiftdan tomgan suv orqali g‘or sahnidan yuqoriga o‘sib borgan kalsiy bikarbonat ustunlarni esa stalagmitlar deyiladi.

Agar kalsiy karbonatini kuchli qizdirilsa, unda bir atom uglerod va ikki atom kisloroddan iborat karbonat angidrid gazi ajralib chiqadi. Natijada, avvalgi modda o‘rnida, molekula tarkibi bir atom kalsiy va bir atom kisloroddan iborat kalsiy oksidi qoladi. Quruvchi-ustalar va bo‘yoqchi-pardozchilar tilida bu moddani so‘ndirilmagan ohak deyiladi. Jumladagi "so‘ndirilmagan" so‘zi ushbu moddaning yonishini ifodalamaydi. Aksincha, bir marta bo‘lsa ham ohak tayyorlab ko‘rgan odam yaxshi biladiki, bunday so'ndirilmagan ohak suv bilan faol reaksiyaga kirib, o‘ziga suvni singdira olishi nazarda tutiladi. So‘ngan ohakdan farqli ravishda, so‘ndirilmagan ohak suvni ko‘p miqdorda va shiddat bilan o‘ziga yuta oladi. Jarayonda kuchli issiqlik ajralib chiqishi ro‘y beradi. Issiqlik shu darajada bo‘ladiki, undan kuyib qolish ham hech gap emas. Ushbu qurilish va pardozlash ashyosini oddiy odamlar "kalsiy oksidi" yoki, "so‘ndirilmagan ohak" deb o‘tirishmaydi, balki shunchaki ohak deb qo‘ya qolishadi. Aslida elementning nomi - "kalsiy" ham qadimgi Rimliklar tilidagi "calx" - ya'ni, ohak so‘zidan olingan.

Kalsiy oksidi - avvalgi zamonlarda kimyogarlar yerlar deb atagan moddalar turkumiga kiradi. Bular qiyin eriydigan oksidlardir. Bunday oksidlarga masalan, alyuminiy oksidi, temir oksidi va kremniy dioksidini misol qilib keltirish mumkin. Kalsiy oksidiga suv qo‘shilsa, kalsiy gidrooksidi, yoki so‘ngan ohak hosil bo‘ladi. Kalsiy gidrooksidi asoslar turkumiga kiradi. Kalsiy gidrooksidi suv bilan birikkach, asos hosil qilgani uchun, uni ishqoriy yer deb ataladi. Shu sababga ko‘ra, kalsiy va unga o‘xshash metallarni ishqoriy yer metallari deyiladi.

Kalsiy oksidi 2500 °C da eriydi. Oddiy gulxan bilan uni eritib bo‘lmaydi. Olovga tashlangan kalsiy oksidi tufayli alanga yorqin oq rangda yona boshlaydi. Avvallari, hali elektr chiroqlari ixtiro qilinmagan zamonlarda teatr sahnalarini yoritish uchun sahna ustalari shu tarzda oq alanga hosil qilib, uning nuridan foydalanishardi. Bunday chiroqlarni sahnaning zalga eng yaqin qismiga, oldiga o‘rnatilgan va usti maxsus panjara - rampa bilan o‘rab qo‘yilgan.

Ayrim xossalariga ko‘ra, kalsiy gidrooksidi, natriy va kaliy gidrooksidlaridan ko‘ra kuchliroq asos hisoblanadi. Bir unsiya (taxminan ≈30 gramm) kalsiy gidrooksidi, shuncha miqdordagi natriy gidroksidiga nisbatan 10% ko‘proq kislotani neytrallay oladi. Ayni taqqoslashni kaliy gidroksidiga nisbatan olsak, unda kalsiy gidrooksidi kaliy gidrooksididan ko‘ra 50% ko‘proq kislotani neytrallay oladi. Bu o‘rinda ham, eruvchanlik eng asosiy o‘rinni egallaydi.

