Orbital stansiyalar
XX-asrning 60-yillari oxirida NASA Oyni o‘zlashtirish bilan mashg‘ul ekan, SSSR kosmik dasturlari o‘z oldidagi ustuvor maqsadlarni qayta ko‘rib chiqdi. Sobiq Ittifoq kosmik muhandislarining fikricha, basharti odamzot koinotni o‘zlashtirishni maqsad qilgan ekan, unda, koinotning shafqatsiz sharoitlarida yashashni o‘rganishi va ko‘nikishi lozim edi. Shu maqsadda, 1971-yilda tarixda ilk kosmik stansiya orbitaga chiqarildi. U orbitada Yer atrofida aylanib, ilk kosmik tadqiqot-sinovlari o‘tkazilishida boshpana bo‘lib xizmat qildi.
Millionlab yillar mobaynida istisnosiz ravishda faqat Yer yuzida yashab kelgan insoniyat, koinot sharoitlarida organizmda qanday o‘zgarishlar yuz berishi mumkinligini bilmasdi. Odam tanasi Yer sayyorasi gravitatsiyasini yengib yashashga moslashgan va organizmdagi to‘qimalar va suyaklar aynan Yer tortish kuchiga moslanib rivojlangan. Agar tanaga gravitatsiyaning ta'siri bo‘lmasa, mushaklar va suyaklar ingichkalashib ketadi. Uzoq muddat gravitatsiyasiz qolgan to‘qimalarda esa atrofiya kuzatilishi mumkin. Shu sababli ham koinot stansiyalari va kosmik kemalar ekipaji muayyan jismoniy mashqlarni muttasil bajarib turishi inkor etib bo‘lmas zarurat bo‘ladi. Shuningdek, gravitatsiyaning qon aylanish tizimiga ham muayyan ta'siri mavjud bo‘lib, Yerda odam tanasidagi qonni, sayyoramizning tortish kuchi pastga tortib turadi va shu orqali gravitatsiya odam bosh miyasiga boradigan qon miqdorining nazoratiga ta'sir omiliga ega bo‘ladi. Vaznsizlik sharoitida esa yurak urishi natijasida miyaga qon ko‘proq haydalaveradi va bu ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Qolaversa, gravitatsiya ta'siridan uzoq muddat halos bo‘lgan odamning yuzi shishib ketadi va natijada ko‘zlarga zarar yetishi mumkin. Orbital stansiyalarni loyihalashda va ularga fazogirlarni chiqarishda ushbu va shunga o‘xshash boshqa jiddiy omillarni albatta e'tiborga olish shart.
Koinotni o‘zlashtirishga kirishilgan o‘sha ilk parvozlarda asosan koinot kemalarining, orbital stansiyalarning orbitada manyovr qilish texnika va taktikasi sinovdan o‘tkazilgan. Ekipajlarning eltuvchi kemalardan orbital stansiyaga o‘tish tizimlari va harakat mashg‘ulotlari amalga oshirilgan. Shuningdek, koinotdagi vaznsizlik sharoitida odam tanasining qanday sinovlarga duchor bo‘lishi, ilk stansiyalar ekipajlari ustida tajribadan o‘tkazib ko‘rilgan.
Yuqorida aytib o‘tilganidek, ilk kosmik stansiya 1971-yilda sovet ittifoqi tomonidan orbitaga uchirilgan bo‘lib, u "Salyut-1" deb nomlangan. Keyin esa, "Soyuz" eltuvchi kosmik kemasida orbital stansiyaga ekipaj olib chiqilgan. Biroq, ilk urinishda fazogirlar kosmik kema bilan orbital stansiyani o‘zaro tutashtira olishmadi va urinish muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Fazogirlar maqsadlariga yeta olmay Yerga qaytib tushishdi. Ikkinchi urinishda boshqa bir tarkibli ekipajning omadi chopdi va kosmik kema "Salyut-1" bilan muvaffaqiyatli tutashib, fazogirlar orbital stansiyaga o‘tishga erishishdi. Stansiyada o‘sha ekipaj naq 23 kun mobaynida faoliyat ko‘rsatdi. Bu o‘sha zamon uchun ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan hodisa, jahon rekordi sanalardi. Biroq, rekordchi fazogirlarga Yerga qaytish nasib qilmadi. Stansiyani tark etib, Yerga qaytish jarayonida ekipaj o‘tirgan kabina korpusida yoriq paydo bo‘ldi va germetiklik yo‘qolib, kosmik kemaning ekipaji fojiali tarzda halok bo‘ldi. Natijada orbital stansiyaga rejalashtirilgan parvozlar dasturi bir muddat to‘xtab qoldi. "Salyut-1" ilk orbital stansiyasi esa uzoq muddatgacha orbitada qarovsiz qolib, tashlandiqqa aylandi.
