Uzoq sharqning o‘lchov va birliklari
Xitoyda o‘lchovlar va birliklarni unifikatsiyalash borasidagi ilk islohotlarni eramizdan avvalgi 221 yilda taxtga o‘tirgan imperator Shi Xuang Ti amalga oshirgan. Asosiy og‘irlik birligi sifatida shi ishlatilgan. Ko‘p bosqichli tekshirishlar natijasida olimlarning aniqlashicha, qadimgi Xitoyning 1 shi og‘irlik o‘lchovi taxminan 60 kg ga teng bo‘lgan ekan. Ushbu o‘lchov birligining ≈71,68 kg teng varianti Chin o‘lkasida XX-asr boshlarida ham ishlatilar edi.
Xitoyliklarning masofa o‘lchov birligi li deb nomlangan. Uning kattaligi nafaqat zamondan zamonga, balki hududdan hududga ham o‘zgarib borgan. o‘rtacha olinganda bir li taxminan ≈500 metr atrofida bo‘lgan. Aynan shu nomli masofa birligi Koreyada ham mavjud edi. Koreyslardagi li Xitoylarnikidan ancha kattaroq bo‘lib, 3,93 km ni tashkil qilgan. Xitoyda shuningdek chi va chan uzunlik birliklari qo‘llangani ma'lum. Turli manbalarda bir chi 27,9 sm dan 40 sm gacha bo‘lgani qayd etiladi. Chan esa chining karralisi bo‘lib, u 10 chiga teng bo‘lgan (≈3,3 metr). XIX-asrda Xitoy va Yevropa savdo munosabatlari rivojlana boshlagach, Xitoyliklar ushbu uzunlik birliklarini rasmiy qonunlashtirib qo‘yishgan. Masalan, 1844 yildagi Xitoy-Angliya savdo bitimida, yoki 1860 yildagi Xitoy-Fransiya savdo shartnomalarida Xitoy tovarlari o‘lchovlari chi birligida ko‘rsatilgan hamda uning 35,5 sm ekanligi qayd etib qo‘yilgan. In esa channing o‘n barobari bo‘lgan va u 33,3 metrni tashkil qilgan. Bunday ko‘rinishda u XX-asrning 40-yillariga qadar muomalada bo‘lgan.
Yaponiyada ham o‘lchov birliklari Xitoyliklarnikiga o‘xshash tarzda rivojlangan va XX-asrning o‘rtalariga qadar Yevropa ta'siridan yiroq bo‘lib kelgan edi. Hozirda ham yaponlar kundalik maishiy turmushda o‘zlarining qadimgi o‘lchov va birliklaridan keng foydalanishadi. Masalan ularda hozir ham sun nomli uzunlik birligi keng qo‘llanadi. U taxminan ≈3,03 sm ga teng bo‘lib, horijliklar sunni yapon dyumi ham deyishadi. 1 sun o‘z navbatida 10 bu ga tengdir. 10 sun esa 1 syakuga teng bo‘ladi. 1 yapon syakusu 30,3 sm bo‘ladi. Yaponlarning uzunlik birliklarida saykudan keyingi karrali birliklar esa o‘nli emasligi bilan e'tiborlidir. Xususan 1 ken 6 syaku bo‘lsa, 1 tyo 60 kenga teng bo‘ladi. Yaponlar qo‘llaydigan eng katta uzunlik birligi ri bo‘lib, u 36 tyoga teng va metr tizimida u taxminan ≈4 km bo‘ladi. Shunisi qiziqki, yaponlar chuqurlikni ifodalash uchun xiro birligidan foydalanishadi. 1 xiro 1 kenga teng. Massa birliklari ham yaponlarda o‘ziga xos. Ular qo‘llaydigan eng kichik massa birligi fun deb ataladi. 1 fun 375 milligrammga teng bo‘ladi. Funning karralisi momme deb nomlanadi va 10 funga teng. 1891-yildan e'tiboran esa yaponlar 600 grammga aniq tenglashtirilgan kin birligidan ham keng foydalanishadi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/
Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz
< avvаlgi | kеyingi > |
---|