Orbita . U Z

Ilm-fan fazosi uzra

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa Maqolalar Qiziqarli kimyo Uran – beqaror element.

Uran – beqaror element.

E-mail Chop etish
Maqola Reytingi: / 1
Juda yomon!A'lo! 
Maqola mundarijasi
Uran – beqaror element.
Мақолани кирилл алифбосида ўқинг
Hamma sahifa

Uran – beqaror element.

 

Mendeleyev kimyoviy elementlar davriy jadvalidagi elementlarning aksariyati, ya'ni, 1-raqamli element vodoroddan boshlab, 83-raqamli element vismutgacha bo‘lgan barchasi barqaror elementlar sanaladi. Ushbu elementlarning hech bo‘lmasa bir dona atomi doimiy barqaror bo‘lib qoladi. Balki tabiatda mavjud barqaror elementlarning hammasi aynan o‘sha 83 ta elementdan iborat bo‘lishi mumkin.

Vismutdan keyin keluvchi element – poloniydan boshlab, beqaror kimyoviy elementlar qatori boshlanadi. Bu elementlarni beqaror deyilishiga sabab, vaqt o‘tishi bilan bunday elementning atomi parchalanib, boshqa bir atomga aylanadi. Bunday beqaror elementlar ichida keng tarqalgani va eng birinchi bo‘lib kashf qilingani – davriy jadvaldagi 92 raqamli element - Uran elementidir. Uranni 1789 yilda olmon kimyogari Martin Genrix Klaport (1743-1817) tomonidan nasturan mineralini tadqiq qilish vaqtida kashf etilgan. O‘zi kashf qilgan elementni olim, o‘sha yillarda astronom hamkasblari tomonidan kashf etilgan yangi sayyora – Uran sharafiga shu nom bilan nomlagan.

 

Nasturan minerali tarkibida uran oksidi (U3O8 yoki UO2) mavjud bo‘ladi. Uranni tozalab olish juda qiyin. U titan va shunga o‘xshash metallar kabi juda faol bo‘lib, uni o‘z tarkibidagi aralashmalardan xalos qilish mushkul vazifadir. Dunyodagi yetakchi kimyo laboratoriyalarida ham uranni sof holda olishga bo‘lgan urinishlar 1942 yilgacha doimo besamar ketgan. Faqat 1942 yilga kelibgina, atom bombasi tayyorlash loyihasi asnosida uran elementi ilk bora sof holda olindi. Kimyogarlarning hayratiga sabab bo‘lib, olingan uran metali kumush rangida bo‘lib chiqdi. Og‘irligi esa oltinning og‘irligiga yaqin ekan.

Uran kashf qilinganidan keyingi yuz yil davomida uni biror tayinli maqsadda ishlatilmagan. Masalan Chexiyadagi nasturan koni XVI asrdan boshlab qazishga kirishilgan bo‘lsa-da, u yerda konchilar nasturanga yo‘ldosh kumushni ajratib olish uchungina ishlashgan. XIX asr ikkinchi yarmiga kelib Chexiyadagi konda kumush chiqmay qo‘ydi va endi konchilar o‘sha joyning o‘zidan qo‘rg‘oshin qazishga o‘tishdi. Keyinchalik konda qo‘rg‘oshin ham tugab bitdi. Shundan so‘ng, XX asrning 40-yillarigacha kon tashlandiq holda yotdi va u yerda uranning ulkan zahirasi borligi birovning xayoliga ham kelmadi.

Bu vaqt davomida uranning ba’zi birikmalarini shishaga qo‘shish uchun ishlatishgan. Juda oz miqdorda qo‘shilgan uran birikmalari shishaga kanareykalar patidagi singari yorqin yashil-sariq rang bergan. Shuningdek yana boshqa bir uran birikmasidan keramika mahsulotlarini sirlashda va bo‘yashda foydalanishgan. Uranni amalda qo‘llash sohalari faqat shu ikki jabhadangina iborat bo‘lgan. Kimyogarlarning ham uranga bo‘lgan qiziqishi uning ayrim birikmalarida shunday flyuroessentlik xossasi, ya'ni turli ranglar bilan jilvalanishi xususiyati mavjudligi yuzasidan bo‘lgan xolos. Ya'ni, uranni ultrabinafsha nurlariga tutilsa u yorqin sariq rangda tovlangan.

