Orbita . U Z

Ilm-fan fazosi uzra

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish

HAFTANING QAYSI KUNI?

E-mail Chop etish
Maqola Reytingi: / 2
Juda yomon!A'lo! 

HAFTANING QAYSI KUNI?

Ishonchim komilki, xuddi men kabi Siz ham, ancha avval bo‘lib o‘tgan biror voqeaning haftaning qaysi kunida bo‘lgani eslashingizga, yoki, kutilayotgan kunning haftaning qaysi kuniga to'g'ri kelishi haqida hisob-kitob qilishingizga ko‘p marta to'g'ri kelgan. Masalan, tug‘ilgan kuningiz haftaning qaysi kunida bo‘lganini, yoki, kelasi yilgi Navro‘z bayrami haftaning qaysi kunida bo‘lishi bilan qiziqqan bo‘lsangiz kerak. Aksariyat hollarda, biror bir bayram kunining haftaning qaysi kunida bo‘lishini bilish, dam olish kunlarining taqsimotini tasarruf qilish uchun qiziqish uyg‘otadi. Bunday hollarda, odatda, uyali telefon apparati ilovasidagi, yoki, devorga ilingan yil taqvimigatezkorlik bilan ko‘z yugurtiriladi. Bu albatta oson usul.

Lekin siz qidirgan sana bir necha yil avvalgi bo‘lsachi? (masalan, o‘zingiz dunyoga kelgan kun). O‘sha yilga taalluqli taqvimni topishingiz mushkul. Keyingi yillarning taqvimi ham qo‘l ostingizda bo‘lmasa, kelajak sanalarning hafta kunini ham aniqlashingiz mushkul bo‘lib qoladi. Bunday hollarda bizga - matematika yordamga keladi!

Biz foydalanayotgan joriy taqvimning o‘ziga xosliklarini bilgan holda, istalgan yilning istalgan sanasi uchun haftaning qaysi kuni bo‘lishini oddiy arifmetika orqali hisoblab topish mumkin.

Dastavval shuni ta'kidlaymizki, dunyoning aksariyat davlatlari, jumladan, O‘zbekistonda ham rasman foydalaniladigan taqvim - Grigorian taqvimidagi oddiy yil - 365 kundan iborat. Biroq, bir kecha kunduz (sutka) aslida biz qabul qilganimizdek to‘liq 24 soat emas. Ya'ni, taqvim sutkasi, haqiqiy tabiiy sutka - Yerning o‘z o‘qi atrofida to‘liq aylanib chiqishi uchun ketadigan vaqtdan 3 daqiqa va 56.5 soniya qisqa. Mazkur ≈4 daqiqa kundalik «ortiqcha» vaqt yig‘ilib borib, uch yilda 1440 daqiqaga yetib qoladi. Bu esa to‘liq bir kunni tashkil etadi. Shu tufayli, har 4 yilda bir marta kabisa yili keladi va o‘sha yig‘ilib qolgan ortiqcha daqiqalardan iborat bir kun, fevral oyining oxirgi - 29 sanasi qilib belgilanadi. Bu orqali, amaliy taqvimni tabiiy taqvim bilan muofiqlashtiriladi.

 

