Orbita . U Z

...Ilm-fan fazosi uzra!

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish

Paroxod

E-mail Chop etish PDF
Maqola Reytingi: / 7
Juda yomon!A'lo! 

Paroxod

O‘zi harakatlanadigan va shamol yo‘nalishiga qarshi suza oladigan kema haqidagi fikrlar, to‘g‘rirog‘i, orzular odamlarda juda qadimdan mavjud bo‘lgan. Bunday kemalarga ayniqsa, daryolarda oqimga qarshi suzib qatnaydigan kema boshqaruvchilari ko‘proq intizor bo‘lishgan. Notekis o‘zan bo‘ylab yuqori tomon suzishda yelkan yoki, eshkakchilar kuchidan foydalanish juda murakkab bo‘lib, ko‘pincha bunday suzishning imkoni deyarli bo‘lmagan. Kemalarni, yoki, yuklarni oqimga qarshi tortish uchun burloqlar mehnatidan foydalanishga to‘g‘ri kelardi. Lekin burloqlar bu ishni juda sekin bajarishardi. Shunday muammolar tufayli, ayniqsa daryo transportida oqimga qarshi suzish uchun yelkan va eshkak vositasini istisno qiluvchi, lekin kemani oldinga bemalol harakatlantira oladigan yurituvchi kuchga ehtiyoj kuchli bo‘lgan. Bunday shamol kuchi va qo‘l mehnatidan mustaqil harakatlana oladigan kemaning ilk loyihasini o‘rta asrlarda yashagan mexaniklar taklif qilishgan. Taxminan 527 yilga oid bo‘lgan qadimgi qo‘lyozmalarning birida suv tegirmoni vositasida harakatlantirilishi ko‘zda tutilgan kema modeli tasvirlangan. Faqat unda suv tegirmonni kemaga o‘rnatilgach, baribir uni yoki odam, yoki hayvon kuchi evaziga aylantirib turish zarur bo‘lgan.

 

Biroq, haqiqiy ma'nodagi o‘zi yurar, kuchli va katta yuk sig‘imiga ega kema qurish imkoniyati faqat muhandislarning bug‘ dvigatelini ixtiro qilishganidan keyin paydo bo‘ldi. Tarixda ilk bug‘ dvigatelli kemani, ya'ni, paroxodni amerikalik muhandis Fitch yasagan. Aynan u 1787-yilda ikkinchi bora shunday kema yasab suvga tushirgan. Fitchning ikkinchi, yanada mukammallashtirilgan ushbu paroxodi "Perseverans" deb nomlangan (ma'nosi "matonat", "qat'iyat" tarzida talqin qilinishi mumkin). Fitchning paroxodlarning qiziq jihati shuki, ularda kemaning suvga botib turgan qismlarida parrak o‘rnatilmagan; aksincha, bug‘ dvigatellari kema yon taraflari bo‘ylab o‘rnatilgan eshkaklarni harakatga keltiradi.

1786-yilda chop etilgan loyiha matnida ixtirochining o‘zi "Perseverans" haqida shunday yozgan: "Porshen harakat yo‘li taxminan 3 futga teng, porshenning silindr bo‘ylab har bir ilgarilanma-qaytma harakati valni 40 marta aylantiradi. Valning har bir aylanishidan kema yon tomoniga o‘rnatilgan 12 ta kuraksimon eshkaklar 5 fut 6 dyum masofaga harakatga keladi. Bu eshkaklar xuddi qo‘lda eshilgandek tarzda harakatlanib boradi. 12 ta eshkaklar ikkiga bo‘lingan. Ulardan 6 tasi suvga kirgan paytda qolgan 6 tasi tashqarida bo‘ladi, valning keyingi yarim aylanishida esa, navbatdagi 6 ta eshkak suvga kiradi, avval suvda bo‘lgan 6 tasi esa tashqariga chiqadi. Shu tarzda eshkaklarning harakati to‘xtamasdan boradi. Valning har bir aylanishidan 12 ta eshkak ikki martadan suvga kirib chiqishga ulguradi va taxminan 11 fut masofaga harakatlanadi". Fitch paroxodlarida eshkaklar kema korpusiga mahkamlangan. Kemaning har bir tarafida uch juftdan eshkak o‘rnatilgan. Ixtirochining o‘zi ham ta'kidlab turganidek, eshkaklar xuddi odamlar qo‘lda eshgani singari harakatlangan.

