Orbita . U Z

Ilm-fan fazosi uzra

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa Maqolalar Maqolalar 18-noyabr – O’zbekiston Respublikasi davlat bayrog’i qabul qilingan kun!

18-noyabr – O’zbekiston Respublikasi davlat bayrog’i qabul qilingan kun!

E-mail Chop etish
Maqola Reytingi: / 80
Juda yomon!A'lo! 
Maqola mundarijasi
18-noyabr – O’zbekiston Respublikasi davlat bayrog’i qabul qilingan kun!
Мақолани кирилл алифбосида ўқинг
Hamma sahifa

18-noyabr – O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kun!

Davlatimiz rahbarlari sharafiga boshqa davlatlarda yurtimiz bayrog‘i ko‘tarilganida, xorij safarlarida, o‘zga davlatlar hududida O‘zbekistonimiz bayrog‘ini ko‘rganimizda, nufuzli xalqaro sport anjumanlarida mamlakatimiz bayrog‘i hilpiraganida odamning qalbi allanechuk bo‘lib ketadi. Vatan hissini yurakdan tuygan har bir inson borki, yurt bayrog‘ini muqaddas bilib, uning hurmat va sharafini chin qalbdan e’zozlaydi. Zero  milliy bayrog‘imiz – mamlakatimiz suverenitetining oliy ramzi bo‘lib, xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasining timsoli sifatida namoyon bo‘ladi.

Keling ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 25 yilligi munosabati bilan, uning tarixi haqida suhbatlashamiz...

 

1994 yil kech kuzida, Xirosimada Osiyo o‘yinlari dasturidagi futbol musobaqasining final o‘yinini televizor orqali ko‘rgan edim. O‘yinda terma jamoamiz Xitoylik futbochilarni mag‘lubiyatga uchratishdi. Hakam hushtagi chalingach, hujumchi Shuhrat Maqsudov tribunalga yugurib bordi va davlatimiz bayrog‘ini olib, maydon bo‘ylab hilpiratib ko‘tarib yugurib o‘tdi. O‘shanda, 3-sinfga borardim. Finaldagi g‘alabadan ham Maqsudov qo‘lidagi bayroqqa qarab ko‘proq quvongan edim. Milliy bayrog‘imiz qanchalik chiroyli va mag‘rur hilpirardi o‘shanda...

Garchi bu terma jamoamizning xalqaro maydondagi birinchi va hozircha yagona tituli bo‘lsa hamki, o‘sha uchrashuv menga aynan Maqsudov qo‘lidagi milliy bayrog‘imizning butun dunyoga O‘zbekiston nomini tanitganligi bilan yodda qolgan. O‘shanda milliy bayroqning qanchalik ahamiyatli va muhim davlat ramzi ekanligini ich-chimdan his qilgan edim.

O‘rta maktabda o‘qiyotgan davrimda, sinf xonamizdagi milliy bayrog‘imiz haqida o‘qituvchilarimiz to‘lqinlanib gapirib berishar edi. Uning tarixi, tasvirlari va ranglarining ma’nolari haqida ko‘plab qiziqarli ma’lumotlarni berishardi. Har yili 18 noyabr sanasida esa, milliy bayrog‘imiz qabul qilingan sana munosabati bilan, tantanali tadbir o‘tkazilar, biz o‘quvchilar bayroq haqida she’r va qo‘shiqlar bilan ishtirok etardik. Prezidentimizning chet ellarga qilgan safarlari chog‘ida, yurtboshimiz sharafiga ko‘tarilgan davlat bayrog‘i, milliy bayrog‘imizning BMT bosh qarorgohidagi oliy minbarga o‘rnatilishi, sportchimiz Lina Cheryazovaning qishki olimpiada o‘yinlari shohsupasida bayrog‘imizning ko‘tarilishi tasvirlangan kadrlar, o‘sha yillari televizorda tez-tez takrorlanar edi. O‘shandan buyon, davlat bayrog‘imiz mening ongimda, davlatimizning oliy ramzi sifatidagi muqaddas tushuncha  bo‘lib shakllanib, hurmat va e’zoz obyektiga aylangan. Va menimcha, vatan oldidagi ma’suliyat his qiladigan har bir O‘zbekiston fuqarosi ham shunday fikrda bo‘lsa kerak... Yer yuzida qancha davlat, qancha nufuzli xalqaro tashkilotlar bo‘lsa, ularning davlat bayroqlari va rasmiy ramzlari orasida eng chiroylisi shubhasiz O‘zbekiston bayrog‘idir!

Milliy bayrog‘imiz 1991 yil 18-noyabr, dushanba kuni, «O‘zbekiston Respublikasining Davlat Bayrog‘i to‘g‘risida»[1]gi qonuni bilan qabul qilingan edi.

