Pifagor maktabi
Eramizdan avvalgi 530-yilda qadimgi yunon matematigi va faylasufi Pifagor hozirgi Italiya hududida bo‘lgan Korton shahriga kelib joylashdi. Uning maqsadi, ushbu shaharda matematika, musiqa va ruhning ko‘chib yurishi haqidagi o‘z ta'limotlarini yoyish edi. Aslini olganda, hozirgi zamon ilm-fanida Pifagor nomi bilan keltiriladigan ko‘plab ilmiy faktlar, Pifagorning o‘ziga tegishli emas. Aksincha, muallifi Pifagor deb keltiriladigan ilmiy tushunchalarning aksariyatini uning maslakdoshlari va shogirdlaridan iborat katta ilmiy guruh tomonidan shakllantirilgandir. Albatta, Pifagor o‘zi ushbu guruhning rahnamosi va ilmiy yetakchisi bo‘lgan. Shuning uchun ham, uning atrofida to‘plangan mazkur katta ilmiy guruhni tarixchilar "Pifagor maktabi", yoki, "pifagorchilar" deb qayd etishgan. Pifagorchilar tomonidan o‘rtaga tashlangan ko‘plab muhim ilmiy g‘oyalar, uzoq asrlar davomida ayniqsa arifmetika sohasida eng ilg‘or ilmiy g‘oyalar bo‘lib qolaverdi.
Pifagorchilardan bizga yetib kelgan eng muhim ilmiy tushunchalardan biri bu - sonlar o‘rtasidagi nisbatlar va ularning ajoyib xossalaridan texnika va maishiy turmushda foydalanish imkoniyatidir. Chunonchi, Pifagorchilarning sonlarning o‘zaro nisbatiga aloqador g‘oyalaridan biz bo‘lgan o‘sha mashhur "Pifagor teoremasi"ni esga olib o‘tish kifoya. Shuningdek, Pifagor shogirdlari, musiqiy garmoniyalarning matematik asoslarini ham kashf etishgan. Masalan, torli musiqa asboblarini chalganda, qachonki, ushbu torlarning uzunliklarining o‘zaro nisbati butun son bo‘lsagina, musiqa asbobidan yoqimli garmonik kuy taralishini aniqlashgan. o‘rni kelganda shuni ham ta'kidlab o‘tish kerakki, yuqorida ham tilga olingan "Pifagor teoremasi"ni Pifagorning o‘zi yoki Pifagorchilar kashf etishmagan. Ushbu teoremani ulardan ming yillar avval yashagan qadimgi Misr kohinlari, hind matematiklari va Bobil olimlari ham juda yaxshi bilishgan. Faqat, matematika tarixchilarining fikricha, Pifagor ushbu teoremani ilmiy isbotlab bera olgani uchun, uning nomi teoremaga birikib qolgan emish.
Pifagor va uning izdoshlari sonlarni qandaydir mo‘jizaviy, ilohiy xossalarga ega deb chin dildan ishonishgan. Ular sonlarni "yaxshi", ya'ni, xosiyatli sonlarga va "yomon", ya'ni, bexosiyat sonlarga ajratishgan. Umuman olganda Pifagor, butun olmada hamma narsa sondan iborat va istalgan narsani matematik yo‘l bilan, sonlar vositasida talqin qilsa bo‘ladi deb qattiq ishongan. Hozirgi zamonda ham irimchi odamlar ishonib yurgan 7 raqamining xosiyatlari, yoki, 13 raqamining bexosiyatligi singari bo‘lmag‘ur tushunchalar aynan o‘sha Pifagorchilar tarqatgan mujmal falsafa bilan ham ko‘p jihatdan bog‘liq. Pifagorchilar o‘zlari ham qattiq ishongan va bu haqida falsafa yuritgan eng ajablanarli g‘oyalardan biri shuki, ular sonlarni tirik mavjudot deb tasavvur qilishgan va sonlar - odamlar ko‘ra olmaydigan shakldagi, qandaydir ong osti telepatik muhitida yashaydigan shakli noma'lum narsalar deb e'tirof etishgan.
Eng ajablanarli joyi shundaki, aslida insoniyat jamiyati ham unchalik rivojlanmagan o‘sha zamonlarda Pifagor va uning izdoshlari o‘ylab chiqargan bu kabi g‘alati va ba'zan ahmoqona g‘oyalarga ishonadigan odamlar hozirgi texnik taraqqiyot zamonasida ham topiladi. Xususan, faylasuflar orasida hozir ham matematika bu - Koinotning qandaydir bir alohida, mustaqil qismimi, yoki, u inson ongi va tafakkurining mahsuli xolosmi degan mujmal bahslar mavjud. Pifagorchilar uchun matematika - ilohiy tushuncha bo‘lgan. Ular matematik va diniy tushunchalarni o‘zaro uyg‘unlashtirib, chambarchas holda talqin qilishgan. Natijada, Pifagor maktabining qadimgi yunon ilm-faniga ta'siri shunchaki arifmetika yoki, geometriyaga oid bilimlar bilan cheklanib qolmay, balki, ilohiyot, din va madaniyat hamda, san'atiga katta ta'sir ko‘rsatdi. Qadimgi yunonlar orqali esa, Pifagorchilarning sonlarni ilohiylashtirish bilan bog‘liq g‘oyalari o‘rta asrlar madaniyatiga ham kirib keldi va yangi zamon faylasuflarning fikrlariga ham ta'sir ko‘rsata boshladi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda:https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda:@OrbitaUz
Google+ :https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/
Telegramdagi kanalimiz:https://telegram.me/OrbitaUz
< avvаlgi | kеyingi > |
---|