Orbita . U Z

Ilm-fan fazosi uzra

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa Maqolalar Qiziqarli fizika Nega tun qora parda tortadi

Nega tun qora parda tortadi

E-mail Chop etish
Maqola Reytingi: / 2
Juda yomon!A'lo! 

Nega tun qora parda tortadi?

(Ayzek Azimovdan tarjima)

AQSHlik kinoijodkorlar tomonida ishlangan «Pinats» nomli hajviy serial bir vaqtlar g‘arbiy yarimsharda juda mashur bo‘lgan edi. Uni bolalar ham kattalar ham birdek sevib tomosha qilishgan.

O‘sha serial qahramonlaridan biri bo‘lgan kichkina qizcha, o‘zining jahli chiqib turgan opasining oldiga kelib, «nima uchun osmonning rangi moviy?» – deb so‘raydi. Opasi achchiqlanish bilan: «Chunki u yashilm emasligi uchun!»-deb javob beradi.

Bu epizodni ko‘rgan 4-sinfda o‘qiydigan qizalog‘im Robin rosa qiqirlab kulgan edi. Men vaziyatdan foydalanib uni jiddiyroq ilmiy bahsga tortmoqchi bo‘ldim:

-          «Qizim, nega tun qorong‘u ekanligini bilasanmi?» - deb savol berdim.

Qizim o‘ylab o‘tirmay quyidagicha javob berdi:

-          «Chunki u qizil emasligi uchun!»...

Men albatta uning murg‘ak aqli bilan shunday taqlidiy javob qaytarishini kutgan edim. Nima ham derdim. Agar qizalog‘im men bilan yuqori darajadagi ilmiy suhbatlar qurishni istamas ekan, men uni qiynamasdan, yana o‘z kitobxonlarimga yuzlanishim mumkin. Keling aziz mutolaachi, endi nima uchun tungi osmon qora rangda bo‘lishi haqida suhbatlashamiz...

Tun qoraligu haqidagi hikoyani 1758 yilda tavallud topgan olmon fizigi va astronomi Genrix Vilgelm Mattias Olbers shahsidan boshlash maqsadga muvofiqdir.  Astronomiya uning xobbisi bo‘lgan. Aynan ushbu samoviy fan tufayli u, hayotining o‘rta yoshlariga kelib hafsalasi qattiq pir bo‘lgan edi. Voqea bunday bo‘lgan:

XVIII asr oxiriga kelib, Ovro‘paning eng ko‘zga ko‘ringan ilg‘or astronomlari, Mars va Yupiter sayyoralari oralig‘ida yana bitta sayyora bo‘lishi kerak degan maslak bilan yashar edilar. Va bunday g‘oya uchun ularda juda kuchli ilmiy asos bor edi. Ichlarida aynan Olbers eng nufuzli astronom bo‘lgan bir guruh olmon falakshunoslari, ekliptika tekisligini o‘zaro taqsimlab olib, har biri o‘ziga tegishli bo‘lgan fazoni diqqat bilan kuzatishga va o‘sha sayyorani qidirishga kirishdilar.

Olbers va u bilan ishlagan guruh, o‘zlari qidirayotgan sayyoraning topilishi muammosini faqat vaqt masalasi deb qarashardi va koinotning tegishli fazosini sinchiklab qidirish orqali ertami-kechmi, maqsadga yetishlariga ishonchlari komil edi. Ular o‘sha sayyorani tez orada topib, o‘z nomlari uchun ilm-fan tarixining zarhal sahifalaridan abadiy joy belgilashmoqchi edi. Lekin, omas ba’zan unga intilganlarga emas, balki, o‘zi ravo ko‘rganlarga kulib boqadi. Olmon olimlari o‘z kuzatishlari natijalarini tizimlashtirib tahlil qilib o‘tirishgan bir paytda, Italyan olimi Juzeppe Piatssi 1801 yilning 1 yanvar tuni yarmidan oqqanda, yulduzli osmon fonida yarqirab turgan nuqtani ilg‘ab qoldi. Ta’kidlash joizki, Piatssi bu sayyorani Olmoniyada anchadan buyon jiddi-jahd bilan qidirishayotganliklaridan mutlaq bexabar edi. Piatssi o‘sha o‘zi ilg‘ab qolgan yarqiroq nuqtani keyingi bir necha tun davomida kuzatib bordi va uning Marsdan sekinroq, lekin, Yupiterdan tezroq harakatlanayotgaligini sezdi. Olim, to‘laqoli ishonch bilan, oraliq orbitani egallab turgan sayyorani kashf etganligini fahmladi. Shu tarzda, ilm-fan solnomalarining zarhal sahifalariga, bu borada qat’iy azmu-shijoat ko‘rsatgan Olbers va uning guruhi emas, balki, sayyora kashf etish ishi tushiga ham kirmagan olim – Juzeppe Piatssi nomi yozildi.