Albatta milliy bayrog‘imizni hammamiz har kuni ko‘ramiz, uning shakli va ranglari, hamda, boshqa elementlarining joylashuvi bizga yod bo‘lib ketgan. Lekin, keling, bayrog‘imizga tegishli barcha tafsilotlarni ham yaqindan bilamizmi?...

Milliy bayrog‘imiz eniga 250 sm, bo‘yiga 125 sm o‘lchamdagi to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi mato bo‘lib, har birining eni 40 sm keladigan, moviy, oq va yashil en chiziqlardan iborat. O‘rtadagi oq en chizig‘i ning har ikki yon tarafidan kengligi 2,5 sm keladigan qizil hoshiya o‘tkazilgan.

O‘zbekiston respublikasi davlat bayrog‘ining yuqori qismidagi moviy enning old va orqa tomonlarida, bayroqning chap chetiga yaqin joyda, dastadan 20 sm masofada vertikal holatdagi oq rangli yangi oy tasviri joylashtirilgan. Oyning do‘ng tarafi dastaga qaragan holatda va dastagacha bo‘lgan masofa do‘ngning eng chetki qismidan o‘lchanadi. Yarim oy tasviri xayolan to‘lin oyga birlashtirilganida, uning diametri 30 sm chiqadi. Ya’ni bayrog‘imizdagi oy aylanasi uzunligi 30π ga teng. Moviy rangdagi qismda shuningdek, yarim oy tasviridan o‘ng tarafda, 12 ta besh qirrali yulduzlar tasvirlangan bo‘lib, ular yuqorida 3 ta, o‘rta qatorda 4 ta va pastki qatorda 5 tadan joylashtirilgan. Har bir yulduz diametri 6 sm keladigan doiraga sig‘adi. Yulduzlarga tashqi chizilgan doiralar orasidagi masofa ham 6 sm qilib belgilangan. Quyi qatordagi 5 dona yulduz oyning pastki qirrasidan 3.5 sm masofada joylashadi. Oy va yulduzlar umumiy holatda 70×30 o‘lchamdagi to‘g‘ri to‘rtburchakka sig‘adi. Davlat qonuniga ko‘ra, milliy bayrog‘imizning rangli va sxematik tasviri quyidagicha:

O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorgohlarida, Oliy majlis palatalarining, Vazirlar Mahkamasining va boshqa oliy davlat boshqaruv organlarining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining va Vazirlar Kengashining, mahalliy hokimiyatlar,  Konstitutsion Sud va Oliy Sud, Prokuratura, Milliy Xavfsizlik Xizmati va boshqa davlat yuqori idora va tashkilotlarining binolarida, ularning rahbarlarining xizmat xonalarida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining chet ellardagi elchixona, konsulxona va boshqa vakolatxonalarida, O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegaralari va ulardagi o‘tish joylarida, O‘zbekiston Respublikasi qurolli kuchlari va boshqa harbiy birlashmalarda, O‘zbekiston Respublikasiga tegishli daryo va dengiz transporti kemalarida doimiy ravishda o‘rnatiladi.

Qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i va uning tarkibiy elementlaridan, O‘zbekiston Respublikasiga tegishlilikni ifodalash maqsadida, o‘quv-tarbiya jarayonlarida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlarining elementi sifatida qo‘llash mumkin. Biroq, davlat bayrog‘i va uning elementlaridan nodavlat tashkilotlarning rekvizitlarida yoki materiallarida, shuningdek, tijorat, reklama maqsadlarida foydalanish mumkin emas. Nodavlat tashkilotlarning ramzlari davlat bayrog‘iga o‘xshash bo‘lish mumkin emas.

Agar O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i bilan bir vaqtda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bayrog‘i ko‘tarilsa, O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i, unga yuzlanib qarab turgan holatda, chap tarafda joylashishi kerak. O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘ining o‘lchamlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi bayrog‘idan kichik bo‘lmasligi, hamda, undan past joylashtirilmasligi lozim. Xalqaro tashkilotlar va boshqa davlatlarning bayrog‘i bilan bir qatorda joylashtirilganida, O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlarning bayroqlari bilan o‘lchami bir xil bo‘lishi va teng balandlikda joylashtirilishi lozim. Ko‘tarib qo‘yilgan O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i yer sathidan kamida 2,5 metr balandlikda, flagshtokka o‘rnatilgan O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i esa, ko‘pi bilan 45° burchak ostida o‘rnatilishi shart.

Biz maqolamizda, milliy bayrog‘imizdagi ranglarning anglatadigan ma’nolari haqida to‘xtalib o‘tmadik. Sababi bu haqida, har inson maktab, oliy o‘quv yurti va ish joyida mukammal ma’lumotga ega bo‘lgan bo‘lishi kerak. Agar o‘zbek o‘z bayrog‘idagi ranglar va elementlarning qanday ma’noni anglatishini bilmasa, bu UYAT!

Keling endi maqolamiz davomida, mamlakatimiz tarixidagi boshqa bayroqlar bilan tanishib, qiziqarli ma’lumotlar bilan almashinamiz.