Fitch paroxodlari o‘z zamonasidan ancha o‘zib ketgan, o‘ta ilg‘or transport vositasi edi. 1788-yildayoq "Perseverans" Delaver daryosi bo‘ylab Filadelfiya va Burlington manzillari orasida muntazam qatnay boshlagan (oraliq masofa taxminan 32 km). U bortiga 30 nafargacha yo‘lovchi olishi mumkin edi. Umumiy hisobda "Perseverans" taxminan 1000 kilometr yo‘l bosgan.

Fitch paroxodining yaqqol muvaffaqiyatiga qaramasdan, uni qo‘llab quvvatlovchilar topilmadi va paroxodlar ixtirochining vafotidan keyin qirg‘oqda zanglab ketdi. Lekin Fitch boshlagan ish butunlay to‘xtab qolgan deyish ancha mubolag‘a bo‘ladi. Boshqa mamlakatlardan ko‘ra ayniqsa AQSHda bunday kemalarga bo‘lgan ehtiyoj kattaroq bo‘lgan. Sababi, yangi tashkil bo‘lgan ushbu mamlakatda avvalo ichki tabiiy daryo yo‘llari yaxshi shakllangan bo‘lib, qolaversa, yuk va yo‘lovchi tashish uchun mo‘ljallangan keng va sifatli yo‘llar juda kam bo‘lgan. Shaharlararo temiryo‘l aloqasi ham bu paytda endi-endi atak-chechak qilayotgan vaqt edi. Shu sababli ham yuk va yo‘lovchi tashishda eng maqbul yo‘l - daryo transporti bo‘lib qolavergan.

AQSH shuningdek ishbilarmonlik gurkirayotgan mamlakat ham edi. Bu yerga ko‘chib kelib o‘rnashgan ko‘plab yevropaliklar yangi joyda yangi biznes ochib boyib ketishni ko‘zlashardi. Shunday odamlardan biri Livingston ismli, asli kasbi huquqshunos (sud hakami) bo‘lgan ishbilarmon bo‘lib, u garchi o‘zi paroxod yasalishi bilan bog‘liq texnik jihatlarni tushunmaydigan, nomutaxassis bo‘lsa-da, lekin daryoda kema qatnovini yo‘lga qo‘yish orqali yaxshigina pul ishlash mumkinligini birinchilardan bo‘lib fahmlab yetgan. 1789-yilda Livingston Gudzon daryosi bo‘ylab paroxod qatnovini yo‘lga qo‘yish huquqini beruvchi rasmiy hujjatni qo‘lga kiritgan. Biroq, Livingstonning o‘zida paroxod yo‘q edi. Livingston bir necha yil ichida ko‘plab mexaniklarni ishga yollab, bug‘ yordamida harakatlanadigan paroxod qurishga urinib ko‘rdi. Lekin, uning ustaxonalarida tayyorlangan bir necha xil ko‘rinishdagi paroxodlardan birortasi ham ko‘zlangan natijani bermagan: Livingston mexaniklari yasagan eng ildam paroxod ham tezligini 5 km/soatdan oshira olmagan. Bunday tezlik bilan esa daryoda kema qatnovini xayol qilmasa ham bo‘laveradi. Taqqoslash uchun ma'lumot: piyoda yurgan odamning ham o‘rtacha tezligi 5 km/soatni tashkil qiladi.

