Orbita . U Z

...Ilm-fan fazosi uzra!

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa Maqolalar Qiziqarli kimyo Bor - sahro elementi

Bor - sahro elementi

E-mail Chop etish
Maqola Reytingi: / 5
Juda yomon!A'lo! 

Bor - sahro elementi

Mendeleyev kimyoviy elementlar davriy jadvalining IIIA guruhi joylashgan ustunda bor, alyuminiy, galliy, indiy, hamda, talliy elementlari o‘rin egallagan. Bu elementlar ichida alyuminiydan tashqari qolgan barchasi kamyob elementlar sanaladi. Lekin, ularning alyuminiydan farqi faqat kambyobligida emas.

Masalan, davriy jadvalda alyuminiyning tepasida 5-raqam bilan bor elementi joylashgan. Bu elementning ustun bo‘yicha qo‘shnilarida, xususan alyuminiydan keskin farqlab turuvchi jihati shuki, bor - metall emasdir. U metallmaslar safidagi eng muhimlaridan biri bo‘lib, keyingi suhbatimiz ushbu element haqida bo‘ladi.

 

Atom o‘lchamining juda kichikligiga ko‘ra, bor alyuminiydan ko‘ra ko‘proq uglerodga yoki, kremniyga o‘xshab ketadi. Xususan, sof holdagi bor elementi tashqi ko‘rinishidan xuddi uglerodga (ko‘mirga) o‘xshaydi. Qattiq va qop-qora jism bo‘lgan borning erish harorati 2300 °C ni tashkil qiladi. Kremniy singari, bor ham uglerod bilan turli birikmalar hosil qiladi. Borning uglerod bilan birikmalari qattiqligiga ko‘ra kremniy karbidiga juda yaqin bo‘ladi. Bor karbidi (B4C) deb ataluvchi ushbu moddani uzoq yillar davomida ko‘pchilik tabiatdagi eng qattiq modda bo‘lsa kerak deb o‘ylashgan. Uni hatto olmosdan ham qattiq deb hisoblashardi. Albatta bu xato fikr edi. Biroq, 1956 yilda kimyogarlar bor nitridini (BN) olishga muvaffaq bo‘lishdi va uning qattiqligi haqiqatan ham olmos bilan raqobatlasha oladigan bo‘lib chiqdi. Bor nitridida ham atomlar xuddi olmosdagi uglerod va azot atomlarining joylashuvi kabi tartibda joylashgan bo‘ladi. Bor nitridining qattiqligi olmos bilan deyarli bir xil, lekin uning olmosdan ustunroq qilib qo‘yadigan yana bir xususiyati bor: BN va olmos bir xil qizdirilganda, olmos birinchi bo‘lib erib ketadi. Ya'ni, bor nitridning erish va alangalanish harorati olmosnikidan ancha baland bo‘ladi. Borni 1 ga 10000 nisbatda po‘latga aralashtirish orqali metallurglar po‘latning chidamliligini orttiradilar.

Bor va fosfor elementlarining bittadan atomlari o‘zaro birikib, bor fosfidi (BP) hosil qiladi. Bor fosfidi mikroelektronika sohasi uchun benazir birikma sanaladi. Chunki, BP dan tayyorlangan tranzistorlar kremniy, yoki, germaniydan tayyorlangan oddiy tranzistorlarga qaraganda yuqori haroratga chidamlilik darajasi nihoyatda yaxshi bo‘lib, undan tez qiziydigan turli elektron vositalarni tayyorlashda keng foydalaniladi.

Borning uglerod bilan o‘xshashligi shuningdek, uning vodorod bilan turli murakkab birikmalar turkumini hosil qilishida ham namoyon bo‘ladi. Bor gidridlari deb nomlanuvchi bunday birikmalar hozirda benzinning oktan sonini orttirishda qo‘shimcha sifatida qo‘llaniladi. Bundan tashqari, bor gidridlari raketalarning yoqilg‘isi tarkibiga aralashtiriladigan muhim modda sanaladi. Shunday xossalariga ko‘ra, bor o‘z guruhiga mansub elementlarga unchalik o‘xshamaydigan (aytish mumkinki, o‘z oilasida otning qashqasi) g‘alatiroq elementdir.

