Orbita . U Z

Ilm-fan fazosi uzra

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa Muallif & blog ... Fan va texnikaga oid tarjimalarning zamonaviy masalalari

Fan va texnikaga oid tarjimalarning zamonaviy masalalari

Maqola Reytingi: / 2
Juda yomon!A'lo! 

Fan va texnikaga oid tarjimalarning zamonaviy masalalari

Turtki

Ushbu postni yozishimga nima turtki bo‘ldi?

Shu kunlarda “SI xalqaro birliklar tizimi” rasmiy risolasini o‘zbek tiliga tarjima qilib tugalladim. Matn davomida meni biroz ikkilantirgan yoki avvallari umuman eshitmagan jumlalar uchradi. Darsliklar, lug‘atlar va mutaxassislar maslahatlaridan foydalandim. Feysbukdagi Professional va havaskor tarjimonlar guruhidagi guruhdoshlarning maslahatlari ham juda asqotdi.

Tarjima deyarli yakunlangan vaqtda, qo‘limga “Metrologiya lug‘ati” tushib qoldi. Juda xursand bo‘lib ketdim. Chunki aynan shu soha yuzasidan lug‘at bu juda zo‘r narsa edi. Xatolarim va noto‘g‘ri talqinlarim bo‘lsa shunga asosan to‘g‘rilab olaman deb o‘yladim. Ammo...

 

 

Xom chuchvara

O‘sha kuni uyda chuchvara qilmagandik, lekin xom chuchvarani qayerda sanaganimni eslolmadimu, juda qalin jildli, sifatli qog‘ozga bosilgan lug‘atdan hafsalam sovib ketdi. To‘g‘ri, kitob muqaddimasidayoq mualliflar “sohaga oid mukammal lug‘at tuzish borasidagi dastlabki urinish bo‘lganligi tufayli, unda xato va kamchiliklar bo‘lishi tabiiy” deb ogohlantirish berib o‘tishgan. “Xato va kamchiliklar” borasida ko‘rganlarim: fizikaga oid algebraik formulalar umuman tushunarsiz ierogliflar asosida, Misr ehromlari yoki Maya madaniyati yodgorliklaridagi kabi berilgan. Bu matn teruvchining va musahhihning e’tiborsizligidan bo‘lsa kerak. Biroq, nufuzli ilmiy unvonlar - fan doktori, professorlardan iborat mualliflar guruhining e’tiborsizligi undan ham o‘tib tushdi. Avval qog‘oz qalam olib, uchragan tasodifiy xatolarni qayd qilib chiqa boshladim. Sababi, mualliflar kitob kirish qismida manzil havola etib, “lug‘atni yanada takomillashtirish borasidagi fikr va mulohazalarni kutib qolishlari”ni bildirishgan edi.

Demak, tasodifiy sahifada xato jumla yoki tarjima uchragan joyni qog‘ozga yozib, aynan xatoni o‘zini va uning meni nazdimdagi to‘g‘ri variantini qog‘ozga qayd qila boshladim. Sanoq ketdi: 1, 2, 3, ..... 16 ga borganda bu xatoliklar hech qanday tasodif emasligini va ma’lum tizimli ravishda davom etayotganligini fahmlab qoldim. Misol: “Заброкование” - “Brakka chiqarish”. Bunga chidasa bo‘lar, harholda “yaroqsiz deb topish” dan ko‘ra qisqaroq jumla ekan. “Kilogramm” haqidagi matnda - “...toshni ifodalaydi” jumlasi o‘rniga, “qadoqtoshni ifodalaydi” jumlasini taklif qilmoqchi bo‘ldim. Chunki ruscha variantida “girya” deb berilgan edi. "Выборка" ham “terma” emas, balki “saralov” ekani, “выброс” esa, “otqin”dan ko‘ra, “sachrash”, “otilib chiqish” kabilarga mos kelishini belgilab qo‘ydim. Bu orada, A, B, V, G harflariga bag‘ishlangan bo‘limlarni tasodifiy tartibda varaqlab chiqayotgan edim. D harfiga kelganda, dumalab qoldim. “Допуск” - “Qo‘yim” deb berilgan edi... Hayronman, muallif, musahhih, muharrirlar qayoqqa qarashgan ekan-a?