Ma'lumki, ko‘p moddalar suvda eriydi. Shakar choyda erib, uni shirinchoy holiga keltiradi. Ovqatga tuz qo‘shilganda, tuz ham taom tarkibida erib, unga maza kiritadi. Yana ayrim turkum moddalar esa suvda erimaydi. Masalan, qum, shisha, yoki, kalsiy karbonati ham suvda erimaydi.

Natriy va kalsiy gidrooksidlari suvda juda yaxshi eriydi. 1 litr suvda 500 grammdan ziyodroq natriy gidrooksidi va 1 kg dan ortiqroq kaliy gidroksidini eritish mumkin. Shunday tarzda olingan eritmani kuchli asos eritmasi deyiladi.

Kalsiy gidrooksidi esa juda yomon eriydi. 1 litr suvda ko‘pi bilan 0,075 gramm kalsiy gidrooksidni eritish mumkin xolos. Shu sababli, kalsiy gidrooksidi eritmasi (uni shuningdek ohakli suv ham deyiladi) shunchaki, mo‘tadil kuchli asos deyiladi. Kalsiy gidroksidining aynan o‘zi juda kuchli asos bo‘lsa ham, eritma holida u kuchli bo‘la olmaydi.

Ohakli suvdagi uglerod dioksidi juda kam miqdordagi kalsiy gidrooksidi bilan ham birikib olaveradi va kalsiy karbonati hosil qiladi. Kalsiy karbonati esa, kalsiy gidroksididan ham yomonroq eriydi. Karbonat angidrid gazi ta'sirida kalsiy karbonat hosil bo‘lishi bilanoq, u oq kukun ko‘rinishida, eritma turgan idish tubiga cho‘ka boshlaydi. Agar ohakli suvga ingichka naycha orqali og‘izdan havo puflansa, ohakli suv bir zumda qaymoqrangli, yoki, sut rangidagi eritmaga aylanadi. Kimyo darslarida avvallari shu usul bilan, odam chiqarayotgan nafas tarkibida karbonat angidrid gazi mavjudligini namoyish qilib ko‘rsatilar edi.

Qurilish qilgan, yoki hech bo‘lmasa, qurilish ishlarini kuzatgan kishilar, ohakning qurilish uchun muhim moddalardan biri ekanini juda yaxshi bilishadi. Ohakni suvda so‘ndirib olingach, oppoq eritma hosil bo‘ladi. Bunda idish tubida kalsiy gidrooksididan iborat cho‘kma hosil bo‘ladi. Ohak eritmasini yaxshilab aralashtirib yuborilsa, nisbatan quyuq ko‘rinishdagi, ohakli suspenziya hosil bo‘ladi. Devorni, yoki daraxt tanasini ohaklaganda, o‘sha kalsiy gidrooksidi devor yoki daraxt tanasi yuzasi bo‘ylab yupqa qatlab hosil qilib, o‘rnab qoladi. Surtilgan kalsiy gidrooksidi devor sirtida turib, yon-atrofdagi atmosferada doimiy mavjud uglerod dioksidi bilan darhol birika boshlaydi tezkorlik bilan kalsiy karbonatiga aylanadi. Kalsiy karbonati esa, devor va daraxtga mustahkam yopishib qoladi. Kalsiy karbonatining suvda erimasligi tufayli, uni eng shiddat bilan yoqqan yomg‘ir ham yuvib ketmaydi.

Kalsiy gidroksidini qurilish qumi bilan muayyan nisbatlarda aralashtirib, quruvchi ustalar, bino va inshootlarni qurishda g‘isht terish uchun ishlatiladigan qorishma hosil qilishadi. Bunda ham, qorishma tarkibidagi kalsiy gidrooksid, havodagi karbonat angidrid gazi bilan ta'sirlashib, kalsiy karbonatiga aylanadi va o‘z ostidagi va ustidagi g‘ishtlarni o‘zaro mustahkam jipslashtirib qo‘yadi. Shu tarzda, g‘ishtlar bir-butun yaxlit devorga aylanadi va mustahkam sobit turadi.