Mahalliy mexaniklardan hafsalasi dabdala bo‘lgan Livingston 1801-yilda Fransiyaga yo‘l oladi. Fransiyada Livingston o‘z vatandoshi Robert Fulton bilan uchrashadi. Fulton ham paroxod loyihasi ustida uzoq yillar bosh qotirgan yetuk mexaniklardan bo‘lib, lekin bu paytda yana bir "orzudagi transport" - suvosti kemasi loyihasi ustida ishlayotgan edi. Biroq, Fulton qanchalik iste'dodli bo‘lmasin, lekin badavlat emasdi va har ikkala shov-shuvli loyihalar (paroxod va suvosti kemasi) uchun ham unda yetarlicha mablag‘ bo‘lmagan. Livingston va Fultonning Fransiya tuprog‘idagi uchrashuvi paroxod tarixida hal qiluvchi o‘rin tutgan desak yanglishmagan bo‘lamiz: Livingston vanihoyat malakali mexanikni topgan bo‘lsa, Fulton - loyihalarni moliyalashtiruvchi biznesmenni uchratgandi. 1802-yilning kuzida ushbu ikki orzumand o‘zaro kelishuv imzolashadi. Unga ko‘ra, Fulton 13 km/soat tezlik bilan harakatlana oladigan va 60 nafar yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan paroxodni yasaydi; Livingston esa ustaning barcha xarajatlarini ta'minlaydi. Paroxodni qatnovidan tushadigan foyda esa teng ikkiga taqsimlanadi.

Fultonning shamol va qo‘l mehnatisiz, o‘zi harakatlanadigan kema borasidagi ilk tajribalari 1793-yildayoq amalga oshirib ko‘rilgan edi. U charxpalakli parraklarni harakati vositasida suzadigan kemani 1794-yilda yasab ko‘rgan. o‘sha yilning o‘zida Fulton Manchesterga safar qiladi va Uattning bug‘ dvigateli bilan tanishadi. U o‘shandayoq, kemani harakatga keltirish uchun bug‘ mashinasidan foydalanish kerakligini tushunib yetgan. Keyingi yillar mobaynida esa usta mexanik Fulton, bug‘ dvigatelli kemaning turli xil modellarini loyihalab, chizma va hisob-kitoblarini bajarib kelgan bo‘lib, lekin loyihalarni moliyalashtirish manbaini topa olmay yurgandi. U o‘z hisobidan bug‘ dvigatelli kemaning juda kichik (1 metrlik) nusxasini ham yasab ko‘rgan va uni Plombyer yaqinidagi suv havzasida sinab ko‘rgan.

Livingston bilan kelishuvga erishgan usta Fulton 1803-yilning bahorida Parijda o‘zining ilk haqiqiy paroxodini yasashga kirishadi. U odatiy kemalardan yaqqol farq qiluvchi, g‘alati ko‘rinishda bo‘lgan: paroxodning tag qismi tep-tekis bo‘lib, kemaning oldinga turtib chiqib turuvchi tumshuq qismi ham bo‘lmagan. Ya'ni, u qandaydir to‘rtburchaksimon ko‘rinishda bo‘lgan. Fulton ushbu paroxod uchun bug‘ dvigatel sotib olishga tavakkal qilib o‘tirmasdan, uni yaqin tanishlaridan biridan ijaraga olishni ma'qul ko‘rgan. Ijaraga olingan ushbu bug‘ dvigatelga Fulton o‘zi yasagan uzatma mexanizmni yasab mahkamlagan. Lekin, yasalgan kemaning mustahkamligi ancha past bo‘lib, u o‘ziga yuklangan narsalarni, xususan, bug‘ mashinasi og‘irligini ko‘tara olmagan. Sena daryosida o‘tkazilgan sinov jarayonlarining birida Fulton paroxodi kuchli to‘lqinlar ta'sirida yorilib ketgan. Natijada ijaraga olingan qimmat bug‘ dvigateli va unga biriktirilgan barcha uzatma mexanizmlar daryoga cho‘kib ketgan. Cho‘kib ketgan ushbu kerakli uskunalarni juda katta mashaqqat bilan qaytib olib chiqilgan. Suvostidan kema qismlarini yuzaga ko‘tarish amaliyotida Fultonning o‘zi ham faol qatnashgan edi. Biroq, biroz salqin ob-havo sharoitida olib borilgan sho‘ng‘ish ishlarida usta qattiq shamollab qolgan. Shu sababli u uzoq muddat davolanishiga to‘g‘ri kelgan va paroxod yasash ishlari bir muddat to‘xtab qolgan. Fulton sog‘ayib kuch yig‘ib olgach, 1803-yilning iyun-iyul oylarida yana bir bug‘ dvigatelli kema yasab bitkazadi. Bu safar u avvalgi muvaffaqiyatsizlikdan to‘g‘ri xulosa chiqargan bo‘lib, u endi odatiy kemalarga ancha o‘xshash shaklda bo‘lgan. uzunligi 23 metr, eni 2.5 metr bo‘lgan mazkur namuna model 1803-yilning avgust oyida sinovdan o‘tkazilgan. Bir yarim soat mobaynida paroxod 5 km/soat barqaror tezlik bilan harakatlangan. Albatta, ushbu tezlik ko‘rsatkichi ko‘zlaganidan ancha past edi. Lekin, mazkur modeldagi paroxodning eng katta ijobiy jihati - unda manyovr qilish, ya'ni, boshqarish, oldinga, orqaga va yon taraflarga harakatlanish ancha oson bajarilardi.