Demak, maqola uchun qo‘yilgan vazifaga qaytsak. Istalgan sana uchun haftaning qaysi kuni bo‘lishini hisoblab topish, ana shu Grigorian taqvimiga asoslangan ma'lum davriyliklar va tartiblarni inobatga olish orqali yechiladi. Hozirgi eramiz hisob boshi boshlangan 1 yilning 1-yanvari shanba kuni bo‘lgan (hisob-kitob orqali aniqlandi). Har bir oddiy yilda 365 kun borligini e'tiborga olsak, demak bir yilda, 52 ta to‘liq hafta va 1 kun bo‘lar ekan. Mazkur tartibga binoan, agar yil haftaning qaysi kunidan boshlangan bo‘lsa, o‘sha kunida tugashi kerak va keyingi yil, avvalgi yildagi yil boshi sanasining hafta kunidan bir kun keyingi kundan boshlanishi kerak. ya'ni, agar, 1 yilning 1-yanvari shanba bo‘lgan bo‘lsa, 2 yilning 1-yanvari yakshanba, 3-yilning 1-yanvari esa dushanbabo‘lishi kerak.2014 yilning 1-yanvari esa, shanbadan 2013 (2014-1) kun keyingi hafta kuniga to'g'ri kelishi kerak. Bu mulohaza ustidan yana shuni e'tibordan qochirmaslik kerakki, yuqorida alohida ta'kidlab o‘tganimiz - kabisa yillarida, yil hisobiga yana 1 kundan qo‘shilib qoladi. Shuning uchun, eramiz hisobi boshlanganidan buyon, qidirayotgan sanamiz tegishli bo‘lgan yilgacha, nechta kabisa yili o‘tgan bo‘lsa, shuncha kunni ham hisobimizga qo‘shib olishimiz kerak. bizni qiziqtirayotgan sana - 2014 yilning 1-yanvarigacha nechta kabisa yili o‘tganini aniqlash uchun, 2014 ni 4 ga bo‘lsak kifoya. Ya'ni - 503 ta kabisa yili o‘tibdi. Demak, 1-yilning 1-yanvari, shanbadan, 2014 yilning 1-yanvarigacha 2013+503=2516 kun keyingi hafta kuni bo‘lishi kerak. shu o‘rinda yana bir muhim narsani yodga olamiz: 1-yilning 365 kundan iborat bo‘lgan taqvimini amalga joriy etilishi taxminin, eramizdan avvalgi 46 yilda Yuliy Sezar tomonidan amalga oshirilgan. Shu sababli mazkur taqvim «Yulian taqvimi» deb nomlanar edi. Yulian taqvimida ham oddiy yil 365 kun, kabisa yili 366 kun bo‘lgan. Biroq, Yuliy Sezar taqvimida, 1 kecha-kunduzning davomiyligi, tabiiy sutkadan deyarli 11 daqiqa ortda qolar edi. Bu farq esa har 128 yilda 1 kunga tenglashib, XVI asrga kelib, 10 kunni tashkil qilib qoldi. Bahorgi teng kunlik -21 mart sanasi 1582 yilgacha haqiqiy tabiiy teng kunlikdan 10 kun farqlanar edi. Bu narsa, dehqonchilik, dengizchilik, umuman, ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida katta pala-partishliklarga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, osmon jismlari va Yerning fazodagi harakati bilan bog‘liq bo‘lgan diniy bayramlarni nishonlashda, bu narsa chalkashliklarni keltirib chiqardi. Shu tufayli, 1582 yilda Rim Papasi Grigoriy XIII maxsus hay'at tuzib, yangi, tabiiy taqvimga o‘ta katta aniqlikda muofiqlashtirilgan taqvim loyihasini ma'qulladi va amaliyotga joriy qildi. Mazkur taqvim loyihasini italyan matematigi - Luidji Lillio ishlab chiqqan edi. Biroq, bu taqvim, uning nomi bilan emas, baliki, aynan Grigoriy XIII ning nomi bilan «Grigorian taqvimi» deb nomlanish oldi. Mazkur taqvim joriy etilgach, Grigoriy XIII ning maxsus farmoyishi bilan, 1582 yilning 4-oktaybri Yulian taqvimining so‘nggi kuni bo‘ldi.Ertasiga esa 5-oktyabr sanasi kelishi o‘rniga, tabiiy taqvimdagi 10 kunlik farq hisobidan, 15 oktyabrga o‘tildi. o‘sha kunning o‘zida Ispaniya, Portugaliya, Polsha va Italiya dastlabkilardan bo‘lib yangi taqvimga o‘tishdi. o‘sha yilning 9-dekabrida Fransiyada ham Grigorian taqvimi joriy etildi, va 9-dekabrning ertasi - 20 dekabr bo‘ldi. 21-dekabrda Lyuksemburg gertsogi va Gollandiya bosh shtatlari ham yangi taqvimga o‘tish haqida qaror chiqarishdi. Ular o‘sha yili yangi ylini o‘zlari odatlanib qolganlaridan 10 kun avval nishonlashdi. Keyingi yillarda, Bavariya, Germaniya (1583), Avstriya, Shveytsariya (1584), Vengriya (1587), Prussiya (1610), Norvegiya, Daniya (1700), Angliya (1752), Shvetsiya, Finlyandiya, Yaponiya (1753) lar ham birin ketin yangi taqvimni o‘zlarida rasman joriy qilishdi. U davrlarda bizning vatanimiz hududida Hijriy taqvimdan foydalanilgani boisidan, O‘zbek xonliklarida Grigorian taqvimiga o‘tish g‘oyasi bo‘lmagan bo‘lsa kerak. XIX asrda yuz bergan Chor Rossiyasi bosqinida ham va undan keyingi inqilobgacha bo‘lgan davrda, ruslarning o‘zi ham Grigorian taqvimidan foydalanishmagan. Faqatgina, 1918 yilga kelib, inqilobdan keyingi davlat tepasiga kelgan sho‘rolar hukumati qarori bilan sobiq ittifoq hududida Grigorian taqvimiga o‘tildi. Bu paytga kelib esa farq 13 kunga yetib bo‘lgan edi. Grigorian taqvimiga so‘ngilardan bo‘lib - Yunoniston (1924), Turkiya (1925) va Misr (1928) o‘tishgan.