Shunga qaramay, ushbu ayanchli tajribadan tegishli xulosalar chiqarildi va koinotni o‘zlashtirishda navbatdagi, yanada puxta o‘ylangan qadamlar tashlashga kirishildi. "Salyut-1" asosida, orbital stansiyalarning texnik konstruksiyasi va ulardagi hayot faoliyatini ta'minlashga mas'ul texnik tizimlar ishiga oid bir qator yangi ishlanmalar tadbiq etildi va keyingi avlod orbital stansiyalarda, "Salyut-1"dagi nuqsonlar bartaraf etilgan holda fazoga uchirildi. Keyingi bir necha o‘n yilliklar ichida "Salyut"larning bir necha avlodi orbitada turli mamlakatlarning fazogirlari uchun boshpana-uy, qarorgoh bo‘lib beminnat xizmat qildi. Orbital stansiyalarni barpo qilish va ularni koinotga chiqarish borasida sho‘rolar davlatidan biroz orqada qolganini tushunib yetgan NASA mutaxassislari ham, 70-yillar so‘ngiga kelib harakatga tushib qolishdi va o‘zlarining ilk orbital stansiyalari - "Skaylab"ni yasab koinotga uchirishdi. AQSHliklarning mazkur "Skaylab" orbital stansiyasi "Saturn-5" eltuvchi raketasining so‘nggi bosqichi asosida yig‘ilgan bo‘lib, fazogirlar aynan "Saturn-5" orqali koinotda orbital stansiyaga yetib borishlari ko‘zda tutilgan. Muayyan yutuqlarga qaramasdan, NASA ko‘p o‘tmay ushbu eltish usulidan voz kechdi va ekipajni uchuvchili boshqariladigan fazo kemalari - shatllar vositasida koinotga eltish dasturiga o‘tib ketdi.
1986-yildan e'tiboran orbitada bo‘lgan "Salyut-8" stansiyasi tamomila yangi nom bilan atala boshlagan edi. Ko‘pchilikning yodida o‘sha orbital stansiya "MIR" orbital stansiyasi nomi bilan saqlanib qolgan. Ushbu koinot stansiyasining avvalgilardan keskin farq qiluvchi jihati shunda ediki, u tarixdagi ilk modulli konstruksiya asosida yig‘ilgan stansiya bo‘lgan. Ya'ni, uning qismlarining har biri alohida-alohida tarzda ham bemalol ishlay olardi va umumiy mujassamlashgan tarzda, ya'ni, markazlashgan holda ham bir-butun tizim sifatida faoliyat ko‘rsata olardi. "MIR"ning muayyan qismlarini alohida-alohida uchirib, uni koinotning o‘zida yig‘ish va aksincha, kerakli, yoki, ta'mirtalab bo‘lib qolgan qismlarini ajratib olib, Yerga tushirish va keyin qayta uchirib, asosiy modulga ulash mumkin bo‘lgan. Mohiyatan, "MIR" tamomila yangi avlod stansiyasi edi. Uning markaziy moduliga beshtagacha qo‘shimcha modul ulab foydalanish imkoni mavjud bo‘lgan va olimlar ushbu imkoniyatlardan iloji boricha yuqori samaradorlikda foydalanishga harakat qilishgan. "MIR"da boshqariladigan kosmik kemalar kelib ulanishi va u orqali ekipaj almashinib turishi uchun ikkita qo‘shimcha ulanish moduli mavjud bo‘lgan. Shu tufayli, mazkur orbital stansiyada ekipajlar almashinuvi juda oson va uzluksiz bo‘lishi ta'minlangan.
Bortda yuz bergan yong‘in, kelib urilgan meteorit zarbalari singari noxush hodisalarga qaramay, "MIR" orbital stansiyasi naq 15 yil insoniyatga xizmat qildi va juda ko‘p sonli, ko‘p millatli fazogirlar uchun kosmik boshpana vazifasini o‘tadi. Uning bortida juda muhim ilmiy tadqiqotlar olib borildi va sun'iy yo‘ldosh aloqasi, navigatsiya va sun'iy yo‘ldosh televizion uzatmalariga oid bir necha muhim texnik masalalar hal qilindi. 2001-yilda esa, muddatini o‘tab bo‘lgan "MIR" orbital stansiyasi Tinch okeani hududiga Yerga qaytib tushirildi va ummon tubiga cho‘ktirib yuborildi. "MIR"ni Yerga qaytarish jarayonidagi maxsus operatsiyada o‘zbek fazogiri Solijon Sharipov ham ishtirok etgan edi. Uning vazifasi, mabodo agar "MIR" Yerga tushishda belgilangan trayektoriyadan og‘ib, aholiga yoki, okeandagi boshqa obyektlar ustiga qulash xavfi yuzaga kelsa, uni o‘z kosmik kemasi bortiga ulash orqali xavfsiz hududga olib ketish bo‘lgan. Lekin, "MIR"ni cho‘ktirish paytida shtatda ko‘zda tutilmagan hodisalar sodir bo‘lmadi va orbital stansiya muvaffaqiyatli ravishda Yerga qaytarilib, belgilangan hududda ummonga g‘arq qilindi.
Hozirda esa, Yer orbitasida "MIR"ning o‘rnida yanada mukammalroq orbital stansiya - Xalqaro Kosmik Stansiya ishlab turibdi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/
Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz
< avvаlgi | kеyingi > |
---|