Orbita . U Z

...Ilm-fan fazosi uzra!

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa Horijlik olimlar Sofya Kovalevskaya (1850-1891)

Sofya Kovalevskaya (1850-1891)

E-mail Chop etish PDF
Maqola Reytingi: / 10
Juda yomon!A'lo! 

 Sofya KovalevskayaSofya Kovalevskaya (1850-1891)

Odatda matematiklar ichida yozuvchilik mahoratiga ega, hamda, siyosatga ham aralashib turadiganlari juda kamdan-kam uchraydi. Biroq, aynan shunday serqirra matematiklardan bir nechtasini tarix guvoh bo‘lgan. Misol uchun, Unabomber laqabli yovuz qo‘poruvchi jinoyatchining asl ismi Teodor Kachinskiy bo‘lib, kallasini yaxshilik uchun ishlatmagan bu iflos aslida yetuk matematik bo‘lgan. Shuningdek, Andre Blox ismli kuchli matematik ham, o‘z mutaxassisligi bilan emas, balki jinoyatchiligi bilan ko‘proq nom chiqargan. Bunday misollardan yana ko‘plab keltirish mumkin. Lekin, keling shular bilan cheklana qolamiz. Bizning hikoyamiz esa Sofya Kovalevskaya haqida bo‘ladi.

 

Bepoyon Rossiyadan Yevropaga

Markaziy Yevropaning aksar shaharlarida hali-hanuzgacha, vengr qiroli Matyash I Korvinni (1443-1490) yaxshi gaplar bilan eslashadi. Uning taxallusi "Adolatparvar" bo‘lgan. Oddiy xalq vakillari ushbu qirolni o‘ta kamtarligi va hammaga barobar adolatli bo‘lganligi uchun qattiq hurmat qilishgan. Naql qilinishicha, Matyash I oddiy juldur kiyimlarni kiyib, omma orasiga kirib borishni va avom xalqning ahvoli bilan shaxsan tanishishni odat qilgan ekan. U shaharlardagi odam gavjum joylarga borib, duch kelgan notanish odam bilan yaqindan suhbat qurar, mamlakat va jamiyat ahvolini oddiy fuqarolar nazari bilan tahlil qilishga urinar ekan. Bizning ushbu sahifadan boshlangan hikoyamiz qahramoni - Sofya Kovalevskaya ham shajarasiga ko‘ra aynan Matyash I ning avlodi sanaladi. Sofya Kovalevskayaning tug‘ilgandagi asl ism-familiyasi Sofya Korvin-Kurkovska bo‘lib, u 1850-yilning 15-yanvar (o'sha paytdagi taqvim bo'yicha esa 3-yanvar) sanasida Moskvada tug‘ilgan. Uning otasi armiya generali bo‘lib, iste'foga chiqqach, oilasi bilan mamlakatning Litva bilan chegarasida joylashgan Polibino yer-mulkiga ko‘chib o‘tishgan. Sofyaning ota-onasi Shubert familiyasi bilan Rossiyada nom chiqargan bo‘lib, ular odatda farzandlaridan alohida yashashgan. Buning sababi, harbiy otaning odatda ko‘pincha boshqa joylarda xizmat o‘tagani bilan bog‘liqdir. Oilada farzandlarning tarbiyasi va ta'limi bilan asosan bobosi va enagalari mashg‘ul bo‘lishgan.

Sofya Kovalevskayaning bobosi matematika va astronomiyaga juda qattiq qiziqadigan, ziyoli odam bo‘lib, nabirasidagi matematik ishtiyoqni aynan u paydo qilgan bo‘lsa kerak. Shubert oilasi badavlat oilalar sirasiga kirgan va farzandlarining ta'minotida ham hech narsadan pul ayashmagan.

o‘sha paytlarda badavlat xonadonlarda har bir xonalarni jimjimador naqshinkor gulqog‘oz bilan bezash urf bo‘lgandi. Boylar bu borada kimo‘zarga poyga o‘ynashga ham o‘tib ketishgan. Ayrim xonadonlarda uyning har bir qismi, hatto omborxonalarni ham qimmat gulqog‘ozlar bilan bezashdan tiyilishmasdi. Albatta Shubertlar oilasi, ya'ni, Korvin-Kurkovskilar ham birovdan kam bo‘lgilari kelmagan va uylaridagi har bir xonani, jumladan, bolalar xonalarini ham qimmatbaho gulqog‘oz bilan bezashni maqsad qilishgan. Biroq, yirik shaharlardan ancha uzoqda joylashgan Polibino yer-mulkiga ko‘plab tovarlar, xususan, gulqog‘ozlar ham yetib kelishi qiyin bo‘lib, buyurtmani oylar mobaynida kutishga to‘g‘ri kelardi. Shu sababli, Korvin-Kirkovski xonadonida bolalar xonasi bitkazilgach, xona devorlarini bezatishga buyurtma qilingan gulqog‘oz yetib kelgunicha, uning o‘rniga vaqtincha boshqa narsa yopishtirib qo‘yishga qaror qilingan. Aynan shu qaror yosh Sofya uchun eng katta ta'sir o‘tkazgan muhim qadam bo‘lgan edi. Gap shundaki, devorga qog‘oz yopishtirishni maqsad qilgan ustalar allaqayerdan eski matematika kitobini topib kelib, uning sahifalarini devorga yelimlab chiqishgan. Ular yopishtirgan ushbu sahifalar yetuk matematik Mixail Ostragradskiy (1801-1861) qalamiga mansub differensial va integral hisoblashlarga oid kitob bo‘lgan. o‘z xonasi bitkazilgach, Sofya albatta gulqog‘ozning jimjima naqshlariga emas, balki unda yozilgan turli formulalar va chizilgan grafiklarga mahliyo bo‘lib qolgan. To‘g‘ri, bolalik chog‘larida Sofya bu narsalarni hali tushunmasdi, lekin, har kuni beixtiyor uning ko‘z o‘ngida integrallash va differensiallashga oid tafsilotlar yoritilgan ulkan darslik yoyilardi.

