Ayzek Azimov
(Isaak Yudovich Azimov)
Ilm-fanni ommalashtirish, ilmni olimlardan tashqarida, oddiy xalq orasida ham keng yoyishga intilish masalasi juda dolzarbdir. Chunki jamiyat hayotining ajralmas va eng ustivor qismi bo‘lgan ilm-fan sohasiga taaluqli ma'lumotlar, ham qiziqarli hamda kundalik turmushda asqotadigan foydali ahamiyatga ega bo‘ladi. Ayniqsa ommobop-ma'rifiy ilmiy asarlar vositasida, yosh avlodni ilmiy sohalarga qiziqtirish, iste'dodli yoshlarni tegishli ilm yo‘nalishlariga jalb etish borasida ulkan muvaffaqiyatlarga erishish mumkin. Bunday muddaoga amalda erishmoq uchun esa, ilmiy masalalar mohiyatini ommaga tushunarli va qiziq tilda bayon qiluvchi malakali yozuvchilar maydonga chiqishadi. Bunday yozuvchilarni jahon va yurtimiz adabiyotidan juda ko‘plab misollar orqali keltirishimiz mumkin. Ilmiy-ommabop va fantastik asarlar yozuvchilari orasida eng mashhuri va ta-bir joiz bo‘lsa, janr Shekspiri - atoqli amerika yozuvchisi, biokimyogar mutaxassis, fan doktori - Ayzek Azimov sanaladi. Ushbu maqolamizda, barcha davrlaning eng yetuk fantasti yozuvchisi bo‘lmish Azimov hayoti va ijodi haqida so‘z yuritamiz.
XX-asr ilmiy-ommabop va ilmiy-fantastik adabiyotining yorqin namoyondasi, amerika yozuvchisi Ayzek Azimov 1920-yil 2-yanvar sanasida Rossiyaning Mogilyov guberniyasi (hozirda Smolensk viloyati), Petrovichi shahrida, tegirmonchi oilasida tug‘ilgan. Unga ona tomondan bobosining xotirasi uchun, bobosining ismini qo‘yishgan ekan.
1923-yilda Azimovlar oilasi AQSHga muhojirlikka ketishadi. U o‘zi haqida xazil aralash "ota-onam meni chamadonda olib kelishgan"der edi. Ular Bruklinda joylashib, qandolatchilik do‘koni ochishadi.
Ayzek Azimov 5 yoshida Bredford-Stayvesant maktabiga o‘qishga boradi. 1935-yili 15-yoshli Azimov maktabni tamomlab, Set-Lou kollejiga o‘qishga kiradi. Lekin u o‘qishga kirganidan keyingi bir yil ichida mazkur kollej butunlay yopiladi va u o‘qishni boshqa ta'lim muassasida - Kolumbiya universitetining Nyu-Yorkdagi kimyo fakultetida davom ettirishga qaror qiladi. 1939-yilda u mazkur universitetning kimyo fakulteti bakalvr diplomini, 1941-yilda esa magistr diplomini qo‘lga kiritgan. Kimyo bo‘yicha ilmiy ishlarni davom ettirish uchun aspiranturaga kirgan Ayzek Azimovni, 1942-yilda Filadelfiyadagi harbiy kemasozlik korxonasiga kimyogar mutaxassisligi bo‘yicha ishga jalb qilinadi. 1945-yilda esa uni AQSH armiyasiga harbiy xizmatga chaqirishdi. 1946-yilning iyuligacha armiya safida bo‘lgan Azimov, shu yili xizmatni o‘tab Nyu-Yorkka qaytadi va aspiranturani davom ettiradi. 1948-yilda u aspiranturani muvaffaqiyat bilan yakunlab, biokimyo doktori (PhD) darajasiga erishgan. 1979-yilda Ayzek Azimov Kolumbiya universiteti professori maqomigacha ko‘tarilgan.