Tahsin

Yo‘q, men mazkur lug‘atni umuman foydalanishga yaroqsiz, ishlatib bo‘lmaydigan kitob deb bong urmoqchi emasman. Aksincha, yuqorida ham, mazkur kitobning muqaddimasida ham qayd etilgandek, bu kitob o‘zbek tilida metrologik lug‘at tayyorlash borasidagi ilk tajriba sifatida tahsinga loyiq. Mualliflarning maqsad va muddaolariga ham ofarin aytish kerak. Axir o‘zbek farzandi, xar qanday ma’lumotni, shu jumladan, ilmiy-texnikaviy axborotlarni ham o‘z ona tilida olishga haqli. Bu borada men kitob mualliflarini to‘liq qo‘llab quvvatlayman. Texnika oliygohini tamomlagan odam sifatida shuni aytishim mumkinki, haqiqatan ham muhandislik sohalariga oid o‘zbekcha adabiyotlar juda kam. Lug‘atlar ham shunaqa ahvolda. Bu boradagi oldinga tashlangan har qanday qadam va intilishni faqat olqishlash kerak.

Tasavvur qiling, qishloqda, oddiy o‘zbek oilasida tug‘ilib o‘sgan, bog‘chada ham, maktabda ham o‘zbek tilida bilim olgan o‘smir oliygoh talabasi bo‘ldi. Unga maktabda rus tili va ingliz tili alohida fan sifatida o‘tilgan va ularda asosan mazkur xorijiy tillar grammatikasi va o‘sha tilning egasi bo‘lgan millat adabiyoti maktab dasturi ko‘lamida o‘rganib chiqilgan. Endi bu bola vaqti kelib texnika oliygohiga o‘qishga keldi va o‘rischa aytganda “на тебе!” - mutaxassislikning asosiy fundamental ilmiy asoslari keltirilgan adabiyotlar rus tilida bo‘lib chiqadi. Bola iloji yo‘q rus tilini o‘rganadi.

Texnika sohasini o‘zlashtirishning o‘zi bir mashaqqat, uni boshqa tildan o‘zlashtirish esa qiyinchilikni yanayam orttiradi. Fan-Texnikaga oid adabiyotni o‘zbek tiliga o‘girishning mashaqqati esa, texnika fanini o‘zini o‘zlashtirish va uni boshqa tildan o‘zlashtirish masalalari mashaqqatlarining yig‘indisiga teng bo‘lsa kerak. Chunki bunda odam o‘zi, avvalo tarjima qilayotgan matnidagi mohiyatni chuqur anglashi, mazmunni o‘z asl ma’nosida yetkazib bera olishi kerak va shart. Aks holda u, o‘z tarjimasidan foydalangan o‘quvchi, talaba va mutaxassislarni jiddiy adashtirib qo‘yishi hech gap emas...

G‘alati Tendensiyalar

Bu borada, anchalik g‘alati tendensiyani tahlil qilish mumkin:

O‘tgan asrning 40-yillarining oxiridan e’tiboran, o‘zbek tilida ilmiy-texnikaviy mukammal qo‘llanma va adabiyotlarning paydo bo‘la boshlashi jarayonida nashr etilgan kitoblarda, juda ajoyib, nihoyatda nozik did va professionallik bilan bajarilgan tarjimalarni kuzatish mumkin. Saidnosirova tarjima qilgan “Kimyo izohli lug‘ati” (1954 y), yoki, H. Fozilov muallif-tarjimonligida nashrdan chiqqan “Boshlang‘ich elektrotexnika” (1949) kitoblarini shunday misol tariqasida keltirgan bo‘lardim. Bunday holat 1950-70 yillar orasida chiqqan barcha o‘zbekcha ilmiy-texnik adabiyotlarda kuzatiladi. Mazkur davr tarjimonlari Perelman asarlarini ham katta mahorat bilan o‘zbekchaga o‘girishgan (1948-60 yillar orasida). Indallosini aytganda, XX asr 50-70 yillari davri o‘zbek tarjimonlariga yuksak ehtiromimni doim saqlab kelmoqdaman...

