Orbita . U Z

...Ilm-fan fazosi uzra!

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa Maqolalar Astronomiya Munajjimlar bashorati haqida

Munajjimlar bashorati haqida

E-mail Chop etish
Maqola Reytingi: / 8
Juda yomon!A'lo! 

Munajjimlar bashorati haqida

Deyarli hamma tijorat gazetalarini varaqlasangiz, unda albatta "Munajjimlar bashorati" rukniga ko‘zingiz tushadi. Qolaversa, radio va televideniyeda ham bunday "bashoratlar" tez-tez berib boriladi. Xo‘sh, bunday "bashorat"lar aslida qanchalik o‘rinli? Ularga ishonish mumkinmi? Keling, oldinga o‘tib darhol gapni po‘stkallasini aytib qo‘ya qolay: munajjimlar bashorati aslida uydirmadan boshqa narsa emas! Ishonmasangiz, ushbu maqolani qunt bilan o‘qib chiqishingizni tavsiya qilaman (bir yo‘la, boshqa qiziq ma'lumotlardan ham boxabar bo‘lasiz):

Ona sayyoramiz - Yer Quyosh atrofida aylanadi. Yerimiz Quyosh atrofini to‘liq bir marta aylanib chiqishi uchun 365 kun, 6 soat, 48 daqiqa va 45 soniya vaqt ketadi. Bu muddatni biz bir yil deb ataymiz. Yerning Quyosh atrofida aylanish orbitasi deyarli aylana shaklida bo‘lgan ellips ko‘rinishidadir.

 

Shuningdek, Yer atrofida uning yagona tabiiy yo‘ldoshi - Oy aylanadi. Oy Yerni to‘liq aylanib chiqishi uchun 27,5 kun muddat kerak bo‘ladi. Bu muddatni biz sinodik oy deb yuritamiz. Oy keyin yana 2 kun ko‘rinmay turadi va 29,5 kun deganda yangi yarimoy shaklida samoda namoyon bo‘ladi. Yangi yarimoy (hilol) ko‘rinishi bilan musulmon taqvimida navbatdagi oyning birinchi sanasi boshlanadi. Tabiiy Oy harakatiga asoslangan bunday taqvim "qamariy taqvim", ya'ni, "oy taqvimi" deyiladi. Lekin, biz amalda kundalik yumushlar uchun foydalanadigan taqvim, ya'ni, Grigorian taqvimida Oy harakatiga bog‘liqlik istisno qilingan va unda aniq sanalar bilan belgilab qo‘yilgan oy hisobi yuritiladi.

Endi, yaxshi bilamizki, bir yilimiz to‘rt fasldan iborat. Bahor - yerga urug‘ qadash uchun eng qulay fasl. Yoz - jazirama issiq. Kuz - yomg‘irlar boshlanadigan va hosil yig‘ib olinadigan fasl bo‘lsa, qish - qahraton sovuqlar faslidir. Lekin, siz yaxshi bilasizki, oy taqvimiga ko‘ra yuritiladigan diniy bayramlarimiz, masalan Hayit ayyomlari yil fasllari bo‘ylab siljib yuradi. Grigorian taqvimiga ko‘ra belgilangan bayramlar esa, har yili aniq sanada, aniq oyda va faslda keladi. Masalan, 8 mart bayrami har yili bahor fasli kirib kelgan vaqtda nishonlanadi. Biz hech qachon 8-mart bayramini qish chillasida yoki, yoz saratonida nishonlamaganmiz va bunday bo‘lmaydi ham. U doim bahorning boshida nishonlanadi.