Fulton ushbu modeldagi paroxodni birinchi bo‘lib mamlakat boshchisi - Napoleon Bonpartga namoyish qilib, uning qo‘llab quvvatlashiga erishmoqchi bo‘lgan. Biroq, paroxod Napoleonga hech qanday qiziqish uyg‘otmagan edi. 1804-yilning bahorida Fulton yana Angliyaga yo‘l oladi. Bu yerda usta, ingliz hukumatini e'tiborini o‘zining suvosti kemasi loyihasiga jalb qilishga urinib ko‘rgan. Biroq, uning loyihasiga Angliya hukumati ham e'tiborsizlik namoyish qilgan. Tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgan mexanik, Bolton-Uatt bug‘ mashinalari ustaxonasida bug‘ dvigatellarining tayyorlanish jarayoni bilan tanishishga qaror qiladi. o‘sha yilning o‘zida Fulton endi Shotlandiyaga yo‘l oladi. Shotlandiyada Saymington ismli ustaning "Sharlotta Dunas" nomli paroxod yasagani haqida xabar tarqalgan edi. Fulton Saymingtonning ixtirosi bilan tanishishni maqsad qilib yo‘lga chiqqan. Saymington - Yevropada birinchi bo‘lib o‘zi yurar kema yasagan inson desak yanglishmagan bo‘lamiz. U o‘zi yashagan joydagi o‘ta badavlat zodagon, katta yerlar egasi Patrik Millerning buyurtmasiga ko‘ra 1788-yildayoq bug‘ dvigateli bilan harakatlanadigan kichikroq kema yasagan edi. Ushbu kema Shotlandiyadagi Delsuinton ko‘lida sinovdan o‘tkazilgan bo‘lib, u 8 km/soat tezlikka erisha olgan. Shundan 15 yil o‘tib Saymington yuqorida eslatib o‘tilgan paroxod - "Sharlotta Dunas"ni yasagan bo‘lib, u Fors-Klaydon kanalida suza boshlagan. "Sharlotta Dunas"ni aynan ushbu kanal xo‘jayini bo‘lgan odam buyurtma qilgan bo‘lib, u asosan yuk tashish uchun mo‘ljallangan paroxod bo‘lgan. Saymingtonning mazkur paroxodi o‘z davrining eng muvaffaqiyatli daryo transporti bo‘lgan bo‘lib, u 10 km/soat tezlikka erisha olgan. Biroq, ushbu model ham ingliz rasmiy doiralarini o‘ziga jalb eta olmagan. "Sharlotta Dunas"ning kanaldagi sinov ishlarida Fulton ham qatnashgan bo‘lib, kuzatuvlardan u o‘zi uchun ko‘plab yangiliklar va texnik yechimlarga ega bo‘lgan edi. Biroq, "Sharlotta Dunas" kanalda uzoq muddat qatnamagan. Uni biroz ishlatishgandan keyin qirg‘oqqa chiqarib qo‘yishgan va kema o‘sha joyda chirib ketgan.