Ba'zan quruvchilar suv ostida ham qotadigan qorishmaga ehtiyoj sezishadi. Masalan, ko‘priklar qurilishida, yoki, sohilbo‘yi inshootlarini barpo qilishda, muayyan qurilish ishlarini suv ostida ham bajarishga to‘g‘ri keladi. Suv ostida yuqorida aytilgan qorishma yaramaydi. Chunki uning qotib, mustahkam bo‘lib qolishi uchun havodagi uglerod dioksidi gazi kerak. Suv ostida ham qotadigan qorishmani esa quruvchilar sement deyishadi. Sement bu - ohak va gil aralashmasi bo‘ladi. Bunday aralashmaga suv qo‘shilganda, ohak va gil bir-biri bilan va suv bilan birikib, kalsiy alyumosilikati hosil qiladi. Sement esa, bilasizki qurilishdagi eng benazir xom-ashyolardan sanaladi. Sement birinchi navbatda poydevorlar quyish va seysmik chidamli konstruksiyalar (seysmopoyas) quyishda, to‘g‘onlar qurishda benazir ashyodir. Sementning mustahkamligini orttirish uchun unga shag‘al va tosh qo‘shiladi. Shunday sementli-shag‘alli-toshli qorishmani biz beton deb ataymiz. Shunday betonni temir konstruksiyalar (masalan, armatura ustunlari) atrofiga quyib chiqilsa, natijada juda mustahkam temir-beton quymasi hosil bo‘ladi. Temir-beton quymasi shu darajada mustahkam bo‘ladiki, uning vositasida butun boshli daryolarni to‘sib qo‘yib, to‘g‘onlar barpo qilish mumkin.

Kalsiy oilasiga mansub yana bir qurilish ashyosi - suvoq gipsi, yoki, alebastr moddasidir. Jiddiy atamalar bilan to‘lib-toshgan ilmiy tilda esa uni kalsiy sulfatining yarim gidrati deyiladi. Suvoq gipsiga suv qo‘shilsa u oddiy gipsga, ilmiy til bilan aytganda esa, kalsiy sulfati digidratiga aylanadi. Ushbu modda kimyoviy nuqtai nazardan qaralganda, ikki molekula suv va bir molekula kalsiy sulfatidan iborat bo‘ladi. Odatda suvoq gipsi quruq va mayin oq kukun ko‘rinishida bo‘ladi. Uni suv bilan aralashtirilgach, ya'ni, u haqiqiy gipsga aylangandan so‘ng, nihoyatda mustahkam, qattiq moddaga aylanadi. Bunday gipsni hali nam holatida, ya'ni, loy holida muayyan shakllarga keltirib qo‘yilsa, u qotib, o‘ziga berilgan shaklni mustahkam saqlab qoladi. Bunday gipsdan turli shakllarni quyma modellarini tayyorlash, binolarga ichki va tashqi bezak berish va tibbiyotda - singan suyaklarni qimirlamaydigan qilib, qo‘zg‘almas shaklda bog‘lash uchun foydalaniladi. Shuningdek, kichik quyma haykalchalar, poyabzallarning kauchuk va rezina tagcharmlari (podosh) quyiladigan shakllarning dastlabki formasini tayyorlashda avvalo gipsdan shakl chiqarib olinadi.

Gips tabiatda oq massa ko‘rinishidagi mineral shaklida ko‘proq uchraydi. Ustalar ishlatadigan alebastr aynan o‘sha turdagi gipsni qayta ishlash orqali olinadi. Shuningdek, maktab doskasiga yozish uchun ishlab chiqariladigan bo‘r ham shunday mineral gipsdan tayyorlanadi.

