Orbita . U Z

Ilm-fan fazosi uzra

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa Bu-qiziq... Fan haqida faktlar Eng uzun so‘z va eng katta formula

Eng uzun so‘z va eng katta formula

E-mail Chop etish PDF
Maqola Reytingi: / 5
Juda yomon!A'lo! 

Eng uzun so‘z va eng katta formula

Litseyda ta'lim olayotganimizda sinfdoshlar bilan o‘zbek tilidagi eng uzun so‘z haqida bahs boylashib qolgan edik. Ko‘pchilik singari men ham o‘z taxminlarimni aytganman. Bu bahs bejizga bo‘lmay, yaqinlashib kelayotgan 21-oktyabr, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganliga bag‘ishlab litseyda o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirda o‘tkaziladigan qiziqarli viktorina savollari ichida shunday savol borligini bilar edik. Baribir savolning javobini bayram kuni ona-tili o‘qituvchimizning o‘zidan eshitganmiz: «elektromexanizatsiyalashtiraolmayotganligimizdandirmikin». Ko‘rib, o‘qib turganingiz juda uzundan-uzoq so‘z, biz sanagan vaqtda naq 51 ta harfdan iborat bo‘lib chiqqan edi. Albatta biz maktabda hali kirill alifbosi amalda bo‘lgan davrda ta'lim olganmiz. Hozirgi lotin alifbosida esa, ц, ш, ю, va ё harflari juftlikka aylanib, sh, yo, ya va ts ko‘rinishini olganligi bois, so‘zning yozma shaklining uzunligi yana ortdi.

Lekin men bu maqolada sizlar bilan litsey xotiralari yoki, o‘zbek tilidagi uzun so‘zlar haqida emas, balki, kimyoviy atamalar va formulalarda uchraydigan, talaffuzga juda qiyin uzun so‘zlar va sahifalarda katta o‘lchamlarni egallaydigan formulalar haqida suhbatlashmoqchiman.

Maqolani o‘zbek tilidagi eng uzun so‘zdan haqida boshlashim ham besabab emas. Bir zamonlar kimyoga bagishlangan viktorinalarda ham shunga o‘xshash savollar uchrab turar edi. Xususan, maktab kimyo kursiga oid darslik va qo‘llanmalara uchratish mumkin bo‘lgan eng uzun kimyoviy atama haqidagi savolga, kitobning o‘zida, oxirgi sahifalarida javob berib qo‘yilgan bo‘lib, biz - erinchoq o‘quvchilar, javobni o‘sha yerdan qarab bilib olganmiz: «dixlordifeniltrixlormetilmetan» - 30 ta harfdan iborat. Ko‘pchilik bu birikmaning qisqartma nomi - DDT orqali yaxshi taniydi. DDT bundan bir necha yillar avval, qishloq xo‘jaligida zararkunandalarga qarshi kurashda keng qo‘llanilgan vosita bo‘lib, hozirda u haqida kimyo darsliklarida ma'lumot uchratish amri mahol. Agar maktab kimyo darsliklaridan emas, umuman kimyoga oid adabiyotlarda va ilmiy manbalarda uchraydigan eng uzun kimyoviy atamani qidirib ko‘rsakchi?

Avvaldan aytish joizki, bunday uzun atamani topishning o‘zi bo‘lmaydi. Chunki, hech bir kimyo adabiyotida, atamalarning uzunligiga ko‘ra tartiblangan ko‘rsatkichi berilmaydi. Kimyoga oid barcha kitob va maqolalarni tintib chiqishga esa, kishining butun umri ham kamlik qiladi.

Lekin ishonch bilan shuni aytish mumkinki, kimyoda shubhasiz, adib Mark Tven hazilomuz ravishda qalamga olgan uzun so‘zlardan ham uzunroq atamalar albatta uchraydi. Mark Tven, olmon tilining o‘ziga xos qoidalari haqida so‘z yuritar ekan, u nemis tilining barcha qonun-qoidalariga to‘la amal qilgan holda tuzilgan 80 ta harfdan iborat so‘zni yozib bergan edi.

Bu borada Mark Tven yolg‘iz emas. Lev Tolstoyning «Urush va tinchlik» asaridagi qahramonlardan biri - qariya knyaz Bolkonskiy Avstriyaning uquvsiz harbiy yig‘ini (nemischasiga Hofkriegsrat) ustidan kular ekan, uni «gofkrigsvurstshnapsrat»deb ataydi. So‘zma-so‘z tarjima qilganda buning ma'nosi «saroydagi harbiy kolbasa-aroq yig‘ini degan ma'noni beradi.