Ayzek Azimov ijod olamiga juda erta kirib kelgan. Uning ilk asari kichik bir shaharchada yashovchi bolakayning sarguzashtlari haqida bo‘lib, bu vaqtda atiga 11 yoshda bo‘lgan bo‘lajak yozuvchi, kitobning 8-bobgacha yozib, so‘ngra tashlab yuboradi. Lekin undagi voqealarni o‘z o‘rtog‘iga gapirib berganida, o‘rtog‘i bunga qattiq qiziqib qolib, davomini yozib berishini talab qila boshlaydi. Ayzek Azimov, keyinchalik ham, o‘sha daqiqa uning uchun o‘zida yozuvchilik iste'dodi borligini anglashga turtki berganligini ko‘p eslagan.
Azimovning matbuotda qilgan ilk chiqishi "Amazing Stories" oynomasining 1939-yil yanvar sonida nashr etilgan "Vestaning changalida" nomli hikoyasi bo‘lgan edi. Yozuvchiga haqiqiy shuhrat keltirgan ijod mahsuli esa, "Tun kirishi" nomi ostida 1941-yil e'lon qilingan fantastik hikoya bo‘lib, unda oltita yulduzga ega sayyoralar tizimida aylanuvchi va faqat har 2049 yildagaina tun og‘ushiga kiradigan sayyora haqida yozilgan edi. Ushbu hikoya okean ortida juda katta shov-shuvga sabab bo‘lib, turli antalogiyalarda 20 marotaba qayta-qayta chop etilgan va ikki bora ekranlashtirilgan. Azimov mazkur hikoyasini, o‘zining ijodga kirib kelishidagi "muqaddima bo‘limi" sifatida baholagan edi.
Umuman olganda Azyek Azimovning deyarli barcha ilk ishlari ilmiy-fantastika janriga taaluqli bo‘lgan. Xususan u, o‘zga sayyoralardagi hayot, yoki, fikrlay oladigan robotlar haqida ko‘plab fantastik hikoyalar yozgan edi. Aytilganidek, unig fantastikasi ishonarsiz oldi-qochdi syujetlardan holi ekanligi bilan va zamona ilm-fannining real holatiga tayanib bayon qilinishi ajralib turar edi. 1939-yilda u o‘zining robotlarga bag‘ishlangan ilk hikoyalarini yoza boshlaydi. Chunonchi, "Robbi" (1939), "Yolg‘onchi" (1941) asarlari bilan, amalda robot-texnikasi va robotshunoslik sohalariga asos solgan. Uning mazkur asarlardan boshlab shakllantirib borgan fikrlari, robot texnikasi uchun o‘ziga xos qonuniyatlar sifatida yoyila boshlagan. Xususan, "Yolg‘onchi" hikoyasi, odam fikrini o‘qiy oladigan robot haqida bo‘lib, u zamonaviy yolg‘on detektorlari va sun'iy intellekt sohalari paydo bo‘lmasidan ancha avval, ushbu sohalar taraqqiyotidan insoniyat uchun kutilayotgan naf va zarar haqida ma'lumotlar bergan edi. Ayzek Azimovni o‘z mamlakati chegaralaridan ham tashqarida, butun dunyoda katta shuhrat qozonishiga sabab bo‘lgan asari ham aynan robotlar haqida bo‘lgan. "Men-Robot" deb nomlangan ushbu asar, undan avvalgi, boshqa yozuvchilar qalamiga mansub bo‘lgan robotlar haqidagi asarlardan tubdan tafovut qilib, asosan odamzotga qarshi kurashuvchi mexanik maxluqlar haqida hikoya qiluvchi boshqa mualliflardan farqli o‘laroq, Azimov robotlarni odamzotning yaqin yordamchilari, og‘irini yengil qiluvchi ko‘makchilari sifatida tasvirlaydi va robot-texnikasi bilan shug‘ullanuvchilarga ko‘plab amaliy g‘oyalar ulashadi. Azimov asarlaridagi robotlar, aytish mumkinki, ba'zi o‘rinlarda o‘z xo‘jayilaridan ko‘ra insonparvar va odamiyroq bo‘lishadi. Barchamiz sevib tomosha qilgan "Ikki yuz yoshli odam" filmi ham, Azimovning shu nomli asari asosida suratga olingan.