Demak, tarixiy ma'lumotlar keltirish asnosida, asosiy masaladan yana chalg‘ib ketdik J.

Biz, 2014-yilning 1-yanvari misolida, sanani bilgan holda o‘sha sananing haftaning qaysi kuniga to'g'ri kelishini topishni o‘rganayotgan edik. Avvalgi mulohazalarimizni yodga olamiz: 1-yilning 1-yanvari shanba bo‘lgan bo‘lsa, 2014-yilning 1-yanvari, o‘sha 1-yilning 1-yanvaridan 2013 kun keyingi hafta kuni bo‘lishi kerak edi. Biroq, bu orada, ya'ni o‘tgan 2013 yil ichida 503 ta kabisa yili kelgan va o‘sha kabisa yillardagi farq 503 kunni ham hisobga qo‘shishimiz zarur. Demak, 2014 yilning 1-yanvari, 1-yilning 1-yanvaridan roppa rosa 2013+503=2516 kun keyingi hafta kuni bo‘lishi kerak. biroq, aytib o‘tganimiz - Grigoriy XIII islohotlaridan keyin olib tashlangan «ortiqcha» kunlarni hisobdan ayrishimiz zarur. Bizning asrimiz - XXI asr uchun bu ortiqcha kunlar soni - 13 ta. Demak, hisobimizdan 13 ni ayriymiz: 2516-13=2053. Mulohazamizga ko‘ra, biz qidirayotgan sana - 01.01.2014 eramiz boshi sanasi 01.01.01 - shanbadan 2503 kun keyin bo‘lishi kerak ekan. Bu aynan qaysi hafta kuni ekanligini aniqlash uchun 2053 ni 7 ga bo‘lish va qolgan qoldiq songa e'tibor qaratish kerak: 2503÷7=357 va 4 qoldiq qoladi. Aynan shu 4 soni, qidirayotgan sanamizning shanbadan boshlan sanagandagi keyingi 4-hafta kuni ekanini anglatadi. Shanbadan keyingi 4-hafta kuni esa - Chorshanba!

