Butunjahon kvant kuni!
(#WorldQuantumDay)
Butunjahon kvant kuni, yoki, butunjahon kvant fani kuni – 2021-yildan buyon, har yili 14-aprel kuni nishonlanishi yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu bayram sanasiga butun dunyo bo‘ylab kvant mexanikasi sohasida izlanib kelayotgan olimlar tomonidan asos solingan bo‘lib, sanani nishonlashdan maqsad – keng jamoatchilik uchun kvant fani va texnologiyalarini tushunishda yordam ko‘rsatish, hamda, ushbu fanning ilg‘or jabhalaridagi yutuqlar bilan yaqindan tanishtirishdir.
Kvant fizikasi sohasidan jilla qursa sirtdan xabardor bo‘lgan do‘stlarimiz nima uchun aynan ushbu sana tanlanganini darhol fahmlashgan bo‘lsa kerak. Bu – Plank doimiysining dastlabki uchta raqamini yaxlitlangani ko‘rinishidagi sana bo‘lib, ma’lumingizkim, bu son 4,135667696 × 10-15 eV·s (elektronvolt-soniya) ni tashkil qiladi. Kvant fizikasi –tabiatni hozirgi zamon ilm-fani erishgan eng fundamental darajada tadqiq qilish sohasi bo‘lib, u tabiatdagi jarayon va hodisalarni atom va subatom zarrachalari miqyosida bayon qilib beradi. Kvant fizikasining dunyoga kelishi va taraqqiy etishi – XX-asrning dastlabki qismiga to‘g‘ri kelgan bo‘lib, bu jarayon dunyoni klassik fizikadan (Nyuton fizikasidan) – hozirgi zamonaviy fizikaga, ya'ni, o‘z ichiga umumiy va maxsus nisbiylik nazariyasini, hamda, kvant mexanikasi sohalarini qamrab olgan butunlay boshqa fizika olamiga yetaklab kirgan jarayon bo‘lgan edi.
Kvant nazariyasining tamal toshi nemis fizigi Maks Plank tomonidan roppa-rosa asrlar bo‘sag‘asida, ya'ni, 1900-yilda qo‘yilgan. Uning keyingi rivojida esa olimlar Nils Bor, Ervin Shryodinger, Verner Geyzenberg, Albert Eynshteyn, Pol Dirak, Enriko Fermi, Debay singarilarning xossasi ulkan bo‘lgan. XXI-asr boshiga kelib esa, kvant fani nafaqat fizika sohasida, balki, boshqa ilmiy yo‘nalishlarga ham quloch yozib kirib bordi. Masalan, kvant biologiyasi, yoki, kvant kompyuterlari sohasi shular jumlasidandir. Qolaversa, kvant texnologiyalari tobora kishilik jamiyatining barcha muhim sohalarini qamrab olayotgani ham haqiqatdir. Masalan, hozirgi kunda tibbiyotda keng qo‘llanilayotgan MRT apparatlari ham aynan kvant texnologiyalari olamiga mansubdir.
Kvant kompyuterlari va MRT apparatlari-ku, mayli, unga har kimning ham va har doim ham ishi tushmaydi (tushgulik qilmasin ham ilohim). Lekin, Sizda masalan, yana qanday kvant texnologiyalari odamlarga qanday naf keltiryapti, yoki, biz kundalik hayotimizda qanday kvant texnologiyalariga duch kelamiz-u, lekin, bunga e’tibor qaratmaymiz – degan haqli savol uyg‘onishi mumkin. Yoki, o‘sha yuqorida aytilgan Plank doimiysining (4,135667696 × 10-15 eV·s) qanday amaliy ahamiyati bor ekan deb qiziqishingiz tabiiy. Buning siz bilan bizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri va yaqqol ko‘rsatadigan ta’siridan biri shuki, Plank doimiysi – kilogrammni aniqlovchi uchta fundamental fizik kattaliklardan biri hisoblanadi va siz har safar bozordan kartoshka xarid qilayotganingizda, aynan shu doimiy asosida keltirib chiqarilgan massa birligidan foydalanasiz ???.
Balki yuqoridagi misol ensa qotirar darajada jo‘n chiqqandir. Lekin, ushbu bugungi kvant fani kuni - aynan shu singari jo‘n misollar vositasida kishilarga kvant texnologiyalari haqida yaqinroqdan yaxshiroq bilib olishga ko‘maklashishni maqsad qiladi. Haqiqatan ham, kvant fani orqali biz nafaqat tabiatning eng fundamental miqyosdagi sir-asrorlarini kashf etmoqdamiz, balki, ilmiy-texnik taraqqiyotni ham yanada jadallashtirib, inson hayoti uchun qo‘shimcha qulayliklar va yengilliklar yaratadigan texnologiyalarga ega bo‘lib bormoqdamiz.
Odatga ko‘ra butunjahon kvant kuni #WorldQuantumDay xeshtegi orqali teg qilinadi va bu kunda Katta Adron Kollayderidan tortib provinsial texnika universitetlaridagi fizika kafedralarigacha bo‘lgan keng jabhalarda bayram qilinadi. Bunda olimlarning ochiq ma’ruzalari, muhandislarning ajoyib eksperimentlari, talabalarning Quiz va ilmiy yumorga yo‘g‘rilgan chiqishlari bayramning bezagi hisoblanadi. Siz ham ushbu kunni bayram qilishingiz mumkin. Agar yaqin orada siz qatnashishingiz mumkin bo‘lgan biror #WorldQuantumDay tadbiri bo‘lmasa, unda o‘zingizga o‘zingiz biror qiziqarli kvant tadbirchasi uyushtiring. Masalan, saytimizdagi Kvant fizikasi haqidagi qiziqarli kitobni o‘qib chiqing, yoki, yaqin insoningizga #WorldQuantumDay ruhiyatiga mos keluvchi xushomad (kompliment) yo‘llang (masalan, «Sen – xuddi kvant zarrachasi singirisan. Tamoyiling noaniqlik, koordinatang mavhum, lekin doim harakatdasan» ??? Sensiz sistema barbod bo‘ladi – deng))) ).
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/
Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz
kеyingi > |
---|