Ikkita bor atomi va uchta kislorod atomidan tashkil topuvchi bor oksidi (B2O3) nimasi bilandir kremniy dioksidiga o‘xshab ketadi. Bor oksidi va kremniy dioksidining qotishmasidan borosilikatli shisha tayyorlash uchun foydalaniladi. Bunday shish tashqi harorat ta'siriga bardoshliligi bilan oddiy shisha va oyna mahsulotlaridan afzal bo‘lib, haroratning keskin o‘zgarishlari borosilikat shisha uchun cho‘t emasdir. Shu xossasiga ko‘ra, bunday shisha ko‘p o‘rinlarda kvarts o‘rnida qo‘llanilishi mumkin. Boz ustiga, borosilikat shishaga mexanik ishlov berish kvartsga ishlov berishdan ko‘ra osonroq kechadi. Eng asosiysi esa, borosilikat shishaning tayyorlanish tannarxi kvartsdan ko‘ra ancha arzon bo‘ladi. Bunday shisha savdoda pireks deb nomlanadi. Hozirgi kunda deyarli har bir xonadonda pireks idishlarni uchratish mumkin. Agar tushunmayotgan bo‘lsangiz, qaynoq choy quyganda ham darz ketmaydigan shaffof shisha choynak yoki stakanlarni eslashingiz kifoya. Pireksdan tayyorlangan idishni hatto elektr yoki gaz plitasiga qo‘yib ovqat tayyorlash ham mumkin. Yoki, muzlatgich ichida borosilikat idishda saqlangan biror taomni shundoq olib, darhol olovga qo‘yib isitsa ham bo‘laveradi.

Borosilikat shishalar shuningdek kimyo laboratoriyalarida ham keng ishlatiladi. Kimyo laboratoriyalarida uchratish mumkin bo‘lgan turli kolbalar, probirkalar va boshqa turdagi shaffof idishlarning aksariyati aynan pireksdan tayyorlanadi. Shuningdek, bunday shisha teleskoplar uchun ko‘zgular yasash uchun ham yaxshi xom-ashyo sanaladi. Masalan, AQSHning Palomar tog‘ cho‘qqisida o‘rnatilgan diametri 5.08 metr (200 dyum) teleskopning ko‘zgusi aynan pireksdan yasalgan.

Borosilikatning ingichka tolalaridan esa shisha tola tayyorlanadi. Fiberglas deb nomlanuvchi bunday shisha toladan esa o‘tga chidamli matolar tayyorlanadi.

Borning eng mashhur birikmasi bu - bura bo‘lsa kerak. Uning kimyoviy nomlanishi natriy tetraborat[1] bo‘lib, formulasi Na2B4O7 tarzida yoziladi. Formulasidan ko‘rinib turibdiki, uning molekulasi ikki atom natriy, to‘rt atom bor va yetti atom kisloroddan iborat. Mazkur modda insoniyatga juda qadim zamonlardan buyon ma'lum. Uning xalqaro ommalashgan nomi "bura" arab, yoki, fors tilidan kelib chiqqan bo‘lib, u yaqin sharq hududida ko‘p uchraydigan mineralning nomi bo‘lgan. 1808 yilda farang kimyogarlari Gey-Lyussak va Jak Ternar tarixda ilk bora sof borni ajratib olishganida, o‘zlari sintez qilgan ushbu elementga o‘sha - arabcha-forscha atama nomini biriktirib qo‘yishgan. Shu tariqa, bor ham sirkoniy singari, arab-fors tilidan ildiz olgan atama sanaladi. Bor elementining sof holdagi kristallarini ilk bora 1910 yilda olishga erishilgan.