Yuoqrida biz xususiy holat - 1-yanvarni ko‘rib o‘tdik. Bu nisbatan oson topiladi. Lekin, yil o‘rtasidagi sanalarni topish ham unchalik qiyin emas. Buning uchun, yuqorida amalga oshirgan hisoblashlarimizdagi amallarga, qidirayotgan sanamizning yil boshidan buyon nechanchi kun ekanligini qo‘shib bajarsak kifoya. Masalan, 2014 yildagi Xotira va Qadrlash kuni - 9 mayning haftaning qaysi kuniga to'g'ri kelishini aniqlamoqchi bo‘lsangiz, 9-may yil boshidan buyon nechanchi kun ekanligini aniqlashingiz kerak. bu unchalik qiyin ish emas. 9-may yil boshidan hisoblaganda 128-chi kun. Endi o‘sha 128 ni yuqoridagi hisoblashlarimizga qo‘shamiz:

128+503+2013-13=2631

2631 ni 7 ga bo‘lgandagi qoldiq esa - 6. Demak, 9-may shanbadan keyingi 6-kun ya'ni Juma kuni bo‘lishi kerak. Ishonch hosil qilmoqchi bo‘lsangiz taqvimga qarab oling. Xuddi shu tarzda, Davlatimiz bosh Qomusi - Konstitutsiyamiz qabul qilingan tarixiy sana - 8-dekabr 1992-yilning haftaning qaysi kuni bo‘lganini aniqlaymiz:

8-dekabr, yil boshidan hisoblaganda 342-kun. 01.01.01 -shanbadan 01.01.1992 gacha 1991 hafta kuni + 498 ta kabisa yilidagi 29-fevrallar, jami 2831 hafta kuni o‘tgan. Bundan taqvimlar farqidagi 13 kunni chiqarib tashlasak, 2818 kun bo‘ladi. Endi, 1992 yilning kabisa yili ekanligini biz uni 4 bo‘lganimizda e'tiborga olib bo‘lgan edik. Shuning uchun, hisobdan 1 ni chiqarib tashlaymiz - 2817. Endi 2817 ni 7 ga bo‘lsak, qoldiq - 3, ya'ni, Seshanba. Demak, agar siz, sanani kabisa yili uchun hisoblayotgan bo‘lsangiz, hisobda joriy kabisa yili uchun olingan 1 ikki marta qatnashib qilmasligiga e'tibor qaratishingiz lozim bo‘ladi.

Matematika bo‘yicha yetarli ko‘nikmaga ega bo'lgan ziyrak o‘quvchi, mazkur hisoblash uchun ba'zi soddalashtirishlar qilish mumkinligini fahmlashi qiyin emas. Birinchi navbatda, har 28 yilda 7 ta kabisa yili - 1 hafta o‘tishini inobatga olsak, demak, har 28 yilda har qanday sana uchun hafta kuni aynan qaytariladi. Undan tashqari, biz, yil hisobidan avval 1 ni (2014-1) keyin esa taqvimlar farqini - 13 ni ayrib tashladik. Bu esa, jami bo‘lib, 14-kun, to‘liq ikki haftani tashkil qiladi. Shu sababli, XX va XXI asrdagi sanalar uchun,quyidagilarni e'tiborga olish kifoya qiladi: 1) mazkur sananing yil boshidan nechanchi kun ekanligini - bizning misolimizda 342-chi kun; 2) qaralayotgan sana yilining 28 ga bo‘lgandagi qoldiqni; 3) shu qoldiqdagi kabisa yillari sonini.

Mazkur soddalashtirish bo‘yicha, misolimizdagi sana - 8-dekabrning 1992-yil uchun mazkur sonlar: 1) 8-dekabr 1992-yilning 342-kuni; 2) 1992÷28=71, qoldiq - 4; 3) qoldiq - 4 ichida 1 ta kabisa yili bor. Demak, yig‘indi: 342+4+1=347, 347 dan, 1992 yilning kabisa yili ekanligidan, mazkur yig‘indidan 1-ni chiqarib tashlash kerak. ya'ni, 346 qoladi. 346 ni 7 ga bo‘lgandagi qoldiq ham - 3 Seshanbani beradi.