Sofya asosan bobosi bilan matematika bo‘yicha shug‘ullanib, bilimlarini muttasil oshirib borgan. Uning fikrlash va mantiqiy xulosalash qobiliyati ajoyib shakllangan bo‘lib, o‘smirlik chog‘laridayoq o‘zining o‘tkir zehni va kuchli xotirasi bilan barchani lol qoldirardi. Kunlarning birida, Korvin-Kirkovski xonadonida tez-tez mehmon bo‘lib turuvchi fizika professori Tirtov, Sofyaga o‘zining yaqindagina nashrdan chiqargan fizika kitobini sovg‘a qiladi. Kitobning boblaridan biri optikaga bag‘ishlangan bo‘lib, ushbu bobda trigonometrik formulalar juda ko‘p qo‘llanilgan edi. Sofya kitobni o‘smirlarcha qiziqish bilan, mehmonning huzuridayoq apil-tapil ochib ko‘radi va tezkorlik bilan ko‘zdan kechiradi. Uning trigonometrik formulalar bo‘ylab shoshib ko‘z yugurtirishidan kulimsiragan professor qizaloqqa shoshmaslikni maslahat beradi. Lekin Sofya tezkorlik bilan hamma formulalarni tekshirib chiqar ekan, ularda yashiringan ko‘plab yangi xulosalarni professorga bayon qilib beradi. Ya'ni, Sofya optika qolib, kitobda optika hodisalarini tushuntirish uchun qo‘llanilgan trigonometrik kombinatsiyalarning mohiyatini tahlil qilib ketgandi. Tirtovning keyinchalik eslashicha, o‘shanda o‘smir yoshda bo‘lgan Sofya Korvin-Kurkovska, trigonometriyaga oid hatto professor ham bilmaydigan va kitobda umuman eslab ham o‘tilmagan ayrim xulosalarni mustaqil keltirib chiqargan ekan.

Albatta, professorning cheksiz hayratiga sabab bo‘lgan ushbu hodisaning aslida o‘ziga yarasha muhim asos-tayanchi bor edi: Sofya shunchalik qobiliyatli qiz bo‘lganki, u elementar trigonometriyani birovning ko‘magisiz, darsliklardan o‘zi mustaqil o‘rganib olgan. Tirtov o‘zini lol qoldirgan qizni zudlik bilan mamlakatning biror nufuzli oliy o‘quv yurtiga joylashtirish kerak deb hisoblagan va bu borada Sofyaning otasiga o‘z yordamini taklif qilgan. Biroq, harbiylarcha fikrlaydigan ota qizining biror ilmiy yo‘nalishni, ayniqsa, matematikani egallashini istamagan. U qizini hamma oliynasab xonimlar singari, zodagon oyimtilla bo‘lib voyaga yetishini xohlagan. Uzoq avrashlardan so‘ng, Tirtov baribir Sofyaning otasini ko‘ndirishga muvaffaq bo‘ladi va uni Sankt-Peterburgda o‘qish uchun olib ketadi.

Sankt-Peterburgda Sofya o‘ziga bolaligidagi xona devorlaridan tanish bo‘lgan Ostragradskiy kitobining bus-butun saqlangan nusxasini topib, undagi differensial va integral hisob tafsilotlarini qunt bilan o‘rgana boshlaydi. Uning ijodiy-mantiqiy qobiliyati faqatgina matematika bilan bog‘lanib qolmasdan, balki adabiyot sohasida ham juda yaxshi shakllangandi. Sofya har qanday tafsilotni ajoyib badiiy bezaklar orqali mahorat bilan bayon qila oladigan yozuvchi ham bo‘lgan. Shuningdek qahramonimiz sayohat qilishga ham orzumand bo‘lib, biroq, qattiqqo‘l otasi unga Sankt-Peterburgni tark etishni ta'qiqlab qo‘ygan.