Germaniyada so‘zlarning oraliq unlilarni tashlab ketgan holda bu tarzda o‘zaro «yelimlanishi» hech kimni taajubga solmaydi. Nemischa kimyoviy adabiyotlarda har joyda va har bobda Quecksilberrienigungszylinder - simobni tozalash uchun silindr; yoki, Röntgenstrahlfluoreszenzspektralanalyse - rentgeno-fluoressensiyali spektral tahlil, Anthrachinondispersionsfarbstoffe - antraxinonli giyoh bo‘yoqlari, Vakuummehrk-rperverdampfungsanlage - ko‘p korpusli vakuumli bug‘latuvchi qurilma va ho kazo «poezd» so‘zlarni ucrtaish mumkin.

Bu so‘zlarni (atamalarni) o‘qishni o‘ziga qancha vaqt sarflanadi va shunda ham to‘g‘ri o‘qiganligingizga kafolat berolmaysiz... (o‘qishni boshlashdan aval chuqur nafas olib olish kerak {#emotions_dlg.laughing})

Umuman olganda bunday uzundan-uzoq so‘zlar borasida faqat nemislarga gap tashlash noo‘rin bo‘lardi. Bu borada boshqa tillarda gaplashuvchi kimyogar mutaxassislar ham ulardan qolishmaydilar. Lekin, baribir o‘sha boshqa til egalari bo‘lgan kimyogarlarning mutaxassislik soha tilidagi aksariyat uzun so‘zlarning asosi ham borib nemis tiliga taqaladi. Hozirda kimyo fanidagi aksariyat atamalar butun jahon bo‘ylab ommalashib, xalqaro atama maqomiga ko‘tarilgan. Bunday xalqaro kimyoviy atamalarning ham aksariyatini asl nemischa so‘zlar yoki tag zamiri nemis tiliga borib taqaluvchi so‘zlar tashkil qiladi. Buning sababi esa, XIX asr ikkinchi yarmidan boshlab toki II-jahon urushigacha bo‘lgan davrlarda, jahon ilm-fani ayvonida aynan nemis kimyogarlari yetakchilik qilganliklari, asosiy darslik, qo‘llanma va maqolalarning mualliflari nemis olimlari bo‘lganliklari, xullas qisqasini aytganda - davrning yetakchi ilg‘or kimyogarlari aynan nemislar bo‘lganligi bilan izohlalanadi.

Kimyodagi uzun so‘zlar haqida gap ketganda, beixtiyor bir latifa yodga tushadi:

Kimyogar ota o‘z oshnalariga xursand holda maqtanibdi:

- Kecha o‘g‘lim tili chiqib, birinchi so‘zini aytidi!

-Zo‘rku! Nima dedi? Dadami, yoki oyimi? - so‘rashdi oshnalari

-Izopropilendimetilsiklofosfen...

Albatta bu hazil aralash latifada qisman haqiqat bor.

Bunday murakkab va uzun nomli kimyoviy moddalarni faqat kimyo laboratriyalaridagina uchratish mumkin desangiz - kalta o‘ylagan bo‘lasiz. Aslida kimyogarlar, keng omma e'tiboriga chiqarilayotgan turli yozuvlarda, (mahsulot yorliqlari va ho kazo) kimyoviy atamalarni maksimal qisqartirishga urinadilar. Odatda bunda ilmiy-kimyoviy nom o‘rniga biror soddaroq tijorat nomi biriktiriladi. Xususan dorixonalarda sotiladigan va chechak kasalligiga qarshi qo‘llaniladigan dori vositasining nomi «Akrixin» bo‘lib, uning asl kimyoviy nomlanishi - digidroxlorid-2-metoksi-6-xlor-9-(1-metil-4-dietilaminobutilamino)akridin (73-ta belgi) bo‘ladi.