Lekin, shunday bo‘lsa ham, Olbersni yutqazgan deb bo‘lmaydi. Piatssi o‘z kashfiyoti ommaga e’lon qilingach, bir muddat o‘tib, kasallanib qoldi va sog‘ayib teleskop oldiga qaytgunicha, yangi kashf qilingan sayyora ancha olislashib, ko‘rinmay qolgan edi.  Natijada Piatssi o‘zi kashf qilgan sayyoraning orbitasini hisoblab chiqish uchun yetarli ma’lumot yig‘a olmadi va endi bu uning omadsizligi edi. Agar bu vaqtda ilm osmonida buyuk bir olim, matematiklar qiroli deb ta’riflangan beqiyos iste’dod egasi Karl Fridrix Gauss porlamaganida edi, Piatssining kashfiyoti bo‘lmish sayyoraning orbitasini hisoblash uchun, uning Quyoshni aylanib o‘tib, yana Yerdan ko‘rinadigan bo‘lguniga qadar uzoq oylar mobaynida kutish kerak bo‘lardi. Orbiatsi hisoblanmagan sayyorani qaytadan izlab topish uchun esa, yana qancha muddat sarflangan bo‘lishi mumkinligi esa, qorong‘u. Xullas, astronomlarni Gaussning tengsiz matematik zakovati qutqarib qoldi.

Gauss qisqa muddat ichida, sayyoraning hozircha ma’lum bo‘lgan atiga uchta orbital parametrlariga asoslanib, uning orbitasini katta aniqlikda hisoblash mumkin bo‘ladigan uslubiyotni ishlab chiqdi.  Gauss tegishli hisob-kitoblarni bajarib, ularni Olbersga taqdim etdi. Olbers o‘z teleskopini, koinotning Gauss hisoblashlari bo‘yicha belgilangan qismiga yo‘naltirdi va Piatssi sayyorasini Quyoshni aylanib o‘tib, yana o‘z ruxsorini ko‘rsata boshkashii kuta boshladi. Gauss matematik hisoblashlarni nihoyatda aniq bajargan ekan. Olbers 1802 yilning 1 yanvar tunida Piatssi sayyorasini qaytadan topishga erishdi.

Yangi sayyoraga Serera deb nom berishdi. Lekin u boshqa sayyoralardan mutlaq farq qilar edi. Uning diametri atiga 1000 km atrofida bo‘lib chiqdi. U hajman, o‘sha vaqtda fanga ma’lum bo‘lgan barcha sayyoralarning hammasidan va ularing tabiiy yo‘ldoshlarining 6 tasidan ham kichikroq edi. Nahotki Mars va Yupiter orasida faqatr Serera mavjud bo‘lsa? Olmon olimlari izlanishni davom ettirdilar va ular juda puxta tayyorgarlik bilan kuzatuvga kirishdilar. Tez orada samoning o‘sha qismida yana uchta kichik sayyora kashf qilindi; ulardan ikkitasini – Pallada va Vestani birinchi bo‘lib, bizning qahramonimiz Olbers topgan edi.

Albatta, shohsupoada ikkinchi bo‘lib turish, o‘z mashaqqatli mehnatidan ma’nanviy qoniqish hislarini to‘liq ta’minlay olmaydi. Olbersning ilm-fan zarvaraqlarida ega bo‘lgan yagona e’tirofi – o‘z nomi bilan atalgan asteroid bo‘ldi xolos. Asteroidlar esa koinotda son mingta. Ulardan biriga o‘z nomini biriktirish esa, unchalik katta sharaf hisoblanmaydi. Chunonchi, Mars va Yupiter orasida aylanuvchi, ochilish tartib bo‘yicha minginchi asteroid Piatsiya, ming birinchisi Gaussiya, 1002 ikkinchisigina Olberiya deb nomlangan.

Olbersga boshqa kuzatuvlarda ham omad bundan ortiq kulmadi. U keyinroq o‘z diqqatii kometalarga qaratdi va ulardan naq beshtasini kashf etdi. Lekin bu ishni ham istalgan o‘rtamiyona ma’lumotli odam ham eplay olardi. Kometalar ichida ham Olbers nomi bilan ataladigan kometa mavjud bo‘lib, lekin bu ham u darajada katta shon-sharaf degani emas.

Demak biz Olbersni vaqti-vaqti bilan, mana shu yuqorida sanab o‘tilgan kichik-kichik kashfiyotlari uchungina eslab, uni boshqa payt yoddan chiqaramizmi? - Hech qachon!

Aynan qaysi ilmiy amaling senga ilm-fan zarvaraqlarida haqiqiy zarhal satrlarni ta’minlab berishini oldindan bilolmaysan... Ba’zi olimlar uchun bunday oliy martaba, ularning shunchaki qiziqishlari yuzasidan olib borgan va o‘zlari ikkinchi darajali mashg‘ulot sifatida qaragan sohalari evaziga keladi. 1826 yilda Olbers bir qarashda g‘alati fantaziya bo‘lib tuyuladigan o‘y-fikrlar bilan hayol sura boshladi va oqibatda ajoyib ilmiy xulosalar sababchisiga aylandi.

Uning o‘sha fantaziyalari mahsuli bo‘lgan fikrlaridan umumlashtirilgan g‘oyalarni keyinchalik «Olbers paradoksi» deb nomlashdi va u olim vafotidan bir asr o‘tib, ilm-fandagi nihoyatda dolzarb mavzulardan biriga aylandi. Olbers paradoksidan boshlab mantiqiy xulosalar zanjirini boylab kelsak, sayyoramizda hayoning paydo bolishi va uning barqaror sobit bo‘lishi sababchilaridan biri – olis galaktikalarning bizdan bet’xtov ravishda uzoqlashayotganiligida ekanligiga amin bo‘lamiz.