1896 yilda farang fizigi Antuan Anri Bekkerel (1852-1908) mutlaqo tasodifiy ravishda shuni payqab qoldiki, uranning atomlari fanga shu choqqacha noma’lum bo‘lgan qandaydir nurlanish taratar ekan. Ushbu nurlanishlarni keyinchalik radioaktivlik deb nomlashdi. Shundan keyin fiziklar va kimyogarlar orasida uran elementiga bo‘lgan qiziqish benihoya ortib ketdi.

Tekshirishlar natijasida shu narsa aniqlandiki, uran atomida chiqayotgan nurlanishlarning ayrim turlari, atomning o‘zidan ham kichik zarrachalardan tashkil topar ekan. Shu sababli ham bunday zarrachalarga subatom zarrachalar deb nom berishdi. Nurlanishning boshqa turlari esa rentgen nurlariga o‘xshab ketardi, lekin undan ancha kuchliroq edi. Afsuski, uran va unga o‘xshash radioaktiv elementlarning nurlanishi va nurlanishning inson tanasiga nisbatan salbiy ta’sirini anglab yetilgunicha, bir necha olimlar va mutaxassislar nurlanish natijasida vafot etib ketishdi.

Ushbu nurlanishlarning tabiatini tadqiq qilish davomida olimlar atomlarning ichki tuzilishi haqida ko‘plab yangi narsalarni bilib olishdi. Chunonchi, atomlar turli xildagi subatom zarrachalardan tashkil topishi ma’lum bo‘ldi. Olimlar ushbu zarrachalardan foydalanib, bir atomni boshqa bir atomga aylantirishni o‘rganib oldilar. Bunday jarayonni biz hozirda yadro reaksiyasi deb ataymiz. Shuningdek yadro reaksiyalarida hosil bo‘ladigan ulkan miqdordagi energiyani inson xizmatiga bo‘ysundirish yo‘llarini ham izlab topdilar. Bu maqsadda yadro reaktorlari qurilishlari tashkillandi. Urandagi nurlanishlarni tadqiq qilish orqali yetib borilgan eng dahshatli ilmiy natija esa – atom bombasining tayyorlanishi bo‘ldi…

Bir paytlar shishasozlardan boshqa deyarli hech kimni qiziqtirmagan uran elementi endilikda eng ilg‘or rivojlangan davlatlarda ham, hukumat e’tiboridagi kimyoviy elementga aylandi. Uning obro‘si ham narxi ham, qadri ham favqulodda keskin oshib ketdi. Ta’bir joiz bo‘lsa, bi paytlar shishasozlarning beozorgina hom-ashyosi sanalgan uran, endilikda butun insoniyatni dahshatga soladigan qo‘rqinchli kuchga aylandi.

Olimlar uran haqida aniqlagan dastlabki narsa shu bo‘ldiki – uran atomi Doimiy ravishda yemirilib, ya'ni, parchalanib turar ekan. Ertami-kechmi har bir uran atomidan unda mavjud subatom zarrachalarning ma’lum qismi katta energiya bilan otilib chiqib ketadi. Aynan o‘sha uchib chiqib ketayotgan zarrachalarni (nurlanishni) Anri Bekkerel payqab qolgan edi. Bu jarayondan keyin uran atomi endi avvalgiday holatini yo‘qotadi va butunlay boshqa bir atomga aylanadi. Ya'ni, endilikda u uran bo‘lmay qoladi.

Shu mulohazadan so‘ng sizda savol paydo bo‘lishi mumkin: agar uran doimiy parchalanib tursa, nega shu paytgacha tabiatda uran elementi hali-hanuz mavjud? Haqli savol. Gap shundaki, uranning parchalanishi juda-juda sekinlik bilan sodir bo‘ladi. Albatta, yuqorida ham aytilganidek, har bir uran atomi ertami-kechmi, baribir bir kun parchalanib ketadi. Lekin bu jarayon nihoyatda sekin va kech sodir bo‘ladi. Aytaylik 20 gramm uran elementida milliondan ortiq atom bo‘ladi va har bir soniyada ulardan biri albatta parchalanadi. Lekin o‘sha atiga 20 gramm uranda ham atomlar shu darajada kichik va ular shu darajada ko‘pki, ularning hech bo‘lmaganda yarmi parchalanib ketishi uchun taxminan 5 milliard yil kerak bo‘ladi. Bizning ona sayyoramizning paydo bo‘lganiga esa taxminan 3,9 milliard yil bo‘lgan deb hisoblanadi. Shunday ekan, tabiatdagi uranning haliyam biz bilan birga ekanligidan hayron qolish kerak emas. Agar biz insonlar uranni atom energetikasi uchun ishlatib batamom tugatib bitirmasak, u hali yana milliardlab yil mavjud bo‘lib turadi.