Sankt-Peterburgda Sofyaning taqdiriga mashhur yozuvchi Fyodor Dostoyevskiy ham aloqador bo‘lib qoladi. Dostoyevskiy bilan Sofyaning opasi Anya yaqindan tanish bo‘lib, ular aksar rus ziyolilari singari faol fuqarolik pozitsiyasi - nigilizm tarafdorlari bo‘lishgan. Dostoyevskiy esa nigilistlar to‘garagining faol rahbarlaridan bir edi. o‘sha paytlarda Rossiyada qizlar faqat otasining ruxsati bilangina chet ellarga chiqishi mumkin bo‘lgan. Bundan tashqari ham, turmushga chiqmagan qizlarning huquqlarini cheklovchi ba'zi tartib-qoidalar mavjud edi. Shu sababli, ayniqsa chet ellarda o‘qishni istagan qizlar ko‘pincha orzulariga yetolmay qolib ketaverishgan. Boz ustiga, nafaqat qizlar, barki yigitlar uchun ham ayrim cheklovlar bo‘lib, eng katta huquq egalari faqat voyaga yetgan va oilali shaxslar bo‘lishgan. Lekin, XIX asring 70-80 yillaridan boshlab ilg‘or fikrli va iqtidorli rus yoshlari bu masalaga o‘ziga xos yechim topa boshlashgan: yoshlar er-xotinlik huquqlariga ega bo‘lish va bundan pasport olish hamda, chet ellarga chiqish masalalarida foydalanish uchun, o‘zaro soxta nikohlarga kirishishgan. Ya'ni, bunda yigit va qiz nikohdan rasman o‘tadi; lekin, ular amalda boshqa-boshqa yashayveradi. Bunday nikohlar har ikki tarafning roziligi asosida, avvaldan shartlashib va yotoq hayotiga da"vo qilmaslikka qasam ichgan holatda tuzilgan. Bunday nikohlardan ayniqsa qizlar ko‘proq manfaatdor bo‘lishgan. Chunki, nikoh qayd qilinganligi haqidagi belgisi mavjud pasport bilan ayol kishi chet ellarga istagancha chiqib qaytishi mumkin bo‘lgan. Bunday nikoh egasi bo‘lgan qizlar uchun ustuvor huquqlar " otasining emas, balki rasmiy "erning‘ roziligi asosida tayinlangan.

Albatta, yoshlar orasida urf bo‘layotgan va chet ellarga chiqish uchun eng yaxshi imkoniyat sanalgan bunday soxta nikohlardan Sofya ham foydalanib qolgan. Shunday nikohga rozi bo‘lguvchi yoshlar ko‘pincha birga to‘planib, o‘zlariga mos rasmiy "er" yoki, "xotin" tanlashardi. Nikoh baribir soxta bo‘lishini inobatga olib esa, yoshlar odatda shunchaki qur'a tashlash bilan muammoni hal qilishgan. Sofya ham o‘zining soxta nikohini qur"a orqali hal qilgan. Unga Vladimir Kovalevskiy ismli yosh geolog talaba to‘g‘ri kelgan. Aynan shu soxta nikohdan keyin qahramonimiz Kovalevskaya familiyasiga ega bo‘lgan. Aytish mumkinki, soxta nikoh borasida Sofyaning omadi kelgandi. Chunki, Vladimir Kovalevskiy ham ilg‘or fikrli, intiluvchan yoshlardan bo‘lib, u ham sayohat shaydosi bo‘lgan. Vladimir Kovalevskiyning Angliyada Darvin ismli yaqin tanishi bo‘lib, ular yo‘nalishlarda hamkorlik olib borishgan.

 

Taraqqiyot kurashchisi

Sofya va Vladimir Kovalevskiylarni rasmiy, lekin soxta nikohdan tashqari, yana chuqur ilmiy qiziqishlar ham o‘zaro bog‘lab turardi. Ularning har ikkisi o‘z ilmiy yo‘nalishlari bo‘yicha Yevropaning eng ilg‘or ilmiy dargohlarida ta'lim olish istagi bilan yashashardi. Ular birinchi bo‘lib Geydelbergga yo‘l olishgan. Sofya bu yerda olmon matematika maktabining so‘nggi yutuqlarini o‘zlashtirishga harakat qilgan. U bir necha yillik izlanishlardan so‘ng, Geydelberg darajasidan ham yuqoriroq matematika maktabiga ehtiyoj sezadi va Berlinga yo‘l oladi. Berlinda matematik analiz va differensial tenglamalar borasida o‘z davrining eng kuchli matematigi bo‘lgan Karl Veyershtrass faoliyat yuritardi. Biroq, Berlinda Sofya o‘zi uchun kutilmagan g‘ovga ro‘para keladi: Olmoniya poytaxtidagi nufuzli ilmiy doiralarda ayollarning ilmiy izlanishlarda qatnashishi ta'qiqlangan bo‘lib, qizlarga hatto shunchaki tinglovchi sifatida darslarda qatnashishga ham ruxsat berilmagan. Bunday sharoitda biror ayol kishining qandaydir ilmiy darajaga erishishi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emasdi.

Bu davrda Berlin matematika olamida nomi yuqorida ham eslab o‘tilgan inson, atletik jismoniy xususiyatlar va ajoyib matematik mantiq egasi, o‘z davrining buyuk olimlaridan bo‘lmish Karl Veyershtrass hukmronlik qilgan. Veyershtrass amalda o‘zi yetishgan matematik bo‘lib, matematikaning deyarli barcha sohalarini mustaqil ravishda o‘zlashtirgan. Uning nihoyatda o‘tkir zehni bilan birgalikda, o‘ta tartibli bo‘lgani, boshqalardan ham qat'iy intizomni talab qiladigan, va o‘zi ham hamma ishni aniq va puxta bajaradigan odam bo‘lganligini tarixchilar ko‘p bora qayd qilishgan.