Endi boshqa davr, 70-90 yillar orasidagi o‘zbek tilida chop etilgan ilmiy texnikaviy adabiyotlarni qarasangiz, g‘alati tendensiyaning g‘alati yo‘nalishini kuzatasiz. Bu davr tarjimonlarida, o‘zlaridan avvalgi avlod boshlab bergan ajoyib an’analar, sinovlardan o‘tgan tajriba va poydevor bor edi. Biroq nimagadir ularda aksincha ravishda, sof o‘zbek tilidan chetlanish, ona tilimizda aniq tarjimasi bor, o‘zbeklar kundalik turmushda juda ko‘p ishlatadigan so‘zlarni ham rus tilida keltirish holati kuzatiladi. Masalan, elektrotexnikaga oid nashrlarda elektr o‘tkazgich haqida “provodnik” deb qoldirilavergan. Endi o‘ylab ko‘ring, elektrotexnikadan yiroq odam, bu so‘zni o‘tkazgich tarzida emas, poyezd nazoratchisi, samolyot bort kuzatuvchisi kabilar o‘rnida tushunishi ehtimoli yo‘q emasdirov.

Bugungi kun

Hozirda ham, muhtaram olimlarimiz, muhandis va pedagoglarimiz ichida muhim va dolzarb tematik yo‘nalishlardagi ilmiy-texnikaviy manbalarni ona tilimizga tarjima qilish ishlari davom ettirib kelinmoqda. Bizning davrimizda, avvalgilarda mavjud bo‘lmagan texnik imkoniyatlar – mashinka o‘rniga kompyuter, qavat-qavat qog‘oz o‘rniga, o‘lchami tugmadan sal farq qiladigan fleshka, jildi qalin va vazni og‘ir lug‘at kitoblar o‘rniga, elektron lug‘at dasturlar bisyor. Qisqa qilib aytganda, ishlash uchun sharoit va qulayliklar ortiqchasi bilan mavjud. Hafsala va toqatni zaxira qilib, zamonaviy o‘zbek ilm-fani uchun muhim bo‘lgan manbalarning mukammal tarjimalarini bajarish kerak. Faqat bunda e’tiborsizlik qilmasdan, jiddiy yondoshuv bilan ishga munosabatda bo‘lish, erinmay izlanish, zarur bo‘lsa tegishli soha mutaxassislaridan maslahat va ko‘rsatmalar olish, qisqa qilib aytganda, ishni mukammal bajarish kerak. Bajarilgan tarjimalar, muallif-tarjimonga obro‘ olib keladigan ro‘yxatdagi belgi (galochka) uchun emas, sidqidildan, kimgadir nafi tegishini niyat qilgan holda bajarilishi kerak deb o‘ylayman. Bu borada tahsinga loyiq ishlarni amalga oshirayotgan tarjimonlarimiz ham ancha ko‘p. Xususan, Hamza Foziljonovning axborot texnologiyalari yo‘nalishida qilayotgan urinishlarini namuna qilib ko‘rsatgan bo‘lardim. Harbiy-texnikaga oid mavzularda Shokir aka Dolimovning ishlarini yuksak baholayman. Boshqa ko‘plab tarjimonlarimiz ham maqtovga loyiq ishlarni bajarishmoqda.

Ammo…

Ammo, yuqorida aytgan lug‘at kitobimda ham, boshqa turdosh adabiyotlarda ham, eng achinarlisi, ba’zi OAVlarda ham ayniqsa ilm-fan va texnikaga oid jumlalarni noto‘g‘ri talqin qilish hollari ko‘p uchramoqda. Dunyo bo‘ylab telekanaliga ilmiy-ommabop filmlarni tarjima qilib berayotgan inson, fizikada quvvat va energiya boshqa-boshqa tushunchalar ekanligini bilmas ekan. Energiyaning saqlanish qonuni jumlasini, quvvatning saqlanish qonun deb beryapti. Muallif nomidan matnni o‘qiydigan suxandonga ham farqi yo‘q shekilli, shundayligicha o‘qib beraveryapti. Bunday narsalarni oldini olish, tuzatish va to‘g‘ri ma’noda berish kerak. Aks holda, “permit” va “допуск”ni “qo‘yim” deb o‘quvchilarni gangitib yuravermaylik...