Xuddi shu yo‘l bilan, 8-dekabr 2014-yilda Dushanba kuni, 2021 yildagi Mustaqilligimizning 30 yillik tantanasi - Yakshanba kunida kelishini aniqlashimiz mumkin.

Siz ham yuqorida bayon qilingan usullardan foydalanib, istalgan sananing haftaning qaysi kuni bo‘lganligini yoki, kelajakda bo‘lishini aniqlashingiz mumkin. Masalan, BMTning 1-bosh assambleyasi bo‘lib o‘tgan sana - 1946-yilning 10-yanvari hamda, mustaqil O‘zbekistonning Davlat Bayrog‘i qabul qilingan sana - 1992 yil 18-noyabri haftaning qaysi kuni bo‘lganligini aniqlashga urinib ko‘ring. Kelajakdagi qaysi sanalarni aniqlashni esa o‘z fantaziyangizga havola qilamiz.

Faqat, agar siz tarixiy sanalarni hisoblayotganingizda shuni e'tiborga olingki, XIX asr uchun, taqvimlar farqi - 12 kun, XVII-XVIII asrlar uchun 11 kun, XVI asr uchun esa 10 kun. XXII asrdagi sanalarga taqvimlar farqi -14 kun bo‘ladi.

Shuningdek, amaldagi - Grigorian taqvimining ham ba'zi o‘ziga xosliklarini inobatga olish zarur. Xususan, Grigorian taqvimidagi sutka davomiyligi ham, haqiqiy tabiiy sutkadan 26 soniyaga farq qiladi. Bi farq esa, Yulian taqvimidagidek katta bo‘lmasa-da, baribir o‘zini sezdirmay qolmaydi. Kundalik 26 soniya «ortiqcha» vaqt yig‘ilib borib, taxminan 3332 yilda 1 sutka xatolik keltirib chiqaradi. Shu sababli, Grigorian taqvimida, agar yil ikkita nol bilan tugasa (masalan, 1800, 1900. 2000, 2100...) va u 400 ga karrali bo‘lmasa, shuningdek, 4 ga karrali bo'lmay, 100 ga karrali bo'lsa, mazkur yil kabisa yil hisoblanmaydi va yildagi fevral oyi odatiy - 28 kun kelaveradi. Shu tufayli, 1800 va 2100-yillar uchun ham fevralni 28 kun qilib olishingiz zarur.

Qolaversa, sana uchun hafta kunini aniqlashning matematik qonuniyatlarini bilgan holda, o‘zingiz, MS EXCELL dasturida kichik algoritm - formula tuzib olishingiz ham foydadan holi bo‘lmaydi deb o‘ylayman...


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

 

Yangilаndi: 17.03.2018 14:33  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Mulohaza bildiring:


Mahfiy kod
Yangilash

Banner

Orbita.Uz infotekasi

Milliy bayramlarimiz

Yaqin kunlardagi rasmiy bayramlar, kasb bayramlari, muhim tarixiy va xalqaro sanalar.

26 - Iyun - Iyd al-Fitr - Ramazon hayiti Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


1 - Sentyabr - Mustaqillik kuni. (Dam olish kuni)


2 - Sentyabr - Iyd al-Adho - Qurbon Hayiti . (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)

O'zbekiston shaharlari ob-havo ma'lumotlari

Orbita.Uz do'stlari:

Ziyo istagan qalblar uchun:

O'zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona!

​Ўзбекча va o'zbekcha o'zaro transkripsiya!
O'zbekcha va ўзбекча ўзаро транскрипция!

Bizning statistika


Orbital latifalar :) :)

????????????????????????

Faylasuf va fizik suhbatidan:

-Muhabbatning kuchi nimada deb o'ylaysiz? - deb so'radi faylasuf.

-Buning javobi juda oson, Muhabbatning kuchi, uning tezlanishi va massasining kopaytmasiga teng, ya'ni Fmuh=ma... - deb javob berdi fizik.



Tafakkur durdonalari

Ilm-Fan Taraqqiyotni yetaklovchi kuchdir!