Berlinga yetib kelgan Sofya Kovalevskaya, jinsga ko‘ra joriy etilgan ta'qiqlardan tushkunlikka tushmasdan, o‘ziga xos qat'iyat bilan, maqsadga erishish uchun harakat qila boshlagan. U mavjud ilmiy tartiblarni aylanib o‘tib bo‘lsa ham, baribir o‘zi istagan olim ' Veyershtrassdan ta'lim olmoqchi edi. Shu maqsadda u Veyershtrass huzuriga kelib, basharti, ayol kishi bo‘lgani uchun darslarga qatnasha olmas ekan, unda, olimdan uyda, xususiy tartibda dars olishni iltimos qiladi. Karl Veyershtrass ushbu ko‘hlikkina, lekin, nihoyatda jur'atli rus qizining iltimosini birdaniga rad etishdan andisha qilib, unga bir nechta o‘ta murakkab masalani berish orqali qutulmoqchi bo‘ladi. Veyershtrass "sinov uchun" qabilida bergan o‘sha masalalar aslida eng kuchli matematik mutaxassislar uchun ham qiyinlik qiladigan darajada bo‘lib, olim Sofyaning bu masalalarni hal qila olmaydi deb ishongan. U Sofya qaytib kelmaydi, yoki, qaytib kelsa ham, masalalarni to‘g‘ri yecha olmaydi deb o‘ylagan. Biroq, Sofya o‘ziga berilgan murakkab masalalarni shunchaki yechib kelmasdan, balki Veyershtrassni ham hayratda qoldiradigan darajadagi ajoyib o‘tkir matematik usullari bilan taqdim etgan. Uning qo‘llagan usullarining ayrimlari hatto professor uchun ham yangilik bo‘lgan. Veyershtrass o‘ziga shogird tushmoqchi bo‘layotgan rus qiziga munosabatini bir zumdayoq o‘zgartirgan. U qarshisidagi ayolning aqliy salohiyati aslida juda ham balandligini sezib, Sofyaga istagancha xususiy dars o‘tishga rozilik bildirgan. Ustoz-shogird bir necha yillar davomida o‘ta samarali ilmiy hamkorlik qilishgan. Veyershtrass esa, Sofyani shogird olganligi o‘z ilmiy faoliyatidagi eng katta yutuqlaridan bir bo‘lganini ko‘p ta'kidlagan.

Bir necha yillik izlanishlardan so‘ng Sofya Kovalevskaya ustozi Karl Veyershtrass rahbarligida doktorlik dissertatsiyasini yozishga qaror qiladi. Tabiiyki, u buning uchun differensial tenglamalar mavzusini tanlagan. Bir vaqtning o‘zida u Yevropaning eng nufuzli ilmiy jurnallarida ajoyib va muhim ilmiy maqolalari bilan chiqish qilib borgan. Sofya Kovalevskayaning maqolalari faqat matematik mavzular bilan cheklanib qolmasdan, balki ilm-fanning boshqa sohalarini ham qamrab olar edi. Xususan, uning Saturn halqalariga oid maqolasi Yevropa ilmiy doiralarida katta qiziqishga sabab bo‘lgan. Ushbu maqolani Sofya o‘zi mustaqil yozgan bo‘lib, undan Veyershtrassning xabari bo‘lmagan. Balki shundandir, maqolaning nomi biroz qo‘rqinchli tarzda "Laplasning Saturn halqasi shakli haqidagi tadqiqotlariga nisbatan qo‘shimchalar va izohlar" (Zusatze und Bemerkungen zu Laplaceas Untersuchungen ber die Gestalt der Saturnringe) -deb nomlangan. Ushbu maqolada muallif Saturn halqalarining shakli va tarkibi haqida so‘z yuritadi. Lekin, Sofyaning mazkur maqolasida biron-bir mukammal ilmiy g‘oya mavjud bo‘lmagan. Aksincha, maqola boshdan oxirigacha turli taxmin va gipotezalardan iborat bo‘lgan. Albatta, bunda Sofya Kovalevskayani ayblash ham noto‘g‘ri. Chunki, u paytlarda olimlar Saturn halqalari haqida deyarli hech narsa bilishmasdi va bu boradagi ma'lumotlar - faqat taxminlardan iborat edi. Biz hozirda Saturn halqalari aslida yaxlit emasligi va balki, milliardlab mayda-mayda muz va tosh bo‘laklaridan iborat tizim ekanligini yaxshi bilamiz (biz hatto u yoqqa bir necha kosmik apparatlar ham uchirganmiz). Biroq, baribir tan olishimiz kerakki, Kovalevskayaning Saturn halqalari haqidagi maqolasi o‘z davri uchun nihoyatda katta shov-shuv keltirib chiqargan. Uning Krell Jurnalida bosilib chiqishidan keyingi ovozasi Sofyaning ilmiy doiralardagi obro‘sini mislsiz oshirib yuborgan. Olimaning bunday yutuqlarini e'tirof etgan holda, matematika olamidagi eng nufuzli universitetlardan bir bo‘lgan Gyottingen universiteti rahbariyati, 1874 yilda Sofya Kovalevskayaga fan doktori darajasini berishga qaror qilgan.