Olis galaktikalarning bizning sayyoramizga va ayniqsa undagi hayotga qanday aloqasi bor deb hayron bo‘layotgandirsiz? Sabrni zahira qiling. Tez orada hammasini bilib olasiz.

...Agar biror qadimgi munajjimdan, nima uchun osmon tunda qora bo‘lishi haqida so‘ralganida, tabiiyki u, Quyosh nurlarining yo‘qligi bilan deb izoh bergan bo‘lar edi. Agar o‘sha qadimgi astronomdan yana, nega yulduzlar nuri Quyosh nurining o‘rnini bosa olmaydi deb so‘ralsa, u katta ehtimolki, yulduzlarning nurlari juda xiraligi va qolaversa ularning soni ham yetarli emasligi bilan tushuntirish bergan bo‘lardi. Haqiqatan ham, agar tungi osmonda porlaydigan va ko‘zga ko‘rinadigan barcha yuldizlarning yorug‘ligini birlashtirsak ham, to‘plangan nur, Quyosh nuridan millionlab marotaba xira bo‘lur edi. Shu sababli ham, ularning tun qoraligiga ta’siri deyarli sezilarsizdir.

XIX asr oxiriga kelib, «yulduzlarning soni kamligi» degan bahona o‘tmay qoldi. Allaqachon nihoyatda ulkan teleksoplar bilan qurollanib ulgurgan ilm-fan oldida, koinotda odam bolasi ko‘zidan pinhon ravishda sochilib yotgan millionlab yulduzlar mavjud ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Albatta, o‘sha cheksiz sondagi yulduzlar ham, ko‘zga ko‘rinmaganidan keyin, ytungi osmonni yoritishga ham ta’sir qila olmasligi tabiiy degan fikr uyg‘onishi tabiiy. Ho‘sh, shunga nima bo‘pti?!

Axir Somon yolini tashkil qiluvchi yulduzlar ham, alohida-alohida olib qaralganda, baribir xira yulduzlar sanalishadi. Biroq ular birgalikda, qurollanmagan ko‘z bilan ham aniq-tiniq ko‘rinadigan yorqin va uzun nurli belbog‘ ya'ni, Somon Yo‘lini hosil qilishadi-ku! Andromeda yulduz turkumi, Somon Yo‘lidan ancha olisda joylashgan va shu sababli ham uning yulduzlarini Yerdan faqat kuchli teleskop orqaligina ko‘rish mumkin. Biroq, yulduz turkumining o‘zining esa teleskopsiz ham ko‘rsa bo‘ladi. O‘rni kelganda aytish joizki, Andromeda yulduz turkumi, yerdan turib qurollanmagan ko‘z bilan ham ilg‘ash mumkin bo‘lgan eng olis koinot obyekti sanaladi. Agar sizdan qanchalik olis masofani ko‘ra olasiz deb so‘rashsa va siz jilla qursa bir marta Andromedani ko‘rgan bo‘lsangiz, bemalol 2000000 yorug‘lik yili masofasini ko‘ra olaman deb maqtanavering J!

Bundan xulosa qilish mumkinki, olis yulduzlar ham, agar ular bir-biriga nisbatan yetarli darajada yaqin joylashgan bo‘lsa, tun qorong‘usini yoritishga xizmat qila olar ekan.

Qahramonimiz Olbersga qaytamiz. U Andromeda yulduz turkumi haqida hayotda hech narsa bilmagan. Lekin Olbersga Somon Yo‘lining ko‘plab xossalari yaxshi ma’lum edi. Shu sababli u, o‘sha olis yulduzlardan qanday (qanchalik) miqdordagi yorug‘lik nuri qabul qilish mumkinligi haqida o‘ylay boshladi. U bir necha gipotezalarni ishlab chiqdi.

  1. Olam hamma yo‘nlishlarda chek-chegarasiz.

2. Yulduzlar soni ham chek-chegarasiz bo‘lib, ular butun Olam bo‘ylab bir tekis taqsimlangan (sochilgan)

3. Koinotning barcha sarhadlarida yulduzlar yorqinligining o‘rtacha qiymati bir xil.

Keling endi, koinotni, xuddi piyoz singari, alohida-alohida qatlamlarga bo‘lingan deb tasavvur qilamiz. Uning markazida biz, ya'ni Yer turibdi deb faraz qilamiz. Bu qatlamlar butun koinotning cheksizligi bilan taqqoslaganda nihoyatda yupqa (piyos po‘stidek yupqa), lekin ayni damda, bu qatlamlar o‘ziga yulduzlarni sig‘dira oladigan darajada keng hamdir. Falakshunoslikda yaxshi xabardor bo‘lgan mutolaachilar bilishadiki, bir xil yorqinlikka ega bo‘lgan olis yulduzlardan bizga yetib keluvchi yorug‘lik nurlarining miqdori, ular bilan Yer orasidagi masofaning kvadratiga teskari proporsional ravishda kamayib keladi. Boshqacha aytganda, agar A yulduz bilan B yulduz bir xil yorqinlikka ega bo‘lsa-yu, lekin, A yulduz B yulduzdan 3 barobar olisroqda joylashgan bo‘lsa, unda biz A yulduz yorqinligining faqat 1/9 qismini ko‘ra olamiz xolos. Agar o‘sha yulduz B yulduzda 5 barobar olisda bo‘lsa, unda biz uning haqiqiy yorqinligidan atiga 1/25 ulushini ilg‘aymiz xolos.