Kalsiyning keng tarqalgan minerallaridan biri - kalsiy xloridi bo‘lib, uning molekulasi bitta kalsiy atomi va ikkita xlor atomlaridan iborat bo‘ladi. Ushbu moddaning ajoyib xususiyati shundaki, u atrof-muhitdan va ayniqsa, havodan namlikni o‘ziga tortib olish bo‘yicha eng yaxshi vositalardan biri sanaladi. Bu ayniqsa qishloq joylardagi va cho‘l hududlaridagi avtomobil yo‘llarini chang-to‘zondan himoyalashda qo‘l keladi. Ko‘p changiydigan chang ko‘chalarda yo‘lga va yo‘l chetlariga kalsiy xloridi kukuni sochib qo‘yiladi. Bu kukun esa, havodagi namlikni o‘ziga tortib olgani sababli, o‘zi ham ho‘l holatda, doimo namchil turadi. Natijada, atrof-muhitdagi chang, ushbu namga o‘tirib qoladi va to‘zg‘imaydigan bo‘ladi. Agar chang ko‘chalarda bunday ehtiyot chorasi ko‘rilmasa, tinimsiz o‘tib turuvchi avtomobillar oqimi chang-to‘zonni muttasil to‘zitib turadi va birinchidan, o‘sha joyda nafas olayotgan odamlarning salomatligiga salbiy ta'sir qiladi; qolaversa, yo‘lni yaxshi ko‘rinmaydigan qilib, haydovchilarning ko‘zini chalg‘itadi.

Oddiy shisha tarkibida ham, natriy silikati bilan birgalikda, kalsiy silikati mavjud bo‘ladi. Natriy silikatining o‘zini mutaxassislar suyuq shisha deb ham atashadi. Chunki u suvda yaxshi eriydi. Shu sababli, natriy silikatining aynan o‘zidan shisha idishlar tayyorlab bo‘lmaydi (axir bunday shishaga suv quysa, u idishni o‘zini eritib yuboradi). Shishani suvda erimaydigan qilish uchun, o‘sha natriy silikatiga kalsiy silikati aralashtiriladi va maxsus qorishma hosil qilinadi. Shishasozlar bunday shishani tayyorlash uchun, qum, soda va ohakni birgalikda 1300 °C gacha qizdirishadi. Bunda qumdan - silikat, sodadan - natriy va ohakdan kalsiy olinadi. Shu tarzda, turmushda keng qo‘llaniladigan shisha tayyorlanadi. Oddiy shishani mutaxassislar tilida natriy-silikatli shisha deyiladi.

Natriy silikatli shishaning o‘tga chidamliligi kundalik turmush uchun, uy-ro‘zg‘or uchun kifoya qiladi. Lekin, masalan, laboratoriya ishlari singari maxsus amaliyotlardagi ba'zi sharoitlarda harorat va bosimga bardosh bera olmasligi mumkin. Bunday holatlar uchun shishaning boshqacha turi - ohakli shisha ishlab chiqariladi. Ohakli shisha natriy-silikatli shishaga qaraganda, pishiqroq va yuqori haroratlarga chidamli bo‘ladi. Bunda ham yuqorida aytilgan xom-ashyolar, ya'ni, qum va ohak ishlatiladi. Faqat bu safar sodaning o‘rniga potash, ya'ni, kaliy qo‘shiladi.

Oddiy shishani sayqallash ham biroz mushkul. Uning sirtida dag‘alliklar qolib ketadi va ichkarisi ham bir tekis bo‘lmay, balki to‘lqinsimon ko‘rinishda, qavariq-botiq bo‘lib qoladi. Bunday shisha orqali buyumlarga qaralsa, tasvir aslidagidan buzib ko‘rsatiladi. Agar, egri ko‘zgular o‘rnatilgan xandonxonalarda bunday shisha-ko‘zgulardan atayin foydalanilsa, biroq, boshqa joylarda, masalan, uylarning derazalarida va avtomobil oynalaridan bu kabi shishani qo‘llash yaramaydi. Bunday bo‘lmasligi uchun shishaga maxsus ishlov berish kerak.