Lekin bu ham «xamir uchidan patir» xolos. Jahonda keng tarqalgan seradad nufuzli kimyoviy jurnallar va referatlardagi maqolalardan o‘nlab satrlarni egallaydigan kimyoviy birikma nomlarini ham uchratish mumkin. Masalan, 1994 yilda oqsillardan biridagi aminokislotalarning to‘liq tarkibi ma'lum qilinidi. Biz bu maqolada mazkur oqsil nomi to‘liq keltirib o‘tirmaymiz (u juda zerikarli bo‘lib, ma'lum tartibda takrorlanadigan aminokislota qoldiqlari nomlaridan iborat). Buning o‘rniga mazkur oqsil nomlanishining avvalgi va so‘nggi qismlarini keltirish bilan cheklanamiz: «L-α-glutamin-L-treonil-...L-prolin». Bu nomlanishdagi harflar sonini sanash ' mushkul va zerikarli ish. Uni taxminiy chamalash mumkin. U haqidagi maqolada mazkur oqsilning kimyoviy formulasi C1895H292N52O59S ekanligi ta'kidlangan. Demakki, uning molekulyar massasi 23896 ga teng. Agar oqsillarning tarkibini tashkil qiluvchi eng muhim aminokislotalardan 20 tasining o‘rtacha molekulyar massalarini hisoblab chiqsak, 140 soniga ega bo‘lamiz. Demakki, biz muhokama qilayotgan oqsil, o‘rtacha 170 ta aminokislota qoldig‘idan iborat ekan. Bitta aminokislota qoldig‘ining nomi o‘rtacha 7 ta harfdan iborat. Agar 170 ta aminokislotadan iborat oqsilning to‘liq nomini yozmoqchi bo‘lsak, bizga taxminan 1200 ta harf kerak bo‘ladi! Shunda ham yozilgan atamadagi chiziqcha [defis] belgisi va konfiguratsiyani ifodalovchi L harfidan tashqari hisoblaganda! Kezi kelganda aytish kerakki, oddiy A4 bichimidagi qog‘ozga 14-o‘lchamli shrift (Times New Roman) bilan yozilganida, bitta satrga o‘rtacha 60 ta harf sig‘adi. Agar mabodo biror erinmagan odam chiqib, anavi oqsil nomini yozmoqni ixtiyor aylasa, u sahifaning naq 20 satrdan iborat qismini egallagan bo‘lur edi. (deyarli yarim sahifa...)

Kimyogarlar bunday so‘z va atamalar bilan ishlayverib pishib ketishgan. Ular odatda vaqt va matndagi joydan tejash uchun, bunday uzun nom va so‘zlar o‘rniga muayyan qonuniyat asosida qisqartirilgan qisqartmalardan foydalanadilar. Masalan tirik organizmlarda sodir bo‘luvchi oksidlanish-qaytarilish reaksiyalarida ishtirok etuvchi va tarkibi glutamin kislota qoldiqlari, sistein va glitsindan iborat bo‘lgan tripeptid-glutation moddasini, Glu-Gys-Glyu deb yoziladi. Ko‘rib turganingizdek, unchalik yaqqol bo‘lmasa ham, baribir muayyan tejamkorlik bor.

Umuman olganda eng uzun kimyoviy so‘zni o‘ylab topish juda qiyin masala. Agar mobodo uni o‘ylab topilgan taqdirda ham keyin uni sintez qilish kerak bo‘ladi. ??????

Undan ko‘ra eng katta kimyoviy formulani, ya'ni, molekulasi tarkibidagi atomlar soini eng ko‘p bo‘lgan birikmani topish osonroq bo‘lar edi.

Kimyoviy birikmalarning formulalari tizimlashgan tartibda beriladigan ma'lumotnoma va qo‘llanmalar anchadan buyon nashr etilib kelinadi. Odatda bunday ma'lumotnomalarda AQSHlik kimyogar E.Xill tomonidan 1900-yilda taklif etilgan tizim - kimyoviy birikmalarning formulalarini alifbo tartibida berish usulidan foydalaniladi. Masalan, bunda formulalar rux sulfati uchun O4SZn kabi yoziladi. Istisno faqat tarkibida uglerod atomi mavjud bo‘lgan birikmalarning formulalari uchun qo‘llaniladi. Bunday birikmalarning formulalari doimo uglerod atomidan boshlanadi. Agar bunday birikmalar molekulasida vodorod atomlari ham mavjud bo‘lsa, unda albatta ugleroddan so‘ng vodorod belgisi H qo‘yiladi. Formuladagi boshqa elementlar esa C va H dan keyin alifbo tartibida yoziladi.