Bu omil bizning tasavvurimizdagi «qatlam» uchun ham o‘rinlidir. Bizdan 2000 yorug‘lik yili masofada joylashgan yulduzdan, 1000 yorug‘lik yili masofadagi yulduzga nisbatan 4 barobar xiraroq nur yetib keladi. Yodingizda bo‘lsa, Olbersning 3-gipotezasiga ko‘ra, yulduzlarning yorqinligini o‘rtacha bir xil deb qabul qilamiz va shu sababli bizni faqat ulargacha bo‘lgan masofa qiziqtiradi. Demak, mantiqni davom ettiramiz. Bizning «qatlam»larimizdan birida 3000 yorug‘lik yili masofada joylashgan yulduz nuri, 1000 yorug‘lik yili masofadagi yulduzdan ko‘ra 9 barobar xira bo‘ladi.

Agar markazdan boshlab «qatlam»lar bo‘ylab ilgarilab borsak, har bir navbatdagi qatlam, avvalgisidan ko‘ra kengroq hajmga ega bo‘lishini ko‘ramiz. Bunisi endi geometriya. Aniqrog‘i stereometriya. Har bir qatlam kengligi, xuddi uning sferasi sirti singari, radius kvadratiga proporsional ravishda o‘sib boradi. Bizdan 2000 yorug‘lik yili masofadagi qatlam hajmi, 1000 yorug‘lik yili masofadagi qatlam hajmidan ko‘ra 4 barobar kattaroq bo‘ladi.

Shu tarzda, xulosa qiladigan bo‘lsak, 2000 yorug‘lik yilio masofadagi yulduzli qatlamda, 1000 yorug‘lik yili masofadagi qatlamdagidan ko‘ra 4 barobar ko‘proq sonda yulduzlar mavjud bo‘lishi lozim. Keyingi qatlamlarda ham, huddi shunday, kvadrat tartibida yulduzlar miqdori ortib boradi. Demak, bizdan 2000 yorug‘lik yili masofasidagi yulduzli qatlam, bizga 1000 yorug‘lik yili masofadagi yulduzli qatlam bilan bir xil miqdorda yorug‘lik nuri yetkazib berar ekan. Keyingi olisliklardagi qatlamlar uchun ham bu tasdiq o‘rinli bo‘ladi.

Shu taxlit, Olbers farazlari asosida, Butun Olamni bizga nisbatan hayoliy qatlamlarga bo‘lib chiqsak, bu qatlamlarning har biridan, aniqrog‘i ularning yulduzlaridan, ona sayyoramizga teng miqdorda yorug‘lik nuri yetib kelishi kerak edi. 1-gipotezaga ko‘ra, Olam cheksiz bo‘lsa, demak, uning «qatlam» lari ham cheksiz ko‘p bo‘lishi lozim. Bu «qatlam»lardagi yulduzlarning yorqinligi yoki xiraligi qay darajada bo‘lmasin, ularning Yerga yetkazib berishi kerak bo‘lgan nurlari miqdori bir xil bo‘lishi lozim edi. Amalda esa bunday emasligini hamma ko‘rib turibdi.

Balki, bizga yaqin joylashgan yulduzlar, o‘zlarining olis qardoshlarining nurlarining ravshanligini to‘sib qo‘yishar?

Bu haqiqatan ham shundaymi, yoki yo‘qmi aniqlab olish uchun, muammoning boshqa tarafidan yondoshamiz. Kuzatuvchi koinotning qaysi tarafiga qaramasin, shubhasiz yulduzlarni ko‘radi. Bu esa, yulduzlar koinot bo‘ylab cheksiz va bir tekis taqsimlanganligini bildiradi (2-gipoteza). Biror yulduz biz uchun ko‘rinmas bo‘lishi mumkin, lekin u, umumiy yorug‘lik nuri ishlab chiqarish jarayoniga baribir o‘z xissasini qo‘shadi.

Agar yuqorida aytilganlar haqiqat bo‘lganida edi, tun osmoni qora bo‘lmay, balki, ulkan yulduzli yog‘du bilan charog‘on bo‘lmog‘i kerak edi. Aytgancha, agar shunday bo‘kganidam kunduzgi osmonda ham yulduzlar yog‘dusi ravshan bo‘lib, natijada Quyosh nurlari deyarli bilinmay qolardi.

Bu holda osmonning yorug‘ligi, taxminan 150000 ta Quyoshning yorqinligi kabi bo‘lar edi. O‘ylaymanki, bunday sharoitlarda Yerda hayotning mavjud bo‘lishi imkonsiz ekanligiga hech kimda shubha uyg‘onmaydi.

Lekin, ko‘rib turibmizki, osmoonimiz hech qanaqasiga 150000 Quyosh nuri darajasida yorqin emas. U atiga bitta Quyosh nurlaridan yoritiladi. Demak, Olbers paradoksining qayeridadir, yumshatuvchi omil, yoki, ko‘zdan pana qolgan xatolik yashiringan.