Ikki qatlam shisha orasiga yupqa va shaffof plastik qistirib qo‘yilsa, bunday shisha sinmaydigan bo‘lib qoladi. Albatta, bunday shisha ham shisha qattiq zarb bilan urilsa, parchalanib, maydalanib ketadi. Lekin uning siniqlari juda mayda bo‘laklarga parchalanib ketadi. Agar oddiy shisha sinsa, u odatda katta-katta bo‘laklarga, yirik siniqlarga bo‘linadi xolos. Bunday shisha siniqlari esa kesgir va sanchiluvchan bo‘lib qoladi. Sinmaydigan shishani ayniqsa avtomobillar peshoynalari uchun qo‘llansa, haydovchi va yo‘lovchilar xavfsizligi uchun katta ahamiyat kasb etadi. Chunki, oddiy shishadan farqli ravishda, sinmaydigan shisha zarb ta'sirida parchalansa ham, u kesmaydigan va sanchilmaydigan tarzda, juda mayda bo‘laklarga parchalanib ketadi. Shu tarzda, avtomobil ichidagilarning shisha siniqlaridan jarohatlanishi oldi olinadi.

Suvoq, yoki, terilgan g‘isht ustiga yupqa shisha qatlam berilsa, chiroyli va yarqiroq pardoz bezagi yuzaga keladi. Bunday bezakni glazur deyiladi. Glazurga maxsus moddalarni qo‘shish orqali, unga turli ranglar berish, yoki, shaffof holga keltirish mumkin. Shaffof bo‘lmagan glazurni emal deyiladi. Uy-ro‘zg‘orda ishlatiladigan metalldan tayyorlangan oshxona anjomlarining aksariyati sirti emallangan bo‘ladi. Emal - metall buyumlarni zanglashdan saqlaydi va tashqi ko‘rinishini ham chiroyli holatga keltiradi.

Kalsiyning boshqa turkum birikmalari - tirik tabiat, shu jumladan odam hayoti uchun ham muhim ahamiyatga ega bo‘lgan zaruriy moddalar sanaladi. Masalan, qishloq xo‘jaligi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan mineral o‘g‘it - superfosfat o‘g‘itining tarkibi - kalsiy fosfati va kalsiy sulfatidan iborat. Shuningdek, kalsiyning nitrati va oksidi aralashmasi ham yaxshi o‘g‘it sanaladi.

Kalsiyning odam organizmi uchun eng muhim ahamiyati esa - sklet suyaklarining asosan ushbu elementdan tashkil topganligidir. Suyaklarimizning asosiy tarkibiy qismi bu - kalsiy fosfati moddasidan iborat. Shuningdek, suyakda nisbatan kamroq miqdorda kalsiy karbonati ham mavjud bo‘ladi. o‘rtacha gavdali, voyaga yetgan odamning skletida 1 kg dan ziyodroq miqdorda kalsiy mavjud bo‘ladi (shuningdek, 500 gramm atrofida fosfor elementi ham). Fosfor - yumshoq to‘qimalar tarkibida ham uchraydi. Lekin, kalsiy faqat suyaklarda mavjud bo‘ladi xolos. Shu sababli, fiziologlar va biokimyogarlar kalsiyni "suyak elementi" deb ham atashadi.

Yuqorida bayon qilingan ma'lumotlarga tayanib, kalsiy - faqat foydali element ekan degan xayolga borish mumkin. Lekin, aslida kalsiy doim ham foydali bo‘lavermaydi. Uylarimizda jo‘mrakdan oqayotgan ichimlik suvining sifati yaxshi bo‘lsa, u ichishga ham oson, yutimi yumshoq va yuvinishga ham qulay bo‘ladi. Sifati yaxshi bo‘lgan suvda sovun ham yaxshi gupuradi. Bunday suvda odatda yot aralashmalar miqdori juda kam bo‘ladi. Yaxshi sifatli suvni asosan yomg‘ir va qor suvlaridan to‘yingan tog‘ ko‘llari suvlaridan olinadi.