Avvalo, O‘zbekistonning mustaqillikka erishuvidan avvalgi, sobiq ittifoq tarkibidaligida bo‘lgan davrdagi bayrog‘i bilan tanishsak:

Quyida Turkiston ASSR ning bayrog‘i tasvirlangan.

Atiga 72 kun umr ko‘rgan Turkiston muxtoriyati esa bunday bayroqni davlat ramzi sifatida qo‘llagan:

O‘rta asrlardan boshlab, to XX asr boshigacha tarix sahnasida mavjud bo‘lgan o‘zbek xonliklaridan, Xiva xonligining bayrog‘i quyidagi ko‘rinishda bo‘lgan:

 

Buxoro amirligida esa mana bu bayroq davlat ramzi bo‘lgan:

Taassufki, maqolani tayyorlash jarayonida, Qo‘qon xonligining bayrog‘i va unga oid biror bir ma’lumot topa olmadim...

Jahon mamlakatlari orasida qaraydigan bo‘lsak, qadimiy va ajoyib, aytish mumkinki, g‘alati bayroqlarni uchratishimiz mumkin:

Masalan, zamonaviy davlatlar orasida eng qadimiy bayroq egasi bu – Daniya hisoblanadi. U olis 1219 yildan boshlab Daniya ramzi hisoblanadi. Daniyaliklar orasida tarqalgan afsonaga ko‘ra, Tallin yaqinida, Estonlar bilan jang bo‘layotgan paytda, oq xoch tasviri tushirilgan alvon rangli mato, Daniya qirolining qo‘liga osmondan kelib tushgan emish. Shu tufayli uni Daniyaliklar Xudoning in’omi deb biladilar va o‘sha jangdagi g‘alaba aynan mazkur bayroq – Danneborgning jangchilarga bergan ruhlantirishida deb o‘ylaydilar.

Zamonaviy bayroqlar ichida eng antiqalaridan biri esa bu 1977 yilda qabul qilingan Liviya bayrog‘idir. U yagona rang – to‘q yashil tusda bo‘lib boshqa hech qanday elementlari va ranglari yo‘q.

 

Nepal bayrog‘i esa, hozirgi zamonda mavjud rasmiy bayroqlar orasidagi to‘g‘ri to‘rtburchak shakliga ega bo‘lmagan yagona bayroqdir. U birlashtirilgan ikkita uchburchak ko‘rinishida bo‘lib, unda mazkur mamlakatning milliy o‘simligi – rododendoron tasvirlangan. Nepal bayrog‘idagi quyosh va oyning ichida avvallari (1962 yilgacha) inson yuzi tasvirlangan edi. Biroq keyinchalik uni «yanada zamonaviyroq» qilish uchun olib tashlangan. Biroq Argentina va Urugvay davlat bayroqlaridagi elementlarda inson yuzi tasviri hali ham mavjud.

Jahon mamlakatlari bayroqlari orasida eng qiziq va o‘ziga xos bayroqlardan biri bu Filippin bayrog‘i bo‘lsa kerak:

 

Bir qarashda oddiy bayroq, to‘g‘rimi? Biroq bu Filippinning tinchlik vaqtidagi bayrog‘i. Agar Filippin bayrog‘ini teskari holatda, ya’ni, qizil rangi yuqorida, ko‘k rangi pastda holatda o‘rnatilganini ko‘rsangiz, ehtiyot bo‘ling! Bu Filippinda urush ketayotganligini bildiradi...!


[1] http://www.lex.uz/Pages/GetAct.aspx?lact_id=100122


 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz



Yangilаndi: 18.11.2016 09:09  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Mulohaza bildiring:


Mahfiy kod
Yangilash

Banner

Orbita.Uz infotekasi

Milliy bayramlarimiz

Yaqin kunlardagi rasmiy bayramlar, kasb bayramlari, muhim tarixiy va xalqaro sanalar.

26 - Iyun - Iyd al-Fitr - Ramazon hayiti Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


1 - Sentyabr - Mustaqillik kuni. (Dam olish kuni)


2 - Sentyabr - Iyd al-Adho - Qurbon Hayiti . (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)

O'zbekiston shaharlari ob-havo ma'lumotlari

Orbita.Uz do'stlari:

Ziyo istagan qalblar uchun:

O'zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona!

​Ўзбекча va o'zbekcha o'zaro transkripsiya!
O'zbekcha va ўзбекча ўзаро транскрипция!

Bizning statistika


Orbital latifalar :) :)

СмешноУлыбаюсьПодмигиваю

Tram-tramiston kimyo lug'ati;

Ekstarktor - sobiq traktor;

Polimer - uy polini o'lchash asbobi;

Xlorofill - xlorparast kimsa



Tafakkur durdonalari

Dunyoda ilmdan o'zga najot yo'q va bo'lmagay! (Imom Buxoriy)