Shunday yuksak ilmiy e'tiroflarga va beqiyos matematik ta'limga ega bo‘lgan Sofya uchun baribir jinsga ko‘ra joriy etilgan cheklovlar yechilmagan edi. U qanchalik yetuk matematik bo‘lmasin, baribir biror bir o‘quv yurtida dars bera olmas, hatto xususiy muallimalik bilan ham shug‘ullana olmas edi. Bularning barchasining birdan-bir sababi - uning ayol kishi ekanligida bo‘lgan. Garchi u matematika bo‘yicha ayrim universitetlarning eng kuchli professor va akademiklaridan ham o‘zib ketgan bo‘lsa-da, lekin hech bir ilmiy dargoh uni o‘z jamoasida ko‘rishni istamagan. Hatto Karl Veyershtrassdek yirik olimning obro‘si ham, o‘zining eng yaxshi shogirdi uchun Olmoniyadan ish topishga yordam bera olmagan.

Uzoq qidiruvlardan hafsalasi pir bo‘lgan Sofya vatani Rossiyaga qaytishga qaror qiladi. Biroq, Rossiyada ham olimaning ishi yurishmagan. Uni milliy an'analarni pisand qilmaydigan g‘arbparast ayol sifatida sovuq kutib olishgan. Sofya Rossiyadagi ijtimoiy muhitga ko‘nikolmay juda qiynalgan. Bu paytda uning soxta nikohdagi "eri" Vladimir ham Rossiyaga qaytgan bo‘lib, ular Sofyaning ota-onasidan qolgan meros hisobiga ish yuritish bilan yangi biznes boshlamoqchi bo‘lishgan. Biroq, oldi-sotdi masalasida uquvsizlik qilgan Vladimirning xatosi tufayli ular chuv tushishgan. Katta boylikdan mosuvo bo‘lgan Sofya bundan qattiq tushkunlikka tushgan va bir muddatga ilmiy ishlarni butunlay yig‘ishtirib qo‘yib, o‘zini adabiyotga urib yuborgan.

Bu orada soxta nikoh chinga aylanib, Vladimir va Sofya bir-birlarini rostdan ham yaxshi ko‘rib qolishadi. Meros va oldi-sotdi masalasidagi muvaffaqiyatsizlikka qaramay, ular shu choqqacha soxta bo‘lib kelgan yuzaki oilani endi haqiqatga aylantirishgan. Sofya va Vladimir allaqachon rasmiy qayd qilingan, biroq, qasamga ko‘ra soxta bo‘lib qolgan oiladan haqiqiy oilaga qadam qo‘yishar ekan, endi bir-birlariga tayanch bo‘lib, ahil yashay boshlashgan. 1878 yilda ularning oilasida qizaloq dunyoga keladi. Ular rus an'analariga ko‘ra, qizlariga ham onasining ismini, ya'ni, Sofya ismini berishgan.

Vladimir Kovalevskiy bu orada Moskva universitetiga ishga kirib, paleontologiya fanidan dars bera boshlaydi. Lekin u bir muddat universitetda ishlagach, maoshga qanoat qilmagan shekilli, ishni tashlab savdogarlikka o‘tib ketadi. Biroq, savdo-sotiq Vladimirning ishi emasdi. U Sofyaning merosi bo‘yicha bir marta yomon chuv tushganini esidan chiqarmagan bo‘lsa ham, lekin baribir to‘g‘ri xulosa chiqarmagan ko‘rinadi. Savdo va chayqovchilikning nozik farqini tushunib yetmagan Vladimir, olibsotarlik qilishni ham eplay olmagan. Bu safar ham chuv tushgan Vladimir Kovalevskiy deyarli hech vaqosiz qolib, qattiq ruhiy tushkunlikka tushib qoladi. Kunlarning birida uni o‘lik holda topishgan. Omadsiz savdogar o‘z joniga qasd qilgandi.

Ushbu dahshatli voqealardan larzaga tushgan Sofya bir muddat nima qilishini bilmay qoladi. Vanihoyat u yukini yig‘ishtirib, yana Olmoniyaga, Veyershtrass huzuriga qaytishga qaror qiladi. U Berlin yoki, boshqa biror nemis shahrida matematikadan o‘qituvchilik qilishni maqsad qilgandi. Biroq, uning bu safargi urinishlari ham bekor ketib, olima hech qayerdan ish topa olmagan. Olmoniyada dong‘i chiqqan olim kimsan Veyershtrassning shogirdi, ilmiy darajasiga ko‘ra - fan doktori, matematik analiz va differensial tenglamalar sohasida eng yetuk mutaxassislardan biri bo‘lgan Sofya Kovalevskaya biror bir o‘rtamiyona institutda bo‘lsa hamki, dars berish huquqidan mahrum edi. Juda g‘alati, to‘g‘rimi? Buning hammasi esa, faqatgina uning ayol kishi ekanligi sababli bo‘lgan.

