Orbita . U Z

...Ilm-fan fazosi uzra!

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa Muallif & blog ... "Kennoyim"ning sanksiyasi

"Kennoyim"ning sanksiyasi

Maqola Reytingi: / 16
Juda yomon!A'lo! 

"Kennoyim"ning sanksiyasi

1-aprel xalqaro hazil kuni.

Institutda bir domlamiz bo‘lardilar. o‘z sohasining bilimdoni bo‘lish bilan birga, juda ajoyib yumor hissiga ega inson edilar. O‘sha insonning menga juda ma'qul kelgan bir fikri bo‘lib, u yumor hissi bo‘lmagan odamni nogiron deb hisoblash mumkin deb ta'kidlardi.

Albatta, hayot murakkab, o‘zaro munosabatlar, ish va turmushdagi tashvishlar, tirikchilik deganlariday xullas, oson emas. Lekin, insonlarga yorug‘ yuz, ochiq chehra bilan yo‘liqishning o‘zi ham bir ehson deyilgan. Agar biror insonni kayfiyatini ko‘tara olsangiz, uning uchun katta xizmat qilgan bo‘lasiz. Me'yoridagi hazil, birovning ko‘ngilga tegmaydigan, samimiyat ila qilingan yumor bilan odamni ko‘ngli ko‘tarilib, kayfiyati chog‘lanadi. Kayfiyat chog‘ bo‘lsa, ish unumi ham boshqacha bo‘ladi.

1-aprel - xalqaro hazil kuni. Shu munosabat bilan, ushbu blogpost orqali, hayot atalmish teatrning ayrim yumoristik epizodlarida o‘zim ishtirokimda sodir bo‘lgan ba'zi syujetlarni hikoya qilib bermoqchiman. Ularni eslaganimda o‘zimni ham dilim yorishadi. Biror ish unmay turganda yoki siqilib turganimda bu voqealarni yodimga olsam, yuzimga tabassum o‘z-o‘zidan mehmon bo‘ladi. mayli, gapni cho‘zmasdan boshlay qolay:

Qorboboning qopida nima bor?

Bog‘chaga borardim. Bir kun, yangi yil arafasidagi tushlikdan keyingi "tixiy chasi" paytida hech uyqum kelmay, ko‘rpa tagida biqinib olib, bog‘cha opalarimizni kuzatardim. Ular yuz-ko‘zlariga bir narsalar surtishardi. Keyin esa meni diqqatimni tortgan narsa sodir bo‘ldi: bog‘cha opamiz katta qopni olib kelib, unga bo‘sh turgan kravatlardan biridagi paryostiqni tiqib qo‘ydi. Menu ko‘rib turganimdan u albatta bexabar edi. Keyin uyg‘ondik va yangi yil tadbiri boshlandi. Biz bolalar yodlagan she'r va qo‘shiqlarimizni ijro etdik. Bayram rosa qiziganda davraga qorbobo va qorqizni umumiy jo‘rlik bilan chorlab chaqirdik. Qorbobo kirib keldi. Ovozidan bog‘cha opamiz Mahbuba opaga o‘xshab ketardi. Ular kirib kelgach, davrani olib borayotgan Karima opamiz erkalagan ovoz bilan: "Bolajonlar, bu kim?" dedi. Biz jo‘rlikda "Qoybobo" deb javob qaytardik. U "Qorboboni qopida nima bor" - deb so‘radi yana erkalagan ovozda. Tabiiyki u bizdan "Sog‘valay boy" degan javobni kutgan edi. Lekin, biroz avval guvohi bo‘lganimdagi voqeadagi obyektlardan biri, o‘sha qop qorboboni yelkasida turardi. Bilag‘onlik qilib, hammadan avval bor ovozim bilan qichqirib "yostiq bor, yostiq!!!" deganim yodimda. Bog‘cha opalarim hayrat aralash kulib yuborishgandi. Men qaydan bilay, bu narsa qopni katta qilib ko‘rsatish uchun qilingan ayyorlik ekanligini... Bola aldamaydi deganlari rostku axir!

Qat'iyatli savdogar.

