Gey- Lyussak qonuni
Gazlarning hajmiy nisbatlarining qonuniyatlarini ifodalovchi, Jozef Lui Gey-Lyussak tomonidan ochilgan va uning sharafiga atalgan qonun, nazariy kimyo fanining yanada ilg‘or qadam tashlashiga katta turtki berdi. Gey-Lyussak qonuni, o‘sha vaqtlarda endigina kashf qilingan Dalton qonuni bilan birgalikda kimyoviy birikmalar nazariyasining asosini tashkil qildi.
Gey-Lyussak, XIX asrning birinchi yarmida, mumtoz kimyo fanining poydevorini qurgan, buyuk kimyogar olimlar sirasiga kiradi. Jozef Lui Gey-Lyussak (1778-1850) Farangistonning Limuzen grafligiga qarashli kichik San-Leonar shaharchasida tug‘ilgan. Bolaligida, qat'iy intizom va tartib-qoidalarga asoslangan katolik maktabida ta'lim olib, 15 yoshida esa Parijga ko‘chib o‘tadi. Parijda Gey-Lyussak San-sye pansionida o‘qishni davom ettirib, tez orada ajoyib matematik iqtidori bilan bachaning nazariga tushadi. 1797-1800 yillarda u Parij politexnika maktabida ta'lim oladi. Politexnika maktabida kimyo fanidan iste'dodli kimyogar, o‘qituvchi va olim Klod Lui Bertole dars berar edi. Aynan Bertole, yetishib chiqayotgan yosh olimning kimyo faniga bo'lgan qiziqishlariga va keyingi ilmiy yo‘nalishini tanlashiga katta ta'sir o‘tkazgan. Ta'lim jarayoni va undan keyingi hayotlarida ham bu ikki inson juda qalin do‘st bo‘lib, ilmiy mulohaza va fikrlarini doimiy o‘zaro muhokama qilib borishgan. Politexnika maktabida o‘qishni tamomlagach, Gey-Lyussak bir qancha kimyo korxonalarida mehnat qilib chiqdi. 1802-yildan e'tiboran esa, u yana o‘zining jonajon o‘quv yurti - Parij politexnika maktabiga qaytib, u yerda assistent bo‘lib ishlay boshladi.
Aynan o‘sha yili Gey-Lyussak, farang fanlar akademiyasida o‘zining dastlabki ilmiy axboroti bilan chiqish qildi. "Metallarning cho‘kishi" nomli chiqish, yosh olimning ilk ilmiy muvaffaqiyatlarining debochasi edi xolos. Haqiqatan ham, 1802-yil, Lui Gey-Lyussak uchun o‘ta omadli keldi: Jon Daltondan mustaqil ravishda u gazlarning issiqlik ta'sirda kengayishi qonuniyatini kashf qildi. Gey-Lyussak ko‘pincha boshqa yirik olimlar bilan ham hamkorlikda, ularning tadqiqotlarida ham ishtirok etardi va bu jarayonda odatda muvaffaqiyatli ilmiy tajribalar, olamshumul kashfiyotlar amalga oshirilar edi. Masalan, shunday hamkorlikka asoslangan tadqiqotlarning birida, 1804 yili Gey-Lyussak boshqa bir olim Jan Batist bilan birgalikda, atmosferaning yuqori qatlamlaridagi havo tarkibida namlik miqdori va harorat o‘zgarishlarini aniqlash uchun havo sharida osmonga ko‘tarildi. Velter bilan hamkorlikda esa u ditio kislotasini kashf qildi. Gey-Lyussak, Parijlik kimyogar-professor Jak Tenar bilan ham mustahkam ilmiy hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan edi. Ularning o‘zaro olib borgan ishlari, organik moddalar kimyosi sohasida tahliliy uslublarning mukammallashuviga katta hissa bo‘lib qo‘shildi. Umuman olganda Gey-Lyussakni zamondoshlari ajoyib iqtidorli tajribashunos sifatida qadrlashgan. U kamtarona jihozlangan oddiy laboratoriya sharoitida ham, kimyo faning keyingi rivojlanishi uchun muhim o‘rin tutgan ko‘plab qonuniyatlar va kashfiyotlarni amalga oshirishga muvaffaq bo'lgan.
1805 yilda, Gey-Lyussak endilikda Aleksandr fon Gumboldt bilan hamkorlikda ishlar edi. Ular gazlarning hajmiy nisbatlarini tadqiq qilish jarayonida, bir hajm kislorod, ikki hajm vodorov miqdori bilan birikayotganligini aniqlashdi. Bu ish Gey-Lyussakning keyingi faoliyat yo‘nalishini belgilab berdi.