Grigorian taqvimida bir yil 365 yoki, 366 kun davom etishini aytdik. Qadimgi davrlarda odamlar, kuzatuvlar va tajriba orqali, yerga urug‘ qadab, hosil pishib yetilib, uni yig‘ib olishgach, o‘rtada qish qahratoni o‘tgandan keyin, yana urug‘ eksa bo‘ladigan qulay vaqt kelishini bilib olishgan. Urug‘ ekish uchun eng qulay kunlar keladigan bunday vaqt oralig‘i o‘rtacha 365 kun ekanini ham ular aniq hisoblab chiqarishgan. Masalan, sinchiklab kuzatilsa, har yili bahorning boshida, yerga amal kirib, kunlar isiy boshlaydigan paytda, kunlar uzayib, tun qisqara boshlaydi. Aniq bir kuni esa, yerda tun ham kun ham teng uzunlikda bo‘ladi. Bahorgi tengkunlik deb nomlanadigan ushbu sanani aniq belgilab olib, undan boshlab hisob yuritilsa, yana 365 kundan so‘ng yana xuddi shunday bahorgi tengkunlik sanasi kirib keladi. Ushbu 365 kun ichida 4 fasl almashinib, osmonda Oy 12 marta Yer atrofini aylanib chiqadi. Shunga ko‘ra ajdodlarimiz 1 yilni 365 kun, 365 kunni esa 12 oyga taqsimlab taqvim yuritishni yo‘lga qo‘yishgan. Ya'ni, bir yil - 365 kun ichida 12 marta yangi oy - hilol chiqqan. Biroq, yuqorida aytib o‘tganimizdek bir marta hilol chiqib, to‘linoy shakliga kirib, keyin yana kichrayib, oxiri ko‘rinmay qolgunicha va keyin yana yangi oy boshida yangi hilol bo‘lib balqiguncha, 29,5 kun muddat o‘tadi. Bu muddatni hisobga qulay bo‘lishi uchun ba'zi oylarda 29 va ba'zi oylarda 30 kun qilib olinadi. Shunga ko‘ra, 29 va 30 kunlik oylardan iborat 12 oyni bir yil deb olinsa, u 354 kun bo‘lib chiqadi (haqiqatan ham, Hijriy taqvimda bir yil 354 kundan iborat).

Endi muammo kelib chiqmoqda: ikkita bahorgi tengkunliklar orasi o‘rtacha 365 kun bo‘lsa, bu muddat ichida 12 marta yangi oy chiqsa, lekin 12 oy qamariy taqvimga ko‘ra 354 kun bo‘lsa, demak, bir yil to‘liq 12 oydan tashqari va yana 11 kun ortib qolar ekanda? Xuddi shunday. Shu sababli ham Grigorian taqvimida oylarni 30 va 31 kundan (fevral 28 kun) qilib belgilab, shu tarzda 12 oyni roppa-rosa 365 yoki, 366 kunga teng bo‘ladigan qilib muvofiqlashtirilgan. Agar, tabiiy oy harakatiga qaralsa, yoki, qamariy taqvimni kuzatilsa, ba'zi yillari 365/366 kun ichida 13 marta yangi oy chiqishini aniqlash mumkin.

Muttasil oy taqvimidan foydalangan qadimgi xalqlarni bu muammo juda chalg‘itgan va ular taqvimga vaqti-vaqti bilan o‘zgartirishlar kiritib turishga majbur bo‘lishgan. Masalan, qadimgi Bobilliklar har 19 yilda bir yilni 13 oy deb belgilab ish tutishgan. Biroq bu unchalik ham yaxshi yechim emasdi. Keyinchalik, aynan o‘sha Bobil madaniyati vakillari bo‘lgan qadimgi munajjimlar, yil hisobini aniq yuritish uchun Oyga qarab emsa, balki Quyoshning o‘ziga qarab ish tutish qulayroq bo‘lishini aniqlashgan.

Bu ajoyib yechim edi. Yerdan turib Quyoshga qaralganda albatta uning orqasida boshqa yulduzlar ham ko‘rinadi. Albatta, kunduz kuni Quyosh ortida turgan yulduzlarni ko‘rishning imkoni yo‘q. Tunda esa Quyoshni o‘zi ko‘rinmaydi. Biroq, ziyrak munajjimlar uning qayerda, osmonning qaysi tarafida turganini aniq bilishgan. U paytlari odamlar Quyosh Yer atrofida aylanadi deb o‘ylashgan. Keling, bu fikrni noto‘g‘riligini aniq bilsak-da, hozircha biz ham qadimgi Bobil munajjimlari kabi o‘ylab turaylik. Diqqat bilan kuzatilsa, Quyosh muayyan yulduzlar fonida aylanishini kuzatish mumkin. Yerda bahorgi tengkunlik kirgan sanada Quyosh qaysi yulduz fonida ekanini aniq ko‘rib, belgilab olinsa, Yerda keyingi safar, ya'ni, keyingi yilning bahorgi tengkunligi kirgan sanada ham Quyosh yana xuddi o‘sha yulduz turkumi fonida bo‘lishini bilib olish mumkin. Endi, agar boshqa sanalarda, masalan, eng uzun kun eng qisqa tun bo‘ladigan yozgi Quyosh turishi sanasida, Quyosh qaysi yulduz turkumi fonida bo‘lishini, shuningdek, kuzgi tengkunlikda va qishki Quyosh turishi sanalarida qaysi yulduz fonida bo‘lishini aniq belgilab olinsa, Quyoshning yulduzlar fonidagi ushbu harakatiga asosan ham aniq yil taqvimini tuzish mumkin. Bobillik munajjimlar xuddi shunday qilishgan. Buning uchun ular, har bir oyda Quyosh qaysi yulduz turkumida bo‘lishini belgilab chiqib, o‘sha oy uchun mazkur yulduz turkumining nomini berib chiqishgan. Shu tarzda, har bir oyga muayyan yulduz turkumining nomi biriktirilgan.