6-sinfda o‘qir edim. Bahorda tovuqlarimdan biri kurk bo‘ldi. 13 ta tuxum bostirdik. Naq uch hafta deganda, 11 ta jo‘ja ochilib chiqdi. Jo‘jalar tez katta bo‘ldi. Yozgi ta'til vaqtida ular ancha o‘sib, xo‘roz yoki, makiyonligi bilinib qolgan edi. 11 ta jo‘jdan naq 7 tasi xo‘roz bo‘lib chiqdi. Bir katakka, bitta, nari borsa ikkita xo‘roz kifoya. Ortiqcha jo‘jaxo‘rozlarni so‘yib sho‘rva qilib yuborishga ko‘nmadim. Ko‘zim qiymadi. Xullas, kattalar bilan maslahatlashib ulardan 5-tasini sotib yuborib, o‘rniga makiyon sotib olishga qaror qildim.

Dadam puxta maslahat bergandilar: "Xaridor xo‘roz narxini so‘rasa, 500 so‘m deysan. Sen bilan savdolashadi. Agar 350-so‘m beraman desa sotib yuboraver" - dedilar.

Bozor kuni yaqin o‘rtog‘im bilan birga jo‘jaxo‘rozlarni bozorga olib chiqdik. Tongda bozorga ilk qadam qo‘yishimiz bilan olibsotarlar atrofimizni o‘rab oldi. Ular 200 so‘mdan ortiq beray demasdi. Sotmasdan bozor ichkarisiga kirib bordim. Xaridorlar kamsuqum, xo‘rozchalarni ko‘rib, savdolashib, 300 so‘mdan baland narx taklif qilmaydi. Men esa, dadam aytgandek, 350 so‘m berishlarini kutib turibman. Bir payt, qorin solgan mo‘ylovdor bir amaki kelib jo‘jalarni yaxshilab qunt bilan sinchiklab tekshira boshladi (parazitlari yo‘qmi, va ho kazo). Hammasini ko‘rib chiqqach,

"Qancha so‘raysan?" - dedi.

"500 so‘m, ustupka bor" - deb javob qaytardim.

U yana bir bora jo‘jalarni obdon tekshirgach:

"Rozi bo‘lsang, 400 so‘mdan beraman, manovi to‘rttalasini olaman" - deb qoldi.

Yosh bola ekanman, hozir eslasam, o‘zimga o‘zim kulgim qistaydi. Boyagi shopmo‘ylov amaki menga 400 so‘m taklif qilib turibdi. Men esa, o‘zimni jiddiy tusga solib, "400 so‘m??? Bo‘lmaydi amaki" - degan edim. Haligi kishi bir menga, bir xo‘rozlarga qarab qo‘yar ekan, "Qancha so‘raysan yana?" deb yuzimga tikildi. Men shu joyda o‘z "qat'iyatimni" namoyish etdim:

"Amaki, xo‘roz narxi 350 so‘m, undan kamiga bermayman!!!" - debman. Shopm'ylov kishining yuzidagi ifodan eslab qolmaganman. Lekin ko‘zi qisilib, ola-kula bo‘lib ketgani yodimda. U rosa ajablangan bo‘lsa keragov...

Shosha-pisha cho‘ntagidan bir dasta pul chiqarib sanab, menga tutqazdi. Sanasam, 5*350=1750 so‘m. Beshala jo‘jaxo‘rozni oyog‘idan ip boylab olib ketdi. Men ham "omadli" savdodan mamnun holda uyga qaytdim...

"Kennoyim"ning sanksiyasi.

Odatda o‘zimdan yoshi kattaroq bo‘lgan ayollarga "kennoyi" deb murojaat qilman. ko‘cha-ko‘yda, jamoat transportida, ayniqsa bozorda bu o‘rinli murojaat bo‘ladi.

Dehqon bozorida bir o‘rta yoshlardagi ayol ko‘katlar, pomidor va bodring bilan savdo qiladi. savdodagi mahsulotlari doim sifatli, barra bo‘ladi. Ayniqsa uning boshqalardan ko‘ra arzon narxda savdo qilishini aytmaysizmi...

Odatimga ko‘ra, uning rastasiga yaqinlashib, "Xormang kennoyi, savdolar yaxshimi? o‘ziz tinchmisiz" - deb qo‘yiq salom-alik bilan savdoni boshlayman. Bu ayol ham meni yaxshi tanib olgan. Doim ochiq chexra bilan kutib oladi va xushmuomala bilan kuzatib qo‘yadi. Xullasini aytganda, men unga "doimiy klient" bo‘lib olganman.