Gazlarning miqdorini o‘lchashda ularning hajmiga asoslanish usuli, massasiga asoslanishdan ko‘ra qulayroq va osonroq ekanligi sababini allaqachon fahmlagan buyuk kimyogar Antuan Lavuaze, vodorod va kislorod o‘rtasidagi reaksiyalarda ularning o‘zaro nisbatlarini aniqlashga urinib ko‘rgan edi. Ammiakni parchalanishidagi azot va vodorodning hajmiy nisbatlari bilan Bertolle shug‘ullangan edi.
Gey-Lyussak yuqoridagi tadqiqotlar va boshqa gazlarning o‘zaro reaksiyalaridagi gazlarning nisbatlarini tizimli ravishda tahlil qilib chiqdi. U har qanday gazlar o‘zaro reaksiyalarda ma'lum bir qonuniyat asosida birikishini, ya'ni ularning hajm nisbatlari qandaydir qonuniyatga bo‘ysunishini sezgan edi. Olim olib borgan tadqiqot va tajribalarining ilk natijalarini, o‘zining 1808 yilda e'lon qilingan "Gazsimon jismlarning bir-biri bilan birikishi haqida" nomli ilmiy risolasida ma'lum qildi. U "gazsimon moddalar bir-biri bilan juda sodda nisbatlarda birikishi, reaksiyalarda kuzatilayotgan hajm kamayishlari ma'lum qonunga bo‘ysunishi isbotlash"ni istar edi.
Gey-Lyussak gazlarning birikishidagi nisbatlar qonuniyatini mutlaqo tajriba yo‘li bilan ochdi. U bu jarayonda har xil gaz reaksiyalarini amalda tahlil qilib o‘tirmadi, aksincha nisbatan oz sondagi va turdagi reaksiyalarni tahlil qilish bilan cheklandi. Ular asosida esa olim ilmiy xulosalar chiqardi va gazlarning birikishidagi o‘zaro hajm nisbatlarining qonuniyatining ilmiy ta'rifini shakllantirdi. o‘zaro ta'sirlashuvchi gazlarning hajmiy munosabatlarini o‘lchash orqali, Gey-Lyussak ammiak va yana besh xil azot oksidlarining tarkibini aniqlashga erishdi.
Gey-Lyussak boshqa olimlar va boshqacha tajriba usullarida olingan natijalar bilan o‘z natijalarini taqqoslab ko‘rib, o‘zi ochgan muhim qonuniyatning tasdiqlanayotganligiga ishonch hosil qildi. Gey-Lyussak shuningdek o‘zi ochgan qonunning muhim jihatlarini amalda isbotlab berishga ham muvaffaq bo‘ldi. masalan u gaz birikmalarining hali fanga ma'lum bo‘lmagan zichliklarini aniqlab berdi: "Turli xil yonuvchi gazlarning kislorod bilan oddiy nisbatlarda 1:1, 1:2, kabilarda birikayotganiligini kuzatish bizga, yonuvchi moddalarning bug‘larining zichliklarini aniqlashga yoki hech bo‘lmaganda uni taxminiy hisoblay olish vositasini beradi. Agar xayolan barcha moddalarni gazsimon holatga o‘tkazib, tasavvur qilinsa, ularning ma'lum bir hajm miqdori, kislorodning yoki teppa-teng, yoki teng yarmi, yoki ikki hissa miqdorida kislorod bilan birikadi. Endi, agar biz kislorodning, qattiq yoki suyuq holatdagi yonuvchan moddalar bilan qanday nisbatlarda birikishini bilsak, biz kislorod yoki, yonuvchi moddaning bug‘larining hajmini hisoblab topishimiz mumkin bo'ladi."
Gey-Lyussakning o‘z g‘oyalari va tajribalarining bayon qilishdagi soddalik va tushunarlilik o‘sha zamonda ham, keyingi davrlarda ham barcha tibiiy fanlar tadqiqotchilari uchun dasturul-amal bo‘lib xizmat qilgan.
Gey-Lyussak qonunining dastlabki amaliy muvaffaqiyati o‘zini uzoq kuttirmadi: Bertselius o‘zining ko‘plab ilmiy ishlarida, element va birikmalarning tarkibini aniqlashda, ularning miqdor xarakteristikalarini o‘rganishda Gey-Lyussak qonunini katta muvaffaqiyat bilan qo‘llab, olimning ilmiy xulosalarini amaliy mustahkamladi.
Gey-Lyussak tomonidan ochilgan oddiy hajm munosabatlarini ifodalovchi qonun, atom-molekulyar ta'limotning shakllanishiga ulkan hissa qo‘shdi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/
Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz
< avvаlgi | kеyingi > |
---|