Sofyaning baxtiga o‘sha paytlarda Shvetsiyada nisbatan erkin ilmiy muhit hukmron bo‘lgan. Mamlakatning ilmiy dargohlarida dars berish uchun mutaxassisning jinsiga qarab emas, balki ilmiy va pedagogik salohiyatiga qarab tanlanardi. Sofya ham Shvetsiyaga borib ishlashga qaror qiladi. Baxtli tasodif tufayli u o‘sha paytda Shvetsiyaning birinchi raqamli matematigi bo‘lgan yirik olim Magnus Gyost Mittag-Leffler (1846-1927) bilan tanishib qoladi. Sofya ushbu yirik shved matematigi haqida avvaldan yaxshi bilardi va uni juda qattiq hurmat qilardi. Mittag-Leffler Sofya Kovalevskayani Shvetsiyaga, Stokgolm universitetiga matematika o‘qituvchisi lavozimiga taklif qiladi. Bu Sofyaning ham ko‘nglidagi orzusi bo‘lib, olima o‘ylab o‘tirmay rozi bo‘lgan va Skandinaviya sari yo‘l olgan. Stokgolmda Sofya Kovalevskaya vanihoyat o‘zini topgan edi. U ham matematikadan dars berar, ham mustaqil ilmiy izlanishlar olib borar, shuningdek, eski tanishi - adabiyot bilan ham shug‘ullanishga vaqt topardi. Stokgolm universitetida atiga yarim yil ishlagach, Sofya Kovalevskaya ushbu universitetning matematika professori darajasiga ko‘tariladi. U Shvetsiyada boshlangan yangi hayotida, o‘zining Veyershtrassdan keyingi ikkinchi ustozi Magnus Mittag-Lefllerning singlisi Anna Sharlotta-Leffler bilan juda yaqin dugonaga aylangan. Ularni o‘zaro qalin do‘st sifatida bog‘lab turuvchi asosiy narsa - har ikkalasining adabiyotga bo‘lgan kuchli qiziqishi va badiiy mahorati bo‘lgan desak yanglishmaymiz. Ushbu ikki dugona hayotda doimo bir-birlarini qo‘llab-quvvatlab, badiiy ijodda ham o‘zaro to‘ldiruvchi bo‘lishgan. Ular o‘rtasida g‘alati va qiziq bir kelishuv bo‘lgan ekan: dugonalardan qaysi biri birinchi bo‘lib vafot etsa, hayotda qolgani marhumaning biografiyasini bayon qiluvchi kitob yozishi kerak bo‘lgan. Taqdiri azal hukmi bilan, birinchi bo‘lib Sofya Kovalevskayaning ajali yetgan. Va'daga ko‘ra, Anna Sharlotta Leffler dugonasi Sofya Kovalevskayaning hayotiga bag‘ishlangan biografik asar yozgan.