Bura suvni yumshatish uchun qo‘llaniladi. Xuddi kaliy karbonati singari, bura ham kalsiy, magniy, yoki temir birikmalari bilan birikma hosil qiladi. Agar suv tarkibida shunday birikmalar mavjud bo‘lsa, bunday suvni bura bilan qayta ishlansa, uning tarkibidagi mazkur birikmalar erimaydigan cho‘kma holida ajralib qoladi. Bundan tashqari, bura chinni va sopol idishlarning sirtini sirlash uchun qo‘llaniladi. Payvandlash va kavsharlash ishlarida ham mazkur mineraldan keng foydalaniladi.

Bor elementining manbai - bir zamonlar dengiz va ko‘llar tubi bo‘lgan va hozirda qaqragan cho‘lga aylangan sahrolardir. Jahon eng yirik bor konlari Shimoliy Amerikaning g‘arbida joylashgan qurigan ko‘llardan qolgan tekisliklarda yastanib yotibdi. XX asr boshlarida bor ajratib olinadigan eng yirik joy Kaliforniyadagi o‘lim Vodiysi sanalardi. Hozirda jahonning ko‘plab boshqa joylarida ham Kaliforniyadagidan ham boy bor konlari aniqlangan. Chunonchi, Rossiya Uzoq Sharqida, aniqrog‘i, Primore o‘lkasidagi Dalnegorsk hududida butun jahon bor zahirasining 3% jamlanganligi ma'lum.

Borning yana bir mashhur birikmasi bu - B(OH3), ya'ni, bor kislotasidir. Uning molekulasida uchta vodorod, uchta kislorod va bitta bor atomi mavjud bo‘ladi. Bor kislotasi shu darajada kuchsiz kislotaki, uni kislota deb atash ham erish tuyuladi. Bor kislotasi yengil antiseptik sifatida, suv bilan aralashma tarzida tibbiyotda ko‘z jarohatlarini yuvish uchun qo‘llaniladi. Inson tanasining eng nozik a'zosi bo‘lmish ko‘zning ham to‘qimalari ushbu kislotaga bemalol bardosh berar ekan, shundan ham bu kislotaning qanchalik kuchsizligini tasavvur qilish mumkin.

Bor ko‘plab o‘simliklar tanasi uchun eng zaruriy mikroelementlar turkumiga kiradi. Lekin hayvonlar tanasi uchun bu elementning ahamiyati hali unchalik yaxshi o‘rganilmagan.

Davriy jadvalga nazar solsak, shundoqqina alyuminiyning tagida yana bir ajoyib elementni ko‘ramiz. Mavjudligi kashf qilinishidan avval D.I. Mendeleyev tomonidan bashorat qilingan ushbu kimyoviy element 31-raqamli galliydir. Mendeleyev bu elementning tabiatda mavjudligini shunchaki bashorat qilibgina qolmay, balki uning xossalari va jadvaldagi joylashuv o‘rnini ham aytib bera olgan. Olimning o‘zi o‘sha nazariy elementni "ekaalyuminiy" deb nomlagan. 31-raqamli elementni amalda ilk bora olgan kimyogar esa, Fransiyalik Lekok de Buabodran bo‘lgan. 1875 yilda u Mendeleyev avvaldan bashorat qilgan mazkur elementni ochishga muvaffaq bo‘ladi va unga o‘z vatani sharafiga galliy deb nom beradi (Galliya - Fransiyaning qadimgi Rim solnomalaridagi nomidir). Biroq, bu borada kimyogarlar orasida biroz g‘alati va qiziq tortishuv ham bo‘lgan: olimning ismi Lekok edi; "lekok" farang tilida "xo‘roz" degani bo‘lib, lotin tilida esa xo‘roz "gallos" bo‘ladi. Shunga ko‘ra ayrim mutaxassislar, Buabodran o‘zi kashf qilgan elementga o‘z ismini bermoqchi bo‘lgan deb ham hisoblaydilar.