Olbersning o‘zi, o‘z nomi bilan bog‘liq paradoksning muallifi bo‘lganligini bilmagan. U koinotni shaffof emas deb hisoblagan va undagi gaz-chang bulutlaridan iborat moddalar, olis yulduzlar nurlarini yutib qolib, yorug‘lik nurlarini kamaytiradi deb hisoblagan.

Bir qarashda uning fikrida jon bordek ko‘rinadi. Lekin aslida bunday emas. Albatta, koinot sarhadlarida gaz va chang bulutlari mavjud. Lekin agar Olbers paradoskiga muvofiq ular yulduzlar nurini doimiy ravishda yutib kelishganida edi, mazkur gaz-chang bulutlarining harorati to‘xtovsiz ortib borar va vaqti kelib bu bulutlarning o‘zi ham yorug‘lik nurlanishlarini tararatadigan bo‘lib qolardi.  Natijada Yerdagi (va istalgan boshqa osmon jismida ham) tungi osmon, o‘ta charog‘on yulduz nurlaridan charog‘on bo‘lgan bo‘lardi.

Ko‘ryapmizki, mantiq nuqtai nazaridan xatoni topa olmayapmiz. Xulosa esa amaliy haqiqatga muvofiq kelmayotir. Demak, gipotezalarni qayta ko‘rib chiqish kerak. Aytaylik, 2-gipotezani. Yulduzlar soni haqiqatan ham chek-chegarasizmi va ular Butun Olmda bir tekis taqsimlanganmi?

Bu tasdiqning haq ekanligiga Olbers hali hayot bo‘lgan vaqtlardayoq katta shubha-gumonlar paydo bo‘lgan edi. Ingliz astronomi Uilyam Gershel, yulduzlarning yorqinligiga ko‘ra ularni tasniflash ishlarini olib bormoqda edi. U nisbatan xira yulduzlar, yorqinroqlariga qaraganda ancha olisroqda joylashgan deb faraz qildi (bu fikr amalda, Olbersning 3-gipotezasining xulosasi edi). U hayrat bilan shuni aniqladiki, yulduzlarning joylashuv zichligi, masofaning ortib borishi bilan kamayib borar ekan. Turli yo‘nalishlardagi yulduzlarning koinotda joylashuv zichliklarini tahlil qilib borib, Gershel yulduzlar linzaga o‘xshash shaklni eslatuvchi tartibda joylashar ekan degan to‘xtamga keldi. U xatto o‘sha tasavvurdagi linzaning diametrini ham hisoblab chiqdi. Gershelga ko‘ra, bu masofa, Quyoshdan Arktur yulduzigacha bo‘lgan masofaning taxminan 150 barobariga teng ekan (yorug‘lik yiliga o‘girganda u taxminan 6000 ga teng bo‘ladi). Gershelning hisob kitoblariga ko‘ra, barcha yulduz to‘dalari birgalikda, taxminan 100 000 000 dona yulduzni o‘zida jamlar ekan.

Bu bilan Gershel «ko‘p chaynalgan» Olbers paradoksiga so‘nggi nuqtani qo‘ygadek edi go‘yo. Agar linza shaklidagi yulduz to‘dalari (hozir biz bunday to‘dalarni galaktika deb ataymiz) barcha mavjud yulduzlarni o‘ziga jamlab olsa, unda 2-paradoks o‘z kuchini yo‘qotadi. Agar koinot cheksiz bo‘lib, galaktikada narida ham chegarasiz ravishda davom etsa (1-gipoteza), u tomondan baribir yorug‘lik nurlari kelmaydi. Chunki Gershelga ko‘ra, u yoqlarda yulduzlar yo‘q. Demak, yulduzlarga ega bo‘lgan «qatlamlar» soni cheklangan ekan. Bundan xulosa qilinadiki, qatlamlardagi yulduzlar soni ham cheksiz emas va ulardan Yerga yetib keluvchi yorug‘lik miqdori ham chegaralangan bo‘ladi. Bu esa, tun qoraligining sababini o‘zida namoyon qilmoqda.

Gersheldan keyingi astronomlar davrida, galaktikaning taxminiuy diametri ancha keng ekanligi ma’lum bo‘ldi. U Gershel o‘ylaganidek, 6000 yorug‘lik yili emas, balki, 100000 yorug‘lik yiliga yaqin bo‘lib, galaktikadagi yulduzlar soni ham, 100000000 emas, balki, 150000000000 dan ham ziyod ekan. Biroq, aniqlangan bu omil Olbers paradoksini hayotga qaytargan bo‘lsa hamki, lekin baribir muammoga yechim bo‘lmadi. Osmon tunda qoraligicha qolaverdi.

XX asr boshida, bizning galaktikamiz koinotda yolg‘iz emasligi aniqlandi. Andromeda tumanligi bu vaqtlarda bizning galaktikamizning bir qismi sifatida qaralar edi. Biroq, ayni vaqtda, shunga o‘xshash boshqa astronomik obyektlar (masalan Orion tumanligi) tumanlik orasidan ham nur taratuvchi yulduzlarga ega edi. Andromedada esa, yulduzlar mavjud emasdek go‘yo va ayni vaqtda, tumanlikning o‘zo shu’lalanmoqda edi.