Ilmiy-fantastika janrida anchayin barakali ijod qilgan Ayzek Azimov, 1958-yildan boshlab asosiy e'tiborini ilmiy-ommabop yo‘nalishga qaratadi. U o‘z professional sohasi bo‘lmish kimyoga oid "Uglerod dunyosi", "Azot dunyosi", "Kimyoning qisqacha rivojlanish tarixi" kabi ilmiy-ommabop asarlarni, shuningdek, astronomiya, dinshunoslik, tarix, geografiya, atamashunoslik, genetika, biologiya va shunga o‘xshash, xullas ilm-fanning juda turli tuman yo‘nalishlariga oid bir necha kitoblarni yozib nashr ettiradi.
Azyek Azimov jami bo‘lib 500 dan ziyod turli nomdagi asarlarning muallifidir. U ilmiy-fantastika va ilmiy-ommabop adabiyotlar vositasida, zamonaviy dunyodagi insonparvarlik va bag‘rikenglik masalalariga urg‘u berib, odamlar, millatlar, xalqlar va mamlakatlar orasida adovatni yo‘qotish, o‘zaro ishonch va do‘stona aloqalarni yo‘lga qo‘yishga chorlaydi. Yozuvchi jumladan shunday degan edi:
"Insoniyat tarixi shunday nuqtaga yetib keldiki, bundan buyog‘iga odamlarning o‘zaro adovat qilishlariga mutlaqo haqqi yo‘q. Yer yuzidagi barcha insonlar o‘zaro do‘stona yashashlari lozim. Men doimo o‘z asarlarimda shunga urg‘u berishga intilaman... Albatta, men barcha odamlarni bir-birlarini yaxshi ko‘rishga majburlash mumkin deb o‘ylamayman, lekin men odamlar orasidagi hasad va adovatning butunlay yo‘qolishini istar edim. Va men o‘ta jiddiy asos bilan shunday hisoblaymanki, shubhasiz ilmiy-fantastika bu - odamlarning o‘zaro birlashishi yo‘lida yordam beradigan muhim vositalardan biridir. Biz ilmiy-fantastik asarlarda ko‘tarib chiqadigan muammolar, aslida butun insoniyatning muammolaridir. Shu tarzda, fantast-yozuvchi, fantastika mutolaachisi va fantastikaning o‘zi ham insoniyatga xizmat qiladi."
Ayzek Azimov amerika va jahon ilmiy-fantastik va ilmiy-ommabop adabiyotiga qo‘shgan xissasi uchun ko‘plab mukofotlar va sovrinlar bilan taqdirlangan. Xususan u 6 bora "Xyugo" mukofotiga, 2 bora "Nebyull" mukofotiga va 3 bora "Lokus" juranli mukofotiga sazovor bo‘lgan edi. Uning ko‘plab asarlari asosida mashhur kinofilmlar ishlangan. Yozuvchining asarlari jahonning o‘nlab tillariga tarjima qilingan va millonlab adadda qayta-qayta nashr etilgan. Jumladan, jahonga mashhur ushbu fantast-yozuvchining asarlari orasida o‘zbek tiliga tarjima qilinganlari ham bor. Uning "Koinot oqimlari" romani hamda, qator hikoyalari o‘zbek fantast yozuvchisi Ozod Mo‘min tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilgan. Bundan tashqari, o‘znet tarmog‘ida Azimov ijodidan yana ko‘plab havaskor tarjimalarni uchratish mumkin.
Ajoyib fantast va imliy ommabop asarlar yozuvchisi Azyek Azimov 1992-yil 6-fevralda Nyu Yorkda vafot etgan. Uning sharafiga 1981-yilda kashf etilgan kichik sayyora (asteroid)ga (5020)Asimov nomi berilgan.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/
Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz
< avvаlgi | kеyingi > |
---|