Daryolar va pasttekisliklardagi ko‘llar suvlari esa tuproq va oqiziq jinslar bilan aloqada bo‘lgan bo‘ladi. Buning oqibatida esa, bunday suvlarda tuproq va loy tarkibidagi kalsiy birikmalari juda oz miqdorda bo‘lsa-da, harholda eriydi va suv tarkibiga aralashib ketadi. Tarkibida erigan kalsiy birikmalari mavjud bo‘lgan suvda qo‘lni sovunlab yuvilganda, suvdagi kalsiy birikmalari va sovun molekulalari o‘zaro reaksiyaga kirishib, kalsiyli sovun hosil qiladi. Bunday sovun esa gupurmaydi. Aksincha, u saqich singari yopishqoq bo‘lib qoladi va suvda yuvsangiz ham ketishi qiyin bo‘ladi. Kiyimga tegib qolsa bunday sovun dog‘ini ketkazish qiyin bo‘ladi. Santexnika jihozlari - vanna, unitaz va rakovina singarilarga ham kalsiyli sovun yopishib qolsa, uni tozalash juda qiyin mashg‘ulotga aylanadi. Bunday dog‘ni ketkazish uchun uni artib, yoki ishqab tozalamoqchi bo‘lsangiz, u battar xunuklashib, juda iflos ko‘rinishga kelib qoladi. Aholiga suvni mahalliy ko‘l va daryolardan olib tozalab uzatiladigan katta shaharlarda odamlarning uyida vanna va rakovinalardagi sarg‘ish xunuk dog‘lar shu tarzda paydo bo‘ladi. Bunday dog‘ paydo bo‘lishiga olib keluvchi, ya'ni, tarkibida erigan kalsiy birikmalari mavjud suvni qattiq suv deyiladi.

Qattiq suvni tegishli texnologik ishlov berish yo‘li bilan yumshoq suvga aylantirish mumkin. Agar qattiq suv tarkibidagi kalsiy birikmasi bu - kalsiy bikarbonati bo‘lsa, unda, bunday suvni yumshatish, tozalash uchun uni qaynatish kifoya qiladi. Bunda eruvchan kalsiy bikarbonati qaynash natijasida, harorat ta'sirida erimaydigan kalsiy karbonatiga aylanadi va cho‘kindi holida idish tubida to‘planib qoladi. Natijada suv tozalanadi. Kalsiyning faqat suvda eriydigan birikmalari yuqorida aytilgandek ko‘ngilni xira qiladigan dog‘larga sabab bo‘ladi. Shu tarzda, qaynatib sovutilgan qattiq suvda ham qo‘lni bemalol sovunlab yuvsa bo‘ladi. Chunki endi u dog‘ paydo qilmaydi. Qaynatish orqali yumshatish mumkin bo‘lgan suvni mutaxassislar muvaqqat qattiq suv deyishadi.

Biroq har qanday qattiq suv ham bunchalik osonlikcha bo‘yin egmaydi. Masalan, tarkibida erigan kalsiy xlorid va yoki kalsiy sulfat mavjud bo‘lgan qattiq suvni qaynatish bilan masalani hal qila olmaysiz. Bunday suvni istalgancha qaynatilsa ham, baribir u qattiq suvligicha qolaveradi. Bunday suvni doimiy qattiq suv deyiladi.