Yulduz turkumlari uchun esa, har bir munajjim o‘z fantaziyasi va o‘z zamonasining madaniyati hamda, taraqqiyot darajasidan kelib chiqib nom berishi mumkin. Bunda o‘sha yulduz turkumida joylashgan har bir yulduzlar orasida xayoliy chiziq tortib ko‘riladi va natijada qandaydir shakl namoyon bo‘ladi. Ushbu shaklni bizga yaxshi tanish, odatiy narsalardan qay biriga ko‘proq o‘xshashligiga qarab, o‘sha yulduz turkumiga nom beriladi. Masalan, hozirda astronomlar biror yangi yulduz turkumini kashf etishsa u ko‘rinishidan samolyotga o‘xshab ketsa, ushbu yulduz turkumiga "samolyot" deb nom berishlari mumkin.

Qadimgi Bobil munajjimlari ham shunday yo‘l tutishgan. Ular muayyan oylarda Quyosh fonida joylashadigan yulduz turkumlari uchun o‘zlariga yaxshi tanish odatiy narsalarning, masalan, hayvonlarning, yoki, ertak qahramonlarining nomini berib chiqishgan. Aytaylik, bahorgi tengkunlik paytida Quyosh xayolan birlashtirilsa qo‘y tasviri kelib chiqadigan yulduz turkumi fonida bo‘lgan. Shunga ko‘ra, Bobilliklar ushbu yulduz turkumiga va o‘sha oyga Qo‘y nomini berishgan. Shu tarzda, har bir yulduz turkumi va unga mos oy biror afsona qahramoni, yoki, biror hayvon nomi bilan atalashi odatga aylangan.

Bobilliklardan asta-sekinlik bilan bu amaliyotni boshqa xalqlar ham o‘zlashtirishgan. Xususan, qadimgi Misr va Yunoniston munajjimlari yulduz turkumiga ko‘ra oy va yil hisobi yuritish amaliyotini yanada takomillashtirishgan. Zamonamiz "munajjim"lari qo‘llaydigan burjlar, ya'ni, Quyoshning qaysi yulduz turkumi fonida joylashganiga qarab yuritadigan oy hisoblarining nomlarini ham aynan qadimgi yunon munajjimlari belgilab berishgan. Yunon munajjimlari ham Quyoshning bir yil davomidagi harakat yo‘nalishida joylashgan yulduz turkumlariga nom berishda o‘z fantaziyalari va zamona madaniyatiga tayanishgan. Ular ham ushbu 12 yulduz turkumini jonivorlar yoki, afsonalar qahramonlari, yoki buyum nomi bilan nomlashgan. Xususan, yunonlar nomlagan yulduz turkumlaridan 7 tasining nomi hayvon (qo‘y, buzoq, echki, qisqichbaqa, chayon, baliq, arslon), 1 tasi buyum (tarozi), yana bittasi afsona qahramoni (o‘qotar-kentavr) nomi bilan atalgan. Shuningdek, yunonlar oddiy odamlar bilan bog‘liq egizaklar burjini ham belgilashgan. Biroq, belgilangan yulduz turkumlarining nomi asosan jonivorlar nomi bilan bog‘liq bo‘lgani uchun, ushbu 12 yulduz turkumini umumiy qilib, "zodiakal yulduz turkumlari" deb nomlashgan. Ular ichidagi bitta yulduz turkumi alohida olinganida esa, uni "falon zodiak" (masalan, tarozi zodiaki) deb yuritishgan. Quyosh ushbu zodiak fonida bo‘lgan oyda tug‘ilgan bolani esa "falon zodiak ostida tug‘ildi" deyishgan; yoki, yuz bergan biror muhim voqeani "falon zodiakda yuz berdi" deb yuritishgan.

Zodiak qadimgi yunon tilidagi "zoon" - "hayvon" so‘zidan olingan bo‘lib, zamonaviy yevropa tillaridagi "zoo" so‘zi ham u bilan o‘zakdoshdir.