Uran elementi hozirda nafaqat termoyadro yoqilg‘isi sifatida, balki, geologiyada ham keng qo‘llanadi. Bu sohada uran vositasida muayyan minerallarning va tog‘ jinslarining yoshini aniqlash mumkin. Shuningdek, fotografiya endi-endi rivojlanayotgan vaqtlarda, XX asr boshlarida uranilnitrat (UO2(NO3)2) moddasida fotoplyonka negativlarini kuchaytirishda foydalanilgan.

Uran moddasi juda-juda kam miqdorlarda tirik organizmlar to‘qimlarida uchraydi. O‘simliklar va hayvonlar tanasida uran miqdori 105 dan 108 % gacha bo‘ladi. Uran eng ko‘p bo‘ladigan tirik organizmlar bu – ba’zi suv o‘tlari va qo‘ziqorinlardir. Odam tanasida uran miqdori 107 grammdan oshmaydi.

Uran va uning birikmalari toksik bo‘ladi. Ayniqsa uran va uning birikmalarining aerozollari juda xavflidir. Uran bilan zaharlanganda eng avvalo asab tizimi va qon aylanish tizimi izdan chiqadi. Organizmga tushgan uran moddasi barcha hujayralar uchun umumiy zahar hisoblanadi. Eriydigan uran birikmalarining havo hududi tarkibidagi miqdori 0,015 mg/m3 dan ortig‘i, hamda erimaydigan uran birikmalarining 0,075 mg/m3 dan ortig‘i inson tanasiga zararli ta’sir qiladi.

Yer qobig‘idagi uran miqdori oltindan 1000 barobar, kumushdan 30 barobar ko‘pdir. Bu ko‘rsatkichga ko‘ra uran qo‘rg‘oshin va rux bilan bir qatorda turadi. Uranning katta qismi tuproqda, tog‘ jinslarida va dengiz suvlarida tarqalib yotibdi. Uran konlarida esa yer sharida mavjud zahiraning juda kam miqdorigina yig‘ilgan bo‘lib, jahon bo‘ylab hozirgacha aniqlangan uran zahirasi 5,4 million tonna deb baholangan. Eng yirik uran konlari Kanada (MakArtur River koni), Qozog‘iston (Shimoliy Xuroson koni), Rossiya (Janubiy Elkon), Mo‘g‘uliston, hamda Ukrainada joylashgan. Bugungi kunda dunyoda 440 ta tijorat va 60 ta ilmiy atom reaktorlari ishlab turibdi. Ularning yillik umumiy uran iste’moli 67 ming tonnani tashkil qiladi.

Hozirgi kunda jahon miqyosida uran qazib olish va qayta ishlash sanoati juda keng quloch yozgan. Ma’lumotlarga ko‘ra uran qazib olish bo‘yicha dunyoda qo‘shni Qozog‘iston yetakchilik qilmoqda. Shuningdek, Avstraliya, Kanada, Namibiya va Niger davlatlari ham uran qazib olish bo‘yicha yetakchi sanaladi. Vatanimiz O‘zbekiston uran qazib olish hajmi bo‘yicha dunyoda 6-o‘rinni egallaydi.

 

 



Yangilаndi: 08.01.2016 09:39  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Mulohaza bildiring:


Mahfiy kod
Yangilash

Banner

Orbita.Uz infotekasi

Milliy bayramlarimiz

Yaqin kunlardagi rasmiy bayramlar, kasb bayramlari, muhim tarixiy va xalqaro sanalar.

26 - Iyun - Iyd al-Fitr - Ramazon hayiti Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


1 - Sentyabr - Mustaqillik kuni. (Dam olish kuni)


2 - Sentyabr - Iyd al-Adho - Qurbon Hayiti . (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)

O'zbekiston shaharlari ob-havo ma'lumotlari

Orbita.Uz do'stlari:

Ziyo istagan qalblar uchun:

O'zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona!

​Ўзбекча va o'zbekcha o'zaro transkripsiya!
O'zbekcha va ўзбекча ўзаро транскрипция!

Bizning statistika


Orbital latifalar :) :)

УлыбаюсьУлыбаюсьУлыбаюсь

Haqiqy matematikning ovqatlanish qoidasi: ratsional nonushta; kompleks tushlik va yaxlitlangan kechki ovqat


Mavzuga oid boshqa materiallar

Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 374
Kiritilgan mаqolalar soni : 762
O'qilgan sahifalar soni : 2521205

Tafakkur durdonalari

Dunyo imoratlari ichida eng ulug'i - MAKTABDIR! (M Behbuduy)