�Sharlotta Dunas�  paroxodi uchun olingan patentdagi chizmasi

Bu orada Livingston Fultonni Amerikaga qaytishga ko‘ndirishmoqchi edi. o‘sha paytlarda Livingstonning qaynog‘asi, shuningdek, undan paroxod qatnovi biznesi g‘oyasini o‘g‘irlagan Stivens ismli qarindoshi, Nyu-York - Olbani yo‘nalishida qatnov tashkillash huquqini o‘ziga rasmiylashtirib olish payiga tushib qolgandi. Ushbu muddao yo‘lida 1806-yili Stivens o‘zining "Feniks" nomli paroxodini yasalishini boshlab yuborgan bo‘lib, u keyingi - 1807-yilda Livingstonning muddati tugaydigan paroxod qatnovi tashkillash huquqini bekor qilinishiga umid qilgan. Livingston albatta katta ehtimol bilan, xotini orqali qaynog‘asining niyatlaridan boxabar bo‘lib turgan. Shu sababli u paydo bo‘lgan qarindosh-raqobatchidan o‘zib ketish uchun endi shoshilish kerakligini yaxshi tushunardi. Livingstonning tinimsiz chorlovlari natijasida 1806 yilning dekabrida Fulton Nyu-Yorkka yetib keladi. 1807 yilning bahorida esa ular paroxodni yasashni boshlab yuborishadi. Tez orada ularga Angliyaga buyurtma qilingan Uatt bug‘ mashinasi ham yetib keladi. Bu paytda kemaning asosiy korpus qismi bitgan bo‘lib, bug‘ dvigatelni unga o‘rnatish juda qiyin bo‘lgan. kemani yasash jarayonida yuzaga keluvchi muhandislik yechimlarining hammasini Fulton o‘zi hal qilishiga to‘g‘ri kelgan. Sababi, butun boshli Nyu-Yorkda Fulton darajasidagi birorta ham boshqa usta-mexanik topilmagan. U yasagan ushbu paroxod "Klermont" deb nomlangan bo‘lib, hatto XIX asr boshi uchun ham kichik kema sanalgan. "Klermont"ning suv sig‘imi 150 tonna, korpusining uzunligi esa 43 metrdan iborat bo‘lgan. unga o‘rnatilgan bug‘ dvigatelining quvvati esa 20 ot kuchini tashkil qilgan. "Klermont"ga shuningdek ikkita yelkan machtasi ham o‘rnatilgan bo‘lib, agar yo‘nalish bo‘yicha shamol esib turgan bo‘lsa, bug‘ mashinasiga qo‘shimcha yordam beradigan yelkanlar ham albatta ko‘tarilgan.

Fulton paroxodining mashina qismi 6 metr uzunlikdagi bug‘ qozonidan tashkil topgan. Bug‘ qozon ko‘rinishidan sandiqqa o‘xshab ketgan. Unda vertikal bug‘ silindri o‘rnatilgan bo‘lib, silindr ichidagi porshenning harakat yo‘li taxminan 2 metrga teng bo‘lgan. Silindrni ikki yon tarafidan og‘ir cho‘yan posangilar bog‘langan. Posangilar uchburchak shaklida bo‘lib, uning asosi 2.1 metrni tashkil qilgan.

Aslida ushbu paroxod ham na konstruksiyasi va na dvigatel quvvatiga ko‘ra, avvalgi modellardan unchalik farq qilmagan. Biroq, aynan "Klermont" paroxodchilik tarixida yangi davrni boshlab bergan edi. Chunki, o‘sha 1807-yilda u Nyu-York - Olbani yo‘nalishida ilk safarga suzar ekan, birinchi urinishdayoq kutilgan natijani to‘liq muvaffaqiyatli taqdim etdi. o‘zining muvaffaqiyatidan ruhlangan usta Fulton tanishlaridan biriga shunday yozgan edi: "Men paroxodimda qayiqlarni, yelkanli kemalarni quvib o‘tdim. Menga ularning barchasi langar tashlab joyida qotib turgandek tuyuldi. Mana, bug‘ kuchi orqali kemani harakatga keltirish mumkinligi isbotlandi. o‘sha kuni men o‘z paroxodimda Nyu-Yorkdan jo‘nab ketar ekanman, o‘zim bilan olgan 30 kishidan birortasi bu kema hech bo‘lmasa soatiga bir mil ham yurmasa kerak deb ishonqiramagan edi. Men ko‘pchilik qiziquvchan tomoshabinlar to‘planib turgan qirg‘oqdan suzib ketar ekanman, qulog‘imga ba'zi kesatiq va pichinglar aniq eshitilgandi. Odatda o‘zi bilimsiz odamlar, o‘zlari tushunmaydigan narsalar haqida shunaqa "falsafa" qilishni yoqtirishadi".