Eng katta formulalarga ega birikmalarni organik moddalar qatoridan qidirish lozim. Chunki eng katta molekulalarga ega birikmalar organik birikmalar ekanligiga allaqachonlar hech kimda shubha qolmagan. Shu sababli ham, bunday formulani qidirib topish uchun, uglerodli birikmalar ro‘yxatidagi so‘nggi satrlarga nazar tashlash kifoya. Tabiiyki, bu yerda gap, faqat bir turdagi molekulalardan tashkil topgan indivdual kimyoviy birikmalar haqida bormoqda. Shu sababli ham, masalan, polietilen bizga to‘g‘ri kelmaydi. Chunku uning molekulasi minglab atomlardan tashkil topgan bo‘lsa hamki, uni tashkil qiluvchi molekulalarning hammasi har xil: biri uzunroq, ikkinchisi esa qisqaroqdir.

Mashhur Beylshteyn ma'lumotnomasining asosiy nashridan boshlab qidirsak (unda 1910-yilgacha fanda ma'lum bo‘lgan organik birikmalar haqida ma'lumotlar keltirilgan), XX asr boshidagi rekordchi modda melissin kislota triglitserdi bo‘lganligini aniqlaymiz. U 1896-yilda glitserinni melissin kislota bilan qizdirish yo‘li orqali Fransiyada sintez qilib olingan edi. U asalari mumi tarkibida bo‘ladigan bir asosli karbon kislota bo‘lib, uning glitserin bilan birikmasi yog‘lar sinfiga mansubdir.

Lekin bu rekordchi molekulasi formulasidagi atomlarni sanab chiqishda bir chalkashlik bor. Gap shundaki, XIX-asr oxiri va o‘tgan asr boshlarida ham melissin kislota formulasi C31H62O2 tarzida talqin qilinar edi. ma'lumotnomada ham triglitserid formulasi shunga asoslanib keltirilgan. Lekin kimyodan yaxshi xabardor bo‘lgan ziyrak mutolaachilarimiz ham darhol sezishganidek, bu yerda qandaydir xatolik o‘tgan. Axir melissin kislota tabiiy kislota bo‘lgani uchun, uning molekulasida toq sondagi uglerod atomlariga ega bo‘lishi ehtimoli deyarli yo‘q. Zamonaviy ma'lumotnomalarda (lekin barchasida ham emas {#emotions_dlg.frown}) xatolik to‘g‘rilangan: melissin kislota molekula albatta juft sondagi uglerod atomlariga ega bo‘lib, uning asl foormulasi C30H62O2 bo‘ladi. Demak triglisterid quyidagicha formulaga ega bo‘ladi:

CH2(C30H59O2) · CH(C30H59O2) · CH2(C30H59O2)

Yoki uning boshqacha yozilishi C93H182O6 bo‘ladi va u 281 ta atomdan iboratdir.

Bu rekord XIX asr oxirida o‘rnatilganligini e'tiborga olsak, uni yangilanishi uchun naq 16 yil vaqt kerak bo‘lgan. 1912-yilda, stearin va fosfor kislotalarning glitseridi sintez qilib olinganida, uning formulasi C195H375O25P ekanligi ma'lum bo‘ldi. Bu moddada fosfor atomiga kislorod atomi orqali birvarakayiga beshta glitserin molekulalari bog‘langan bo‘ladi. Ushbu beshala glitserinlarga ham, o‘z navbatida ikkitadan stearin kislota qoldiqlari bog‘lanadi. Bu moddaning har bir molekulasida 596 ta atomlar mavjud bo‘ladi. Toqatining kuchiga ishonganlar, bu birikmaning struktura formulasini yozishga mustaqil urinib ko‘rishlari mumkin.

Oradan yana 7 yil o‘tib bu rekord ham yangilandi va u aytish mumkinki, uzoq muddat saqlanib turdi. 1919 yilda rafinozaning undekatserotati sintez qilindi va uning molekulasida 913 ta atom borligi anqilandi. Bu birikmaning formulasi C304H582O27 ekan. Murakkab nomlanishi va dilga g‘ulg‘ula soluvchi formulasiga qaramasdan, bu moddaning strukturasini anqilash unchalik mushkul muamo emas. Rafinoza - trisaxarid modda bo‘lib, tarqalganligi bo‘yicha o‘simliklardagi oligosaxarid saxarozasidan keyingi o‘rinda turuvchi moddadir. Rafinoza qand lavlagi tarkibida mavjud bo‘lib, lekun uning ta'mi shirin emas. Rafinoza molekulasi uchta oddiy shakarlar - galaktoza, glyukoza va fruktoza molekulalarining qoldiqlaridan tashkil topadi. Uning kimyoviy nomlanishi 6-(α-D-galaktopiranozil)-αD-glyukopiranozil-β-D-fruktofuranozid bo‘ladi (63-ta belgi).

