Orbita . U Z

Ilm-fan fazosi uzra

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa

Maxfiy matematik – Burbaki

E-mail Chop etish PDF
Maqola Reytingi: / 2
Juda yomon!A'lo! 

Maxfiy matematik – Burbaki

Nikolya Burbaki – XX-asrning eng yirik matematiklaridan biridir. U matematikaning eng fundamental asoslarini qayta ko‘rib chiqishni taklif qilib, shuningdek, hali hanuz ko‘plab bahslarga sabab bo‘layotgan matematik ta’lim islohotini yuritganligi bilan yodga olinadi. Aslida esa, Burbaki ismli matematik mutlaqo bo‘lmagan!

Strasburg universitetida matematikadan dars bergan olimlar Anri Kartan hamda, Andre Veyl, oliygohlarda matematika o‘qitish jarayonini isloh qilish zaruriyati haqida o‘zaro juda ko‘p tortishishgan. Lekin, islohot uchun, avvalo matematik analiz sohasi bo‘yicha yaxshi bir umumiy qo‘llanma-darslik yozish kerak edi. Keyin esa, butun o‘quv jarayonini ushbu darslikka asosan tizimli standartlashtirish zarur bo‘lgan. 1934-yilning oxirida, Veyl Karatanga xabar qilib, o‘zi va yana besh nafar kuchli matematik hamkasb do‘stlari bilan birga, shunday qo‘llanmani yozishga kirishmoqchi ekanini aytadi. Shu tariqa, matematika tarixida o‘ziga xos iz qoldirgan muhim ilmiy guruh – Burbaki guruhi shakllangan. Ular avvaliga shunchaki, oddiy darsli sifatida yozmoqchi bo‘lgan kitob ham, oqibatda, matematik analiz bo‘yicha monumental ilmiy manbaga aylandi.

Burbakining

Burbaki guruhi a’zolari o‘zlarini-o‘zlari «to‘da» deb atashardi. Ular yozgan o‘sha qoyilmaqom kitob esa «Matematika asoslari» deb nom olgan. Ular bu asarni yozishdan maqsad, matematika o‘qitish jarayoni uchun moslab, mavzu va masalalarni ketma-ket izchillik bilan tartiblamoqchi bo‘lishgan. Buning uchun esa, ular muayyan aksiomalar vositasida, mutlaqo yangi matematika binosini qurishni maqsad qilishgan. Bu, ularning fikricha, eng sof, abstrakt matematika bo‘lib, kitobda ortiqcha axborot bo‘lmasligi, hamda, mavzuga aloqador bo‘lmagan har qanday axborot ortiqcha (keraksiz) sanalib, umuman kitobga kiritilmasligi kerak edi.

Buning uchun guruhga Veyl o‘z davrining eng kuchli matematiklarini to‘plagan. Ular shundayin xolis va fidokor matematiklar ediki, qilayotgan ushbu ishlari istisnosiz ravishda faqat va faqat ilm-fan ravnaqi uchun xizmat qilishi kerak deb hisoblashgan, hamda, bu ish uchun sariq chaqalik ham moddiy manfaat kutishmagan. Ular hatto o‘zlari yozayotgan bu kitobni o‘z nomlaridan chop etib, qandaydir mashhurlikka erishish masalasini ham istisno qilishgan. Aynan shuning uchun ham ular o‘z ism-shariflarini yashirishga urinishar edi. Aynan shu maqsadda, o‘sha ajoyib fidokor matematik olimlar o‘zlariga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan uydirma ism-sharif - Nikolya Burbaki nomi ostida ijod qilishgan va kitoblarini ham shu ismli muallif nomidan chiqarishgan.