Bu paytda ba’zi astronomlar allaqachon yetilib kelayotgan haqiqat mevasiga yaqin kelishgan edi. Lekin hammasi, 1924 yilda AQSHlik astronom Edvin Xabblning 100 dyuymlik teleskopini Andromeda tumanligiga qaratganida va uning chegaralarida alohida-alohida tarzda nur taratayotgan yulduzlarni ilg‘aganida isbotlandi. Ular shu darajada xir ediki, natijada Xabbl bu tumanlikning galaktikamizdan yuz minglab yorug‘lik yili masofada joylashganligini va u umuman boshqa bir, alohida galaktika ekaniligini darhol fahmladi. Uning o‘lchamlari ham, bizning galaktikamiz o‘lchamlari bilan taqqoslasa bo‘ladigan darajada katta edi.

Bu haqiqat mevasi edi. Hozirgi hisob-kitoblarga ko‘ra, Andromeda bizdan 2000000 yorug‘lik yili masofada joylashgan va unda eng kamida 200000000000 ta yulduz mavjud. Xabbl kashfiyotidan keyingi yillarda esa, yana boshqa galaktikalar ham ochilidi. Zamonaviy ilm-fan, biz idrok qila oladigan Olamda eng kamida 100000000000 galaktika mavjud ekanligini ta’kidlaydi. Ulardan ayrimlarigacha bo‘lgan masofa esa 6000000000 yorug‘lik yili atrofida deb baholanadi.

Shunga ko‘ra, Olamning cheksizligi haqidagi 1-gipoteza to‘laqonli ishonch bilan isbotlandi deyish mumkin.

Xabbldan keyingi astronomiya nuqtai nazaridan, Galaktikalar (yulduzlar emas!) soni ham butun Olam koinoti sarhadlari bo‘ylab bir tekis taqsimlangan degan 2-gipoteza ham, yomon taasurot uygotmaydi. Har holda bu tasdiq biz ko‘rayotgan va idrok qilayotgan koinot sarhadlari uchun juda o‘rinlidir. Biz esa hozirda juda olislarni ko‘rayapmiz.

Galaktikalar (yulduzlar emas!) yorqinligining o‘rtacha qiymati bir xil ekanligi haqidagi 3-gipoteza biroz muammoli ko‘rinadi. Bizda olis galaktikalar yaqin galaktikalarga qaraganda katta yoki kichik ekanligi haqida hech qanaqa isbot-dalil mavjud emas. Agar hamma galaktikalar qandaydir o‘rtacha olchamlarga va o‘zidagi yulduzlarning ham o‘rtacha soniga ega bo‘lsa, unda nega ularning yorqinligi ham o‘rtacha olganda bir xil emas?! Oqilona gap shunday emasmi?

 

Boshqa tarafdan o‘ylab ko‘ramiz. Olis masofadagi nur taratayotgan obyektga qarab, astronomlar uning bizga nisbatan yaqinlashayotganligi, yoki, uzoqlashayotganligi haqida xulosa qila oladilar. Bunda bizga spektroskopiya yordamga keladi.

Agar obyekt bizga nisbatan harakatsiz turgan bo‘lsa, uning spektrida qo‘zg‘almas qoramtir chiziqlar bilan namoyon bo‘ladi. agar obyekt yaqinlashayotgan bo‘lsa, uning spektri binafsharang tomonga siljiydi. Agar olislashayotgan bo‘lsa aksincha, spektrda u qizilga tomon siljiydi. Siljish kattaligiga ko‘ra, olimlar uning harakat tezligi haqida tayinli gap aytishlari mumkin bo‘ladi.

XX asrning dastlabki bir necha o‘n yilliklari mobaynida, astronomlar ko‘plab galaktikalarning (yoki galaktika ekanligi keyinroq aniqlangan osmon jismlarining) harakat spektrini o‘ta faollik bilan kuzatib bordilar. Ma’lum bo‘lishicha, bizga yaqin bo‘lgan bir-ikkitasini istisno qilganda, qolgan galaktikalarning barchasi bizdan olislashayotgan ekan. Shuningdek tez orada, nisbatan olis galaktikalar, yaqinroqlariga qaraganda kattaroq tezlik bilan uzoqlashayotgani ham aniqlandi. 1929 yilda Edvin Xabbl, galaktikaning bizdan uzoqlashish tezligi, undan bizgacha bo‘lgan masofaga proporsional ekanligini ta’kidlovchi qonuniyatni kashf etdi.  Agar A galaktika B galaktikaga nisbatan bizdan ikki barobar olisroqda bo‘lsa, unda u ikki barobar tezroq uzoqlashar ekan. Bizga hozircha ma’lum bo‘lgan va taxminan 6000000000 yorug‘lik yili masofada joylashgan eng olis galaktikaning bizdan uzoqlashish tezligi, deyarli yorug‘lik tezligining yarmiga (c/2) ga teng ekan.

Gap shundaki, Butun Olam kengaymoqda. Bu haqida ancha avval Eynshteyn o‘z formulalari orqali ilmiy dalil keltirib ketgandi.

Endi, Olamning kengayayotganligini inoatga olgan holda tahlil qilsak, qahramonimiz Olbersning gipotezalarining taqdiri nima kechadi?