...Postimda misol tariqasida keltirilgan “qo‘yim” so‘zi va unga turdosh so‘zlar ustidan uzoq bahslashsa bo‘ladi. Masalan, uni boqadigan chorvamdan tashqari, bankka qo‘yilgan mablag‘im (вложение) va ho kazo tarzida talqin qilish; yoki shunga o‘xshash, “yig‘im” so‘zini quvonchdan yoki ma’yuslikdan yig‘lashim deb ham, o‘rtoqlar bilan pul yig‘ishimiz ham, yoki bog‘lardagi mevalarni yig‘im-terimi deb ham talqin qilsa bo‘ladi. Faqat, bunday talqinlarni o‘z o‘rnida, o‘z ma’nosida qo‘llay bilish muhimdir. Ayniqsa obro‘li nashriyotlar orqali chop ettirilayotgan manbalarda bunga jiddiy e’tibor berish shart.

Nuqtadan so‘ng.

Bilasizmi, men karislar ishlab chiqargan va xitoylar qalbakilashtirib ko‘paytirib yuborgan xay-tek smartfonlar va boshqa maishiy texnikalarga o‘xshash nou-xaularni o‘zimizdan, o‘zimizning mutaxassislarimizning mualliflik patentlari ostida, milliy mahsulot sifatida ishlab chiqarilishini va butun dunyoga “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” tamg‘asi orqali viqor bilan sotishimizni istayman. Innovatsion ishlanmalar va yuqori texnologiyalarni xorijdan emas, o‘zimizning ilmiy tadqiqot institutlarimizdan chiqib kelishini, oxir-oqibatda, koinotga NASA uchirgan apparatlarga havas qilib yuravermasdan, o‘zimizning fazogirlarimiz boshqaruvidagi o‘z kosmik kemalarmizni uchirishimizni juda-juda istayman. Men bilan maslakdosh vatandoshlarimiz ko‘p ekanligi aniq.

Buning uchun esa, biz, ilm-fan texnika va texnologiyalarga oid tarjimalarga bel bog‘lagan mutaxassislar, o‘z mas’uliyat va vakolat doiramizdagi ishlarni do‘ndirib qo‘yishimiz kerak. Ishimizga bo‘lgan e’tiborni jiddiylashtirib, sohaga oid manba, qo‘llanma va adabiyotlarni mukammallashtirishimiz lozim...

 

Yangilаndi: 07.04.2018 12:45  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Mulohaza bildiring:


Mahfiy kod
Yangilash

Banner

Orbital latifalar :) :)

????????????????????????

Faylasuf va fizik suhbatidan:

-Muhabbatning kuchi nimada deb o'ylaysiz? - deb so'radi faylasuf.

-Buning javobi juda oson, Muhabbatning kuchi, uning tezlanishi va massasining kopaytmasiga teng, ya'ni Fmuh=ma... - deb javob berdi fizik.


Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Orbita.Uz tavsiya etadi:

Foydali havolalar:
Ilmiy-lugat.uz
Ilmiy-lugat.uz - Ilmiy terminlarning o‘zbekcha-ruscha-inglizcha lug‘ati, qisqacha izohi va amalda qo‘llanishi
ekodunyo.uz
O‘simliklar va hayvonlarning onlayn ensiklopediyasi
Oshxona.Uz
O'zbek Milliy Taomlari haqidagi ajoyib veb-sayt.
http://tafsilot.uz/
tafsilot.uz - axborot-tahliliy sayt.
http://Gulruxsora.uz/
Jurnalist va blogger Gulruxsora Xudayberdiyevaning shaxsiy sayti

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 792
O'qilgan sahifalar soni : 3294455

Tafakkur durdonalari

Ilm-Fan Taraqqiyotni yetaklovchi kuchdir!