Sofya Kovalevskaya va Anna Sharlotta-Leffler

Karl Veyershtrass1888-yilda Fransiya Fanlar Akademiyasi ko‘magida Parijda "Prix Bordin"nomli nufuzli ilmiy tanlov va mukofot ta'sis etilgan. Ushbu mukofot nizomiga ko‘ra, talabgorlar ilmiy maqola taqdim etishi lozim bo‘lgan. g‘olibni esa kattagina pul mukofoti - 3000 frank kutardi. Sofyaning barcha yaqin do‘stlari uning ushbu tanlovda albatta qatnashishiga ishonishardi. Sofyaning tanlov uchun taqdim etgan ilmiy ishi mavzusi qattiq jismning kuchli tortishish kuchi ta'sirida markaziy nuqta atrofida aylanishi haqida bo‘lgan. Tanlovda tanish-bilishchilik va soxtakorlikni oldini olish maqsadida maxsus qoida joriy etilgan. Ya'ni, tanlov ishtirokchilari o‘zlarining ilmiy ishlarini maxsus konvertlarda, ustiga mavzusi va muallif ism-familiyasini yozmagan holda, shunchaki, tanlov manzilini ko‘rsatgan tarzda taqdim etishlari kerak bo‘lgan. Shu tarzda, hakamlar o‘zlari tekshirayotgan va baholayotgan ilmiy ishning muallifi kimligini mutlaqo bilishmagan. Ular faqat ishning mazmuni va dolzarbligini baholash imkoniga ega bo‘lishgan. Taqdirlash marosimigacha ham mualliflarning ism-familiyalari oshkor qilinmagan. Faqat mualliflar o‘zlari uchun biror shior tanlab, ilmiy ishlarining so‘ngida o‘sha shiorni alohida yozib qo‘yishlari zarur bo‘lgan. Shu tariqa, tanlovning taqdirlash marosimida ilmiy ish muallifini ismini aytib chaqirmasdan, balki uning shiori o‘qib eshittirilgan. Sofya Kovalevskayaning shiori "Bilganlaringni ayt, qilishing kerak bo‘lgan ishni qil va asling kabi bo‘l!" ko‘rinishida bo‘lgan. 1888-yilgi tanlovda 15 nafar ishtirokchi mukofot uchun kurashgan. g‘oliblikka loyiq ko‘rilgan ilmiy ishning nomi juda uzundan-uzoq va biroz qo‘rqinchliroq edi: "Qattiq jismning qo‘zg‘almas nuqta atrofida aylanishi masalasida integrallashning giperelliptik integrallar yordamida bajariladigan xususiy holati haqida". Uning muallifi, sezganingizdek, qahramonimiz Sofya Kovalevskaya bo‘lib, g‘olib nomi e'lon qilinganida, yig‘ilganlarning ko‘pchiligi hayratdan lablarini tishlab qolishgan. Chunki, hech kim kutmagan bir holatda, shunday nufuzli mukofot - ayol kishiga nasib etgandi. Sofyaning g‘olib bo‘lgani haqidagi xabarni uning o‘zidan avval ko‘plab do‘stlari eshitishgan. Shu tarzda Kovalevskayaning obro‘si bir necha kun ichida butun Yevropada mashhur bo‘lib ketgan. Lekin, g‘olibning o‘zi bu haqida biroz kechroq, milod bayrami arafasida xabar topgan. o‘shanda olima bolalarcha behad quvonib, ichiga sig‘may ketgan edi. Axir ushbu tanlov g‘olibligi shunchaki katta pul mukofotigina emas, balki umumjahon e'tirofiga sazovor bo‘lish degani ham edi-da! Kovalevskaya o‘z ilmiy maqolasini shu darajada puxta tayyorlaganki, unda keltirilgan yechimlar, mavzu bo‘yicha ko‘tarilgan savollarni uzil-kesil yopgan. Ya'ni, Kovalevskaya qo‘zg‘almas nuqta atrofida aylanuvchi qattiq jism xossalarining me'yoriy holatlari uchun qaraladigan har qanday integral tenglamalarni yechish usullarini keltirib o‘tgan edi. Ilmiy ishning saviyasi va ko‘tarilgan mavzuga nisbatan keltirilgan yechimlar ko‘lamini inobatga olib, mukofot ta'sis hay'ati pul mukofoti miqdorini 5000 frankkacha oshirishga qaror qilgan. Sofya Kovalevskayaning ushbu yutuqlarida juda xursand bo‘lgan ustozi Karl Veyershtrass unga shunday yozgan edi: "Sizning muvaffaqiyatingiz meni, singillarimni va bu yerdagi do‘stlaringizni qanchalik quvontirganini aytishga so‘z topolmayapman. Shaxsan men haqiqiy rozilik hislarini tuydim. Hakamlar hay'ati to‘g‘ri qarorga kelgan: Mening sodiq ojiza shogirdim, boshqalarining soyasida yurishdan chiqib, o‘z matematik siymosiga ega bo‘ldi!". Haqiqatan ham, Veyershtrass aytganicha bor, Sofya Kovalevskaya ushbu nufuzli tanlov g‘olibi bo‘lishi bilan, o‘z nomini matematika fani zarvaraqlariga bitib qo‘ydi. U shubhasizki, XIX-asr ikkinchi yarmida yashagan eng kuchli ayol matematik bo‘lgan.

1891-yilda qahramonimiz o‘zining uzoq qarindoshlaridan biri bilan oila qurmoqchi bo‘ladi. Ular birgalikda Fransiyada mehnat ta'tilini o‘tkazishadi va kelajak uchun rejalar bilan o‘z shaharlariga qaytishadi. Biroq, Sofya Kovalevskaya Shvetsiyaga qaytishda, yo‘lda tumov bo‘lib qoladi. Hali antibiotiklar va boshqa xil samarali darmondorilar mavjud bo‘lmagan bu davrda oddiy tumov ham odamlar uchun juda xatarli kasallik sanalardi. Sofya Kovalevskayada tumov juda tez rivojlanib, pnevmoniyaga o‘tib ketgan. Ushbu kasallik tufayli, endigina 41 yoshda bo‘lgan, ilmiy faoliyatining cho‘qqisiga chiqib borayotgan kuchli matematik olima Sofya Kovalevskaya 1891-yilning 29-yanvarida Stokgolmda vafot etgan. Kovalevskayaning vafoti munosabati bilan Rossiya ichki ishlar vazirining bergan munosabati, nima uchun shunday yuksak ilmiy salohiyatli olima Rossiyani tashlab chiqib ketganligini qisman izohlaydi deb o‘ylaymiz. Ichki ishlar vaziri shunday yozgan: "Umuman olganda, tashvishlanishga hech qanday hojat yo‘q. Oxir oqibat, bitta oddiy nigilistka o‘ldi xolos".

 

Kovalevskaya merosi

Sofyadan kattagina ilmiy meros qolgan. U matematik analiz bo‘yicha qator muhim ilmiy ishlar qilgan va bu orqali matematika fani rivoji uchun salmoqli hissa qo‘shgan. Xususan, uning nomi bilan Koshi-Kovalevskaya teoremasi ataladi. Ushbu teorema ta'rifi biroz murakkab bo‘lib, uni ushbu kitobda keltirib o‘tmaslikni joiz topdik. Shuni aytish lozimki, Koshi-Kovalevskaya teoremasida xususiy hosilali differensiallar va analitik funksiyalar qo‘llaniladi. Qisqasini aytganda, ushbu teoremani matematik mutaxassis bo‘lmagan odamning tushunishi biroz mushkulroqdir. Mazkur teorema ilk bora 1880 yilda Krell Jurnalida e'lon qilingan bo‘lib, o‘sha maqolada "Xususiy hosilali differensial tenglamalar nazariyasi haqida" (Zur Theorie der Partiellen Differentialgleichung) deb nomlangan. Ushbu ilmiy ish uchun Kovalevskaya Prix Bordin tanloviga yo‘llagan ishidan ham ko‘proq vaqt sarflagan. Maqoladagi muallifning nomi qanday ko‘rsatilgani ham qiziq. Nimagadir aynan shu maqolada qahramonimiz Sofya fon Kovalevskaya deb qayd etilgan.