Agar 6000000000 yorug‘lik yili masofada joylashgan galaktika bizdan yorug‘lik tezligining yarmiga teng tezlik bilan uzoqlashayotgan ekan, demak, Xabbl qonuniyatiga ko‘ra, bizdan 12000000000 yorug‘lik yili masofadagi galaktikaning uzoqlashish tezligi yorug‘lik tezligiga teng bo‘lishi kerak! Undan ham olis galaktikalar haqida fikr yuritishdan ma’ni yo‘q. Chunki, Xabblga ishonadigan bo‘lsak, ularning tezligi aqlga sig‘mas darajada katta bo‘lishi, ya'ni, yorug‘lik tezligidan ham ildamroq bo‘lishi lkerak. Eynshteynga ko‘ra esa, tabiatda yorug‘lik tezligidan katta tezlik mavjud bo‘lolmaydi. Bu ham ilm-fanda yangi bir paradoksni yuzaga keltiradi. Agar, Xabbl haq bo‘lsa va bizdan 12000000000 yorug‘lik yilidan nariroqda joylashgan galaktika yorug‘lik tezligidan ildamoq uzoqlashsa, uning nurlari bizga hech qachon yetib kelmaydi!... Agar bunday galaktika haqiqatan ham bor bo‘lsa, u biz idrok qila oladigan Olam chegarasidan tashqarida bo‘ladi. Qo‘polroq aytganda, hozircha aqlimiz yetgan fizika bizga bundan narini tushuntirib berolmaydi. Shunga ko‘ra, hozirgi zamon astrofiziklarinig idrok chegarasi, aynan o‘sha 12000000000 yorug‘lik yili masofani qamrab olmoqda xolos va agar o‘rinli bo‘lsa biz bu masofani «Xabbl radiusi» deb atasak maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Lekin bu ham Olbers paradoksi yo‘liga to‘ganoq bo‘lolmaydi. Eynshteyn nazariyasiga muvofiq, galaktikalar kuzatuvchiga nisbatangina borgan sari tezroq harakatlanadi va unga tomon yo‘nalgan harakatga nisbatan, qisqarib (siqilib), kichiqroq fazoni (hajmni) egallaydigan bo‘lib boradi. Shu sababli, hozircha bizning idrokimizga zo‘rg‘a sig‘ayotgan va 12000000000 yorug‘lik yili bilan chegaralangan radius masofasidagi koinotda ham, cheksiz sondgi galaktikalar mavjud bo‘lishi mumkin. ularning deyarli barcha-barchasi, idrokimizdagi Olam-koinot sferasining eng chekkasida joylashadi.

Demak, 1-gipoteza o‘z kuchini yo‘qotsa hamki, 2-gipoteza ancha ishonch bilan saqlanib qolmoqda. Lekin, osmonning tunda ham qora bo‘lmay balki, yulduzlar, aniqrog‘i, galaktikalar yog‘dusi bilan charog‘on bo‘lishi uchun, shu birgina 2-gipotezaning to‘g‘riligi ham kifoya qilar edi.

Spektrning qizilga tomon siljishi-chi?

Astronomlar spektrning qizilga tomon siljishini spektral chiziqlarning siljishiga ko‘ra aniqlaydilar va bu siljish faqatgina butun spektr siljiyotgani uchungina sezilarli bo‘ladi. Qizilga siljish bu – kichikroq energiya yo‘nalishiga siljish deganidir. Ya'nikim, uzoqlashayotgan galaktikadan biz tomonga kelayotgan energiya miqdori (aytaylik, osha yorug‘lik nurlarining o‘zi), boshqa bir shunga o‘xshash qo‘zg‘almas galaktikadan kelayotgan energiya miqdoridan kam bo‘ladi. Galaktika qanchalik tez uzoqlashayotgan bo‘lsa, undan yerga yetib kelayotgan nur miqdori ham shunchalik tez kamayib boradi. Yorug‘lik tezligidan kattaroq tezlik bilan uzoqlashayotgan galaktika esa, o‘zining qay darajada yorqin, yoki, xiraligidan qat’iy nazar, Yerga hech qanday energiya yetkazib bera olmaydi.

Demak, 3-gipoteza noto‘g‘ri bo‘lib chiqmoqda! U agar Butun Olam harakatsiz bo‘lganida to‘g‘ri bo‘lib qolar edi. Shunga ko‘ra, har bir navbatdagi «qatlam», avvalgisiga qaraganda bizga yanada kamroq energiya yuboradi. Chunki, undagi galaktikalar bizdan olisroqda joylashgan va ularning uzoqlashishidagi qizilga siljish ham, kattaroq bo‘lib, pirovardida, undan keluvchi nurlanish energiyasi ham yanda kamroq bo‘lib boradi.

3-gipotezaning o‘rinsiz ekanligi allaqachon tasdiqlanganidan so‘ng, demak biz hozirda Butun Olamdan, olayotgan energiyamiz miqdori tugal bir miqdorni tashkil etadi va tun osmoni qorong‘uligicha qolaveradi.

