Qanday qilib yer maydonini quduq bilan o‘lchash mumkin?
Bobil davlatining ko‘p sonli aholisining muayyan qismi dehqonchilik bilan, asosan boshoqli ekinlar yetishtirish bilan shug‘ullangan. Mamlakat joylashgan hududning issiq iqlimi, yer maydonlarining tez-tez sug‘orilishini talab qilgan. Bobil qo‘lyozmalarida, yer maydonlarining o‘lchamini ifodalovchi belgi ieroglif, quduqni ifodalovchi belgi ieroglif bilan bir xil bo'lgan, boshqacha aytganda, Bobilliklar dala maydonini ifodalash uchun ham, quduq so‘zini yozish uchun ham bitta ieroglifdan foydalanishgan. Bundan kelib chiqadiki, Bobil dehqonlari, bitta quduqdan chiqarilgan suv miqdori, qanday o‘lchamdagi dala maydonini sug‘orishga yetishini hisoblash orqali, ekin ekiladigan yerlarning maydonini belgilashgan. Masalan, "bir quduq yerga ekilgan arpa" kabi...
o‘lchov birligi sifatidagi quduqni odatda, har biri 100 ta jo‘yakdan iborat 18 ta dala maydoniga ajratishgan. Zamonaviy o‘lchovlarga ko‘ra, Bobilliklarning o‘rtacha jo‘yagi taxminan 35.25 m2 bo'lgan. bunday holatda, bir quduq yer maydoni taxminan 6.345 gektarga bo‘lishi kerak. bundan kelib chiqadiki, agar Bobillik har bir oila o‘rtacha 600 m2 (an'anaviy 6-sotix) yerga ega bo‘lgan taqdirda, bir quduq yer, 106 ta oilaga yetgan bo‘lar ekan. Ularga suv borasida o‘ta tejamkor bo‘lishga to'g'ri kelgan bo‘lsa kerak.
Qadimgi Rimda esa, oddiy Rim dehqoning hayotiy tajribasidan kelib chiqqan yuza va maydon birligi - yuger (jugerum) deb atalgan. Yuger bu - bir bahor kunida, bir juft ho‘kiz haydab chiqishi mumkin bo'lgan dalaning maydoni. Ushbu birlikning nomi, birdaniga ikkita ho‘kizga kiydirish mumkin bo'lgan bo‘yinturuq nomi - yugun (igium) dan olingan.
Aytish joizki, hozirda hech kim, bir yugerning aynan qanday o‘lchamdagi maydon bo'lganligini aniq bilmaydi. Buni bilish juda mushkul, sababi, yuger mutlaqo Apennin yarim oroliga xos bo'lgan, mintaqaviy xarakter kasb etadi. Apenninda yer maydonlarining tarkibi, shunchalik keskin o‘zgaruvchanki, u yerda haydash qiyin bo'lgan toshloq yerlarga ham, tekis ochiq maydonlarga ham, va adir qiyaliklariga ham ekin ekiladi. Kunduz kuni ikkita ho‘kiz haydashi mumkin bo'lgan yer maydoni, yoki yuger o‘lchami ham, yuqoridagi omillarga chambarchas bog‘liq ekanligi kundek ravshan.
Aftidan yuger singari keltirib chiqarilgan yuza o‘lchov birliklari, tarixdagi dehqonchilik bilan shug‘ullangan o‘troq xalqlarning ko‘pchiligida mavjud bo'lgan. masalan, qadimgi Xitoyda asosiy maydon o‘lchov burligi - mu (taxminan 0.061 gektar ~6 sotix), tarixiy Xitoy qo‘lyozmalariga asoslanib aytish mumkinki, bitta oilaning, qo‘lda ishlov berish orqali foydalangan yer maydoni bo‘lgan ekan. Bu o‘rinda tarixchilar hozircha aynan qanday ishlov berish - yerni chopib, ag‘darishmi, yoki, jo‘yak (egat) olishmi, yoki ekin ekib yetishtirish nazarda tutilganmi, aniqlay olganlaricha yo‘q. Zamonaviy Xitoyda muning qiymati 0.015 gektardan 0.32 gektargacha bo'lgan qiymatlarda o‘zgaradi. Xitoy haqidagi manbalarda, odatda mu haqida 0.067 gektar, Gonkong haqida so‘z borganda esa, 0.084 gektar tarzida ifodalanadi.
Olmonlarda ham shunga o‘xshash birlik - morgen mavjud bo'lgan. Nemis tili o‘qiganlar yaxshi bilishadi - morgen bu - tong. Yer maydoni o‘lchov birligi morgen esa - tonggi vaqtda haydab chiqish mumkin bo'lgan o‘lchamdagi dala maydonidir. Rus Novgorod knyazligida ham, yer maydoni o‘lchov birligi nomi soxa ham, qadimgi rus yer haydash ish quroli - omoch yoki so‘qa nomi bilan bir xil bo'lgan.
Umuman olganda bu kabi yuza va maydon o‘lchov birliklarining bir o‘ziga xos ajoyib jihati mavjud: ular biror bir geometrik shaklga bog‘langan emas! Biz o‘z zamonamizda kvadrat metr, kvadrat kilometr kabi birliklardan foydalanamiz. Ya'ni biz, kvadrat yoki, to'g'ri to‘rtburchak shaklidagi yer maydonini nazarda tutamiz. Amalda esa, o‘sha biz o‘ylagan (o‘lchagan) yer maydonining shakli istalgan ko‘rinishda - uchburchak, trapetsiya, va hattoki doira shaklida ham bo‘lishi mumkin. Yuger, mu, morgen, quduq, soxa kabi birliklarda esa, yer maydoni yoki dalaning shaklini mutlaqo ahamiyati bo‘lmaydi...
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/
Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz
< avvаlgi | kеyingi > |
---|