Agar rafinozaning xloroformdagi iliq suzpenziyasini bir necha kun davomida serotin kislota xlorangidridi C25H51COCl bilan chayqatilsa, 11 ta gidroskil guruhlaridagi vodorod atomlarining barchasi serotin kislota bilan o‘rin almashinadigan murakkab efir hosil bo‘ladi. «Undeka» old qo‘shimchasining kelib chiqishi ham aynan o‘sha vodorod atomlari soniga bog‘liq. Bizning navbatdagi rekordchimiz aynan ushbu modda bo‘ladi.

 

1919-yilda olingan ushbu murakkab efirning formulasi keyingi bir necha o‘n yillar davomida o‘z rekordini saqlab keldi. XX-asrning 50-yillari o‘rtalarida alanin aminokislotaning hosilasidan oktaoktakontaetil efiri bo‘lmish oktaoktakonta[N-karbobenzoksi-(n-fenilen)dialanin] sintez qilindi. «Oktaoktakonta» old qo‘shimchasi, yunonchada 88 ta takrorlanuvchi guruhlar mavjudligini ifodalaydi. Bu birikmaning formulasi C1936H2114N176O441 bo‘lib, molekuladagi atomlar soni 4667 tani tashkil etadi. Uning struktura formulasi ham sahifada juda katta maydonni egallaydi.

Keyingi rekordni 10 yil kutildi va C1820H3968BO663Si660 ya'ni, 6607 ta atomdan iborat molekula aniqlanganida o‘rnatildi. Bu ham avvalgi rekordchi singari, polimer modda hisoblanib, polibordimetilsiloksan moddalar turkumiga mansub. U quyidagicha reaksiya natijasida olingan:

(CH3O)3B + H[OSi(CH3)2]220OH → {[OSi(CH3)2]220OH}3B + 3CH3OH

Bu polimer ham rekordchilik maqomini to‘liq o‘n yil davomida o‘zida saqlab turdi. Hozirgi o‘lchovlar bo‘yicha esa, bu ancha katta muddat sanaladi. 1974 yilda sintez qilingan aminotransfarez fermenti o‘zining C2087H3316N570O606S11 formulasi bilan amaldagi rekordchiga atiga 17 atom «yutqazgan» edi. Keyingi rekord yangilanishi esa, xuddi sport rekordlarida bo‘lgani kabi, yangi bir usulning joriy etilishi bilan yanada tezlashib ketdi. Masalan, sportda balandlikka sakrashning yangi usullari o‘ylab topilishi, chunonchi, bambukli tayoq o‘rniga fiberglassli tayoqqa tayanib sakrash boshlanishi bilan rekordlar har yili bir necha bor yangilana boshlagan edi. Shu kabi holatning kimyo fanidagi takrori, murakkab biologik polimerlar - oqsillar, fermentlar va nuklein kislotalarning tarkibiy tuzilishi aniqlanganidan so‘ng boshlanib ketdi. Bunday moddalar turkumidan eng katta formulaga ega bo‘lgan strukturalisi, 19913 atomga ega bo‘lib, C5750H7227N2215O41131S590 formulaning egasidir. Bu bakteriofaglardan birining dezoksiribonuklein kislota (DNK) molekulasining nukleotid ketma-ketligi bo‘lib, unda 960 juft azotli birikmalar mavjud ekan.

Boshqa turdagi birikmalar bundayin ulkan DNK molekulasi uchun munosib raqobat tug‘dira oladimi? So‘nggi yillarda, faqat bir turdagi atomlardan - ugleroddan tashkil topgan juda ulkan gigant molekulalarning aniqlanayotganligi haqida xabarlar tarqalmoqda. Xususan, 1994 yilda pentapentakontamer (ya'ni 55 ta takrorlanuvchi guruhlardan iborat polimer) fulleren C70 olishga muvaffaq bo‘lingan. Demak bu molekulada umumiy sonda 3870 at atomlar mavjud. Bu kimyoviy moddalarning yangi sinfi - fullernlar oilasiga mansub modda bo‘lib, uning molekulasi uglerod atomlaridan tashkil topgan bo‘lib, tashqi ko‘rinishidan regbi to‘piga o‘xshaydi. Polimerda ushbu molekulalar bir-biri bilan birikkan bo‘ladi. Uning nomini kimyogarlar, ko‘plab ajoyib me'moriy yechimlar muallifi bo‘lmish AQSHlik me'mor Bukminster Fuller sharafiga atashgan bo‘lib, u 1967-yilgi Monreal Ekspoko‘rgazmasi uchun ulkan pavilyon gumbazi loyihalangan edi. Ushbu gumbaz va fulleren molekulalarning strukturasi esa juda o‘xshashdir. Katta ehtimol bilan, fullerenlar navbatdagi rekordchilarga aylanishi mumkin. Masalan C240 yoki C250 ning bu boradagi imkoniyatlari katta.