�Klermont� paroxodining 1909 yilda qayta tiklangan nusxasi

"Klermont" Nyu-Yorkdan Olbanigacha bo‘lgan 277 km daryo yo‘lini oqimga qarshi va ro‘paradan esuvchi shamolga teskari ravishda suzib o‘tdi. Ushbu masofa uchun Fulton paroxodi atiga 32 soat vaqt sarflagan. Bunda kema faqatgina bug‘ dvigatelining kuchidan foydalangan. Safardan katta muvaffaqiyat bilan qaytgan Fulton o‘z farzandidek bo‘lib qolgan "Klermont" konstruksiyasiga biroz o‘zgartirishlar kiritdi. Bu o‘zgartirishlar asosan yo‘lovchilarga qulayliklar yaratish maqsadida amalga oshirilgan bo‘lib, natijada kemada uchta katta-katta kayutalar hosil bo‘ldi. Ulardan eng kattasida 36 nafar, o‘rtachasida 24 nafar va eng kichik kayutada 18 nafar yo‘lovchi ketishi mumkin bo‘lgan. Kayutalarda har bir yo‘lovchi uchun yotoq joy va o‘rindiq jihozlangan bo‘lib, Fulton daryo bo‘ylab paroxodda yo‘lga chiqishni odamlar uchun maksimal qulay bo‘lishiga e'tibor qaratgan. U kemaning shinam xonalarida sayohatga chiqish odamlar uchun bir vaqtning o‘zida maroqli hordiq jarayoniga aylanishini ko‘zda tutgan edi. Bulardan tashqari, kemada yo‘lovchilar uchun alohida yukxonalar, umumiy ovqatlanish oshxonasi, hamda, o‘zi ovqat tayyorlaydiganlar uchun maxsus jihozlangan oshxona mavjud bo‘lgan. Fulton o‘z paroxodida tartib va ozodalikni saqlash uchun ham katta e'tibor qaratgan. Chunonchi u paroxodga chiqqan yo‘lovchilarning ijtimoiy mavqeidan qat'iy nazar hamma uchun yagona qoidalar joriy qilgan (kemaga tushganni joni bir deyishadiku {#emotions_dlg.laughing}). Masalan, "jentelmen"lar ham oddiy to‘pori erkaklar ham yotoq joyiga oyoq kiyim bilan chiqib yotishi ta'qiqlangan. Shuningdek stolga chiqib o‘tirish, yoki ovqatlanish joylarini ifloslantirish uchun jarimalar tayinlangan. Nyu-York - Olbani yo‘nalishida bir tarafga suzish narxi bitta yo‘lovchi uchun 7 dollarni tashkil qilgan. Bu o‘sha payt uchun kattagina mablag‘ sanalardi. Shunga qaramay, ushbu narx o‘rtahol aholi qatlami uchun ham yetarli darajada maqbul narx sanalgan va Fulton paroxodida suzishni istovchilarning son-sanog‘i juda ko‘payib ketgan. Har bir yo‘lga chiqish uchun paroxoddagi joylar ancha kunlar avval sotib bo‘linardi va odamlar bu "Klermont"ga chipta olish uchun kunlab navbat kutishdan ham qaytishmasdi.