Endi tasavvur qiling, muayyan yulduz turkumiga nom bergan qadimgi yunon munajjimi, o‘sha yulduz turkumiga xayolan chiziq tortar ekan, unda aytaylik, tarozi shaklini emas, balki, qurbaqa tasvirini ko‘rganda nima bo‘lardi. Yoki, Arslon zodiaki o‘ringa, o‘sha yulduz turkumini Ot zodiaki deb nomlansa-chi? Tabiiyki, ushbu zodiak oyida tug‘ilgan bolani "Arslon burji ostida tug‘ildi" deb emas, balki, "Ot burji ostida tug‘ildi" deyilardi.

Nima bo‘lganda ham, yil hisobini zodiakka qarab yuritish amaliyoti yunonlardan keyin butun insoniyat madaniyatida mustahkam o‘rnashib qoldi. Uzoq asrlar mobaynida munajjimlar, ushbu zodiakal yil hisobidan foydalanib, turli hisob kitoblar va kuzatuvlar olib borishdi. Asta-sekinlik bilan esa, munajjimlar, kishining qaysi zodiak ostida tug‘ilganiga qarab unga tole'noma, ya'ni, bashorat beradigan bo‘lishdi. Albatta, odamlarning aksariyati savodsiz va ilmsiz bo‘lgan, irim-sirimlar va bid'at kuchaygan qadimgi davrlarda munajjimlar bu narsadan ustomonlik bilan foydalanib, omi kishilardan mo‘may pul ishlab ham olishgan. Taassufki, bu bo‘lmag‘ur amaliyot, asrlar osha bizning zamonamizga ham yetib kelgan.

Endi men yana bir muhim narsani bayon qilmoqchiman.

Yer Quyosh atrofida aylanishidan tashqari, o‘z o‘qi atrofida ham aylanishini yaxshi bilasiz. Yerning o‘qi 23,5° burchak ostida og‘ishga ega va aynan shu og‘ish tufayli ona sayyoramizda fasllar almashinuvi sodir bo‘ladi. Biroq, Yerning og‘ish burchagi ham doimiy 23,5° bo‘lmay, balki, juda sekinlik bilan bo‘lsa-da, harholda asrlar davomida davriy o‘zgarib turadi. Olimlarning hisob-kitoblariga qaraganda, Yer o‘qining davriy o‘zgarishlari tufayli, tengkunlik nuqtalari har yili zodiakal yulduzlar fonidan 0,014°ga siljib boradi. Ya'ni, Quyosh bu yilgi 21 mart sanasida bo‘lgan joyga nisbatan keyingi yili xuddi shu sanada 0,014° g‘arbroqda bo‘ladi. Endi, har bir zodiakni 30° deb olsak (360:12), Quyosh joriy zodiak fonida har yili 0,014° dan siljib, 2142 yil deganda undan chiqib, keyingi, qo‘shni zodiak foniga kirib boradi. Bu degani, Quyoshning muayyan aniq bir sanada qaysi zodiakal yulduz turkumi fonida bo‘lishi ham har 2142 yilda o‘zgarib turadi deganidir. Shu tariqa, tengkunlik sanasidagi Quyoshning zodiakdagi joylashuv nuqtasi, har 25760 yilda butun zodiakal yulduz turkumlarini to‘liq aylanib chiqadi. Shu tariqa hisob-kitob qilib ko‘radigan bo‘lsak, qadimgi Bobil madaniyati gullab-yashnagan davrda bahorgi tengkunlik sanasida Quyosh Buzoq yulduz turkumida bo‘lgan. Yunon madaniyati cho‘qqiga yetgan paytga kelib u Qo‘y zodiakiga, ya'ni, Hamal burjiga kiradigan bo‘lib qolgan. Hozirda esa, bahorgi tengkunlik sanasida, ya'ni, 21 martda Quyosh Baliq zodiaki, yoki, "munajjim"lar epitetida gapirsak, "Xud burji" fonida bo‘ladi. Shunga ko‘ra, hozirda "Hamal kirdi - amal kirdi" qabilidagi iboralar o‘z dolzarbligini mutlaqo yo‘qotgan. Zero, bizning davrimizda, Hamal kirgan vaqtda allaqachon gilos va qulupnaylar pishgan, 19-aprel va 13-may sanalari orasi bo‘lmoqda. Yana 4000 yildan keyin esa, 21 mart sanasida Quyosh Sunbula zodiakiga kirgan bo‘ladi.

Boz ustiga, yana bir muhim fakt mavjud: hozirda Quyoshning yulduzlar fonidagi harakati 12 ta emas, balki, 13 ta yulduz turkumi fonida bo‘lishi aniqlangan. Chunonchi, qadimgi yunonlar nom qo‘yib ketgan 12 ta zodiakal yulduz turkumidan tashqari, Quyosh 30-noyabrdan 17-dekabr sanalari orasida Ilon Eltuvchi yulduz turkumi fonida bo‘ladi.