Odatiy bozor-o‘char kunlarining birida, xarid qilishim kerak bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxatiga ko‘ra o‘sha ayolning rastasiga yaqinlashdim. Lekin bu safar u meni ko‘rishi bilan chexrasi tundlashdi. Ayollarga xos qosh chimirish bilan menga kesatishga og‘iz juftlab turardi. Xayron bo‘lib yaqinlashib bordim va an'naviy ravishda "Xormang kennoyi" - dedim. U esa, shartakilik bilan keskin-keskin kesatib javray ketdi: "Salomat bo‘ling, JIYAN, keling JIYAN, yuripsizmi JIYAN". U Jiyan so‘ziga shu darajada urg‘u berardiki, bir pasda yon-atrofdagi boshqa savdogar va xaridorlarni ham e'tiborini tortdi. o‘zimni noqulay his qila boshladim. "Tinchlikmi kennoyi? Kayfiyatiz yo‘q?" - deb gapini bo‘ldim. Hayolimda esa, biror safar pul bermay ketib qoldimmikan, yoki, pulini kam berib xafa qildimmikan degan gumonlar charx urmoqda.

- "Tinchlik Jiyan, tinchlik!!! - javobdagi kesatiqni avj pardasi ham "jiyan" so‘zi edi - qarindosh emasakanmizku?! Nimaga mani kenoyi deysiz???!!! " - deb qattiq ohangda so‘radi u.

Men hayron qoldim. Lekin vaziyatning mohiyatini sal-pal tushuna boshladim.

- "Qarindosh emasmiz opa, haqiqatanam qarindosh emasmiz, nimaydi?" deb so‘radim.

- "Vuy apiris! Men sizni har safar "kenoyi""deb chiroyli gapirsangiz, qarindoshlarimdan, erimni jiyanlaridan bo‘lsa kerak deb o‘ylarkanman. Shunga har safar sizga narsalarni arzon-arzon bervorardim. Vuy apiris! Telefonimga rasmizi olib ko‘rsatsam erim tanimadi. Bizni bunaqa qarindoshimiz yo‘q dedi. Vuy apirisey!... "

U bozorchi xotinlarga xos ohang bilan to‘xtovsiz bidrar, gap orasida, "apiris", "jiyan" deb kesatiqni chertib-chertib javrardi. Men hammasini darhol tushundim. Kulgudan o‘zimni arang tutib turardim. Baribir chidolmadim. Ovoz chiqarib kulib yubordim.

- "Vuy apiris! Yana kuladiya bu beti yo‘q..." - "kennoyim" o‘zining notanish "apiris jiyani"dan astoydil xafa bo‘layotgan edi.

Endi shu topda unga o‘z odatim haqida tushuntirib ko‘ring-chi. Tushuntirib bo‘psiz. U alamidan chiqquncha javrab, oxirida endi menga hech narsa sotmasligini tantanavor ohangda bayon qilib, g‘arb OAV tilida urf bo‘lgandek, menga nisbatan sanksiya e'lon qildi.

Marg‘ilon bozori keng. o‘sha kuni boshqa sotuvchi "kennoyim"dan xarid qilib ketaverdim. Keyingi gal bozorga tushganimda, yana eski "kennoyim"ni oldiga bordim. Meni ko‘rib u yana tirjaya boshladi. Nima ham derdi...

Hozir "kennoyim" bilan "yarashib" olganmiz. Yana avvalgidek, menga arzon narxda savdo qilyaptilar. To‘y qilsam, uni ham taklif qilib, qarindoshlarim bilan tanishtirib qo‘yish niyatim yo‘q emas...

"

Orombaxsh uyquning narxi.

Bunisi o‘zim bilan sodir bo‘lmagan bo‘lsa hamki, lekin uning rezonansini guvohi bo‘lganman. Bu voqeaning qahramonlarini yaqindan bilaman. Birinchisi, uyining ko‘chaga qaragan darchasidan do‘koncha ochib, mahalla ahliga pista, qurt, sigareta, nos, poroshik, kirsovun kabi mayda-chuydalar bilan savdo qiluvchi Tojiddin aka. Ikkinchisi esa, mabodo "bekordan bekorga vaqt o‘tkazishning kishi tupoyligini oshirishga qiladigan ta'siri" nomli realiti-shou olinsa, unga bemalol potensial ishtirokchi bo‘lishi mumkin bo‘lgan, vaqtini asosan choyxona, bilyardxona va shunga o‘xshash joylarda o‘tkazuvchi... keling ismini aytmay qo‘ya qolay. U so‘nggi paytda internetda ham ko‘p vaqtini o‘tkazmoqda. Mabodo adashib kirib bu blogpostni o‘qib qolsa xafa bo‘lib yurmasin tag‘in... Xullas o‘sha bola. g‘irt bekorchi. Ismining bosh harfiga S ketadi.