Ilm-fanning bugungi nuqtai-nazariga ko‘ra, Butun Olamning kengayib borishi doimiy jarayon bo‘lib, u cheksiz davom etadi. Aagr u yangi galaktikalarning vujudga kelishi bilan davom etmasa, yetarlicha muddat o‘tib, aytaylik, milliardlab yillardan so‘ng, hozirda galaktikalarning mahalliy to‘dasini tashkil qilayotgan bir necha qo‘shni galaktikalar ham, bir biridan shu darajada uzoqlashadiki, ulardagi kuzatuvchilar, yon atroflarida galaktikalarni ilg‘ay olmay qoladilar. Uzoqlashish tezligi yorug‘lik tezligidan ortgach esa, bir zamonlar qo‘shni bo‘lgan galaktikalar ham enid bir-biridan hech qanday nur, energiya qabul qila olmay qoladi.

Basharti, Butun Olamning kengayshi, cheksiz davom ethgan taqdirda ham, unda doimiy yoki, muayyan davriylik bilan yangi galaktikalar paydo bo‘lib turadigan bo‘lsa ham, kengayishning to‘xtovsiz ekaniga binoan, tungi osmonning qoraligi saqlanib qolaveradi.

Nazariy farazlardan yana biriga ko‘ra, Butun Olam tebranayotgan bo‘lishi ham mumkin ekan. Unga binoan, tebranishning ma’lum davridan so‘ng, kengayish to‘xtab, statik pauza davri keladi; keyin esa qaya siqilish davri  boshlanadi. Siqilish ham, Butun Olamning qandaydir bir chegaraviy zichlikka yetib kelmagunicha davom etib, keyin esa, qaytadan kengayish boshlanadi.

Agar, mabodo, bu faraz haq bo‘lsa, kengayishning sekinlashuvi bilan, qizilga siljish ham sekinlashib boradi va tungi osmon borgan sari yorqinroq bo‘lib borishi kerak. Statik pauza oni yetib kelganida, Yerdagi tungi osmon Olbers paradoksiga muvofiq, koinotdagi olis yulduzlar va galaktikalar yog‘dusidan charog‘on bo‘ladi. Keyin, siqilish boshlanishi hamonoq, binafsharangga tomon siljish boshlanadi va nafaqat tungi, balki kunduzgi osmon ham borgan sari yorqinroq va ravshanroq bo‘lib boradi.

Bu tasdiq ham faqatgina Yer sayyorasiga emas, balki, olamdagi barcha-barcha osmon jismlari uchun o‘rinli bo‘ladi. Olbers paradoksiga muvofiq, statik pauza holatidagi, yoki, siqilayotgan Butun Olam koinotida, sovuq, yoki, qattiq jismlar bo‘lmaydi. Hamma-hamma narsa o‘ta qizigan, o‘ta yuqori energetik holatda bo‘ladi. Hayot esa, shunchaki bu sharoitlarda mavjud bo‘la olmaydi.

Demak, hikoya avvalida keltirilgan tasdiqlardan biriga qaytdik: hayotning mavjud bo‘lishini ta’minlab berayotgan eng asosiy omillardan biri bu – Butun Olamning beto‘xtov kengayayotganliogidadir.

Hozirda biz, Olbers paradoksining barcha musbat va manfiy jihatlarini bilganimiz holda, galaktikalarning bizdan uzoqlashishi faktini, tungi osmon qoraligining asosiy omili sifatida baholay olamizmi? – Bo‘lishi mumkin. Shunigdek biz, Rene Dekartning mashhur «Men firklayapman, demak men mavjudman!» qabilidagi iborasini ham, yuqorida bayon qilinganlarga asoslanib,  «Butun Olam koinoti kengaymoqda, demak, men mavjudman!» tarzida talqin qilsak o‘rinli bo‘lar. Nima dedingiz aziz mutolaachi?...

Yangilаndi: 01.04.2015 21:56  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Bildirilgan fikrlar   

 
0 #2 Javob: Nega tun qora parda tortadiЛирой 2015-09-28 13:10
рахмат катта малумот учун :-)
Iqtibos
 
 
0 #1 Nega tun qora parda tortadi?xolmat 2015-04-05 07:26
dadadadaddddddd ddddddddddddddd
Iqtibos
 

Mulohaza bildiring:


Mahfiy kod
Yangilash

Banner

Orbita.Uz infotekasi

Milliy bayramlarimiz

Yaqin kunlardagi rasmiy bayramlar, kasb bayramlari, muhim tarixiy va xalqaro sanalar.

26 - Iyun - Iyd al-Fitr - Ramazon hayiti Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


1 - Sentyabr - Mustaqillik kuni. (Dam olish kuni)


2 - Sentyabr - Iyd al-Adho - Qurbon Hayiti . (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)

O'zbekiston shaharlari ob-havo ma'lumotlari

Orbita.Uz do'stlari:

Ziyo istagan qalblar uchun:

O'zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona!

​Ўзбекча va o'zbekcha o'zaro transkripsiya!
O'zbekcha va ўзбекча ўзаро транскрипция!

Bizning statistika


Orbital latifalar :) :)

Massaning saqlanish qonuni


Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 374
Kiritilgan mаqolalar soni : 762
O'qilgan sahifalar soni : 2517297

Tafakkur durdonalari

Dunyoda ilmdan o'zga najot yo'q va bo'lmagay! (Imom Buxoriy)