Burbaki guruhi unchalik ko‘p matematiklarni to‘plamadi. Ularning soni doimiy o‘zgarib, yangilanib turgan. Bu guruhga a’zo bo‘lishning eng asosiy sharti, albatta faqat xolisona ishlash bo‘lsa, qolaversa, a’zo 40 yoshga to‘lishi bilan «to‘da»ni tark etishi lozim bo‘lgan. Mualliflar shu qadar pozitiv ruhiyat va ajoyib sodda ilmiy til bilan kitob yozishganki, uni o‘qigan eng qoloq talaba ham, hech bo‘lmasa abstrakt matematika va matematik analizdan elementar masalalarni tushuna oladigan bo‘lardi. «To‘da»ning kitoblarini nashr etishda katta ko‘mak berib turadigan ajoyib homiysi va noshiri - «Hermann» nashriyoti esa, kitoblarni sifatli va arzon chop etish bilan, Burbaki guruhining dovrug‘ini butun Yevropaga tarqalishiga sabab bo‘ldi. Bu orqali esa, qit’aning eng yirik ilmiy dargohlarida va akademik doiralarida, ushbu mukammal asarlarni yozayotgan matematik olim Nikolya Burbaki aslida kim ekani, uning qachon va qayerdan paydo bo‘lib qolgani, nimaga avval u haqida hech kim eshitmaganligi haqida gap-so‘zlar urchidi. Burbaki matematikasining ishqibozlari keskin orta boshladi. Olimni topib, u bilan shaxsan suhbatlashish ilinjidagi jurnalistlar esa uni topolmay dog‘da edilar.

«To‘da» a’zolari Burbaki familiyasini qayerdan olishgani ham qiziq. Ular, Yevropaliklarda ruscha familiyalar qandaydir hadik va cho‘chish hissini uyg‘otadi deb ishonishgan va hazil tariqasida, ushbu familiyani tanlashgan. Aslida esa, Burbaki ruscha familiya emas, balki, yunoncha familiyadir. Burbaki nomidan ketgan hamma maqolalar annotatsiyasida va kitoblarning so‘z boshida muallif o‘zini «Poldaviya Fanlar Akademiyasi a’zosi, Nankago universiteti professori N.Burbaki» deb tanishtirgan. Sezib turganingizdek, aslida Burbaki ismli matematikning o‘zi yo‘q bo‘lgani singari, hech qanaqa Poldaviya mamlakati ham, Nankago shahri ham mavjud emas. Bular ham to‘qima, o‘ylab topilgan uydirma nomlardir. Faqat «Nankago» shahri Fransiyadagi Nansi va Amerikadagi Chikago shaharlari nomlaridan yasalgani tayin.

Shu tariqa, butun umr matematika ilmini isloh qilishda davom etgan professor Burbaki, 64-yil faol ilmiy faoliyat yuritdi. Uning oxirgi ilmiy ishi 1998-yilda chop etildi va o‘sha yilni matematikada professor Burbakining vafot etgan yili deb baholanadi. Nikolya Burbakining asl siridan o‘sha paytgacha ham bexabar bo‘lgan nufuzli gazetalar ham olimning vafotiga bag‘ishlab ta’ziyanomalar chop etishgan (masalan, Le Monde nashri shunday qilgan Смешно).

Albatta, Burbaki guruhi faoliyatini to‘xtatishining katta sababi bor edi. Ya’ni, bu  endilikda zamonaviy matematikani qandaydir qolipga solish, tizimlashtirishning iloji bo‘lmay qolgani bilan bog‘liq. Sababi, Burbaki islohot boshlagan paytlarda, matematikaga oid e’lon qilinadigan yillik maqolalar va asarlar soni 3000 donadan oshmasdi. XX-asr so‘ngiga kelib esa, bir yilda 100000 (yuz ming!) dan ziyod turli matematik maqola va kitoblar chop etilmoqda. Bu hajmdagi yangilik va axborotni qayta ishlashning esa o‘zi bo‘lmaydi (ayniqsa, xolisona, ya’ni, tekin mehnat evaziga Смешно).