Mahallada to‘y. Nahorgi nonushtadamiz. Hofiz katta ashulani maromiga yetkazib ijro etyapti. Biz mahalladoshlar bilan birin ketin to‘xonaga kirib, qunt va hafsala bilan tuzalgan dasturxon atrofiga joylasha boshladik. Tasodifni qarangki, men Tojiddin aka bilan bir stolga, yonma-yon o‘tirib qolibman. Anavi S esa, bizdan bir stol nariga, ro‘paramizga joylashdi. Tojiddin aka unga yuz ifodasi bilan tirjayib bo‘lsa hamki, lekin ovoz chiqarib so‘kinib salomlashdi. Men quloqlarimga ishonmasdim. Nahotki Tojiddin aka erta tongda S ni bo‘ralab so‘kayotgan bo‘lsa? Lekin real voqe'lik edi. Faqat uning bolaxonali gaplarini hofizning avj pardasi bosib ketgani tufayli, men va o‘zidan bo‘lak hech kim eshitmadi. Nonushta asnosida Tojiddin akadan xunoblikning boisini so‘radim. U S ga jahl aralash qarab-qarab qo‘yardi. Nihoyat u xo‘rsinish bilan menga yuzlandi va "Shu S ni tomi joyidami, jinni-pinni emasmi bu?" deb ritorika bilan murojaat qildi va davom etdi: "Kecha kechqurun rosa qatob uhlab yotgandim. Eshik taraqlaydi, do‘kon qo‘ng‘irog‘i chalinadi. Shoshib turib soatga qarasam, o‘n beshta kam ikki! Tasavvur qilyapsizmi, yarim kechasi-ya! Tinchlikmikan deb, yugurgancha yotoq kiyim bilan darvozaxonaga yugurdim. Yetib borib, ochgunimcha mingta xayol miyamdan o‘tib ketdi. Ochib qarasam mana shu iplos S turibdida! Nima kerak desam, 50 so‘mlik nos bering deydi. Xe o‘sha mahallada do‘kon ochganni ***" (kinolarda bunaqa joyida “tuuut” degan ovoz qo‘yvorishadi).

Endi hammasi ravshan. Arzimaga 50 so‘mlik nos uchun yarim kechasi birovning uyqusini xonavayron etgan odamni harqancha so‘ksa arziydi.

Keyinroq Tojiddin akaning do‘konchasiga yo‘lim tushib, uning peshtoqidagi "Nasiyaga savdo qilinmaydi" degan yozuv oldida paydo bo‘lgan yangi bir yozuvni ko‘rib ancha xursand bo‘ldim. Unda "Do‘konda nos bilan sigareta umuman va vopshem sotilmaydi!" deb katta-katta harflar bilan yozib qo‘yilgan edi. Shunaqa. Bekorchi S ning tungi reydi mahallada kashandalik va noskashlikka qarshi kurashda ajoyib samara bergan edi...

Yangilаndi: 23.11.2018 12:41  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Sizda mulohaza qoldirish imkoniyati mavjud emas. Mulohaza qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'tish kerak.

Banner

Orbital latifalar :) :)

????????????????????????

Horijlik sayyoh samarqandlik matematik olimdan so'rayapti (ko'chada):

-kechirasiz, Registon maydonini qanday topsam bo'ladi?

-eni va bo'yini ko'paytirasiz, ya'ni, S=ab...


Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Orbita.Uz tavsiya etadi:

Foydali havolalar:
Ilmiy-lugat.uz
Ilmiy-lugat.uz - Ilmiy terminlarning o'zbekcha-ruscha-inglizcha lug'ati, qisqacha izohi va amalda qo'llanishi
Ziyouz.com
Ziyouz.com - O'zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona.
http://Gulruxsora.uz/
Jurnalist va blogger Gulruxsora Xudayberdiyevaning shaxsiy sayti
ekodunyo.uz
O'simliklar va hayvonlarning onlayn ensiklopediyasi
http://hujayra.uz/
Biolog olim Baxtiyor Sheraliyev va shogirdlari tomonidan yuritiladigan ajoyib veb-sayt! Biologiya va uning tarkibidagi fanlarga oid qiziqarli maqolalar shu yerda!

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 880
O'qilgan sahifalar soni : 10920788

Tafakkur durdonalari

Farzandlarimiz bizdan ko'ra kuchli, aqlli va baxtli bo'lishlari shart...

I. Karimov