Galliyning erish harorati ancha past: u 30 °C dayoq erib ketadi. Ya'ni ochiq holdagi galliyni yoz kunlaridagi atmosfera harorati, yoki, inson tanasining issiqligi ham eritib yubora oladi. Odam tanasining me'yoriy harorati 36 °C bo‘lgani uchun, agar qo‘lingizda galliyni ushlab tursangiz u bir pasda erib ketadi. Biroq, shunisi qiziqki, shunday past haroratda erib suyuqlanadigan galliyning qaynatish uchun nihoyatda baland harorat kerak bo‘ladi: galliy 1600 °C da qaynaydi. Uning ushbu xususiyatidan o‘lchov texnikasida foydalanish mumkin. Chunki, yuqori haroratlarni o‘lchash uchun simobli termometrlar yaramaydigan o‘rinlarda galliyli termometrlardan foydalanilsa, kutilgan natijalarni beradi. Eslatib o‘tamiz, simobning qaynash harorati 350 °C ni tashkil qiladi va shu sababli, simobli termometrlarda bundan baland haroratlarni o‘lchashning imkoni yo‘q.

Davriy jadvalda galliyning ostida 49-raqamli element indiy, hamda, 81-raqamli element, talliy joylashgan. Ushbu elementlarning ikkalasi ham spektroskopiya usuli bilan kashf qilingan. 1863 yilda olmon kimyogarlari Teodor Rixter va Ferdinand Rayx birgalikda o‘tkazgan spektral tahlil vaqtida, ilgari fanga ma'lum bo‘lmagan yangi spektral chiziqlarni kuzatishgan. Ushbu spektral chiziqlardan biri indigo (to‘q yorqin siyohrang) rangida bo‘lgani uchun, olimlar uni "indiy" deb nomlashga qaror qilishgan. Indiydan kumushdan tayyorlangan detallarning sirtiga himoya qatlami hosil qilish uchun foydalaniladi. Indiy eng yumshoq metallardan biridir. Uni oddiy oshpichoq bilan ham kesib maydalasa bo‘ladi.

Indiy kashf etilishidan ikki yil avvalroq, ya'ni, 1861-yilda ingliz kimyogari Uilyam Kruks ham spektral chiziqlar tarkibida yangi xil chiziqni payqab qolgan edi. Kruks bu chiziqning rangiga nisbat bergan holda, uni "talliy" deb atagan. Talliy - qadimgi yunon tilida "yashil navnihol" ma'nosini bildiradi.