Sofya Kovalevskayaning qiziqishlari matematikaning o‘zi bilan chegaralanib qolmagan. Unga tegishli bo‘lgan va hozirda matematiklar orasida aforizmga aylangan bir ibora mavjud: "Qalbingning tubida shoir bo‘lmas ekansan, matematik ham bo‘la olmaysan". Aytish kerakki, Sofya Kovalevskaya uchun bu shunchaki balandparvoz jumlalar emasdi. Kovalevskayani o‘z davrida nafaqat yetuk matematik, balki, taniqli adiba sifatida ham yaxshi bilishgan. U anchagina badiiy asarlarning muallifi sanaladi. Kovalevskayaning "Bolalikni xotirlab" asari o‘z hayot yo‘lini tahlil qilish va beg‘ubor bolalik xotiralarini yoritish borasida ajoyib namuna asar bo‘lgan desak xato bo‘lmaydi. Kovalevskaya qalamiga mansub bir necha roman va qissalar Shvetsiyada anchagina mashhurlikka erishgan. Agar uning hayot yo‘li uzunroq bo‘lganida, ehtimol biz Sofya Kovalevskaya timsolida XIX-asr oxir va XX-asr boshlarining mashhur adibasini ham qalamga olib o‘tgan bo‘lardik.

Sofya Kovalevskayaning tanishlari va yaqinlari doirasi ham o‘z davrining ancha mashhur kishilaridan, asosan olimlardan iborat bo‘lgan. Uning mashhur matematik Veyershtrassning shogirdi ekanligidan tashqari, Mittag-Leffler, Ermit, Pikar, Puankare, Chebishyov singari olimlar bilan yaqin ilmiy hamkorlik yuritganligi so‘zimizning isbotidir. Shuningdek, Kovalevskaya Dostoyevskiy, Turgenev singari rus adiblari bilan, Jorj Elliot kabi fransuz yozuvchilari, hamda, Vilgelm Bunzen, German Gelmgolts, Gustav Kirxgof singari olmon olimlari bilan barqaror ilmiy aloqalar o‘rnatgan. Olimaning kimyogarlar Dmitriy Mendeleyev, Yuliya Lermontova, Alfred Nobel kabilar bilan munosabatlarida o‘sha davr kimyosining muhim masalalari muhokama qilinadi. Bu esa, Kovalevskayaning aniq fanlarning deyarli barcha sohalari bilan yaqindan tanish bo‘lganidan darak beradi. Kovalevskayaning ko‘p sonli do‘stlari, ayniqsa u bilan ilmiy hamkorlik qilgan olimlarning aksariyati, Sofya hayotda juda kamtar, lekin o‘ta aqlli, didli ayol bo‘lganini qayd etishgan. Shuningdek, ularning hammasi Sofyaning juda go‘zal ayol bo‘lganini yakdillik bilan ta'kidlashgan. Sofya Kovalevskaya sharafiga astronomlar uning nomini Oydagi kraterlardan biriga berishgan. o‘ylaymizki, Oy Yer atrofida aylanishda davom etar ekan, undagi Kovalevskaya nomli ushbu krater mashhur matematik olima xotirasini insoniyatga eslatib turadi.

Sofya Kovalevskaya


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda:https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda:@OrbitaUz

Google+ :https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz:https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 15.01.2019 09:16  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Sizda mulohaza qoldirish imkoniyati mavjud emas. Mulohaza qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'tish kerak.

Banner

Buyuk olimlar fotogalereyasi

Orbita.Uz infotekasi

Milliy bayramlarimiz

Yaqin kunlardagi rasmiy bayramlar, kasb bayramlari, muhim tarixiy va xalqaro sanalar.

26 - may - Kimyogarlar kuni


1 - iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni


5 - iyun - Iyd al-Fitr - Ramazon hayiti (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


13 - Iyd al-Adho - Qurbon hayoti kuni (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


 

1 - Sentyabr - Mustaqillik kuni. (Dam olish kuni)


2 - Sentyabr - Bilimlar kuni.


 

1 - Oktyabr - Ustoz va murabbiylar kuni. (Dam olish kuni)

O'zbekiston shaharlari ob-havo ma'lumotlari

Orbita.Uz do'stlari:

Ziyo istagan qalblar uchun:

O'zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona!

​Ўзбекча va o'zbekcha o'zaro transkripsiya!
O'zbekcha va ўзбекча ўзаро транскрипция!

Bizning statistika


Orbital latifalar :) :)

????????????????????????

Mendeleev ham, o'z xotiniga, birinchi o'rinda xotin emas, balki aynan Vodorod turishi kerakligini juda uzoq tushuntirishga majbur bo'lgan...


Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 880
O'qilgan sahifalar soni : 10907996

Tafakkur durdonalari

Dunyoda ilmdan o'zga najot yo'q va bo'lmagay! (Imom Buxoriy)