Bunday doimiy qattiq suvni yumshatish uchun, unga natriy karbonati qo‘shish kerak. Natriy karbonati qattiq suv tarkibidagi kalsiy sulfat yoki, kalsiy xloridi bilan birikib, kalsiy karbonati hosil qiladi. Natijada yana o‘sha jarayon takrorlanadi - kalsiy karbonati cho‘kib qoladi. Suvda esa natriy sulfat va natriy xloridi qoladi. Bunday suv bilan sovun reaksiyaga kirishmaydi. Natriy karbonatini uy bekalari kir yuvish kukuni sifatida yaxshi tanishadi. Natriy karbonat ham suvni juda yaxshi yumshatadi. Shuningdek suvni yumshatish uchun unga natriy fosfat, yoki ammiak qo‘shish mumkin, lekin bu tarzda yumshatilgan suvlar asosan texnik maqsadlar uchun ishlatiladi va sanoat korxonalarida foydalaniladi. Suvni yana seolit deb nomlanadigan maxsus gil tuproq vositasida ham yumshatish mumkin. Bunda, kalsiy atomlari seolit atomlari bilan birikib qoladi, ularning eritmadagi o‘rnini esa xavfsiz bo‘lgan natriy atomlari egallaydi. Hozirgi kunda kimyogar-texnologlar suvni yumshatishning yanada samarador usullarini ishlab chiqishgan. Masalan, ion-almashinuvchi polimerlar orqali suvni yumshatish, seolitdan ko‘ra ancha samarali va ishonchli chiqadi. Ion-almashinish usuli bilan suvni yumshatadigan va tozalaydigan polimerlarning hozirda shunday turlari ishlab chiqilganki, ular vositasida suvda erigan har qanday birikmalarni, jumladan, natriy xloridini ham tozalash mumkin. Bu esa, hatto dengiz suvini ham qayta ishlash orqali ichimlik suviga aylantirish imkonini beradi. Bu esa, sayyoramizdagi toza ichimlik suviga muhtoj hududlar yaqinida dengiz va okeanlar sohilida suvni tozalash inshootlarini qurish orqali, toza ichimlik suvi muammosini qisman bo‘lsa-da hal qilish imkonini bermoqda. Okeanlar bo‘ylab uzoq suzadigan kemalarda ham, ichimlik suvi masalasi aynan shu usul bilan hal qilinadi.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 04.12.2018 10:51  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Bildirilgan fikrlar   

 
+1 #1 KalsiyDilshod 2018-08-09 17:10
Tuxum puchogida kalsiy bor ekan yer unumdorligiga qanday foydasi bor
 

Sizda mulohaza qoldirish imkoniyati mavjud emas. Mulohaza qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'tish kerak.

Banner

Orbita.Uz infotekasi

Milliy bayramlarimiz

Yaqin kunlardagi rasmiy bayramlar, kasb bayramlari, muhim tarixiy va xalqaro sanalar.

26 - may - Kimyogarlar kuni


1 - iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni


5 - iyun - Iyd al-Fitr - Ramazon hayiti (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


13 - Iyd al-Adho - Qurbon hayoti kuni (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


 

1 - Sentyabr - Mustaqillik kuni. (Dam olish kuni)


2 - Sentyabr - Bilimlar kuni.


 

1 - Oktyabr - Ustoz va murabbiylar kuni. (Dam olish kuni)

O'zbekiston shaharlari ob-havo ma'lumotlari

Orbita.Uz do'stlari:

Ziyo istagan qalblar uchun:

O'zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona!

​Ўзбекча va o'zbekcha o'zaro transkripsiya!
O'zbekcha va ўзбекча ўзаро транскрипция!

Bizning statistika


Orbital latifalar :) :)

????????????????????????

Kimyo o'qituvchisi Boltavoyga savol beryapti:

-Boltavoy, doskada qaysi moddaning formulasi yozilgan?

Boltavoy vaziyatdan chiqmoqchi bo'lib:

-Domla, shu tilimni uchida turibdiyu, aytolmayapman-da!

Shunda domla rangi oqarib, titroq ovoz bilan:

-Tez tupurib tashla! Axir bu zaharli kislota-ku!!!


Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 880
O'qilgan sahifalar soni : 10910212

Tafakkur durdonalari

Ilm-Fan Taraqqiyotni yetaklovchi kuchdir!