Talliy - ancha g‘alati xossalarga ega bo‘lgan qiziqarli elementdir. U bir vaqtning o‘zida davriy jadvaldagi boshqa ko‘plab elementlarga o‘xshab ketadi. Xuddiki tabiat, hamma kimyoviy elementlardan oz-ozdan olib, talliyga bergandek. Bunday jihati tufayli, kimyogarlar talliyni "o‘rdakburun" deb ham ataydilar. (Bilamizki, o‘rdakburun - Avstraliyada yashovchi g‘alati jonivor bo‘lib, u tashqi tomonidan, sut emizuvchilar singari teri qatlamiga ega; lekin zurriyotini tug‘ib emas, balki tuxumdan ochirib dunyoga keltiradi. U yarim hayvon, yarim qush deyish mumkin. o‘rdakburunning nomiga monand o‘rdaknikiga o‘xshash tumshug‘i va pardali panjalari bor. Lekin, dumidagi patlari esa xo‘rozniki singari o‘roq-o‘roq bo‘ladi). Albatta, talliy unchalik murakkab element emas, lekin, uning xossalaridagi chalkashliklar kimyogar mutaxassislar uchun boshog‘riq bo‘lishga yetarli darajadadir. Bu metall yumshoq, lekin o‘gir element bo‘lib, bu jihatdan qo‘rg‘oshinga o‘xshab ketadi. Uning ancha past haroratda erishi va birikmalarining zaharliligi ham qo‘rg‘oshinga o‘xshash yana bir jihatidir. Masalan, ikki atom talliy, bir atom oltingugurt va to‘rt atom kisloroddan iborat bo‘lmish talliy sulfat (Ti2SO4) qumursqa va chumolilarni yo‘q qilish uchun ishlatiladi. Ushbu zahar bilan zaharlanishda odamda paydo bo‘ladigan ilk belgilardan bir bu - soch va yunglarning to‘kila boshlashi bo‘ladi. Yuqorida talliyning qo‘rg‘oshinga o‘xshash jihatlarini sanab o‘tgan edik. Uning birikmalari esa, qo‘rg‘oshin birikmalariga emas, balki, ko‘proq marganets va alyuminiy birikmalariga o‘xshaydigan bo‘ladi. Xususan, talliy oksidi aynan shunday birikmadir. Shuningdek talliy birikmalari ichida, natriy va kaliy elementlarining birikmalariga o‘xshash birikmalar ham ko‘p uchraydi. Davriy jadvalga razm solsangiz, natriy va kaliy qayoqda-yu, talliy qayoqda ekanligini ko‘rishingiz mumkin. Bunday uzoq joylashgan elementlarning birikmalari qanaqasiga bunchalik o‘xshash bo‘lishi haqidagi savol esa, kimyogarlar o‘rganishi kerak bo‘lgan qiziqarli ilmiy tadqiqot yo‘nalishlaridan biridir.

Agar bir qism talliyni 11 qism simob bilan aralashtirilsa, bundan muzlash harorati juda past bo‘lgan ajoyib aralashma hosil bo‘ladi. Talliy-simob aralashmasini hatto -60 °C lik qahraton sovuqlar ham muzlatolmaydi. Agar adashmayotgan bo‘lsam, bunday past harorat, metallar va qotishmalar uchun qayd qilingan eng past muzlash harorati bo‘ladi.

 


[1] O‘zbekchada bu moddani "tanakor" deb yuritiladi.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 11.02.2020 08:39  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Sizda mulohaza qoldirish imkoniyati mavjud emas. Mulohaza qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'tish kerak.

Banner

Orbita.Uz infotekasi

Milliy bayramlarimiz

Yaqin kunlardagi rasmiy bayramlar, kasb bayramlari, muhim tarixiy va xalqaro sanalar.

26 - may - Kimyogarlar kuni


1 - iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni


5 - iyun - Iyd al-Fitr - Ramazon hayiti (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


13 - Iyd al-Adho - Qurbon hayoti kuni (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


 

1 - Sentyabr - Mustaqillik kuni. (Dam olish kuni)


2 - Sentyabr - Bilimlar kuni.


 

1 - Oktyabr - Ustoz va murabbiylar kuni. (Dam olish kuni)

O'zbekiston shaharlari ob-havo ma'lumotlari

Orbita.Uz do'stlari:

Ziyo istagan qalblar uchun:

O'zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona!

​Ўзбекча va o'zbekcha o'zaro transkripsiya!
O'zbekcha va ўзбекча ўзаро транскрипция!

Bizning statistika


Orbital latifalar :) :)

????????????????????????

Faylasuf va fizik suhbatidan:

-Muhabbatning kuchi nimada deb o'ylaysiz? - deb so'radi faylasuf.

-Buning javobi juda oson, Muhabbatning kuchi, uning tezlanishi va massasining kopaytmasiga teng, ya'ni Fmuh=ma... - deb javob berdi fizik.


Mavzuga oid boshqa materiallar

Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 880
O'qilgan sahifalar soni : 11615494

Tafakkur durdonalari

Dunyo imoratlari ichida eng ulug'i - MAKTABDIR! (M Behbuduy)