Zamonaviy ilm-fan va xususan astronomiya yuqorida aytilgan shuncha isbot-dalillarni keltirib qo‘yganiga qaramasdan, "munajjim" - astrologlar hali hanuz almisoqdan qolgan "uslub"lari bilan "tole'noma" - bashoratlar tuzishni kanda qilmayaptilar. Vaholanki, endilikda 21 mart sanasida tug‘ilgan Navro‘zbeklar aslida Hamal burji ostida emas, balki, Baliq burjida tug‘ilmoqda. Ilon Eltuvchi zodiaki uchun esa "munajjim"larning na qadimgi kitoblarida va na hozirgi manbalarida lom-mim deyilmagan. Astrolog-munajjimlar o‘sha qadimgi Bobil, yoki, yunon munajjimlarining fantaziyasi mahsuli bo‘lgan zodiak nomlaridan kelib chiqib "bashorat" tuzishadi. Masalan ular, "Arslon burjida tug‘ilganlar tabiatan dovyurak va yetakchi bo‘lishadi, masalan, Napoleon ham Arslon burjida tug‘ilgan" - deb "bashorat" berishadi. Biroq, Yer aholisining taxminan 1/12 qismi, yoki, hozirgi hisob bo‘yicha chamasi 6 million qismi aynan Arslon burjida tug‘ilgan. Statistikaga murojaat etilsa, Buzoq burjida tug‘ilgan odamlar orasida ham "tabiatan yetakchi" odamlar Arslon burjidagilardan kam uchramaydi. Endi tasavvur qiling, agar, mabodo o‘sha qadimgi yunon munajjimi Arslon zodiakiga boshqa nom berganida-chi? Masalan, Ot deb nom berganida? Axir bu uning fantaziyasiga bog‘liq xolos-ku. Unda zamonaviy "munajjim"larning "bashorat"lari taxminan quyidagicha yangragan bo‘lardi: "Ot burjida tug‘ilganlar tabiatan ishchan, mehnatsevar bo‘lishadi". Shunda ham, statistika olinsa, aytaylik, Chayon burjida tug‘ilganlar ulardan kamroq mehnatsevar, yoki, ko‘proq tanbal bo‘lishlarini hech kim isbotlay olmaydi.

Qisqasini aytganda, munajjimlar bashorati aslida uydirmadan boshqa narsa emas. Ilm-fan yaxshi rivojlanmagan, odamlar orasida savodlilardan ko‘ra omi, ilmsizlari ko‘proq bo‘lgan qadimgi davrlarda ehtimol munajjimlar bashorati qandaydir ishontiruvchi kuchga ega bo‘lgandir. Lekin, fan va texnika mislsiz taraqqiy etgan hozirgi davrimizda bu o‘z ahamiyatini umuman yo‘qotishi kerak edi. Lekin taassufki, hali-hanuz ushbu "bashorat"larga ishonuvchilar topiladi. Bu jarayonni esa men "Munajjimlar asorati" deb nomlagan bo‘lardim ????????


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 14.12.2018 08:35  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Sizda mulohaza qoldirish imkoniyati mavjud emas. Mulohaza qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'tish kerak.

Banner

Orbita.Uz infotekasi

Milliy bayramlarimiz

Yaqin kunlardagi rasmiy bayramlar, kasb bayramlari, muhim tarixiy va xalqaro sanalar.

26 - may - Kimyogarlar kuni


1 - iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni


5 - iyun - Iyd al-Fitr - Ramazon hayiti (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


13 - Iyd al-Adho - Qurbon hayoti kuni (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


 

1 - Sentyabr - Mustaqillik kuni. (Dam olish kuni)


2 - Sentyabr - Bilimlar kuni.


 

1 - Oktyabr - Ustoz va murabbiylar kuni. (Dam olish kuni)

O'zbekiston shaharlari ob-havo ma'lumotlari

Orbita.Uz do'stlari:

Ziyo istagan qalblar uchun:

O'zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona!

​Ўзбекча va o'zbekcha o'zaro transkripsiya!
O'zbekcha va ўзбекча ўзаро транскрипция!

Bizning statistika


Orbital latifalar :) :)

????????????????????????

Agar arktangens shimoliy yarimsharda mavjud bo'lsa,
demak, janubiy yarimsharda

Antarktangens ham mavjuddir!!!



Tafakkur durdonalari

Dunyo imoratlari ichida eng ulug'i - MAKTABDIR! (M Behbuduy)