Qiziq faktlar:Asl Burbaki - fransuz Qirollik gvardiyasi qo'mondoni bo'lgan

  • Burbaki familiyasiga ega shaxs aslida tarixda haqiqatan ham bo‘lgan. U haqida ehtimol «to‘da» asoschisi Veyl qayerdadir eshitgan bo‘lsa kerak. Katta ehtimol bilan, u bu familiyadan biroz cho‘chigan, yoki, unga bu familiya qiziqarli ko‘ringan bo‘lsa kerak. Asl Burbaki - matematikadan mutlaqo yiroq shaxs bo‘lib, u 1816-1897 yillarda yashab o‘tgan harbiy edi. Burbaki Napoleon III armiyasida general unvonida xizmat qilgan va Fransiya-Prussiya urushlarida ishtirok etgan. U asl kelib chiqishi yunon millatiga mansub bo‘lishiga qaramay, fransuz armiyasida Qirollik gvardiyasi qo‘mondoni darajasigacha erishgan.
  • 1948-yilning kuzida «to‘da» a’zosi Anri Kartanga o‘zini Nikolya Burbaki deb tanishtirgan odam qo‘ng‘iroq qiladi ushbu guruh a’zolaridan xafa ekanini ochiq gapiradi. Avvaliga Kartan bu odam hazillashyapti deb o‘ylagan. Uni shaxsan uchrashuvga taklif qilgach, Kartan o‘sha odam haqiqatdan ham Burbaki ekaniga ishonch hosil qiladi. Ma’lum bo‘lishicha, u Gretsiyaning Fransiyadagi elchixonasi xodimi Nikolaidis Burbaki ekan. Uning aytishicha, N.Burbaki nomidan chop etilayotgan kitoblar butun Yevropadagi singari, Gretsiyada ham mashhur bo‘lib ketgach, vatandoshlari uni ushbu kitoblarning muallifi deb ishonib, turli xat-xabarlar va qo‘ng‘iroqlar bilan bezor qilib yuborishgan ekan. Kartan unga vaziyatni tushuntiradi va ular keyinchalik do‘st bo‘lib qolishadi. Nikolaidis Burbaki shundan so‘ng Burbaki «to‘da»sining tez-tez kelib turadigan mehmoniga aylangan.
  • Burbaki to‘dasi matematiklari kuchli olim bo‘lish bilan birgalikda, o‘ta hazilkash va quvnoq odamlar bo‘lishgan. Xususan, bir safar, «Britaniya ensiklopediyasi»ning navbatdagi talqinida Burbaki matematikasiga bag‘ishlangan maqolada, muallif Ralf Boas aslida hayotda hech qanaqa Nikolya Burbaki ismli matematik yo‘qligini, bu shunchaki, taxallus ekanini izoh sifatida qistirib ketgan edi. Buni o‘qigan Burbaki to‘dasi a’zolari esa, o‘zlarining navbatdagi kitoblaridan birida aks-zarba berishga qaror qilishadi va «Aslida Ralf Boas ismli matematik yo‘q. Boas bu – qisqartma so‘z. Uni «Mathematical review» jurnali o‘ylab topgan» - deb yozib yuborishadi.

 

Burbaki to'dasi a'zolari. 1937-yilgi surat.

Burbaki to'dasi yig'ilib, kitob yozadigan kafe. Hozirda bu kafer o'rnida fast-fud bo'lib ketgan...


 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda:https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda:@OrbitaUz

Google+ :https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz:https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 11.03.2019 07:51  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Mulohaza bildiring:


Mahfiy kod
Yangilash

Banner

Orbital latifalar :) :)

????????????????????????

Tram-tramiston kimyo lug'ati;

Ekstarktor - sobiq traktor;

Polimer - uy polini o'lchash asbobi;

Xlorofill - xlorparast kimsa


Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 804
O'qilgan sahifalar soni : 4207719

Tafakkur durdonalari

Dunyo imoratlari ichida eng ulug'i - MAKTABDIR! (M Behbuduy)