Lekin fullerenlarning ham raqobatchilari bor. So‘nggi yillarda metallarning gigant klasterlarining katalitik xossalari keng tadqiq qilinmoqda. Bu turdagi klasterlardan birining tarkibi 1988-yildayoq o‘rganilgan bo‘lib, uning formulasi Pd561(phen)60(OAc)180 edi. Bu formuladagi «phen» so‘zi, 1.10-fenantrolin (C12H8N2) uchun; «Ac» esa - atsetil (CH8CO) uchun qisqartma ekanligini inobatga olsak, plladiy klasteri o‘ziga birkkan organik moddalar bilan birgalikda 3141 atomdan tashkil topishini bilib olamiz. Bu ham yomon ko‘rsatkich emas, axir klasterlar bundan ham katta o‘lchamlarga ega bo‘lishi mumkin. Qiziq, keyingi, ya'ni navbatdagi rekordni kim o‘rnatar ekan? Bu esa biokimyogarlar, katalitik-kimyogarlar va fullerenlar kimyosi mutaxassislari orasidagi o‘ziga xos ilmiy poyganing yangi bosqichi mahsuli bo‘lishi kerak.

Albatta, kimyogarlardan hech biri ataylab, «jahon rekordi» o‘rnatish uchungina ilmiy izlanishlar olib bormaydi. Bundan tashqari, ulardan hech biri, o‘zlari uchun oddiy kundalik hol bo‘lgan kimyoviy formulalarning bu kabi fandan tashqari jihatlariga jiddiy e'tibor qaratib o‘tirishmasa ham kerak. Shunga qaramay, maqolamizda keltirilgan, turli davrlar kimyogarlarining ajoyib yutuqlari - o‘ziga xos ilmiy ko‘rsatkich sifatida ham qaralishi o‘rinlidir. U sintetik va tahlili uslublarning qanchalik tez va shiddat bilan o‘zgarayotganligini ko‘rsatib berishi mumkin. Masalan, hali XX asr boshlarida, nisbatan sodda birikmalarning molekulasidagi atomlar sonini sanashda ham xatolklar uchraganligini, melissin kislotasi misolida ko‘rgan bo‘lsak, hozirda kimyogarlarning murakkab birikmalarning kimyoviy strukurasini nafaqat o‘ta aniq belgilay olishlari, balki, ularni sintez qilib, inson manfaatlari uchun bo‘ysundirishlari ham mumkinligini bilib oldik.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

 

Yangilаndi: 11.09.2018 09:18  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Mulohaza bildiring:


Mahfiy kod
Yangilash

Banner

Orbita.Uz infotekasi

Milliy bayramlarimiz

Yaqin kunlardagi rasmiy bayramlar, kasb bayramlari, muhim tarixiy va xalqaro sanalar.

26 - Iyun - Iyd al-Fitr - Ramazon hayiti Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


1 - Sentyabr - Mustaqillik kuni. (Dam olish kuni)


2 - Sentyabr - Iyd al-Adho - Qurbon Hayiti . (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)

O'zbekiston shaharlari ob-havo ma'lumotlari

Orbita.Uz do'stlari:

Ziyo istagan qalblar uchun:

O'zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona!

​Ўзбекча va o'zbekcha o'zaro transkripsiya!
O'zbekcha va ўзбекча ўзаро транскрипция!

Bizning statistika


Orbital latifalar :) :)

СмешноУлыбаюсьПодмигиваю

Fizika o'qituvchisi bolalarga savol beryapti:

-1 kg temir og'irmi, yoki, 1 kg paxtami?

Bir olg'ir so'zamol bola javob qaytradi:

-Domla oyoqqa tushib ketsami, yoki, tarozida tortib ko'rsami?


Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 778
O'qilgan sahifalar soni : 3395823

Tafakkur durdonalari

Dunyo imoratlari ichida eng ulug'i - MAKTABDIR! (M Behbuduy)