Qatnov yo‘lga qo‘yilgan dastlabki yili "Klermont" o‘z egalari - Fulton va Livingstonga 16 ming dollar sof daromad keltirgan. Livingston o‘ylagan biznes reja o‘zini kutilganidan ham ziyoda tarzda oqlagan edi. Ushbu foyda evaziga Fulton-Livingston tandemi darhol yangi paroxodlarni qurishni boshlab yuborgan. 1816-yilga kelib esa ularning tasarrufida 16 ta paroxoddan iborat flotiliya barpo bo‘lgan. Ulardan biri - "Konnektikut" nomli paroxod quvvati 60 ot kuchiga teng bug‘ dvigateli bilan jihozlangan bo‘lib, 500 tonnadan ziyod suv sig‘imiga ega edi. Fulton-Livingston flotiliyasi Gudzondagi yelkanli va eshkakli kemalar egalarining kuchli g‘azabiga uchragan. Sababi, bug‘ dvigatelli kemalar yuk sig‘imi, yo‘lovchilar uchun qulayligi va ayniqsa tezligi evaziga, an'anaviy kemalarni asta-sekinlik bilan siqib chiqarishni boshlagan. Yelkanli va eshkakli kemalar egalari Fulton paroxodlari bilan raqobat qila olmay xunob bo‘lishardi. Bunday kemalar egalaridan ba'zi g‘alamislari esa ataylab paroxodlarga shikast yetkazishga urinib, paroxodlar bilan qasddan to‘qnashuvlar uyushtirishar, yoki, paroxodlar yo‘lida yog‘och-g‘o‘lalardan iborat to‘siqlar uyib tashlashardi. Natijada bunday g‘alamislik muammosi hukumat darajasida hal qilinishiga to‘g‘ri kelgan: 1811 yilda Qo‘shma Shtatlar hukumati paroxodlarga ziyon yetkazganlik uchun qat'iy jazo choralari belgilangan maxsus qonun joriy qilgan.

Tabiatan juda kamtar odam bo‘lgan usta Fulton, paroxod g‘oyasi o‘ziga tegishli bo‘lmaganini ko‘p ta'kidlardi (haqiqatan ham, u paroxodning ko‘plab detallarini Saymingtondan o‘zlashtirgan). Lekin, adolat yuzasidan aytish joizki, kemasozlik va dengizchilik tarixida paroxodlarda suzish g‘oyasini muvaffaqiyatli ravishda amalga kiritgan muhandis-mexanik usta aynan Fulton bo‘ladi. Uni "qo‘li yengil" ustaligi evaziga, paroxod transporti avvaliga Amerikada, keyin esa butun dunyoda shiddat bilan rivojlana boshladi. 1840 yilga keliboq, birgina AQSHning Missisipi daryosi va uning irmoqlaridan iborat ulkan havzada mingdan ortiq paroxodlar qatnagan. Shu yillardan boshlab bug‘ dvigatelli kemalar endi dunyo dengizlariga ham chiqa boshlagan. Chunonchi 1819 yilda "Savanna" paroxodi tarixda ilk bora Atlantika okeanini kesib o‘tib, Amerika-Angliya dengiz qatnovida yangi davrni boshlab bergan edi.

1819 yilda Atlantika okeanini ilk bora kesib o'tgan paroxod - �Savanna�

Paroxodlar hozirgi kunda ham daryo va dengiz transportida katta o‘rin tutadi. Lekin asosan paroxodlardan daryo transportida foydalanilmoqda. Hozirgi kunda jahondagi eng keksa paroxod - Norvegiyaning Myos ko‘li qirg‘oqlari o‘rtasida qatnovni amalga oshiradigan "Skiblander" paroxodi bo‘lib, u 1856 yilda-suvga tushirilgan edi. Shuningdek, Daniyaning "Yulland" nomli paroxodi bizgacha yetib kelgan eng keksa yog‘och paroxod sanaladi. U hozirda suzuvchi muzeyga aylantirilgan.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 17.12.2018 07:51  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Sizda mulohaza qoldirish imkoniyati mavjud emas. Mulohaza qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'tish kerak.

Banner

Orbital latifalar :) :)

Matematikning hayotidagi eng go‘zal lahzalari - uning teorema isbotini topgani, lekin, qilgan xatosini hali fahmlamagini vaqtlari bo‘lsa kerak.


Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 880
O'qilgan sahifalar soni : 11580796

Tafakkur durdonalari

Ilm-Fan Taraqqiyotni yetaklovchi kuchdir!